Ma’lumki, issiqlik almashinish jarayonlarida kamida 2 ta turli temperaturali muhitlar ishtirok etadi. O’z issiqlik energiyasini uzatuvchi, yuqori temperaturali muhit - issiqlik eltkich deb atalsa, issiqlik energiyasini qabul qiluvchi past temperaturali muhit esa-sovuqlik eltkich deb ataladi.
Issiqlik va sovuqlik eltkichlar kimyoviy bardoshli bo`lishi, qurilmalarini emirmasligi va uning devorlarida qattiq, g`ovak, quyqa hosil qilmasligi kerak. Shuning uchun, issiqlik yoki sovuqlik eltkichlarni tanlashda jarayon temperaturasi, narxi va ularni qo`llanish sohalari kabi ko`rsatgichlarga katta ahamiyat berish kerak.
1-jadval Issiqlik (sovuqlik) eltkichlarning eng keng tarqalgan turlari
Geliy
Vodorod
Azot, kislorod, havo
Metan
Etan, etilen, freonlar
Ammiak, oltingugurt va uglerod dioksidi, freon -12,22
Etilenglikol
Kalstiy xlorid eritmasi
Freon –11, 21, 113, 114
Suv
To`yingan suv bug`i
Gazoyl
Difenil, difeniloksid, difenil aralashmalari (yuqori temperaturali organik issiqlik eltkichlar)
Silikonlar (yuqori molekulali kremniy organik birikma)
Qalay va surmalarning qo`rg`oshin bilan qotishmasi
HTS quyuq eritmasi (40% NaNO2, 17% NaNO3 va 53% KNO3)
Tutun gazlari
Qattiq issiqlik eltkichlar (shamot, alund va hokazo)
Gazlardan elektr razryadi o`tganda hosil bo`lgan gazlar
Temperaturasi turli bo`lgan muhitlar orasida issiqlik o`tkazish turg`un va noturg`un sharoitlarda amalga oshishi mumkin.
Turg`un jarayonlarda qurilmaning temperatura maydoni vaqt o`tishi bilan o`zgarmaydi. Noturg`un jarayonlarda esa, vaqt o`tishi bilan temperatura o`zgaradi. Uzluksiz ishlaydigan qurilmalarda jarayonlar turg`un boradi, uzlukli (davriy) ishlaydigan qurilmalarda esa – jarayonlar noturg`un bo`ladi. Undan tashqari, davriy ishlaydigan qurilmalarni yurgizish va to`xtatish, hamda ish rejimlari o`zgargan hollarda noturg`un jarayonlar sodir bo`ladi.
Issiqlik o`tkazish jarayonining asosiy kinetik xarakteristikalari bo`lib, o`rtacha temperaturalar farqi, issiqlik o`tkazish koeffistienti va uzatilayotgan issiqlik miqdorlari hisoblanadi.
Issiqlik almashinish qurilmalarini hisoblashda quyidagi parametrlar topiladi:
1. Issiqlik oqimi (qurilmaning issiqlik yuklamasi), ya’ni issiqlik miqdori Q hisoblanadi. Issiqlik oqimini aniqlash uchun issiqlik balansi tuziladi va u Q ga nisbatan echib topiladi;
2. Berilgan vaqt ichida zarur issiqlik miqdorini uzatishni ta’minlovchi qurilma-ning issiqlik almashinish yuzasi aniqlanadi.
Buning uchun issiqlik o`tkazishning asosiy tenglamasidan foydalaniladi.
Issiqlik asosan 3 usulda uzatilishi mumkin. Issiqlik o`tkazuvchanlik, konvekstiya va issiqlik nurlanishi.