003 SOLIQ XAVFINI BOSHQARISH, SOLIQ XAVFI MAVJUD SOLIQ TO‘LOVCHILARNI (SOLIQ AGENTLARINI) ANIQLASH VA SOLIQ TEKSHIRUVLARINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
4-§. Hujjatlarni talab qilib olish 158. Soliq auditini o‘tkazuvchi shaxs soliq to‘lovchidan soliq auditi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olishga haqli. Bunda soliq to‘lovchiga ushbu Nizomga 19-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talabnoma yuboriladi.
Talabnoma soliq to‘lovchiga (uning vakiliga) shaxsan imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Agar talabnomani mazkur usulda topshirish imkoni bo‘lmasa, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi yoki pochta orqali buyurtma xat bilan jo‘natiladi.
159. Soliq auditi davomida talab qilingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida taqdim etiladi. Agar tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan hujjatlarni ushbu muddatda taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, u soliq auditini o‘tkazuvchi shaxsni bu haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Soliq to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida uning sabablari ko‘rsatilgan yozma shakldagi xabarnomani talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Ushbu xabarnomada soliq to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilishi lozim.
160. Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq to‘lovchidan xabarnomani olgan kundan e’tiboran ikki kun mobaynida ushbu xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqida alohida qaror chiqaradi.
161. Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan ushbu Nizomga 20-ilovaga muvofiq shaklda tuziladigan bayonnomada qayd etiladi.
Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda, bu haqida tegishli qayd kiritiladi. Ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilganligi yoki belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi.
162. Soliq auditi jarayonida soliq organlariga tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilganda oldin taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek, soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida taqdim etilgan hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib olishga haqli emas.
Agar hujjatlar oldin soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan bo‘lsa, shuningdek, soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch holatlari oqibatida yo‘qotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.