Seleksiya ilmida qalamchalar, parxish va payvandlash orqali ko'paytirish keng qo'llaniladi. Ammo ulardan eng ko'p qo'llaniladigani qalamchalar orqali ko'paytirishdir. Mana shu tufayli mevali daraxtlarning xilma-xil navlari mavjud. Ayrim hollarda ushbu navlarning bir-biridan morfologik farqlanishi turlarga nisbatan ham ko'proq bo'lishi mumkin. Qalamchalar orqali ko'paytirishda, qalamchalarning o'simlikning qaysi qismidan olinishiga ham etibor berish lozim. Masalan, qalamcha o'simlikning meva tugadigan novdasidan olinsa ushbu novdadan ko'karib chiqqan o'simlik gullashi mumkin va ularning mevaga kirishi o'simlikning yuvenil qismidan ko'paytirilgan o'simliklarga nisbatan anchagina vaqtli boshlanadi.
Qalamchalarning ko'karishi bir qancha muhit omillariga bog'liq. Ammo yosh o'simliklardan olingan qalamchalarning qari o'simliklardan olinganlarga nisbatan tuproqda yaxshi ko'karib ketishi ya’ni tutishi ehtimoli anchagina yuqori. Vegetativ rivojlanishi sekinlashgan novdalardan olingan qalamchalarning ham ko'karib-tutib ketishi ehtimoli yuqori. Chunki, ularda endogen auksin gormonining miqdori ancha yuqori bo'ladi. Tol va teraklarning ko'pchilik turlari qalamchalardan yaxshi ko'paygani holda, ayrim turlariniki qiyinroq kechadi. Buni qalamchaning ildiz olishini tezlashtiruvchi auksin gormoni hosilalari bilan ishlash tufayli bartaraf etish mumkin. Ayrim hollarda ildiz olishi qiyin qalamchalar, qalamchalardan yaxshi ko'payuvchi o'simlik tanasiga iskana payvand qilinadi. Bunda payvanddo'st payvandtag ildizlari faoliyati tufayli yaxshi rivojlanib ketadi, ammo o'zining barcha xususiyatlarini saqlab qoladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Genetika, A.T.Gʻofurov, S.S. Fayzullayev. Toshkent,2010 y.
2.Lobashev M.Ye., Vatti K.V., Tixomirova M.M. Genetika s osnovami seleksii. M. Prosveщyeniye, 1970.