O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasiga sharh Insonning yashash huquqi to‘la-to‘kis bo‘lishi, yashashi, hayoti davomida hayotdan to‘la bahramand bo‘lishi va o‘z imkoniyatlaridan to‘la foydalanishi uchun unga, albatta, erkinlik va daxlsizlik zarur. Shuning uchun Konstitutsiyaning 25-moddasida: “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”, – deb belgilangan.
Erkinlik shaxsning o‘z ixtiyori bo‘yicha yashash, hayot kechirish imkoniyati bo‘lib, faqat shaxs qonunlarga itoat etishi zarur.
Mamlakatimizda har bir kishining erkinligi, uning shaxsiy daxlsizligi bilan ta’minlanadi. Daxlsizlik degani shaxsning erkinligini cheklovchi hech qanday harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligidir. Qonunda belgilangan asoslardan tashqari hech kimning erkinligi cheklanishi, erkinlikka zarar yetkazilishi mumkin emas. Qonun tegishli hollarda kishilarning erkinligini cheklashga yo‘l qo‘yadi. Ya’ni, ular jinoiy harakat sodir etsa yoki shunday harakat sodir etishda gumon qilinsa, shaxsni jamiyatdan ajratishga zarurat tug‘iladi. Lekin, har qanday erkinlikni cheklash qonunga asosan va qonun vakolat bergan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari ma’lum muddatga shaxslarni ushlab turishi, sud organlari qamoqqa olish haqida sanksiya (rozilik) berishi va ozodlikdan mahrum qilish yoki boshqa erkinlikni cheklovchi jazolar berishi mumkin.
Mamlakatimizda har bir kishining erkinligini yanada kengroq ta’minlash maqsadida va jahon tajribasiga tayangan holda shaxsni ushlab turish (ya’ni erkinligini cheklash) masalasini adolatli hal qilish uchun: “Boshqa demokratik davlatlar kabi O‘zbekistonda ham shaxsni ushlab turish, hibsga olish, shuningdek, boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun sanksiya berish huquqini ham sudlarga o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman” , – deb Prezident bu masalani kun tartibiga qo‘ygan edi. Ushbu masalani hayotga tatbiq qilish uchun 2005-yil 8-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi va uning asosida tegishli qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi. Natijada shaxsning daxlsizligini ta’minlash kuchaytirildi.
Bu masalaning mohiyati to‘g‘risida Prezidentimiz shunday degan edi: “Bu borada “Xabeas korpus” institutining joriy etilishi, ya’ni 2008-yildan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining prokurordan sudga o‘tkazilishi prinsipial qadam bo‘ldi”.