10.3. Asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar hisobi Asosiy ishlab chiqarish faoliyatidan olinadigan boshqa daromadlarga quyidagilar kiradi:
- undirilgan yoki qarzdor tomonidan e’tirof etilgan jarimalar, penyalar, vaqtida to‘lanmagan qarzlar va xo‘jalik shartnomalari shartlarini buzganlik uchun boshqa xil jazo jarimalari, shuningdek etkazilgan zararlarni undirish bo‘yicha daromadlar;
- hisobot yilida aniqlangan o‘tgan yillardagi foyda;
- ishlab chiqarish va mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan operatsiyalardan renta daromadi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar huzuridagi oshxonalardan tushumlar, yordamchi xizmatlardan daromadlar sifatidagi kirim qilingan boshqa daromadlar;
- xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy fondlarini va boshqa mol-mulklarini sotishdan olingan daromadlar;
- da’vo muddati o‘tgan kreditorlik va deponent qarzlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar;
- tovar-moddiy boyliklarni qayta baholash;
- davlat subsidiyalaridan daromadlar;
- xolisona moliyaviy yordam;
- boshqa muomala daromadlari.
Asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar quyidagi hisobvaraqlarda aks ettiriladi:
9310-“Asosiy vositalarning chiqib ketishidan foyda”
9320-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishidan foyda”
9330-“Undirilgan jarima, penya va ustamalar”
9340-“O‘tgan yillar foydalari”
9350-“Operativ ijaradan daromadlar”
9360-“Kreditor va deponentk qarzlarini hisobdan chiqarishdan daromadlar”
9370-“Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar daromadlari”
9380-“Tekin qaytarilmaydigan moliyaviy yordam”
9390-“Boshqa operatsion daromadlar”.
Ushbu hisobvaraqlar tranzit hisoblanadi. Yuqoridagi hisobvaraqlarning kredit oboroti foyda (daromad)ning ko‘payishini, debet oboroti esa ularning hisobdan chiqarilishini ko‘rsatadi.
10.4. Davr xarajatlari hisobi Davr xarajatlari - bu korxona xarajatlarini hisobga olish tizimida yangi ko‘rsatkichdir. Davr xarajatlari tarkibiga xo‘jalik subyektining ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar kiradi.
Davr xarajatlari bu – bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajat va sarflaridir. Ushbu xarajatlar tarkibiga boshqaruv xarajatlari, mahsulotni sotish xarajatlari va umumxo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa xarajatlar kiritiladi.
Davr xarajatlari tarkibiga korxona ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar kiradi. Bular jumlasiga boshqaruv, tijorat bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek umumxo‘jalik xarajatlari, jumladan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha xarajatlar ham kiradi. Bu xarajatlar korxona asosiy faoliyati va mahsulot sotish bilan bog‘liq bo‘lmaganligi, lekin ma’lum bir jarayonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ular operatsion xarajatlar, umumiy va ma’muriy xarajatlar deyiladi. Ular mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmiga bog‘liq bo‘lmagani, va aksincha, vaqt bilan, xo‘jalik faoliyatining davomiyligi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli ular davr xarajatlari deb yuritiladi.
Mahsulot sotish, ma’muriy xarajatlar, xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar xarajatlari, boshqa operatsion xarajatlar davr xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
Hisobvaraqlar rejasiga binoan davr xarajatlari quyidagi hisobvaraqlarda aks ettiriladi:
9410-“Sotish xarajatlari”
9420-“Ma’muriy xarajatlar”
9430-“Boshqa operasion xarajatlar”
Sotish xarajatlariga “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan quyidagilar kiradi:
- temir yo‘l, suv, avtomobil, ot-ulovda tashish xarajatlari hamda transport vositalari bekor turib qolganligi uchun to‘langan jarimalar;
- savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining xarajatlari;
- mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni sotish bilan bog‘liq mehnatga haq to‘lash xarajatlari (ma’muriy-boshqaruv xodimlaridan tashqari);
- ularning ijtimoiy sug‘urta ajratmalari;
- savdo ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar, inshootlar va xonalarni ijaraga olish, saqlash va tuzatish xarajatlari;
- asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
- sanitariya kiyim-boshi, oshxona dasturxon va sochiqlari, oshxona idish-tovog‘i va anjomlarining eskirishi;
- gaz, yog‘qilg‘i, elektr energiyasi xarajatlari;
- tovarlarni saqlash, ularga ishlov berish va ularni sortlarga ajratish xarajatlari;
- savdo reklamasi xarajatlari;
- tashish, saqlash va sotish chog‘ida tovarlarning norma doirasida va undan ortiqcha yo‘qotilishi;
- o‘rash-joylash materiallari xarajatlari;
- mol-mulkni majburiy sug‘urta qilish xarajatlari;
- mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi xarajatlari;
- ventilyatorlar, mashinalar va ularning harakatlanuvchi qismlarini o‘rnatish va saqlash, tuynuklar, o‘yiqlar va boshqalarning atrofini o‘rash bo‘yicha joriy (nomukammal tusdagi) xarajatlar;
- maxsus kiyim-bosh va poyafzalni yuvish va tuzatishga materiallar qiymati;
- bank xizmatlariga to‘lovlar.
Yuqorida keltirilgan xarajatlar 9410-“Sotish bo‘yicha xarajatlar” schyotida hisobga olinadi. Ushbu hisobvaraq tranzit hisovaraq bo‘lib, qaysi davr bo‘lmasin uning oy boshida qoldiq summasi bo‘lmaydi. Hisobvaraqning debet tomonida tovarlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar ko‘rsatilsa, kredit tomonida ushbu xarajatlarni hisobdan chiqarilishi aks ettiriladi. Bu summa foydaning kamayishiga olib keladi, ya’ni foyda hisobidan qoplanadi.
9410-“Sotish bo‘yicha xarajatlar” schyotining analitik hisobi 15-sonli qaydnomada xarajatlarning debet va kredit oboroti ko‘rsatiladi. Debet oborotining jami summasi №1, 2, 7, 10/1-jurnal orderlarda aks ettirilsa, kredit bo‘yicha oborot summalari esa №11-jurnal-orderida aks ettiriladi.
- Soliq qonuni va boshqa qonunlarni buzganlik uchun jarima va penyalar.
- To‘langan boshqa jarimalar.
- Boshqa xarajatlar.
Yuqoridagi keltirib o‘tilgan xarajatlar 9430-“Boshqa operatsion xarajatlar” schyotida hisobga olinadi.