Mavzuni mustaqil o‘zlashtirish. Fanning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va
qobiliyatiga qarab ishchi o‘quv dasturiga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda
o‘zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga
xizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga
e’tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko‘rsatish lozim.
Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o‘quv adabiyotlaridan foydalanib,
ushbu mavzuni konspektlashtiradilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga
taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda (o‘zlashtirish qiyin bo‘lsa, savollar paydo
bo‘lsa, adabiyotlar yetishmasa, mavzuni tizimli bayon eta olmasa va h.k) o‘qituvchidan maslahatlar
oladilar. Mustaqil o‘zlashtirilgan mavzu bo‘yicha tayyorlangan matn o‘qituvchiga himoya qilish
orqali topshiriladi.
O‘quv jarayonining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan «Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash»
fani bo‘yicha mustaqil ishlar ko‘proq referatlar ko‘rinishida bo‘lib kelmoqda. Referat talabalar
ilmiy ishlarining birinchi shaklidir. Talabalar ilmiy ijodi o‘quv jarayonlaridan biri sifatida o‘qitish,
bilim berish va tarbiyalash vazifalarini bajarishda o‘z xususiyatlariga ega. Talaba tadqiqot
faoliyatiga jalb qilinib, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash, statistik va boshqa materiallarni yig‘ish,
qayta ishlash va tahlil qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi, o‘rganilayotgan hodisani tanqidiy
baholashga o‘rganadi, nazariyani amaliyot bilan bog‘laydi va h. k.
Agar referat tayyorlashning darslik bo‘yicha tayyorlangan seminar mashg‘ulotidagi chiqishga
qaraganda mazmun va sifat jihatdan yuqoriligi hisobga olinsa, referat shubhasiz katta foyda
keltiradi. Talaba auditoriya oldida referatda bayon qilingan qoidalarni himoya qilishga, yoqlashga
tayyorlanishi kerak, innovatsion iqtisodiyotni o‘rganishda bu muhim ahamiyatga ega.
Referat - bu talabalar mustaqil ishlarining samarali shakllaridan biridir. Mazkur shakl talaba
tomonidan referat mavzusini tanlash, unda yoritiladigan masalalar mazmunini oldindan
rejalashtirish, referatni tayyorlash va muhokama qilishning barcha bosqichlarida kafedra professor-
o‘qituvchilarining tashkiliy-uslubiy yordami va maslahati asosidagina samarali amalga oshishi
mumkin. Bu yerda o‘qituvchi tomonidan talabalarning referat ishlariga rahbarlik qilish qanchalik
batafsil va malakali amalga oshirilganligi va referatlarga talablar mezoni qanchalik to‘g‘ri
qo‘yilganligi albatta, hal qiluvchi ahamiyatga ega. Topshiriq talabalarning referat yozish
ko‘nikmalarini, ilmiy qiziqishlari va bilim darajasini hisobga olgan holda berilishi juda muhim.