Qadimgi Xitoyda Lao-Szi falsafiy ta’limoti bilan deyarli bir davrda Kun-Szi Konfusiy - miloddan avvalgi 551-479)ning falsafiy ta’limoti ham paydo bo‘ldi. Konfusiy - Qadimgi Xitoy faylasufi va pedagogi, konfusiylikning asoschisi. Konfusiy, garchi, samoni oliy ruhiy qudrat, ajdodlarga qurbonlik keltirishni ularni e’zozlashning asosiy ifodasi deb bilsa ham, o‘z ta’limotida osmon sirlari muammolarini deyarli tilga olmagan hamda ruhlar va narigi dunyo kabi tushunchalarga kam e’tibor bergan. Konfusiyning falsafiy va axloqiy g‘oyalari markazida inson, uning aqliy va ma’naviy qiyofasi, olamdagi hamda jamiyatdagi o‘rni, vazifasi muammolari turadi.
Konfusiy fikricha olamdagi barcha mavjudot singari insonning taqdiri ham samoviy qudratga bog‘liq. Shuning uchun odamlarning oliyjanobligi yoki tubanligi, oliy yoki past tabaqaga mansubligini o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Binobarin, podshoh - podshohligicha, fuqaro - fuqaroligicha, ota - otaligicha, farzand - farzandligicha qolishi kerak. Bunday g‘oya, ko‘ramizki, mavjud tuzumni saqlab qolishni nazarda tutar edi. Shu bilan birga, Konfusiy ideal, oliy inson, asl, mard kishi konsepsiyasini ishlab chiqqan. Bu kotsepsiyaga ko‘ra, odamlar ijtimoiy kelib chiqishi yoki jamiyatdagi mavqei orqali emas, balki odamiylik, adolatgo‘ylik, haqgo‘ylik, samimiyat, farzandlik izzat-hurmati kabi yuksak ma’naviy fazilatlarga erishish tufayli yuksak kamolotga yetishuvi mumkin.
Konfusiyning falsafiy ta’limoti keyinchalik Xitoydahukmron dinlarning biriga aylangan va konfusiylik deb nom olgan dinning asosi bo‘ldi. milodning boshlarida). Konfusiylik manbai - Konfusiy izdoshlari yozgan “Lung-Yuy” Suhbatlar va mulohazalar, miloddan oldingi VI asr) kitobidir. Konfusiylik Lao-Szi ta’limotidan tubdan farq qiladi. U jamiyatni ijtimoiy larzalardan asrab qolishga intilgan feodal amaldorlarning qarashlari va manfaatlarini himoya qigan. Konfusiylikning maqsadi - xalqni mavjud tartib-qoidalarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashdir. Bu din aqidasiga ko‘ra, jamiyatda osmondan yuborilgan “Jeng” Insonparvarlik) qonuni amal qiladi. Bu qonunni o‘rganib olish uchun inson “Li”ga, ya’ni ijtimoiy axloq normalariga, qoidalariga, an’anaviy marosimlarga amal qilishi, o‘zining jamiyatdagi darajasiga qarab ish tutishi zarur.
Konfusiylik belgilangan diniy tartiblarga qattiq amal qilishni talab etadi. Konfusiyning o‘zi hayotligida diniy tartiblarni sidqidildan bajargan.
Endilikda, har bir oilaning o‘z ibodatxonasi bo‘lishi zarur bo‘ldi. har bir oila o‘z ibodatxonasiga ajdodlarning timsoli bo‘lgan “Chju” tasvirini joylashtiradi. Uning yoniga qurbonliklarni qo‘yadi va diniy marosimlarni ijro etadi.
Konfusiylikda ijtimoiy-axloqiy masala alohida o‘rin egallaydi. Shu ma’noda Konfusiy ta’limotini inson xatti-harakati hayoti me’yorlari haqidagi ta’limot deyishi ham mumkin edi. Insonlar o‘rtasidagi hayot tarzi an’anaviy besh munosabatdan iboratligi qayd etilgan:
davlat boshlig‘i bilan amaldorlar o‘rtasidagi munosabat;
ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasidagi munosabat;
er bilan xotin o‘rtasidagi munosabat;
katta va kichik aka-ukalar o‘rtasidagi munosabat;
do‘st-birodarlar o‘rtasidagi munosabat.
Bu ta’limotda shunday qadriyatlar ham borki, unga qoyil qolmay iloj yo‘q. Birgina misol keltiramiz:
O‘g‘il ota-onasi oldida quyidagi beshta vazifani bajarish shart edi:
har doim ota-onani to‘la hurmat qilish;
ular xotirasiga tantanali ravishda qurbonliklar qilish.
Konfusiylikda diniy marosimlarning asosiy mazmuni - konfusiylikka qadar mavjud bo‘lgan an’analarni, urug‘-qabilaviy marosimlarni mustahkamlash, qonunlashtirishni tashkil etardi. Chunki konfusiy o‘zining hech qanday yangi ta’limot yaratmaganligini faqat eski marosimlarga, tartib-qoidalarga qattiq rioya etishni talab qilardi. Bu o‘rinda uning quyidagi so‘zlarini keltirishni maqsadga muvofiq deb bildik: “g‘adimdan joriy etilgan marosimlar saqlanmas yoki ular bekor qilinar edi, unda hamma narsa aralashib ketadi, izdan chiqadi. Nikoh marosimini yo‘q qilingchi, unda er-xotinlik bo‘lmaydi, bu bilan bog‘liq katta-katta jinoyatlarga yo‘l ochiladi yoki dafn etish va qurbonlik qilish marosimini yo‘q qilingchi, unda bolalar vafot etgan ota-onalari xotirasi to‘g‘risida o‘ylamay, tiriklarga esa xizmat qilmay qo‘yadilar; Pin-Szin marosimini yo‘q qilingchi - unda podshoh bilan amaldor o‘rtasidagi farq yo‘q bo‘lib ketadi, kichik-kichik knyazchalar o‘z boshimchalik qila boshlaydilar, natijada ta’qib etish va zo‘ravonlik boshlanadi”.
Xitoy xalqi tarixida qadimgi marosimlar katta o‘rin tutganligini Konfusiy yaxshi bilar edi. Shuning uchun ham Xitoy xalq an’analarini, marosimlarini o‘zining ta’limotida asosiy mazmunga aylantirgan. Xitoyliklar uchun eng yomon fojea - erkak tomonidan avlodning qolmasligidir. Ular avlodlari qolmasa, biz o‘lganimizdan so‘ng kim bizlarni yod etadi deb qattiq qayg‘uga tushadilar.
Konfusiylikning bosh xudosi - osmon Xudosi edi. Keyinchalik Konfusiyning o‘zi ham ilohiylashtirilgan. Uning sharafiga, hatto imperatorning o‘zi ham diniy marosimlarni bajo keltirar edi. Bu bejiz emas edi, albatta. Chunki, konfusiylik oddiy xalq ustidan “aslzodalar”ning hukmronligini oqlardi. Bu dinga ko‘ra ayni paytda imperatorning o‘zi oliy Xudoning yerdagi vakili edi. Konfusiylikda imperatorga qarata yozilgan quyidagi maslahat ham bor edi: “Agar imperator biror katta maqsadni amalga oshirmoqchi bo‘lsa, u albatta ajdodlari ibodatxonasiga borishi lozim. Qilmoqchi bo‘lgan ishidan, o‘zining maqsadidan avlodlarini xabardor etmog‘i kerak. Shu paytda u osmonda yulduzlarning holatiga qaramog‘i, ular qulay joylashganligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng o‘zining maqsadini amalga oshirmog‘i mumkin”.