6.10-jadval Kumulyativ usulda amortizatsiya hisoblash
Amortizatsiya ajratmalari yillari
Amortizatsi- lanadigan qiymat
Yillik amortizatsiya summasi
Jamg‘arilgan amortizatsiya
1-yil
60 000 000
(5/15 x 60 000 000) = 20 000 000
20 000 000
2-yil
60 000 000
(4/15 x 60 000 000) = 16 000 000
36 000 000
3-yil
60 000 000
(3/15 x 60 000 000) = 12 000 000
48 000 000
4-yil
60 000 000
(2/15 x 60 000 000) = 8000 000
56 000 000
5-yil
60 000 000
(1/15 x 60 000 000) = 4000 000
60 000 000
Yillar summasi usulida (kumulyativ usulda) amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi asosiy vositalar obyektining tugatish qiymati ayirilgan holda boshlang‘ich (tiklash) qiymatidan hamda suratida obyektni foydali ishlatish muddatining oxiriga qadar qoladigan yillar soni, maxrajida esa - obyektni foydali ishlatish muddati yillari soni summasining nisbatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
6.7. Asosiy vositalarni hisobdan chiqarishni aks ettirish tartibi Asosiy vositalar zarur hollarda bir korxonaning ichida bir tarkibiy bo‘linmadan boshqa bir tarkibiy bo‘linmaga o‘tkaziladi, shuningdek har xil sabablarga ko‘ra boshqa korxonalarga chiqib ketadi.
Asosiy vositalar obyektlari korxonaning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro biridan ikkinchisiga o‘tkazilishi asosiy vositalar obyektlarining chiqib ketishi deb tan olinmaydi va buxgalteriya yozuvlari amalga oshirilmaydi, analitik hisob kartotekasida inventar kartochkasi obyekt joylashgan tarkibiy bo‘linmadan berilgan bo‘linmaga olib qo‘yiladi. Shuningdek asosiy vositalar obyektlarini berish bo‘yicha operatsiyalar chiqib ketish deb tan olinmaydigan hollarga quyidagilar kiradi:52
garovga berish;
korxonaning shu’balariga, vakolatxonalariga, bo‘linmalariga va boshqa ajratilgan (yoki ajratilmagan) tarkibiy bo‘linmalariga berish;
mulkni ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq ishonchli boshqaruvchilarga berish;
birgalikda amalga oshiriladigan faoliyat shartnomasiga ishtirokchining ulushi sifatida kiritish. Ushbu shartnomaga muvofiq operatsiyalar birgalikda amalaga oshiriladi va aktivlar birgalikda foydalaniladi;
operativ ijara shartnomasi bo‘yicha berish;
korxona rahbariyatining tegishli ko‘rsatmasiga asosan bir tarkibiy bo‘linma tomonidan boshqa tarkibiy bo‘linmaga berish;
aktivga egalik huquqini bermaslik bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar.
Agar asosiy vositalar mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yohud ma’muriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirishda har doim foydalanilmasa, me’yorlarda belgilangan foydalanish muddatidan oldin eskirsa, shuningdek ularni ta’mirlash yoki modernizatsiya qilish maqsadga muvofiq bo‘lmasa va boshqa sabablarga ko‘ra korxona ularni hisobdan chiqaradi.
Chiqib ketayotgan asosiy vositalar obyektlarining qiymati balansdan chiqariladi. Asosiy vositalar quyidagilar natijasida korxona balansidan chiqariladi:
moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha berilishi. Asosiy vositalar operativ ijara sharnomasi bo‘yicha berilganda aoosiy vositalar-ni balansdan chiqarish amalga oshirilmaydi;
kamomad yoki yo‘qotishlar aniqlanishi;
yuridik shaxs ta’sischilari tarkibidan ta’sischining chiqishida asosiy vositalar bilan hisob-kitob qilinishi.
Asosiy vositalar obyektlarining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) asosiy vositalarning chiqib ketishidan olingan daromaddan ularning qoldiq (balans) qiymatini, asosiy vositalarning chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan bilvosita soliqlar va xarajatlarni chegirib tashlash orqali aniqlanadi. Asosiy vositalar obyektlarining chiqib ketishidan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) 9210 “Asosiy vositalarning chiqib ketishi” schyotida aniqlanadi.
Asosiy vositalarning chiqib ketishidan moliyaviy natijani (foyda yoki zararni) aniqlashda oldingi qayta baholashlardan hosil bo‘lgan asosiy vosita obyektlari qiymati oshishi summasining qoldig‘i, ya’ni ushbu asosiy vosita obyektining qayta baholashlar natijasida bahosining oshgan summasi bahosining pasaygan summasidan oshgan qismi asosiy vositalarning chiqib ketishini hisobga oluvchi schyotning kreditiga olib borilib, bir vaqtning o‘zida 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” schyotini kamaytiradi.
Korxonaning asosiy vositalari qiymatini amaldagi narxlar darajasiga muvofiq keltirish maqsadida ularni qayta baholash amalga oshiriladi.
Asosiy vositalarni qayta baholash deganda asosiy vositalar obyektlarining tiklash qiymatini hozirgi bozor narxlari darajasiga moslash maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirish tushuniladi. Amaliyotda asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati O‘zbekiston Respublikasi hukumati qarorlari bo‘yicha qayta baholanishi (shu jumladan vaqti-vaqti bilan) mumkin.53 Asosiy vositalarning to‘liq tiklash qiymati, tashkilotning hohishiga qarab, alohida obyektlar qiymatini baholanayotgan obyektlarga aynan o‘xshash yangi obyektlarga doir hujjatlarga asoslanib tasdiqlangan va qayta baholash o‘tkazilayotgan yilning 1 yanvar sanasida shakllangan bozor narxlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta hisoblash yo‘li bilan (to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta baholash usuli) yoki asosiy fondlar turi bo‘yicha va ularning xarid qilinganlik davriga bog‘liq bo‘lgan asosiy fondlar qiymati o‘zgarishining tabaqalashtirilgan indekslarini qo‘llagan holda alohida obyektlarning dastlabki (tiklash) qiymatini indekslash yo‘li bilan (indeks usuli) asosiy vositalarning to‘liq tiklash qiymati belgilanadi.
Indekslash yo‘li bilan asosiy vositalarni qayta baholashda, buxgalteriya hisobida qayta baholashni o‘tkazish sanasidagi holat bo‘yicha qayd etilgan asosiy vositalar (shu jumladan ularga doir eskirish to‘la hisoblab yozilgan obyektlar)ning eskirish summasi ularni tiklanish qiymatiga qayta hisoblashda asosiy vositalar qiymatini o‘zgartirishning tegishli indekslariga ko‘paytirilishi kerak. Asosiy vositalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayta baholash usuli bilan qayta baholashda buxgalteriya hisobida qayd etilgan eskirish summasi qayta baholashdan keyingi tiklanish qiymatining qayta baholashgacha bo‘lgan qiymatga nisbati bilan hisoblab chiqariladigan qayta hisoblash koeffitsienti bo‘yicha indekslanishi kerak.
Qayta baholash natijasida asosiy vositalar obyektini qo‘shimcha baholash summasi rezerv kapitali tarkibidagi 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” schyotiga hisobga kiritiladi. Qayta baholash natijasida asosiy vositalar obyekti narxining arzonlashgan (kamaygan) summasi avvalgi hisobot davrlarida o‘tkazilgan ushbu obyektni qo‘shimcha baholash summalari doirasida 8510 “Uzoq muddatli aktivlarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” schyotiga rezerv kapitalining kamayishiga kiritiladi.
Asosiy vosita bo‘yicha avvalgi qayta baholash (qo‘shimcha baholash) summasidan oshgan narxini arzonlashgan (kamaygan) summasi xarajat sifatida tan olinadi va 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” schyotida aks ettiriladi.
Asosiy vositalarni buzish va qismlarga ajratish natijasida olingan va boshqa asosiy vositalarni ta’mirlashga yaroqli bo‘lgan qismlar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallar tegishli schyotlarga kirim qilinadi va ular asosiy vositalarni tugatish komissiyasi o‘rnatgan foydalanish mumkin bo‘lgan baholarda hisobga olinadi. Yaroqsiz deb topilgan qismlar, detallar, materiallar, rangli va qimmatbaho metallar ikkilamchi xom ashyo (metallolom, chiqindi, o‘tin va hokazo) sifatida kirim qilinadi va qonunchilikda belgilangan tartibda korxona yoki tashkilotning xohishi bo‘yicha foydalaniladi.
Asosiy vositalarning sotilishi munosabati bilan chiqib ketishi buxgalteriya hisobida O‘zR AV tomonidan 2004 yil 29 avgustda 1401-son bilan ro‘yxatga olingan “Asosiy vositalarni balansdan hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida”gi nizom va 21-son BHMSga muvofiq aks ettiriladi.
Asosiy vositalar obyektlari qiymatini hisobdan chiqarish buxgalteriya hisobida 9210-“Asosiy vositalarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ida aks ettiriladi. Bunda yozuvlar yoyilgan tarzda amalga oshiriladi:
- 9210-“Asosiy vositalarning chiqib ketishi” hisobvarag‘ining debetida asosiy vositalarni hisobga oluvchi hisobvaraqda hisobga olinadigan obyektning boshlang‘ich qiymati, shuningdek asosiy vositalarning chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar aks ettiriladi. Dastlab ular yordamchi ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqda jamlanishi mumkin;
- 9210-“Asosiy vositalarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i kreditida - hisoblangan amortizatsiya ajratmalari summasi, asosiy vositalar obyektlarini sotishdan tushgan tushum summasi aks ettiriladi.
Joriy hisobot davrida 9210-“Asosiy vositalarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i bo‘yicha debet qoldiq (zarar) 9430-“Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag‘iga, ushbu hisobvaraq bo‘yicha kredit qoldiq (foyda) esa 9310-“Asosiy vositalarning chiqib ketishidan foyda” hisobvarag‘iga hisobdan chiqariladi.