Tayanch iboralar: tortish , puflash, shlak, mo‘ri Qozon agregatini bir me’ yorda ishlashini ta’minlash maqsadida yoqilg‘i yonishi uchun zarur bo‘lgan havoni uzluksiz uzatib turish va yonish mahsulotlarini muttasil chiqarib turish kerak. O‘txonaga, chang tayyorlash tizimiga va qozon agregatining boshqa qismlariga havo va gaz berish uchun ishlatiladigan ventilyatorlarning barcha turlari puflash qurilmalari jumlasiga kiradi. Qozon agregatlarining rostlash surma klapanlari bor gaz yo‘llari, tutun mo‘risi va sun’iy ravishda tortadigan tutun tortgichlar tortish qurilmalari hisoblanadi. Tabiiy tortish mo‘ridagi qizigan tutun gazlarining zichligi sovuq atmosfera havosining zichligidan farq qilinishiga asoslangan. Qozon qurilmasini bir tomoni qizigan gaz, ikkinchi tomoni esa sovuq havo bilan to‘lgan tutash idish sifatida qarash mumkin (4.9-rasm). Mo‘ri hosil qilayotgan maksimal tortish, bosim yo‘qotishlaridan 20 % katta bo‘lishi kerak.
rasm. Tabiiy toritish mo‘risining ishlash sxemasi
Ma’lumki, gazlarning gaz yo‘llari bo‘ylab harakatida ishqalanish va mahalliy qarshiliklar natijasida bosim yo‘qotishlari sodir bo‘ladi. Qozon agregatining bosim yo‘qotishlari aerodinamik qoidalar bo‘yicha aniqlanadi. Tutun mo‘rilari g‘ishtli, temir-betonli va po‘latli bo‘ladi. 80 metr balandlikkacha, asosan g‘ishtli mo‘rilar keng qo‘llaniladi, chunki ular arzon va betonli mo‘rilarga nisbatan temperatura o‘zgarishlariga chidamliroq va po‘latli mo‘rilarga qaraganda oltingugurt gazlari zararli ta’sir etmaydi. Mo‘ri balandligi sanitariya texnikasi talablariga javob berishi kerak ya’ni tutun gazlari atmosferada ma’lum bir radiusda tarqalishi lozim. Tabiiy tortishni vujudga keltirish uchun mo‘ri balandligini uzaytirish yoki chiqib ketayotgan gazlar temperaturasini ko‘tarish lozim. Lekin mo‘ri balandligi uning narxi va mustaxkamligi bilan, gazlarning temperaturasi esa qozon qurilmasining eng maqbul F.I.K. bilan chegaralangan. Shuning uchun hozirgi zamonaviy qozon qurilmalarida sun’iy tortish vujudga keltirilgan. Tutun mo‘risi oldiga tutun tortgich (tortish ventilyatori) o‘rnatiladi, u qozon agregatlari qizigan gazlarini so‘rib olib, mo‘ri orqali atmosferaga chiqarib yuboradi. Tutun gazlarini tozalash va kul hamda shlakni chiqaruvchi qurilmalar
Qatlamli o’txonalarda yoqilg’i yongandan keyin hosil bo’ladigan kulning 7080 % i o’txona cho’g’doni va shlak bunkerida qoladi, 20-30% esa tutun gazlari bian birga atmosferaga chiqib ketadi. Kamerali o‘txonalarda aksincha, kulning ko‘p qismi (90 % yaqini) mo‘ri orqali tutun gazlari bilan birga atmosferaga chiqib ketadi. Kulning qolgan qismi shlakka aylanadi va o‘txona tagida joylashgan bunkerlarga tushadi. Kul va shlak qozonxonadan muntazam ravishda chiqarilib turiladi. Tutun gazlari bilan atmosferaga chiqib ketuvchi kulni yo‘qotish ancha qiyin ish. Juda mayin uchuvchan kul atrof muhitni ifloslantiradi, tirik organizmlarga va o‘simliklarga zararli ta’sir etadi. Sanitariya talablariga ko‘ra nafas olish sohasida kulning kunlik o‘rtacha kontsentratsiyasi 0,15 mg/m3 dan ortib ketmasligi kerak. Bundan tashqari, abraziv xususiyatlarga ega bo‘lgan kul tutun tortish yo‘llarini tez ishdan chiqaradi. Har yili jaxonda organik yoqilg‘ilarning yoqilishidan atmosferaga o‘rtacha 100 mln. tonna kul va 150 mln. tonna karbonat angidrid gazi chiqariladi. Masalan, mayda antratsit yoqiladigan quvvati 950 t/soat bo‘lgan qozon mo‘risida bir kechayu kunduzda 60 tonnagacha azot oksidi atmosferaga chiqariladi. Shuning uchun qattiq yoqilg‘ini yoqishda qozon agregati gaz yo‘llarining boshidan oxirigacha kulni tutib qoluvchi qurilmalar o‘rnatiladi. Hozirgi vaqtda tutun gazlarini kuldan tozalash uchun inertsion kul tutgichlar (quruq va xo‘l), elektrofiltrlar va kombinatsiyalangan kul tutgichlar ishlatiladi. Quruq inertsion kul tutgichlarda (4.10.-rasm, a) harakatlanayotgan kul zarrachalarining markazdan qochuvchi kuchidan foydalaniladi.