Mustaqillik yillarida o’zbekistonda qishloq xo‘jaligi va agrar sohada amalga oshirilgan islohotlar. Reja


O’zbekiston Respublikasida qishloq xo’jaligi va agrar sohani rivojlantirish uchun qabul qilingan qonunchilik normalari va ularning ahamiyati



Yüklə 89,05 Kb.
səhifə3/4
tarix08.05.2023
ölçüsü89,05 Kb.
#109269
1   2   3   4
8-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA O’ZBEKISTONDA QISHLOQ XO‘JALIGI VA AGRAR SOHADA AMALGA OSHIRILGAN ISLOHOTLAR.

4.O’zbekiston Respublikasida qishloq xo’jaligi va agrar sohani rivojlantirish uchun qabul qilingan qonunchilik normalari va ularning ahamiyati.
Qadimdan mehnatkash xalqimizga qishloq xo‘jaligining turli sohalari bilan shug‘ullanish ularning turmush tarzi bilan uyg‘unlashib ketgan edi. Ammo, mustabit tuzum davrida jamoalashtirish va kolxozlashtirish natijasida butun xalqdan ajdodlari foydalanib kelgan erlar tortib olindi. Dastlab jamoa mulki sifatida berilishi va’da berilgan qishloq xo‘jaligi chorva mollari va ekin erlari doimiy ravishda markazga paxta va boshqa mahslotlar bo‘yicha belgilangan tonnalarni majburiy bajarish manbasiga aylantirildi. O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi sohasida ham islohatlar, yangilanishlar va ushbu sohani bozor iqtisodiyoti munosabatlariga moslashtirish jarayoni boshlandi.
Iqtisodiy islohatlarning hal qiluvchi bo‘g‘ini sifatida qishloq xo‘jaligida islohat o‘tkazish, uni jadal rivojlantirishga alohida e’tibor berildi. Bunga sabab O‘zbekiston aholisining 64 foizdan ko‘prog‘i qishloq joylarda yashashi, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 24 foizi agrar sektorga to‘g‘ri kelishi va qishloqda istiqomat qilganlarning 37 foizga yaqini qishloq xo‘jaligi bilan bandligida edi. Qishloq xo‘jaligidagi islohatlarni amalga oshirishda eng ustuvor masala sifatida erga mulkchilik masalasi hal qilindi. O‘zbekiston Respublikasida sug‘oriladigan erlarning kamligini hisobga olib, er xususiy mulk qilib sotilishi mumkin emasligini, balki uni uzoq muddatli ijara shartlari bilan topshirish mumkinligi huquqiy hujjatlarda qayd etildi2.
Sobiq Ittifoqning so‘nggi 1980-1990 yillarida yuritgan qaltis siyosati tufayli dehqonlarning mehnati qadrsizlandi, ularning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinmadi. Iqtisodiy tanazzul tufayli bu soha asta-sekin inqiroz yoqasiga keldi. Mustaqillikning ilk davridanoq qishloq xo‘jaligida barqarorlikni ta’minlashga, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish, mulkchilikning turli shakllarini joriy etish, agrar munosabatlarning yangi tipini vujudga keltirish va ularning qonuniy asoslarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi3.
Mustaqillikning dastlabki qadamlaridan boshlab qabul qilingan me’yoriy hujjatlarda, xususan “Yer to‘g‘risida” gi (20 iyun, 1990 yil) va boshqa qonunlarda va Prezident farmonlarida qishloq xo‘jaligidagi tub islohatlarning huquqiy asoslari yaratildi4. 1991 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Dehqon (fermer) xo‘jaliklarini yanada mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini zamon talablari asosida tashkil qilishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1992-yil 3-iyulda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi5. 1992-yildan atigi uch yil ichida mavjud 1137 davlat xo‘jaligidan 1066 tasi mulkchilikning aksiadorlik, jamoa va ijaradagi xo‘jalikka aylantirildi. Qishloq xo‘jaligida ko‘p ukladli iqtisod vujudga keldi6. Shuningdek, chorvachilikda islohatlarni takomillashtirish va dehqon (fermer) xo‘jaliklari hamda xususiylashtirilgan fermalarning manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi 1994-yil fevralida qabul qilingan hukumat qarorlari ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1991-1996 yillarda qishloq xo‘jaligida rahbarlikni yaxshilash, qishloqda o‘tkaziladigan islohatlarning huquqiy asosini yaratish choralari ko‘rildi. Vazirlar Mahkamasi birgina 1994-1995 yillarda qishloqda islohatlar o‘tkazishga doir 10 dan ortiq qarorlar qabul qildi. Ularda qishloq xo‘jaligi kompleksiga rahbarlikni yaxshilash, zamonaviylashtirish borasida qator tadbirlar ishlab chiqildi. 1996-yil 26-noyabrda Respublika hukumati qishloq va suv xo‘jaligini boshqarishning, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan yangi tizimini yaratish maqsadida “Qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bundan oldinroq 1996-yil 3-aprelida Prezident “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonni imzolab, unda qishloqda islohatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qator tadbirlar ko‘zda tutilgan edi. Mamlakat Oliy Majlisi 1996-yil 29-avgustida “Urug‘chilik to‘g‘risida”, “Seleksiya yutuqlar to‘risida” Qonunlarni qabul qildi. Ushbu qonunlar respublikada urug‘chilik masalalariga doir davlat siyosatini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi7.
1997-yilda shaxsiy tomorqa xo‘jaligi 3 mln. gektarni tashkil qildi. Tomorqa xo‘jaligining ekin maydoni 1989-yili 257 ming gektar bo‘lsa, 1997-yil 599,7 ming gektarga ko‘paydi. 1996-yili shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarda 640 ming t. go‘sht, 2,968 ming t. sut, 1,711 ming t. sabzavot, 321 ming t. meva, 307,8 ming t. poliz, 338,1 ming t. kartoshka, 729 mln. dona tuxum etishtirildi. G‘allakorlar 1996-yil davlatga 2 mln. 100 ming t. g‘alla topshirgan bo‘lsa, 1998 yili 4,6 mln. t. g‘alla hosili etishtirilib, shundan 3,5 mln. t. si bug‘doy edi. Paxta maydonlari qisqartirilib, donli ekinlar maydoni 2,5 mln. gektarga etkazildi8. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston qisqa muddat ichida, ya’ni 1996-yil g‘alla mustaqilligiga erishdi9.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining I chaqiriq X sessiyasi (7-dekabr, 1997-yil) agrar va iqtisodiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirish yuzasidan qator qonunlar qabul qildi. “Yer kodeksi”, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”, “Yer kadastri to‘g‘risida”gi Qonunlar qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohatlarni chuqurlashtirishning huquqiy asoslarini mustahkamladi10.
Agrar islohatlarning dastlabki yillarida sovxoz va kolxozlar jamoa xo‘jaliklariga aylantirilgan edi. Ammo ular xo‘jalik yuritishda o‘zlarini to‘la-to‘kis oqlamaganliklari tufayli mulk paylari asosida shirkatlarga aylantirildi. 1999-yil 898 ta, 2000-yilda 856 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari shirkatlarga aylantirildi. Ularning umumiy soni 2003-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 1900 taga etdi, ularda 1 mln. 400 ming kishi shirkat a’zosi sifatida mehnat qildi. Biroq shirkat xo‘jaliklari ham o‘zini oqlamadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-martdagi “Qishloq xo’jaligida islohatlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmonida agrar islohatlarning yangi yo‘nalishlari belgilab berildi. Farmonga binoan 2003-2007 yillarda shirkat xo‘jaliklari tugatildi, ularning negizida fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. 2007-2008 yillarda paxtachilik, sabzavotchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari qariyb 2,5 barobarga kengaytirildi. Fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaliklari ishlab chiqaruvchisining asosiy shakliga aylandi11.
Ma’lumki, hukumat tomonidan fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishni tartibga soluvchi bir qator qonunlar, farmonlar, qarorlar va me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 2003-yil 27-oktyabrdagi № PF-3342-sonli “2004-2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktyabrdagi “2004-2006 yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 476-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2005-5007 yillarda fermer xo‘jaliklarini jadal rivojlantirishga qaratilgan takliflar tayyorlash bo‘yicha maxsus takliflar tuzish to‘g‘risida”, 2004-yil 4-noyabrdagi F-2069-sonli Farmoyishi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-dekabrdagi 607-sonli “2005-5007 yillarda fermer xo‘jaliklarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida yaqin yillarda fermer xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2008-yil 6-oktyabrdagi “Fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi er uchastkalari maydonini muqobullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-3077-son va 2009-yil 22-oktyabrdagi “Fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi er uchastkalari maydonini yanada muqobullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-3287-son Farmoyishlari asosida 2008-yildan boshlab fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini muqobullashtirish borasida yirik tadbirlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-dekabrdagi 362-son “Fermer xo‘jaliklariga beriladigan yer uchastkalari maydonlarini muqobillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini muqobillashtirish ishlari izchil davom ettirildi12.
2003-yilda respublikamiz qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan jami mahsulotlarning 22,2 %i shirkat xo‘jaliklariga, 14,9 %i fermer xo‘jaliklariga, 62,9 %i dehqon xo‘jaliklarida etishtirildi. 2005-yilda esa fermer xo‘jaliklarida 1 mln.dan ortiq kishi band bo‘lib, paxtaning 66 %i, g‘allaning 55 %i fermer xo‘jaliklarida etishtirildi. 2006-yil birinchi yarmida 210 ta ixtisoslashtirilgan meva-sabzavotchilik va uzumchilik shirkat xo‘jaliklari negizida 39 ta fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. Paxtachilik va g‘allachilikda esa 447 shirkat fermer xo‘jaliklariga aylantirildi13.
Respublikamizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligining asosiy mahsulotlari fermer xo‘jaliklari xissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, 1990-2013 yillarda mamlakatimizda don ishlab chiqarish to‘rt barobar, kartoshka 7 karra, meva 3,4, go‘sht 2,3, sut 2,6, tuxum 3,6 barobarga oshdi.1991-yilda mamlakatda 1908,2 ming tonna donli ekinlar ishlab chiqarildi, 1996-yilda 3562,0 ming tonna va 2010-yilda 6952,0 ming tonna g‘alla hosili etishtirilgan. Fermerlik harakatining rivojlanishi natijasida 2017-yilda mamlakatimiz bo‘yicha 8 mln. 377 ming t. g‘alla, 2 mln. 930 t. dan ziyod paxta, 12 ming 450 t. pilla, 2 mln. 318 ming tonna guruch, 23 mln t. meva-sabzavot, 13 mln t. go‘sht va sut mahsulotlari olishga erishildi. 2018 yilda esa 6 mln. 124 ming t. g‘alla, 2 mln. 300 ming t. paxta, 8 mln. 661 ming t. sabzavot, 2 mln. 411 ming t. kartoshka, 1 mln. 607 ming t. poliz mahsulotlari, 2 mln. 100 ming t .ga yaqin meva, 1 mln. 314 ming tonna uzum, 18 ming t. pilla, 1 mln. 789 t. go‘sht, 7 mln. 830 ming t. sut tayyorlandi14.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda qishloq xo‘jaligining O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 28,8 % ni tashkil qildi. 2018-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 53,2 % i o‘simlik mahsulotlari, 46,8 % chorvachilik mahsulotlari tashkil etdi. 2017 yilda qishloq xo‘jaligida 3,7 mln. kishi ish bilan ta’minlandi (jami ish bilan ta’minlanganlarning 27,2 % i). Mamlakat aholisining deyarli yarmi qishloq joylarda yashaydi (2019-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 33,25 mln. kishi, shu jumladan, qishloq joylarda 16,45 mln. kishi (aholining 49,5 % i) yashaydi). Bugungi kunda ham ushbu sohalarni yanada rivojlantirish va zamon talablariga moslashtirish maqsadida juda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tajriba sifatida qishloq xo‘jaligida “agrosanoat majmuasi” joriy etilmoqda, unda fermerlar paxtani davlatga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri klasterdagi qayta ishlash korxonalariga soadi. Shuningdek, meva va sabzavotlarni eksport qilish bo‘yicha ham ma’muriy to‘siqlar olib tashlanib, qulayliklar yaratilmoqda15.
Yana bir jihat qishloq xo‘jaligini ilm-fan bilan bog‘lash va sohada innovatsiyalarni joriy qilishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish maqsadida 2019- yilda respublika bo‘yicha jami qariyb 11 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilingan bo‘lib, har bir gektar uchun davlat byudjetidan 8 million so‘mdan jami 86,2 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3824-son “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklari buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etildi va davlat byudjetidan moliyalashtirilmoqda16.



Yüklə 89,05 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin