13-modda. Vakolatli davlat organining majburiyatlari Vakolatli davlat organi kiberxavfsizlik sohasida zimmasiga yuklatilgan vakolatlarni amalga oshirish chog‘ida:
kiberjinoyatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rishi;
kiberxavfsizlik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi;
kiberxavfsizlik sohasidagi muammolar yuzasidan ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyatni amalga oshirishi;
kiberjinoyatlar hamda kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlar va ma’lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazishi, ular yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vaqtida choralar ko‘rishi;
kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi;
vakolatli davlat organi xodimlari jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa obyektlariga mulkdorlar va ular vakillarining roziligisiz yoki ushbu shaxslar yo‘qligida kirganligi to‘g‘risidagi barcha holatlar yuzasidan prokurorni yigirma to‘rt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Vakolatli davlat organining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
3-bob. Davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi huquq va majburiyatlari. Ma’lumotlarning zaxira nusxalarini ko‘chirish 14-modda. Davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi huquq va majburiyatlari Davlat organlari va tashkilotlari quyidagi huquqlarga ega:
kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida vakolatli davlat organidan kibertahdidlar, dasturiy ta’minotdagi, uskunalar va texnologiyalardagi zaifliklar to‘g‘risidagi axborotni olish;
vakolatli davlat organidan kiberhujumlardan himoya qilish vositalari va usullari, ularni aniqlash hamda bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risida axborot va maslahatlar olish;
kiberxavfsizlikni ta’minlashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish.
Davlat organlari va tashkilotlari:
o‘z tasarrufidagi axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini, tarmoqlar ishining barqarorligini ta’minlashi, shuningdek kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi, vakolatli davlat organini kiberhujumlar to‘g‘risida ogohlantirishi;
o‘z axborot tizimlari va resurslarida saqlanayotgan ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi hamda qalbakilashtirilishi holatlarining oldini olish choralarini ko‘rishi;
o‘z axborot tizimlari va resurslarini kiberhimoya qilish uchun sertifikatlashtirilgan apparat, apparat-dasturiy va dasturiy ta’minotdan foydalanishi;
kiberxavfsizlik sohasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni vakolatli davlat organi bilan kelishishi shart.