II-bob. Din psixologiyasi rivojlanishi. 2.1. XIX asr oxiridan XX asr yarmigacha din psixologiyasi shakllanishi XIX asr oxirlariga kelib din psixologiyasiga oid ilmiy izlanishlar ko’p mamlakatlarda ommaviy ravishda amalga osha boshladi. Ammo din psixologiyasini mustaqil fan sifatida maydonga chiqishida amerikalik psixolog Stenli Xoll va uning shogirdlari tomonidan birinchi bo’lib amalga oshirilgan diniy ongning tabiiy asoslarini o’rganishi sabab bo’ldi. Stenli Xollning AQSHda din psixologiyasining otasi, deb tan olinishiga asosiy sabab, uning tomonidan 1882-yil “Manaviyat va bolalarning diniy tarbiyasi” nomli maqolasining chop etilishi bo’ldi. V.Vundtning shogirdi Stenli Xoll (1844-1924) Amerika psixologiya fanining rivojlanishiga kata hissa qo’shgan. U Amerikada birinchi bo’lib, psixologiya labaratoriyasini tashkil qilib, labaratoriyada turli usullarni tajribada qo’llab din psixologiyasi fanini boshqa fanlar tasarrufidan chiqara oldi. Stenli Xoll Yevropada yashagan davrida reurentatsiya nazariyasi (individ rivojlanishida insoniyat taraqqiyotining asosiy bosqichlarini takrorlaydi) tarafdorlari g’oyalarini chuqur o’zlashtiradi. Individning to’liq shaxs bo’lib shakllanishida diniy ta’limning ahamiyatini ko’rsatib o’tish bilan diniy e’tiqod orqaligina shaxs jamiyat azosi bo’la oladi, degan fikrni ilgari suradi. Uning nazariy va amaliy ishlari izdoshlari diqqatini diniy ongni atroflicha o’rganishga qaratdi.
1899-yili S.Xollning ko’zga ko’ringan shogirdi, din psixologiyasi rivojiga kata hissa qo’shgan Stenford universiteti professori Edvin Starbek (1867-1947) “Din psixologiyasi” degan kitobida diniy e’tiqodning darajasi va diniy ongni o’rganish uchun anketa so’rovnomasini amalda birinchi bo’lib qo’lladi.Hozirgi kunda ham bu usul qo’llanilib kelinadi. E.Starbek o’sha davrda kata shov-shuvga sabab bo’lgan diniy e’tiqodda “biogenetik nazariya” g’oyasi bilan din psixologiyasi fanidan joy oldi. Uning fikriga ko’ra, din shaxsning biologik tomoni bo’lib, ildizi instiktga borib taqaladi va odam uning asosida tashqi olamni anglab, jamiyat azosiga aylanadi. Diniy e’tiqodga biogenetik nazariya asosida yondashuv, ungacha hukmron bo’lib kelgan diniy nazariyalarga yangicha munosabatda bo’lishga olib keldi. E.Starbek diniy e’tiqod shaxsning ma’naviy boyligidir, deb baho beradi.
Amerikada din psixologiyasining shakllanishiga munosib hissa qo’shgan olim sifatida Djems Pratt (1875-1944) ham alohida e’tiborga loyiqdir. Dj.Prattning e’tiqod, sig’inish va mistitsizmning psixologik qonuniyatlarini chuqur o’rganishga qaratilgan “Diniy e’tiqod psixologiyasi” (1907) va “Diniy ong” (1920) asarlari din psixologiyasi taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Dj.Pratt asarlarining tez ommalashib ketishiga asosiy sabab ularda dinning har tomonlama ulug’lanishi edi. Bu esa cherkov xizmatchilarini Dj.Pratt asarlarini targ’ib qilishga ilxomlantirdi.
Din psixologiyasi rivojlanishiga salmoqli ta’sir ko’rsatib, yangi yo’nalishni belgilab bergan taniqli olimlardan biri amerikalik psixolog Vilyam Djeyms (1842-1910) hiisoblanadi. U o’zining “Serqirra diniy tajriba” asarida diniy e’tiqodlarni taxlil etishga psixologiya fani qonuniyatlari aosida yondashdi. Bunda individning dindan “madad” olish va subyektiv qoniqish hosil qilshi nuqtai nazaridan baho berib, uni ilmiy asoslashga harakat qiladi. Uning fikricha, dinning manbai insonni o’rab turgan dunyoda emas, balki uning o’zining ichidadir,lekin intellektual qobig’ida emas, balki ruhiy-emotsional qobig’idadir. Shu bois ham individ o’zidagi diniy maylning mavjudligini doimo ongli ravishda aks ettiravermaydi.
XX asr o’rtalariga kelib, Amerikada din psixologiyasi soxasida kata yutuqlarga erishgan Uolter Klarkning “din psixologiyasi” asari ko’plab universitetlarning ilohiyot fakultetlarida darslik darajasida o’tilgan. Bu asarida U.Klark o’zigacha bo’lgan din psixologiyasiga oid nazariya va g’oyalarni taxlil etib ularni ilmiy mulohazadan o’tkazadi.
Amerikalik faylasuf Djeyms Leuba (1868-1946), “Psixologiyada diniy fenomenlar”, “Xudoga e’tiqod va abadiyat” (1916) kabi asarlarida din insoniyat tarixida faqat aldov uchun qo’llanib kelingan, hech qanday g’ayri tabiiy qudratga ega kuch bo’lishi mumkin emas, bo’lsa ham bu kuch inson bosh miyasi mahsulidir, degan g’oyalarni ilgari suradi. U diniy ma’rifiy, tarbiyaviy va ma’naviy tomonlarini ajratib olib, qolgan qismidan voz kechgan holda, yangi dinni tuzishga chaqiradi. Lekin uning bu nazariyasini hech kim hayotga qo’llamaydi.
XX asrning 40-yillar oxiriga kelib Amerika din psixologiyasiga Zigmund Freydning psixoanaliz nazariyasi kuchli ta’sirini ko’rsatdi. Bu yo’nalishda Erix Fromning ilmiy ishlari alohida diqqatga sazovordir. E.Fromm o’zining “Psixoanaliz va din” asarida diniy e’tiqodga asosan ijtimoiy muhit ta’sir etadi. Biologik yoki instiktiv asosda din yuzaga kelmasligini uqtirib, ijtimoiy muhitdagi madaniyatnigina shaxsda e’tiqodni qay darajada shakllanishiga sabab bo’ladi, deb uqtiradi. Fromm psixoanalizdagi ongsizlik nazariyasidan chetga chiqmagan holda omma ongsiz ravishda dinga ergashadi va bu shaxsda ongsiz ravishda e’tiqodni yuzaga keltiradi, degan g’oyani ilgari suradi. E.Fromm din sotsial-ijtimoiy terapiya sifatida, shaxs himoyaga muhtoj bo’lganda uni izlaganda tasalli beruvchi, ruxlantiruvchi vosita vazifasini bajaruvchi ijtimoiy madaniyat ko’rinishida namoyon bo’ladi, deb ta’kidlaydi.
1901-1902-yillarda V.Djeymsning Edinburg universitetida o’qigan din psixologiyasiga oid ma’ruzalaridan so’ng Yevropa psixologlari diniy e’tiqodning psixologik asoslari tahliliga e’tibor qaratib, o’z izlanishlarini qayta ko’ra boshlashdi. Shunday qilib dinning psixologik xususiyatlariga Yevropalik psixologlar diqqatini qaratgan mutaxassis sifatida V.Djeyms (1842-1910) shaxsning dindorligi uning individual psixologik xususiyatlaridan kelib chiqadi, deb tushuntiradi. Diniy e’tiqod, deydi u, individ ruxiyatidagi hissiy holat va yo’nalishlarda tomir otadi. “…hissiyot dinning eng chuqur manbaidir. Falsafa Xudo haqidagi so’zlar ikkinchi darajali ayrim sifatlardir. Bu huddi asl nusxadagi narsani boshqa tilga o’girgan kabi”1 Djems U.
V.Djeyms diniy amallar, subyektiv diniy fenomenlarning vujudga kelishini mistik idrok, ekstaz holat (kuchli hayrat,shodlik), ekzalt hayolot (kuchli qo’zg’alish), galyutsinatsiya kabi holat va hissiyotlar bilan bog’lab tushuntirdi. Individning diniy hissiyotlarini taxlil qilar ekan, V.Djems uni maxsus tabiatga ega emasligini, balki shaxsning boshqa hissiy kechinma va holatlaridan farq qilmasligini ta’kidlaydi. “Diniy sevgi, diniy qo’rquv, diniy faxr, diniy xursandlik, kabi kechinmalar mavjuddir. Lekin diniy sevgi insonning diniy obyektlarga qaratilgan umumiy sevgi hissidir. Diniy qo’rquv bu- inson qalbining oddiy qaltirashi xolos,lekin u xudoning jazosidan qo’rqish bilan bog’liq… Shu yo’sinda qolgan xilma-xil hissiyot ko’rinishlarini dindor odamlarda kechishini ko’rish mumkin. Har bir dindorda alohida emotsional elementlar bo’lmagani kabi alohida qandaydir abstrakt diniy sezgi borligini asoslashga hojat yo’q” 2
V.Djeyms diniy e’tiqod haqiqatlarini asoslashga harakat qilib uni foydali hodisalarga tenglashtiradi. Haqiqat bu – amaliy jihatdan yutuqli, foydali bo’lgan harakatlardir, deydi u. Fikr “haqiqatdir”. Chunki unga ishonch biz uchun foydalidir. Xudoga va dinga bo’lgan ishonchning haqiqatligi ularning inson hayoti uchun ahamiyatligidan kelib chiqadi. Agar mavjud hayot uchun diniy fikrlar qimmatga ega bo’lsa, u holda pragmatizm nuqtai nazaridan ular kerakligi jihatidan haqiqatdir. Huddi shunga o’xshab, deb ko’rsatadi V.Djeyms, diniy amal va kechinma qiyin vaziyatlarda “haloskor amal” sifatida hayotiy ahamiyat kasb etsa, u holda, albatta haqiqat bo’ladi. Dinning qadriyatliligi ijtimoiy psixologik funksiyalar bilan belgilanadi. Din inson hayotining har bir holatlaridagi qiyin bo’lgan holat va vaziyatlarni, oson va yengillik bilan hursandlik holatiga ko’chira oladi. Agar din bu xil vazifani bajaruvchi yagona kuch bo’lsa, u holda inson ruhiy dunyosi uchun uning qadri yuksakdir, deb yozadi.3
V.Djeymsning subyektiv idealistik qarashlarini uning shogirdlari va zamondoshlari yanada rivojlantirdilar. G.Olport (1897-1967) “Individ va uning dini” kitobida har bir dindor amallarining o’ziga xos, qaytarilmas harakterga ega ekanligini ko’rsatib berdi. Uning fikricha, har bir e’tiqod egasi, o’zining alohida diniga ega. Bu uning individual xususiyati bilan vujudga keladi. Dinning barcha ijtimoiy ko’rinishini bazis harakterga ega bo’lgan individ e’tiqodiga nisbatan ustqurma sifatida baholaydi.
Yana bir amerikalik psixolog Abraxam Maslou V,Djeyms fikrini rivojlantirib, har qanday diniy kechinmalar asosida individual diniy tajribalar yotishini ko’rsatadi. Uning fikricha, individual diniy amallarga nisbatan jamoa diniy hayot diniy hayot shakli ikkilamchi hisoblanadi.
XX asrning mashxur psixologlaridan hisoblangan Z.Freyd (1856-1939) o’zining psixoanalitik nazariyasi bilan din psixologiyasida yangi konsepsiya yaratdi. Z.Freyd konsepsiyasiga ko’ra, individ ruhiyatining asosini “Id” – ong shuursizlik holati tashkil etadi. Ong-shuursizlik individ tug’ilgan paytdan mavjud bo’lib, insonning barcha tug’ma ehtiyoj, mayl va instiktlarining majmuasi hisoblanadi. Hayotiy jarayonlarda u shahvoniy mayl va o’zini saqlashga intilish shaklida namoyon bo’ladi. Bunda asosan shahvoniy intilish kata kuchga ega bo’lib, insonning boshqa ehtiyoj va mayllarini tormozlab qo’yishi, ijtimoiy harakterdagi xatti-harakatlarini o’zgartirib yuborishi mumkin.
Individning ijtimoiylashib borishi jarayonida, ta’lim-tarbiya asosida inson xulq-atvorini nazorat va boshqarib turuvchi “ego” (“Men”) – ong shakllanib, Id – bilan bog’liq xohish-istak va mayllarni amalga oshirishbilan bog’liq extiyojlar ong qarshiligiga uchraydi. Natijada ular muayyan davr individ ehtiyojlari doirasidan siqib chiqariladi, tormozlanib turishga majbur bo’ladi. Lekin ular butunlay yo’qolib ketmaydi. Doimo o’zini namoyon qilishga payt poylab turadi, ong “senzura” sining susayishi yoki biror sababli tormozlanishi bilan o’zlarini to’la namoyon etadi. Shaxs taraqqiyotining muayyan bosqichida yana bir tizim –“SEGO” (Super Ego)- “Men” shakllanadiki, unda shaxsning axloqiy- ma’naviy, estetik-etik ideallari o’z aksini topadi.
Dinning paydo bo’lish sabablari va mohiyati to’g’risidagi masalalar Freydni doimo qiziqtirib kelgan. Uo’zining bir qancha kitoblarida, masalan, “Totem va tabu” , “Muso va monoteizm” , “ Bir illyuziyaning kelajagi” asarlarida din masalasini ko’taradi hamda bu masalaga materialistik va ateistik nuqtai nazaridan turib yondashadi.
Zigmund Freydning diniy qarashlari sof ateistik asosga qurilgan. Uning o’zi bu haqda shunday degan edi: “Agar men din masalasidagi qarashlarimni bundan ancha ilgari, masalan, inkvizitsiya davrlarida aytganimda edi, inkvizatorlar meni tiriklay gulhanga tashlagan bo’lishar edi”. Chunki uning diniy qarashlarida diniy ilohiyot masalasiga materialistik nuqtai nazaridan turib yondashilgan. Freydning quyidagi mashhur gapi uning dinga munosabati yaqqol ko’zga tashlanadi: “din insonning bolalik davridagi va insoniyatning ilk davrlaridagi irodasizligi va qo’rquvidan paydo bo’ladi”.4
Freydning diniy qarashlarini uchta davrga bo’lib o’rganish mumkin.Freyd har bir davrda dinga nisbatan turli xil qarashlarini bayon etadi.
Birinchi davrda Freyd tomonidan din bolada otaning o’rniga Xudo tasavvurining paydo bo’lishi sifatida talqin qilinadi. Emishki, bola uchun ota mukammallik timsoli cheksiz-kuch qudrat ramzi hisoblanadi. Bola kattara boshlar ekan, otasining ham kamchiliklarini, uning ham imkoniyati chegaralanganligini, ojiz bir inson ekanligini anglab boradi. Keyin unda mukammal har narsaga qodir, kamchiliklardan holi zotga nisbatan ehtiyoj paydo bo’ladi. Bu ehtiyoj bolada Ota Xudo obrazini yaratadi va endi u o’shanga e’tiqod qiladi.
Ikkinchi davrda Freyd dinni sublimatsiya (ko’chirib o’tkazish) sifatida tushuntirishga harakat qiladi. Dindagi ibodat, tavba-tazarru, duolar aslida sublimatsiya, ya’ni inson din yordamida va tasavvurda paydo bo’lgan Xudo obrazining yordam berishiga ishongan holda o’zidagi asabiy holatdan qutilar emish.
Freyd o’zining “Bir illyuziyaning kelajagi” asarida dinni miyadan ketmaydigan holatlarning (навязчивые состояния) jamoaviy nevrozi deb uqtiradi. Bu holatni tibbiyotda bunday tushuntirishadi: miyadan ketmaydigan nevrozda bemorda o’ta serjahillik, o’ta charchanganlik, haddan oshiq uyqusizlik, ish qobiliyatining susayishi holatlari kuzatiladi. Kasallikning miyada o’rnashib qolgan holatlari uch xil ko’rinishda bo’ladi:
a) Fikrlar ko’rinishida; bunda bemorning miyasiga bironta fikr keladi-yu, undan umumman qutila olmaydi (Odamning miyasida Xudo obrazi turib qoladi va u mutassil holda faqat shu haqida o’ylaydi, chetdan keladigan turli-tuman fikrlarni ham faqat mana shu obraz prizmasidan o’tkazadi);
b) Harakatlar ko’rinishda; bunda bemor ma’lum bir harakatni to’xtovsiz amalga oshiraveradi (masalan, beto’xtov qo’lini yuvadi, sochini kesadi va h.z. Odam qandaydir stereotip (qotib qolgan) va ma’nisiz harakatlarni majburan takrorlaydi. Ibodatlar va turli xil rituallar shular jumlasiga kiradi;
c) Vahima ko’rinishida; bunda bemor doimo qandaydir vahima bilan yashaydi (masalan, kimdir uni o’ldirib qo’yadigandek bo’laveradi. Yoki odam Xudoning oldida qachondir hisob-kitob qilinishi vahimasi bilan yashaydi).
Freydning fikriga ko’ra, din - bu insonning miyyasida ketmaydigan bo’lib qotib qolgan fikr ko’rinishidagi nevrozdir. 5
Psixoanalitning ta’siri natijasida bemordagi ko’plab simptomlar yo’qoladi, u iztiroblardan forig’lashadi. Bu aynan psixoanalitikning ta’siri yoki vrachga bo’lgan ishonchning ta’iri yoki bemorning o’z-o’ziga bo’lgan ta’siri natijasimi - bilish qiyin.
E.Fomm o’zining “Psixoanaliz va din degan kitobida shunday deb yozadi: “Freyd dinning illyuziya ekanligini isboti bilan chegaralanmaydi. U dinni havfli, deb aytadi. Chunki din axmoqona insoniy qoidalarni yoritadi. Din o’z tarixi davomida ular bilan bog’liq bo’ladi; tag’in odamlarni illyuziyaga ishonishga o’rgata va tanqidiy tafakkurga taqiqni joriy eta turib, din aqliy qobiliyatlarning qashshoqlashuvi uchun javobgardir… Freydning uchinchi e’tirozi shundaki, din axloq uchun o’ta g’azablanadigan asosdir. Agar axloqiy normalarning to’g’riligi ilohiy amr bilan belgilanadigan bo’lsa, unda axloqning kelajagi o’zining mavjudligi bo’yicha Xudoga e’tiqod qilishga bog’liq bo’lib qoladi. Chunki, Freyd bo’yicha, diniy e’tiqod yo’qolish chegarasida turibdi. Din bilan axloq ittifoqining davom etishi bizning axloqiy qadriyatlarimizning halokatiga olib boradi. Din Freyd bo’yicha, aynan ideallar va qadriyatlarga havf soladi”6.
S.Jimbinov deydi : “Psixoanaliz – yarim badiiy , yarim ilmiy talimot .Shaxsning asosi xisoblangan ilk bolalik, unitilgan kechinmalar va alamlar, ushalmagan orzular - bularning ichida qanchalar sheriyat va donishmandlik bo`lishi mumkin edi! Biroq Freydning qovok qo`ygan materializmi va xira ateizmi uning mifologiyasini buzuq va cho`loq qilib qo`ydi” 7.
“Dindor odamning ibodati, tavba-tazarrusi va duolari psixoanalitik shaxsini mutlaqo keraksiz, hatto zararli qilib qo’yadi. Biroq XX asrning hudosizlashgan dunyosida vrach-psixoanalitik o’ziga ishonib ruhoniyning hech bo’lmaganda bir bo’lak vazifasini o’z zimmasiga oldi. Psixoanaliz-tavba-tazarruning ateistik parodiyasidir”8
Psixoanaliz insonning salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadigan, nafsning istaklariga, mayllariga qarshi boradigan har qanday narsani, jumladan madaniyatni, dinni inkor qiladi. Madaniyat va din inson mayllariga to’siq bo’lib, uning qoldirilish yo’llariga to’g’on uradi va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, degan g’oyani ilgari suradi.
Id aslida insonning nafsi, uning ichidagi bir borliq, uning ichki “Meni” dir. Nafs masalasi Sharqda, xususan Islom ta’limotida Freyddan ming yillar oldin ko’tarilgan va o’zining eng mukammal yechimini topgan. Bu sohada ayniqsa tasavvuf vakillari jonbozlik ko’rsatishgan. Ular nafsdan voz kechib bo’lmasligini anglaganlaridan keyin uni tarbiyalash yo’lini tutishgan. Nafsning eng quyi darajasi “nafsi ammora” bo’lsa, uni tarbiyalab, bosqichma-bosqich yuksaltirib, “nafsi komila” darajasiga yetkazish mehanizmini ishlab chiqishgan. Ular nafaqat nazariy jihatdan ishlab chiqishgan, balki o’zlarining hayotlarida sinab ko’rishgan. Freyd aytgan nafs aynan “ammor” bo’lib, mazkur ta’limotning asosida uning istaklarini qondirish zarurligi yotadi.
Nafsi ammora Psixoanalitik konsepsiyasidagi shaxs strukturasining id, ego va supper ego komponentlaridan Idga o’xshaydi. Malumki, Id shaxs strukturasi komponentlarining biri bo’lib, u biologik jihatdan shaxs faoliyatining energiya manbai hisoblanadi. Ongining boshqa sohalari Id dan kelib chiqqan holda rivojlanishiga qaramasdan o’z-o’zicha Id sodda, primitive va tashkillashmagan. “Tafakkurning mantiqiy qonunlarini Id ga qo’llab bo’lmaydi” (Freyd)… Id hayotiy tajriba ostida o’zgarmaydi, chunki u tashqi muhit bilan kontaktga kirishmaydi.”9
A.Azizqulov o’zining ( Xojahon tariqati va psixoanalitika) tarbiya masalasiga kompartivistik yondashuv) maqolasida tasvvuf ta’limoti bilan psixoanalizning qiyosiy taxlil qiladi, ya’ni kompartivistik yondashuvni amalga oshiradi. Ma’lumki, psixoanalaizda inson ruhiyati aqliy-ratsional va ongsiz- irratsional ko’rinishlarida faoliyat ko’rsatadi. Bu ta’limot psixoanalizgacha mavjud edi, biroq keyinchalik Zigmund Freyd mazkur ta’limotni rivojlantirib, uni 3 ta qatlamga bo’lib tashladi: “U” (“oно”), “Men” (“Я”) va “Oliy men” (“Высше Я”) Freydning fikricha, “U” ongsiz irratsional jarayonlar makonidir. “Men” esa ratsional, mantiqiy tafakkur faoliyati qatlami hisoblanib, “Bu qatlam ruhiyatning quyi ong ostida kechadigan noratsionallikni noonglilik bilan bog’liq bo’lgan hissiyotni ham nazorat qiladi, jamiyatdagi axloqiy me’yorlar bilan mutanosiblikni ta’minlaydi” 10
Bugungi kunda G’arb (hatto ba’zi Sharq) psixologlari tomonidan tasavvuf ta’limotini Z.Freydning psixoanaliz bilan bog’lashga urinish kuzatilyapti. Bu ham psixologiyaning muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Radiy Fish shunday deb yozadi: “G’ayrishuuriy hodisalarni o’rganishda hissiy hayot negizlaridan biri bo’lmish shahvoniyatga ham suyanuvchi hozirgi zamon psixoanalitiklariga o’xshab, so’fiy shayxlar shariatda rahnamo aql bo’lsa, tariqatda rahnamo muhabbatdir, deb qarashardi. So’fiylar haqiqatni mahbub, mashuqa, o’zlarini o’zlarini oshiq deb atashlarini eslasak, ularning hissiyotining manaviyatga o’tishiga imkon beruvchi psixofiziologik hodisa- sublimatsiyadan naqadar samarali istifoda etganliklari malum bo’ladi”.11
Yuqoridagi fikrlardan to’rtta xulosa berishimiz mumkin. Birinchidan, tasavvuf deb atalgan va ming yillar davomida shakllangan psixologik ta’limot bilan Z.Freydning shaxsiy kuzatishlari mahsuli hisoblangan konsepsiyasini qiyoslash mantiqan to’g’ri emas, deb hisoblaymiz. Chunki tasavvuf ta’limoti tayangan subyektiv tajriba bilan psixoanalizdagi tajriba bir-biriga mutlaqo mos tushmaydi. Ikkinchidan, psixoanaliz asosida Freydning daxriyona qarashlari yotadi. Tasavvuf asosida esa buning aksi – tavhid bor, ya’ni bu ta’limot tavhid asosiga qurilgani sababli ham Freyd shahvoniyatni tasavvufdagi nafsi amorra darajasida o’rganadi va undan zarracha ham chiqib ketmaydi. Tasavvufda nazarda tutilgan muhabbat ilohiy harakterda bo’li, konkret bir shaxsga emas, balki Allohga yo’naltirilgan. Bu nafsi komila bosqichidagi nafs hususiyati hisoblanadi. To’rtinchidan, ilohiy muhabbatni sublimatsiya deb ta’riflash, ishqning bu ko’rinishiga, ma’lum ma’noda, haqorat, deb hisoblasa bo’ladi.
Sharq psixologiyasi asoschilari, avvalom bor, tasavvuf ahli, so’fiylar edi. Hatto aytish mumkinki, har bir avliyo o’ziga xos psixolog, psixoterapevt, psixokonsultant, psixoanalitik edi. Ular chiqaradigan xulosalar, ular foydalanadigan muolaja usullari, ular beradigan maslahatlar, ular qiladigan ruhiy tahlilar ruh bilan psixika, ruh bilan tana o’rtasidagi uch yoqlama munosabatlarni inobatga olish nuqtai nazaridan amalga oshirilar edi. G’arb psixologiyasidagi va fiziologiyasidagi o’rnini ko’ra bilmasligidadir. Doktor Tomas X.Elmor bu haqda shunday deb yozadi: “G’arb psixologiyasi tana, ego va madaniyat bilan chegaralanish tendensiyasiga ega”. 12
R.Freydjer va Dj.Feydimen Sharq va G’arbda yaratilgan shaxs nazariyalarini qiyoslagan holda shunday xulosa chiqarishadi: “Bu sistemalar (shaxsning sharqona nazariyalari – X.A.) haqiqatdan ham ko’plab shaxsning g’arbona nazariyalardan qadriyatlarga va axloqiy masalalarga qiziqishning oshishi va ma’lum ma’naviy-ruhiy normalar bilan mos holda hayot kechirish maqsadga muvofiq ekanligiga e’tiborni qaratishi bilan farqlanadi”.13
Shu yerda nafs va tasavvuf to’g’risidagi fikrlarimizni nihoyalaymiz. Faqat aytmoqchi edikki, Freyd Sharqning buyuk psixologlari – tasavvuf ahli asarlari bilan tanish bo’lganida, balki o’zining ta’limotini boshqacharoq qurgan bo’larmidi?...
Z.Freyd ishlarining davomchisi, uning shogirdi K.G.Yung (1875-1961) ham din psixologiyasini tushuntirishda anglanmaganlik g’oyasiga tayanadi. U individning tug’ma mayl va ehtiyojlarini uning ongi va ijtimoiy normalarga qarama-qarshi qo’yadi. Shunga ko’ra, anglanmaganlik doimo ong va jamiyat normalari bilan ziddiyatda bo’lib kelgan, deb tushuntiradi. K.G.Yung ustozi nazariyasining davomchisi bo’lsa ham ayrim o’rinlarda freydizmdan ajralib turadigan jabhalari bor. Masalan, u Freydning ratsionalizmi va erkin fikrligiga qarshi irratsionalizm (aqldan tashqari) g’oyasini qo’yadi. K.G.Yungning bu qarashlari uning “Jamoaviy anglanmaganlik” konsepsiyasida o’z aksini topgan. Bu kitobning mohiyatini esa arxitiplar (boshlang’ich qiyofa ) tashkil etadi. Arxitiplarni K.Yung quyidagicha izohlaydi: “…biz qadimiy boshlang’ich tiplar bilan, qadimiy davrdagi qiyofa bilan muloqotda bo’lamiz. Ular uyquda, medium transda, afsonalarda, ertaklarda, diniy tasvvurlarda va shu kabilarda anglanadi. Bu holatlardan ong u yoki bu darajada “qayta ishlangan” arxitiplar, ya’ni tizimli simvollar bilan munosabatda bo’ladi”14
Yevropa mamlakatlari ichida faqat Fransiyadagina din psixologiyasi dinshunoslikdan alohida ajratilgan holda o’rganilgan. Dinga psixologik munosabatni ta’kidlab o’tgan fransuz olimi E.Butru fikricha, bu masala quyidagicha namoyon bo’ladi: birinchidan, diniy fenomen (g’ayritabiiy holat va ko’rinish) larni kuzatish va ularni ilmiy tahlil etish; ikkinchidan, psixologik tahlil asosida diniy fenomenlarni psixologik jarayon bilan bog’liqlik qonuniyatini o’rganish. Masalan, XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib E.Butru izdoshlaridan Teodyul Ribo (1839-1916) diniy amallarni bajarish jarayonidagi har xil ruhiy va jismoniy holatlarga ko’plab fransuz nevropatolog va psixiatrlarning “diniy e’tiqod ongli faoliyatning buzilishidir” degan nazariyalariga qarshi o’laroq, “Hissiyot psixologiyasi” asarida diniy e’tiqod sog’lom shaxslargagina xos bo’lib, u oliy tuyg’ularning bir ko’rinishidir, deb baho beradi.
Fransiyada psixiatriya va nevropatologiyaning rivojlanganligi diniy e’tiqoddagi fanatizm, mistitsizm kabi ko’rinishlarni oliy nerv faoliyati asosida o’rganish imkoniyatini berdi. Shu yo’nalishda izlanishlar olib borgan E.Myurisye “ diniy hissiyot kasalligi asarida mistitsizm shaxs rivojlanishini bir andozaga solib, innougratsiyalasa, fanatizm yuqori darajada rivojlangan xohishlar asosida ijtimoiy muhitga yoqish istagidir, deb qaraydi. Bu xil izohlash diniy e’tiqodning psixologik tahliliga yana bir yondashuv bo’lib, u asosan ijtimoiy omillar bilan bog’lab tushuntiriladi. Dinning ijtimoiy psixologik nazariyasi asoschisi deb, fransuz olimi Emil Dyurkgeym (1858-1917) tan olinadi. U “Diniy hayotning sodda tuzilishi” asarida diniy e’tiqod shaxsgagina xos hususiyat bo’lmasdan ijtimoiy hodisa hamdir degan fikrni ilgari suradi. E.Dyurkgeym dinga shaxsning ijtimoiylashuviga ta’sir ko’rsatuvchi asosiy omil sifatida qarab, dinni jamiyat a’zolari xulqini bir mezonga solib turuvchi andoza sifatida tariflaydi. Diniy e’tiqodni ijtimoiy-psixologiya nuqtai nazaridan taxlil etish Fransiyada hozirgi kungacha ham davom etib kelmoqda.
Germaniyalik olim Maks Sheller fikricha, din psixologiyasi inson ruhiyatiga ikki xil - moddiy va ma’naviy yo’nalishda ta’sir etadi. Moddiy tomondan inson ijtimoiy mavjudot bo’lib, u bir o’zi va yagona holda yashay olmaydi. Balki boshqa ijtimoiy mavjudotlarning va borliqning yordami va ko’magi bilangina hayotini davom ettira oladi. Shu jihatdan olib qaraganda, u insonlar bilan keng miqyosda aloqaga kirishadi. U kirishayotgan munosabatlardagi asosiy mezon - diniy omillar hisoblanadi. Bu narsa qisqagina yaxshi va yomon, halol va harom kabi kategoriyalarda ifodalanadi. Bular esa dinning inson ruhiyatidagi ta’sirini belgilovchi asosdir.
Manaviy jihatdan diniy e’tiqodning inson ruhiyatiga ta’sirini ko’radigan bo’lsak, inson faqatgina moddiy va jismonan mavjud emas. U o’z jismini saqlab qolishi uchun yeyish, ichish kabi narsalarga muxtojdir. Ammo unda oliy tuyg’ular mavjud. Jism o’ziga ozuqa talab qilgani kabi, manaviy borlig’imiz ham o’z ozuqasini talab qiladi. Ushbu ozuqalarning manbai diniy e’tiqoddir. Moddiy narsalarning kamchiligi va buzuqligi yoki umumman extiyojning ta’minlamasligi, jismning yo’q bo’lib ketishiga yoki o’limiga sabab bo’ladi. Huddi shunga o’xshab, inson ruhi diniy tushunchalar bilan ozuqlanmasa ma’nan qashshoqlashib ketadi.
Maks Sheller fikricha, din psixologiyasining asosiy vazifasi quyidagicha ifodalanadi: birinchidan, insonlarga oxirat tushunchasini singdirish. Chunki insonni eng ko’p o’ylantiradigan narsa o’limdan keying hayot va yo’q bo’lib o’ylantiradigan narsa o’limdan keyingi hayot va yo’q bo’lib ketmaslik hodisasidir. Ikkinchidan, insonlar va dunyodagi narsalar Yaratuvchining ijodi hisoblanadi va din ularni hurmat qilishni insonlar ongiga singdirishdir. M.Shellerning fikriga ko’ra, diniy e’tiqodlar dunyoga nisbatan munosabatda insonlarni turli xil guruhlarga bo’lib tashlaydi. Shulardan biri – dunyoni sevadiganlar. Chunki bu dunyo oxiratning ekinzoridir. Bu degani nimani eksang, shuni o’rasan. Bu ko’pincha dinga ishonuvchilarning yondashuvidir. Ikkinchisi, dunyoni yomon ko’radiganlar bo’lib, aslida ular bu dunyoni juda ham yaxshi ko’radi. Lekin qo’llarida mol-mulk bo’lmagani uchun bu narsa ularda dunyoga nafratni tug’diradi. Bu toifadagilarning ichida dinga ishonuvchilar va ishonmaydiganlar ham bo’lishi mumkin.
Din Psixologiyasi Sobiq Sovet Ittifoqi hukmronligi davrida turli xil Sovet olimlari tomonidan bu fanning qanday fan ekanligi, insonlarni o'rganishda qanday vazifani bajarishi, va boshqa fanlardan nimasi bilan farq qilishini o'rganishgan.
Sobiq Sovetda dinga bo'lgan munosabat " senzura " ostida bo'lgan. O'sha davrda barcha diniy izlanishlarda ateizm maktabining ta'siri katta bo'lgan. Ateizm maktabi namoyondalari( V.G.Zverhovskiy, B.D.Zlatan, A.I.Klibanov, V.I.Lebedev, D.M.Ugrinovich, K.K.Platonov) sotsial va sotsial psixologik izlanishlarida dindorlarni shaxsini o'rganishda marksizm g'oyalariga tayangan.[1] Din psixologiyasi umumiy pisologiyaning tarkibiy qismi deb hisonlanib kelingan.
Dinshunoslikka qiziqqan eng birinchi Sovet psixologlardan biri bu Mixail Matveyevich Troitskiy (1835-1899) hisoblanadi. U dinni "nofenomenal voqelikning ajralishi" deb hisoblaydi va u har qanday dinni rivojlanishini 2 bosqichda deb ko'rsatadi:
Xalq dini yoki mifologiya
Ta'limiy din yoki ilohiyot
Uning aytishicha "diniy e'tiqod aynan bir aql mahsuli emas balki u assotsiatsiya qonunlari asosida yuzaga keladi ya'ni bir g'oya o'zi bilan o'xshash boshqa g'oyalarni ham yuzaga keltiradi" deydi.15
Georgiy Ivanovich Chelpanov (1862-1936) diniy his tuyg'u nimaligini quyidagicha bayon qiladi: "diniy his tuyg'u bu shunday tuyg'uki u bevosita Hudo va Buyuk Yaratuvchi bilan bog'liqdir". Chelpanov diniy his bo'lmish hurmat, shukronalik, sodiqlikni Hudoga bo'lgan muhabbat bilan uyg'unlashib ketadi, bunday hislar jamiyat orasida shakllanishi ham mumkin va u rivojlangan "men" imizning namoyon bo'lishi bilan aks etadi deydi.
1917-yildan so'ng Rossiyada boshqa fanlar qatori dinshunoslik, psixologiya va din psixologiyasi yangi rivojlanish bosqichiga o'tadi. Revolyutsiyagacha bo'lgan eski fikrlash tizimi yo'q qilindi, endilikda marksizm g'oyasi asosida biroz g'alati konsepsiya va g'oyalar vujudga keladi . Ulardan biri ijtimoiy ta'sirlar teoriyasini ilgari surgan Mixail Andreyevich Reysner (1868-1928). Uning fikricha marksizmni psixologik va fiziologik bilimlar bilan o'zaro bog'lash kerak va unda avvalo Pavlovning reflekslar nazariyasini ko'rib chiqishdan boshlash kerak deydi. Shartsiz reflekslarni “munosabatlar tizimi mahsuli” shartli reflekslarni esa dinni ham o'z ichiga olgan “ma'daniy-mafkuraviy shakllar”deydi. Ma'daniy-mafkuraviy shakllar o'z navbatida insonning tashqi dunyoga ta'sir qilishini ta'minlaydigan ijtimoiy ta'sir tizimi deb hisoblaydi. 1920-yillarga kelib rus psixoanalitiklari Freyd va Mark g'oyalarini yangi ijtimoiy tizim bilan bog'lab o'rganishga kirishadilar.
XIX asr oxiri XX asr 30-yillari davri dunyo tarixida din psixologoiyasini o'rganish bo'yicha eng gullagan davri hisoblanadi. Bu davrda juda ko'p metodlar ishlab chiqildi, ko'p izlanishlar olib borildi. Lekin hamma olimlar ham bu davrni gullash davri deb hisoblamaydi. 1908-yilda Djeyms Bisett Pratt o'sha davrda kitob javonlari din psixologiyasi bo'yicha ishlarga to'lib ketgan edi, lekin aslida esa butunlay boshqacha bo'lib psixologik ma'lumotlar anotomik va geografik ma'lumotlardan ko'p emasdi deb aytadi. 1920-yillar oxiridan empirik izlanishlar o'z mavqeini yo'qota boshladi. Bu davr oxiriga kelib Rossiyada din psixologiyasi '"yordam beruvchi intizom" sifatida ko'rila boshlandi. Konstantin Nikolayevich Kornilov ta'kidlashicha psixologiya dinga qarshi kurashish metodlari yaratilishi uchun kerakdir. Ammo bunday yordamchi mavqega ega din psixologiyasi 1930-yillar oxiriga kelib psixologiyaning o'zining tugashi bilan barham topdi. 1925-yilda davlat psixoanalitika instituti yopildi. 1930 yilda Rossiya psixoanalitika jamiyati tugatildi. Marksizm g'oyasida bo'lmagan barcha psixologik ishlar yo'q qilindi. Din psixologiyasi esa 1950-yillarga qadar deyarli g'oyib bo'ldi. Eng achinarlisi shundaki tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan minglab eksperimentlar, maktab bolalari va ularning ota onalarida o'tkazilgan test, anketa va boshqalar ma'nosiz va zararli deb inkor qilib tashlandi.