1.2. Qadimgi Hindistonda diplomatik munosabatlar tarixi Qadimgi Hindiston tarixini o‘rganishdagi asosiy muammolardan biri bu manbalarning turli-tumanligidir. Bizgacha umuman birorta qadimiy arxiv hujjatlari (huddi Misr, Mesopotamiyadagi singari) yetib kelmagan, qadimgi hind yilnomalari ham ma’lum emas. Asosiy manbalar vazifasini sanskrit tilida yozilgan asarlar o‘taydi. Ularning matnlari asosan diniy-etik xarakterda bo‘lib, epik hamda badiiy adabiyotlar, falsafiy traktatlarni tashkil qiladi.
Qadimgi Hindiston tashqi siyosati haqidagi muhim ma’lumotlar Kautilyaning «Artxashastra»sida saqlanib qolgan. Ushbu asarda davlat tuzilishi, ma’muriy-xo‘jalik boshqaruvi, sud sohasi, harbiy va diplomatik san’ati haqida keng qamrovli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Qolaversa asar bizgacha yetib kelmagan ko‘plab asarlardan foydalangan holda yozilgan. VI-XI va XI-XII kitoblarida tashqi siyosat masalalariga bag‘ishlangan ma’lumotlar bor. Masalan VI kitobida davlat haqidagi va davlatlararo munosabatlar haqida umumiy ma’lumotlar aks etgan, XI kitobda bo‘lsa nomonarxiya birlashmalari bilan kurash bo‘yicha aniq tavsiyalar berib o‘tilgan.
Qadimgi davr Hindistonning ichki va tashqi siyosati haqidagi ma’lumotlar Somadeva Surining «Nitivakyamrit» va Brixaspatining «Artxasutra» asarlarida ham mavjud. Davlatlararo munosabatlar masalalarini o‘rganishda dxarmashastr adabiyoti, «Maxabxarata» (ayniqsa XII kitobi) va boshqa asarlar ham muhim ma’lumotlarni beradi.
Qadimgi Hindistonda davlatlararo munosabatlar nazariyasining asosida mandala (yani doira, odatda davlat doirasi ma’nosida izohlanadi) konsepsiyasi yotadi. Mandala - bu tashqi siyosatga oid muayyan harakatlar va chora-tadbirlar majmuasi sifatida tasavvur qilish mumkin-ki, u yanada yirik davlatga aylanib ketish tendensiyasiga egadir. Buyuk davlatning (va oxiri kelib jahon saltanatining) barpo etilishi siyosatning oxirgi maqsadi deb hisoblangan.
Dushman ustidan g’olib chiqishning eng muhim vositasi sifatida u va uning ittifoqchilari orasida adovatni keltirib chiqarish, raqib ittifoqchilari bilan separat (boshqalar bilan kelishilmagan, bir tomonlama) shartnomalar imzolash yoki ularga to’g’ridan-to’g’ri harbiy yordam ko’rsatish, yani dushman mandalasini parchalab tashlash tan olingan. Mandalaning yana bir ahamiyatli xususiyatini ta’kidlash kerak: podshoning ittifoqchilari, taxtda otirib va xokimiyatga ega bo’lib, oz ittifoqchilarini ham saqlab qolishgan. Mandala tushunchasi bilan bir qatorda qadimgi Hind siyosiy nazariyasida yetti xadli (azoli) davlat konsepsiyasi muhim o’rin egallaydi. Uning asosiy elementlari quyidagilardan iborat: podshoning o’zi, vazirlar, shahar-qal’alar, qishloq yerlari, xazina, qo’shin va ittifoqchilar.
Artxashastrada tez-tez tilga olinadigan qo’shinlar yoki ittifoqchilarning tavsifida alohida to’htalish kerak, chunki davlatlararo munosabatlarga oid ko’plab maslahatlarning katta qismi aynan ular bilan bog’liqdir6. Artxashastraga binoan, ittifoqchining asosiy xususiyati - foyda keltirish. Itoatkorlik - uning eng muhim fazilatidir. Siyosat san’atini egallagan podsho, birinchi galda shartnomalarning murakkab tizimiga tayanib, yakka xokimlikka intilishi lozim. Har xil tinchlik bitimlari siyosatining eng birinchi va muhim vositasi sifatida nazarda tutilgan. Tashqi siyosatning ananaviy usullari orasida ahamiyati jihatdan ikkinchi o’rinda urush turadi. Urush barcha usullardan foydalanib bo’lgandan keyingina, oxirgi vosita sifatida ko’rilgan. Podshoga g’alabalarga jangsiz erishish tavsiya qilingan, chunki tinch yo’l bilan bo’ysundirish kamroq kuchni va harajatni talab qiladi. Duta (elchi) atamasining braxmanlarda tilga olinishi elchilik xizmati Hindistonda davlatchilik taraqqiyotining ilk bosqichida (mil. avv. I ming yillikning birinchi choragi) vujudga kelgan deb so’z yuritishga imkon berardi. Kautilyaning Artxashastrasida maxsus bob elchining vazifalariga bag’ishlangan. Shu yerda, jumladan, elchilarning turkumlari keltirilgan - muxtor, cheklangan vakolatlarga ega va chopar (maktublar yetkazuvchi). Elchilik xizmatini bajargan amaldorlar boshqa, doimiy vazifalarga ham ega bo’lgan-ki, ularning mamuriy apparatdagi o’rni va mansablarining nomlari aynan shu orqali belgilangan. Elchining mahalliy aholi bilan aloqa qilishi podsho farmoniga kora man etilishi yoki cheklanishi mumkin edi. Siyosiy asarlarda elchiga ko’proq sukut qilish va eshitish qat’iyan tavsiya etiladi. Elchi o’zga mamlakatga jo’nab ketar ekan, sayohati uchun zarur bo’lganlarning barchasini - otlarni, aravalarni, pullarni puxtalik bilan tayyorlagan. Uzoqda joylashgan mamlakatlarga elchiliklar juda kam yuborilgan.
Manbalarda, asosan, Hindiston ichkarisida mavjud bo’lgan davlatlarga yuborilgan elchiliklar haqida gap yuritiladi. Hindiston hududida ko’plab kichik davlatlarning mavjud bo’lishi elchiliklar sonining shunga mos bo’lishini talab qilardi. Tobe davlatlar oliy xukmdor poytaxtida doimiy vakillariga ega bo’lishgan. Elchilik xizmatining tashkil qilinishi Qadimgi Hindiston davlatlarining rivojlanish darajasiga mos bo’lgan. Maxsus diplomatik muassasa, aftidan, shakllanmagan bo’lsa ham, elchilik vazifalarini podsho nomidan ish olib borgan oliy mansabdor shaxslar yoki batafsil ko’rsatmalar olgan oddiy amaldorlar bajargan. Elchilardan nomalarni (maktublarni, xatlarni ) yetkazib berish niqobi ostida raqibni yoki uning eng qudratli amaldorini yo’q qilish maqsadida ham foydalanilgan. Shuningdek, elchilar dushmanning joylashuvi, kuchlari, zahiralari haqida ma’lumotlar to’plagan. Artxashastrada turli xil nomalarning (maktublar va xatlarning), shu jumladan, diplomatik tusdagi yozishmalarning formulyarlari berilgan.
Mil. avv. I ming yillik ning birinchi choragida Shimoliy Hindiston ilk davlatlar shakllandi, ammo manbalarning kamligi o‘sha davrlarda ular o‘rtasida davlatlararo munosabatlar haqida ma’lumot berish imkoniyatini bermaydi. Nisbatan biroz keyingi davrdagi siyosiy tarix haqida so‘z yuritish mumkin. Mil. avv. VI-IV asrlarda Magadxa Shimoliy Hindistonda markazlashgan davlatga aylanib, o‘z atrofidagi davlatlarni birlashtirishni boshladi. O‘sha davrda bu davlatda hukmronlik qilgan Xaryanka sulolasidan bo‘lgan Bimbisara va Adjatashatru kabi hukmdorlar haqidagi ma’lumotlar Budda bilan zamondosh bo‘lganligi uchun ham buddaviylik asarlarida saqlanib qolgan. Bimbisara bo‘lg‘usi taxt vorisi sifatida unchalik katta bo‘lmagan qo‘shni Anga davlatini bosib olganligi va u yerda Magadxaning noibi sifatida boshqarganligi keltiriladi. U otasining o‘rnini egallab, Magadxa hukmdoriga aylangan paytida ham Anga humdori unvonini saqlab qolgan, shu boisdan tarixiy manbalarda ba’zan «Anga-Magadxa» hukmdori unvoni bilan ham keltiriladi. Uning shuningdek, Koshala hukmdori Prasenadjit hukmdorining qiziga uylanganligi va sep tariqasida Kashi viloyatidagi boy qishloqlardan birini olganligi ma’lum. Aftidan Koshala malikasi bilan bo‘lgan nikoh ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash uchun tuzilgan bo‘lsa kerak. Ammo Bimbisaraning vorisi Kashidagi qishloqqa bo‘lgan huquqi uchun kurashga kirishgan. Adjatashatru Koshala hukmdorini yengib, otasi singari uning qiziga uylandi. Mazkur hukmdor yirik bosqinchilik yurishlarini olib borganligi bilan ham ma’lum. Uning eng uzoq va daxshatli urushi qudratli bo‘lgan lichchxanlarning nomarxiya birlashmasiga qarshi olib borildi. Tarixiy manbalarning ma’lum qilishicha, ushbu birlashmaning boshlig‘i Magadxaga qarshi kurashish uchun tarkibida Koshala, Kashi, mallar kabilar bo‘lgan kuchli koalitsiyani tuzadi, ammo shunday bo‘lsada, Adjatashatru g‘alaba qozonadi. Aftidan ushbu nomonarxiya birlashmasi o‘z muxtoriyatini saqlab qolgan, chunki keyinroq, III asrlarda, dastlabki guptalar davrida u haqida yana ma’lumotlar uchraydi. Adjatashatruning g‘alaba qozonishida uning mulozimi bo‘lgan Vassakarning xizmati katta bo‘lgan bo‘lgan, u podsho tomonidan dushmanning poytaxti bo‘lgan Vayshaliga yuboriladi va u yerda u birlashma tarkibidagilar o‘rtasida kelishmovchilikni keltirib chiqaradi. Aynan mana shu shaxs o‘z hukmdoriga hujum uyushtirish uchun qulay payt haqida ma’lumot yozib yuborgan.
Adjatashatruning merosxo‘ri bo‘lgan Udaina hukmronligi davri Qadimgi Hindistondagi davlatlararo munosabatlar tarixi haqida manbalarda ma’lumotlar juda kam saqlanib qolgan. Nandlar hukmronligi davrida ham Magadxa nisbatan qudratli davlat bo‘lib qolishda davom etgan, Hindistonning katta qismi uning hukmdorlari tobeligi ostida bo‘lib kelgan.
Aleksandr Makedonskiyning Hindistonga yurishi davriga oid manbalarda ham o‘sha paytdagi davlatlararo munosabatlar to‘g‘risida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Aleksandr Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismini, Hind daryosi oqimi bo‘ylab joylashgan hududlarnigina bosib olishga erishgan. Shu o‘rinda nisbatan kuchli hukmdorga ittifoqchi yoki qaram hukmdor sifatida birlashgan mayda podsholiklarning ko‘pligi e’tiborni tortadi. Bu ittifoq tepasida turgan shaxs yoki oliy hukmdor urushda mag‘lub bo‘lgan taqdirda unga qaram bo‘lgan mayda podsholar o‘z mulklarini va hukmronligini saqlab qolish uchun nisbatan omadli bo‘lgan hukmdorga jangsiz taslim bo‘lgan. Gidasp ostonasida (mil. avv. 326-yilda) Aleksandrning Por ustidan g‘alabasi shunga olib keldiki, ayrim hind hukmdorlari ixtiyoriy ravishda makedoniyaliklar tomoniga o‘tib ketdi. Odatda hind hukmdorlarining o‘zlari makedonliklar harbiy lagerlariga yoki Aleksandr huzuriga tashrif buyurgan, o‘zlari bilan katta sovg‘a-salomlar keltirgan, o‘z navbatida yangi oliy hukmdordan o‘z mulklarini boshqarish «huquqi»ni olgan. Tarixchi Arrian Musikan, Abisar, Taksil hukmdorlarining, mallar yo‘lboshchisining shunday yo‘l tutganligini keltirib o‘tadi. Ularni o‘z mulklari taxtida qoldirgan Aleksandr Hindistonda o‘ziga ittifoqchilarni ko‘paytirish maqsadida ularga makedoniyaliklarga qarshilik ko‘rsatgan hukmdorlar yerlarini ham qo‘shib berib yuborgan. Huddu shunday tarzda Por Aleksandrning oliy hokimiyatini tan olgandan keyin oldin o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerlarni ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Aleksandrning mazkur tadbirlari hind hukmdorlarining an’anaviy siyosatiga mos kelgan. Unga ko‘ra, mavjud tartiblarni o‘zgartirmagan holda qaram hukmdorning qaramligini tan olishi va ulardan majburiy to‘lovlarni olish bilan cheklanilgan. Mazkur amaliyot Ahamoniylar va boshqa bir qator davlatlar hukmdorlari tomonidan ham qo‘llanilgan7.
Yunon-makedon qo‘shinlarining Hindistondan ketishidan keyin u yerda qolgan garnizonni ham siqib chiqarish boshlandi. Aleksandr satraplari mil. avv. 317-yilgacha o‘z hokimiyatini saqlab qoldi. Huddi shu paytda Nandlar davlati Chandargupta tomonidan bosib olindi va u qadimgi Hindistondagi nisbatan mashhur va qudratli bo‘lgan yangi sulolaga asos soldi. U birinchi marta Nandlar poytaxtiga muvaffaqiyatsiz yurishni amalga oshirdi. Shundan keyin u havfli dushmaniga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U bu yurishga Parvataka hukmdori bilan ittifoqqa kirishdi, hatto ayrim nomonarxiya birlashmalarni ham ushbu yurishga qarshi uyushtirganligi manbalarda keltiriladi. Panjobda hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan Chandragupta Mauriyalar sulolasiga asos soldi va Nandlarga qarshi uzoq kurashga kirishdi va ularni to‘liq tor-mor etdi. Keyinroq u Aleksandr Makedonskiyning mulklari o‘rnida tashkil topgan Salavkiylar davlati bilan to‘qnash keldi. Ular o‘rtasidagi kurash haqida ma’lumotlar kam. Ammo tarixiy manbalarda ikki davlat hukmdorlari o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanganligi va unga ko‘ra Salavka 500 ta hind filini olganligi, Chandragupta bo‘lsa ilgari salavkiylar qo‘lida bo‘lib kelgan Hind daryosining g‘arbiy sohilidagi yerlarga ega chiqqanligi aytiladi. Bunday noteng shartnomaning tuzilishi sabablaridan biri aftidan Salavkaning sharqiy chegaralar havfsizligini ta’minlash va asosiy e’tiborni g‘arbga qarshi qaratish bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Chandragupta ko‘pgina hind hukmdorlari uchun an’anaviy siyosatni o‘zgartirmadi. Qator bosib olingan viloyatlarda oldingi ma’muriyat va hukmdorlar qoldirildi. Uning vorislari doimiy ravishda tobe hukmdorlarning isyonlarini bostirish bilan o‘tdi. Masalan, Chandarguptaning o‘g‘li Bindusara Taksildagi yirik qo‘zg‘olonni bostirishga to‘g‘ri keldi. Maurya sulolasining keyingi hukmdorlari ham salavkiylar bilan do‘stona munosabatlarni davom ettirishdi. Buni Pataliputraga yuborilgan Deymax elchiligi tasdiqlaydi. Bindusar hukmronligi davrida Ptolomeylar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilgan, Pliniy hukmdor Filadelf tomonidan yuborilgan Dionisiya elchiligi haqida ma’lumot beradi. Aftidan bu Misr ptolomeylar davlati bilan faol savdo-sotiq qiluvchi bir qator janubiy hind davlatlarining muariyalar tomonidan bosib olinishi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Afiney Bindusarning Antiox I hazuriga yuborgan elchiligi haqida ma’lumot berib o‘tadi, unga ko‘ra hind hukmdori undan shirin vino, qurutilgan anjir va sofist (donishmand) yuborishni so‘raydi. Antiox o‘z javob maktubida vino va quritilgan anjir yuborishga va’da beradi, ammo sofitsni sotish taqiqlanganligini aytadi.
Bindusarning vorisi bo‘lgan Ashoka hukmronligi davrida Muariyalar davlati o‘z taraqqiyotining cho‘qqisiga erishadi. Ashokaning eng yirik va yagona bosqinchilik yurishi Kalinga hisoblanadi, chunki u yerni bosib olgach deyarli butun Hindiston (mamlakat janubidagi bir qancha davlatlarni inobatga olmaganda) mauriyalar qo‘liga o‘tdi. Bosib olingan ulkan hududlarnining turli xil iqtisodiy va siyosiy darajada ekanligi va ularning alohida bo‘lishga intilishlari muammosi Ashoka hukmronligi davrida Mauriyalar davlatining bor e’tiborni tashqi bosqinchilik yurishlariga emas, balki ichki muammolarga qaratishiga olib keldi. Ammo u ham boshqaruvdagi oldindan bo‘lib kelgan tuzulmalarni o‘zgartirmadi. Uning hukmronligi ostida hamon qaram va yarim qaram hukmdorlar ko‘p edi. Ashoka hukmronligi davrida davlat tuzilmasi shundan guvohlik beradiki, u qator viloyatlar boshqaruvida an’anaviy boshqaruv shakllarini saqlab qolgan. «Vidjita» (bosib olingan) deb ataluvchi hududlarda Ashoka hokimiyati nisbatan kuchli bo‘lgan. Uning davlatining katta qismi shahzodalar (kumaralar) boshqaruvchi provinsiyalarga va yarim mustaqil knyazliklarga bo‘lingan. Ushbu provinsiyalardagi shahzodalar hokimiyati nisbatan keng bo‘lib, ularning markaziy hokimiyatga qaramligi eng kam darajada bo‘lgan; ayrim jihatlarda ularni qaram hudud podsholaridan farq qilish qiyin bo‘lgan. Shahzodalarni bosib olingan podsholiklarga yuborish va u yerni ularning boshqaruviga berish amaliyoti qadimgi Hindistonda keng tadbiq etilgan. Bunda chegaralar va ushbu hududlarni boshqaruv shakli o‘zgarmagan; shahzodalar oldingi podsho taxtini egallab, ma’lum bir hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan. Bunday ma’muriy amaliyot ko‘pgina qadimgi hind davlatlarining beqarorligiga sabab bo‘lgan, shuning uchun hukmdorlar almashinuvi ko‘pincha o‘zaro kurashlar bilan kuzatilgan.
Ashoka o‘z vorislarining ishlarini davom ettirgan holda boshqa davlatlar bilan aloqalarga ham alohida e’tibor qaratgan. Ashoka tashqi siyosati asosiy jihatlaridan biri, bu turli mamlakatlarga diniy missiyalarning yuborilganligidir. Bu holat Osiyoning keng sarhadli hududlarida Hindistonning madaniy ta’siri kuchayishiga xizmat qilgan8.
Mauriyalar hukmdorlarining o‘z hokimiyatini mustahkamlash va davlatning yaxlitligini saqlash bo‘yicha amalga oshirgan tadbirlari yetarli bo‘lib chiqmadi. Qadimgi Hindiston tarixidagi bu nisbatan yirik bo‘lgan davlat strukturasi, ya’ni asosiy hududning qaram hukmdorlar va shahzodalarning nisbatan cheklanmagan hokimiyati ostida boshqarilishi uning parchalanib ketishini ayni vaqtda tezlashtirib yubordi. Ashoka vorislari davrida davlat bir qancha qismlarga parchalanib ketgan edi.
Ashokadan keyin to Guptalar davlati yuzaga kelgunga qadar bo‘lgan Hindiston tarixi haqida ma’lumotlar juda kam. Bu davr uchun ko‘plab mayda davlatlarning paydo bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda ular ichidan nisbatan kuchli hukmdor hokimiyati ostida ularning birlashishi, Hindistonga qo‘shini, shu jumladan Markaziy Osiyodan ko‘plab qabilalarning bostirib kirishi xarakterlidir.
Mil. avv. IV asr boshlariga kelganda, Guptalar sulolasi hukmronligi davrida yana Magadxa kuchayib boshlagan. Ushbu sulolaning dastlabki qudratli hukmdori Chandragupta I edi. Tarixchilar uning «shohlar shohi» unvonini olganligi bilan davlatning va hukmdorning qudratli bo‘lganligiga urg‘u qaratishadi. Lekin shu kabi unvon bilan boshqa mayda davlat hukmdorlari ham o‘zlarini ulug‘laganlar. Aftidan Chandargupta I ning bunday unvon olganligini uning bir qancha qo‘shni hududlarni bosib olganligi bilan izohlanadi. Balki guptalarning kuchayishiga lichchxavlarning nomonrxiya birlashmasi ham muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Chandragupta I ular hukmdorlaridan birining qiziga uylangan bo‘lib, undan tug‘ilgan o‘g‘li Samudragupta valiahd hisoblangan. Aftidan buning natijasida ikki davlat birlashgan bo‘lishi mumkin. Chandargupta o‘rniga taxtga chiqqan Samudragupta qudratli hukmdor bo‘lib, ko‘pincha devoriy yozuvlarda o‘zini «lichchxavlar qizi bo‘lgan Kumaradevi o‘g‘li» deb ataydi.
Samudragupta taxtga o‘tirgach, hukmdorlar koalitsiyasi va qarindoshlarining muxolifatiga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keldi. Bu kurashlarda u g‘alaba qozondi. Uning keyingi muvaffaqiyatlari haqida ma’lumotlar kam. Ollohoboddan topilgan yozuvlarga ko‘ra, unga turli darajadagi qaramlik bilan 37 ta hukmdor bo‘ysungan. Uning Janubiy Hindistondagi davlatlar ustiga yurishlari haqida ma’lumotlar bahs talabdir. Ayrim tarixchilar Samudraguptaning Janubiy Hindistonda ikkita koalitsiyani mag‘lubiyatga uchratganligi va yanada ichkariga kirmasdan, ortiga qaytganliklarini yozadi. Arxeologik ma’lumotlar Janubiy Hindiston davlatlarining ayrimlari minimal darajada guptalar hokimiyatiga bo‘ysunganligini ko‘rsatadi.
Samudragupta davrida Lankadan sovg‘a-salomlar bilan Magadxa saroyiga elchilar yuborgan. U elchilik orqali afsonalarga ko‘ra, Budda nirvanaga erishgan Bodx-Gayeda lankalik ziyoratchilar uchun monastir va turar joy qurishga ruhsat so‘ragan.
O‘sha davrdan saqlanib qolgan qaydlarda gupta bosqinchilari tomonidan «taxtdan ag‘darilgan» hukmdorlar nomlari saqlanib qolgan (ya’ni o‘sha joyning mahalliy hukmdorlari taxtdan ag‘darilgan). Ularning ayrimlarining mulklari Magadxadan ancha olisda joylashgan. Ushbu hukmdorlar mulklari va guptalarning asosiy hukmronlik hududlari oralig‘ida o‘z hududlariga ega bo‘lgan hukmdorlar nomlari ham saqlanib qolgan. Mag‘lub bo‘lgan hukmdorning o‘rniga uning qarindoshlarini, g‘olibning o‘g‘lini yoki noibini qo‘yish amaliyoti ancha keng tarqalgan. Bevosita Samudraguptaning hukmronligi ostidagi hudud Ganga havzasidagi hudud bilan cheklangan, lekin ko‘pgina davlatlarning Magadxaga qaramligi uning «butun Hindiston fotihi» degan nom bilan ulug‘lanishiga olib kelgan bo‘lsa kerak.
Samudraguptaning vorisi inqirozga uchrayotgan shaklar ustiga yurishida mag‘lub bo‘lishi amalda davlatning inqiroziga ham sabab bo‘ldi. Aftidan ko‘pgina qaram podsholiklar Guptalardan ajralib chiqib ketadi, Chandragupta II bo‘lsa o‘z akasini hokimiyatdan ag‘darib, Ganga daryosi havzasini, Markaziy va Shimoliy-G‘arbiy Hindistonni bosib olishga kirishdi. Aynan Chandragupta II hukmronligi davrida mil. avv. III-IV asrlarda Hindistonning ikki yirik davlatlari bo‘lgan Vakataklar va Guptalar o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Chandragupta II ning qizi Prabxavatigupta Vakataklar hukmdori Rudrasen I ga turmushga berildi, uning to‘satdan vafotidan keyin guptalar malikasi bir muncha vaqt Vakataklarp saroyida hukmronlik qildi. Guptalar malikasi otasining Surashtrani egallashini osonlashtirdi, ya’ni otasining janub tomondan havfsizramay harakatlanishiga imkon yaratib berdi. Ba’zi manbalarda u otasi Chandragupta II yuborgan mulozimlar orqali mamlakatni idora etganligi keltiriladi.
Gudjarat va Surashtraning muhim rayonlarini bosib olishi va Shaklar davlatini barbod qilganligi, ushbu davlatning tangalari IV asr oxiridan yo‘qolib ketganligi buni isbotlaydi, Chandragupta II ning erishgan asosiy yutug‘i bo‘ldi. 409-yildan boshlab shak tangalari namunasidagi Chandragupta II ning tangalari zarb qilina boshlangan. Shunga asoslanib, shaklar ustidan g‘alaba 388 va 409-yillar oralig‘ida bo‘lgan degan taxminni bildirish mumkin. Matxuridagi qaydlarda Chandragupta II kushonlar namunasi unvonlar olganligi keltiriladi. Aftidan bu bilan Guptalar hukmdorlar almashtirishini inobatga olmaganda, bosib olish natijasida hech narsa o‘zgarmaganligini ko‘rsatishga harakat qilgan: o‘xshash tangalar zarb qildirganlar, o‘xshash unvon olganlar, barcha dinlarga va ilohlarga bir xilda munosabatda bo‘lganlar. Chandragupta II hukmronligi davrida ham mamlakat hududining bir qismi mahalliy qaram hukmdorlar tomonidan idora etilgan.
Guptalar to milodiy V asrning ikkinchi yarmigacha Shimoliy Hindistonning katta qismida o‘z hukmronligini saqlab kelishdi. Shu paytdan boshlab Hindistonga eftal qabilalari hujumlari boshlandi. Garchi Skandagupta ularni mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘lsada, ammo uning o‘limidan keyin davlat borgan sari kuchsizlanib bordi9. Davlat tarkibida bo‘lib kelgan ko‘pgina viloyatlar mustaqil bo‘lib olishdi, provinsiyalarni noib sifatida idora etuvchi Guptalarning qarindoshlari alohida ajralib chiqishga urinib, o‘zlariga hukmdorlik unvonlarini ola boshladi. V-VI asrlarda eftalllar bilan og‘ir urushlar mamlakat iqtisodiyotini inqirozga uchratdi. VI asr o‘rtalariga kelganda Guptalar davlati Magadxaning Gauda, Kanaudjaning Maukxariyam, Vallabxining Maytrakam va boshqa bir qancha mayda sulolalari o‘rtasida bo‘lib olinishi natijasida tarix sahnasidan yo‘q bo‘ldi.