2. Ish haqi. Uning shakllari va tizimlari
Mamlakatimizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida jamiyat a’zolarining turmush darajasi va ular daromadlarining tarkibida ham jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. O’zining mulkiy maqomini o’zgartirgan va mulk sohiblariga aylangan fuqarolarning soni yildan-yilga ortib bormoqda. Oilalar ijtimoiy maqomining o’zgarishi natijasida tadbirkorlar, fermerlar va ijarachilardan iborat yangi ijtimoiy qatlamlar paydo bo’lmoqda.
Fikrimizning dalili sifatida keltirilgan quyidagi raqamlarga e’tibor bersangiz, ana shu yangi ijtimoiy qatlamlarning bugungi iqtisodiyotimizda tutgan o’rni haqida o’z mulohazalaringiz paydo bo’lishiga shubha qilmasa ham bo’ladi. 2000 yilning boshida aholining 12 foizini ishchilar, 12 foizini xizmatchilar, 48 foizini tadbirkorlar va fermerlar, 20 foizini ijarachilar va 8,0 foizini pensioner oilalar tashkil etdi.
Ko’p ukladli bozor iqtisodiyoti sharoitida oila daromadlarining 2 xil turi mavjud bo’lib, ularning tarkibi va istiqbollari xususida to’xtalib o’tamiz.
Birinchisi, bozor daromadlari bo’lib, ular asosan bozor iqtisodiyoti qonunlari asosida ishlab topilgan daromadlardir. Ularga tadbirkorlik faoliyatidan topilgan daromadlar, mulkni ijaraga berishdan topilgan daromadlar, qimmatbaho qog’ozlardan tushgan dividentlar, tomorqa va dehqon xo’jaligidan olingan foyda, korxona va tashkilotlardagi yollanma mehnat evaziga olingan ish haqi va boshqa shunga o’xshash daromadlar kiradi.
Ikkinchisi, bozor qonunlariga aloqasi bo’lmagan va muhtojlik sababli yuzaga keluvchi daromadlardir. Bu daromadlarga aholiga beriladigan turli xil pensiya va nafaqalar, stipendiyalar, xayriya jamg’armalari, korxonalar, firmalar va turli tashkilotlar tomonidan pul yoki natura ko’rinishida beriladigan moddiy yordamlar kiradi.
Bozor iqtisodiyotining rivojlanishi natijasida mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot sur’atlari tezlashib, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligi ham o’sib boraveradi. Buning natijasida ijtimoiy foydali mehnat bilan band bo’lgan kishilarga muayyan ishni bajargani uchun beriladigan ish haqi miqdorlarini muttasil oshira borish imkoniyatlari kengaya boradi. Shu bilan birgalikda, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foydaning mutlaq miqdorlari ham ko’paya boradi. Undan tashqari tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchilar soni ilgari bunday faoliyat bilan shug’ullanmagan ishchi va xizmatchilar hisobiga ko’paya boradi.
Bular hammasi aholi daromadlari tarkibida bozoriy (shunday desak ma’qulroq bo’ladi) daromadlarning salmog’ini ortib borishiga olib keladi.
Yaqin va uzoq kelajakda nobozor daromadlar aholi daromadlarining tarkibida o’z salmog’ini kamaytirsa ham, biroq o’z o’rnini mutlaqo yo’qotmaydi. Gap shundaki, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qismi har qanday jamiyatda ham mavjud bo’ladi. Bular, asosan, nogironlar, pensionerlar, vaqtincha ishga yaroqsizlar, ishsizlar va boshqalar. Aholining bu toifadagi ijtimoiy qatlamlari, hatto, rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud bo’lib, davlat, firma va kompaniyalar ularga munosib turmush sharoitlari yaratish choralarini ko’radi.
Aholi daromadlari, odatda, pul va natura ko’rinishida bo’ladi.
Pul ko’rinishidagi daromadlarga yollanma mehnat uchun olinadigan ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olingan foyda, pensiya, nafaqa, stipendiya va shunga o’xshashlar kiradi.
Daromadlarning natura ko’rinishidagi xiliga ishchi, xizmatchi va dehqonlarning mehnat faoliyatiga to’lanadigan haq evaziga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa ko’rinishda beriladigan ne’matlar va buyumlar hamda tomorqa xo’jaligidan shaxsiy iste’mol uchun qoldirilgan mahsulotlar kiradi. Daromadlarning bunday turi ko’proq qishloq xo’jaligida uchrab turadi.
Natura ko’rinishidagi daromadlar tabiatan bozor iqtisodiyotiga to’la-to’kis mos tushmaydi. Qishloq xo’jaligini istisno qilganda, mehnat haqini natura ko’rinishida to’lashni, umuman, mazkur tizim tamoyillariga zid desa bo’ladi.
Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti aholining barcha ijtimoiy qatlamlari turmush d arajasini yaxshilash, barcha fuqarolar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgandir. Buning uchun, avvalambor, aholi daromadlarini muttasil oshira borish uchun davlat tomonidan huquqiy va iqtisodiy zamin yaratilishi darkor.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda bir qator qonunlar qabul qilindiki, ular aholini nafaqat iqtisodiy jihatdan qo’llab-quvvatlashni nazarda tutadi, balki uning mehnat qilish huquqini to’la-to’kis namoyon bo’lishi uchun huquqiy asos ham hisoblanadi. Bular jumlasiga “Xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish to’g’risida”gi, “Qishloq xo’jalik kooperativlari (shirkat xo’jaliklari) to’g’risida”gi, “Fermer xo’jaliklari to’g’risida”gi, “Dehqon xo’jaliklari to’g’risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyatlari erkinligining kafolatlari to’g’risida”gi va boshqa qonunlar kiradi.
Oila daromadlari o’sishining tashqi va ichki omillari mavjud. Tashqi omillarga mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi va uning o’sish sur’atlari hamda davlatning iqtisodiy siyosatida aholining turmush farovonligini o’stirish masalasiga berilayotgan e’tibor kiradi.
Mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi va uning o’sish sur’atlari qancha yuqori bo’lsa, muayyan bajarilgan ish uchun shuncha ko’proq ish haqi to’lanadi. Shu sababli rivojlangan mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Angliya, YAponiya va h.k)da ishchi va xizmatchilarning ish haqi rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan bir necha barobar yuqoridir.
O’zbekistonda aholining 2G’3 qismi qishloq joylarida yashaydi. Demak, mamlakat aholisi aksariyat qismining turmush darajasi qishloq xo’jaligi, uning rivojlanish darajasi va sur’atlari bilan bog’liq. Shu sababli qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, qishloqlarda sanoat korxonalari tashkil qilib, ularga ish bilan band bo’lmaganlarni jalb qilish aholi daromadlarini o’stirishning muhim omili hisoblanadi.
Mamlakatning muayyan iqtisodiy taraqqiyot darajasida ish haqi uchun ajratilayotgan mablag’lar va binobarin, oila daromadlari ham turlicha bo’lishi mumkin. Ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti qurayotgan mamlakatlar (xususan, O’zbekiston)da davlatning iqtisodiy siyosatida aholi turmush darajasini oshirish ustivor yo’nalish hisoblanadi. Bunday sharoitda davlat imkoni boricha ish haqini oshira borish choralarini ko’radi.
Oila daromadlari o’sishining ichki omillariga oilaning iqtisodiy faoliyati va bu faoliyatning samaradorlik darajasi kiradi.
Hozir oila daromadi haqida gap ketganda, ko’pchilik uni ish haqi bilan chegaralab qo’yadi. Vaholanki, aslida ish haqi oila daromadlarining 36-38 foizini tashkil qilyapti xolos. Bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan mamlakatimizda oila daromadlarining manbalari etarli darajada ko’p. Muayyan bir oilani olsak, uning daromadini ish haqi, foyda, ijara haqi, divident, stipendiya, nafaqa kabi tushunchalar tashkil etadi.
Respublikamizda tadbirkorlikning rivojlanishi uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlar yaratilgani tufayli undan tushgan daromad oila daromadlarida salmoqli o’rin egallay boshladi va hozirgi kunda u 25 foizdan ortib ketdi.
Tadbirkorlik daromadi kichik biznes sohiblari, fermerlar va yakka tartibda ishlovchilarning topgan foydasi va aktsiyalardan tushadigan dividentlardan iboratdir.
Mazkur daromadlar ichida dividentlarning salmog’i hozircha etarli emas, deyish mumkin. Buning birinchi sababi oilalar iqtisodiy salohiyatining hozirgi kunda etarli darajada yuqori emasligi bo’lsa, ikkinchi sababi qimmatbaho qog’ozlar bozorining hali to’la-to’kis shakllanib bo’lmagani va aktsiyalarga aholi ishonchining etarli emasligidir.
Tomorqa oila daromadlarining resursi sifatida yaqin orada o’z ahamiyatini yo’qotmaydigan manba hisoblanadi, chunki o’z mohiyatiga ko’ra bozor xo’jaligidir.
Oila tomorqasi tabiatan tarqoq va tartibsiz xo’jalik bo’lganligi sababli ba’zan mahsulot ko’p etishtirilib, uning bozori kosod bo’lishi va arzongarov, hatto, xarajatlarni ham qoplamaydigan narxda sotilishi ham mumkin. Sotishni iloji bo’lmaganidan ba’zi bir mahsulotlar nes-nobud bo’lib, oila kutilgan daromadga erisha olmay qoladi. Oilalar tomorqaning ishlab chiqarish imkoniyatlarini aniq hisobga olishlari, bozorning holatiga qarab nimani, qancha etishtirish, mahsulotni qaerda va qanchadan sotilishini hal etishlari tomorqadan tushadigan daromadlarni ko’paytirishning muhim sharti hisoblanadi.
Yollanib ishlash bor yerda mehnat daromadi mavjud. Ish haqi tabiatan mehnat daromadi hisoblanadi. Uning miqdori mehnat unumdorligiga bog’liq, chunki bozor iqtisodiyotida har qanday daromad resurslarning (kapital, ishchi kuchi, yer) qanchalik unumli ishlatganligining natijasi bo’ladi.
Shu bois ish haqi miqdori mehnat unumdorligining darajasidan kelib chiqadi. Bu qoida moddiy ishlab chiqarish sohalari (sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, transport va hokazo)ga tegishlidir. Nomoddiy sohalar (maorif, madaniyat, sog’liqni saqlash va hokazo)dagi ish haqi ishlab chiqarishda yaratilgan daromadlarning byudjet orqali taqsimlanishiga bog’liq bo’ladi. Shu sababli byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilot va muassasalardagi ish haqi byudjet imkoniyatlaridan kelib chiqadi.
Davlat bozor sharoitida o’zini-o’zi moliyalashtiruvchi, ya’ni topgan puliga qarab kun ko’ruvchi korxona va tashkilotlar beradigan ish haqini belgilamaydi. U faqat ish haqining eng kam miqdorini qonun yo’li bilan chegaralaydi, uning umumiy miqdori, eng yuqori darajasi korxonaning o’ziga bog’liq. Bas, shunday ekan, ish haqi har bir mehnat jamoasining bozor talabiga naqadar moslasha bilishiga, samarali ishlay olishiga bog’liq. Nobyudjet korxona va tashkilotlarda ish haqining oz yoki ko’p bo’lishi tabiiy, chunki bozor qoidasiga ko’ra har bir kishining daromadi uning mehnatining hosilasi bo’ladi. Bozorbop, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqargan va mehnat unumdorligini oshira bilgan korxonalarda ish haqi yuqori bo’lsa, buning uddasidan chiqmaganlar esa ish haqi bera olmaydilar.
Bozor iqtisodiyotining tabiati va mohiyatiga ko’ra hamma farovon yashashi kerak. Biroq oilalarning farovonlik darajasi har xil bo’ladi. Bozor iqtisodiyotidagi tengsizlik adolatli, chunki hamma topgan-tutganiga qarab daromadga ega bo’ladi. Ammo topish-tutish bir xil bo’lmagani tufayli daromad ham har xil bo’ladi. Ma’lumki, tadbirkorlar boshqalardan ko’p pul topishadi, lekin tadbirkorlik hammaning qo’lidan kelavermaydi. Daromaddagi tengsizlik adolat deb baholanganda, albatta, oilaning qonuniy yo’l bilan topgan daromadining farqlanishi nazarda tutiladi. Fuqarolarning korxona yoki davlatning haqiga xiyonat qilib topilgan daromadlarini adolatli deb bo’lmaydi. Aksincha, u yashirin iqtisodiy faoliyat mevasi bo’ladi va jamiyat buni qattiq qoralaydi. Yashirin, pinhoniy iqtisodiy faoliyatning oldini olish va unga barham berish chora-tadbirlarini amalga oshirish davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |