Namangan davlat chet tillari instituti tillar va ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi



Yüklə 2,91 Mb.
səhifə19/233
tarix28.11.2023
ölçüsü2,91 Mb.
#166985
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   233
Namangan davlat chet tillari instituti tillar va ijtimoiy gumani

Muslihiddin Sa’diy. «Guliston»
Bu buyuk allomaning to‘liq ismi Abu Abdulloh Mushrifiddin ibn Muslihiddin Sa’diy Sheroziy bo‘lib, Sharq va G‘arbda Shayx Sa’diy degan nom bilan ulug‘lanadi. Donishmand shoir Muslihiddin Sa’diy ijodining dovrug‘i Sherozdan Qashqargacha, Xitoy, Hindiston va Misrdan Shimoliy Afrikagacha yoyilgani bois unga “Shayx”, ya’ni, ustoz nomi berilgandir. Olim va tarjimon Sh.Shomuhammedovning ta’kidlashicha, mutafakkirning nomi, tug‘ilgan yili, taxallusi turli manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. Xususan, ayrim manbalarda allomaning nomi Mushrifiddin ibn Muslihiddin Abdulloh, boshqa manbalarda esa Muslihiddin Sa’diy Sheroziy deya keltirilgan.Alloma tavallud topgan yil ham turlicha ko‘rsatiladi. Chunonchi, mazkur sana ba’zi manbalarda hijriy 580 (milodiy 1184), hijriy 589 (milodiy 1193) hamda milodiy 1204 yil tarzida qayd etiladi.
Adibning o‘ziga “Sa’diy” taxallusini tanlashiga ham tadqiqotchilar turlicha yondoshadilar. Ana shunday yondoshuvlarning birida mutafakkir mazkur taxallusni forslar orasida mashhur bo‘lgan hamda Otabek hokimlari sulolasini boshlab bergan Sa’d binni Zangi nomi asosida tanlaganligi qayd etilsa, yana bir boshqa o‘rinda esa ushbu sulolaning vakili hisoblangan Sa’d II, ya’ni, Sa’d ibn Abubakr nomiga nisbat berish tarzida qabul qilganligi e’tirof etiladi.
Muslihiddin Sa’diyning umumiy yoshi xususida ham turlicha fikrlar mavjud, Ayrim tadqiqotchilar allomaning 102 yoshga kirib vafot etganligiga urg‘u bersalar, boshqa bir tadqiqot natijasi adibning 120 yil umr kechirganligidan dalolat beradi. Aksariyat manbalarda mutafakkirning vafoti yili hijriy 691 (milodiy 1291-1292) yil deb belgilangan1.
Muslihiddin Sa’diy ko‘hna Eronning qadimiy shahri sanalgan Sherozda tug‘iladi. Uning otasi Sheroz hokimi Otabek Sa’diyning mulozimlaridan biri bo‘lgan. Yosh Muslihiddin otasidan erta ajraladi. Shu bois unga saroy nafaqasi belgilanadi. Muslihiddin boshlang‘ich ma’lumotni Sheroz shahrida oladi, so‘ngra Bag‘dod shahriga borib, u erda mashhur “Nizomiya” madrasasida tahsilni davom ettiradi. U madrasada ta’lim olish chog‘ida arab va fors tillari grammatikasi hamda adabiyotlari asoslarini chuqur o‘zlashtiradi. Sharq falsafasi asoslarini katta qiziqish bilan o‘rganadi. Madrasada tahsil muddatini tamomlagach, Sharqning eng mashhur, shu bilan birga ilm-fan va madaniyat o‘choqlariga aylangan shaharlar bo‘ylab sayohatga chiqadi.
Muslihiddin Sa’diy 1255 yilda sayohatdan Sheroz shahriga qaytib “dunyo g‘ovg‘alaridan” chetda, shahar chekkasida joylashgan Shayx Abu Abdulloh Xafif xonaqosida faqirona hayot kechiradi.
Muslihiddin Sa’diy tomonidan yaratilgan barcha asarlar 19 bo‘limdan iborat kulliyotida to‘plangan. Bu to‘plam uning vafotidan 37 yil o‘tgandan so‘ng Abubakr Besutun degan kishi tomonidan to‘plangan. Biroq keyinchalik nomi qayd etilgan ana shu muallif kulliyotni qaytadan tuzib, g‘azal va boshqa mayda she’rlarni radifi va qofiyasiga muvofiq alfavit tarzida joylashtirib chiqqan, ushbu kulliyotga allomaning to‘rtta devoni (g‘azallar to‘plarni) kiritilgan. Kulliyotning tarkibiy tuzilmasidan joy olgan hamda mutafakkir nomini mashhur qilgan uchinchi devon “Havotim” deb nomlanadi.
Tadqiqotchilar Sharqda muayyan muallifga tegishli bo‘lgan asarlarni ularning radif va qofiyasiga ko‘ra alfavit tarzida devon holatiga keltirish an’anasi Ali binni Abubakr Besutun boshlab bergan harakat asosida yuzaga kelgan bo‘lsa kerak, degan taxminni ilgari suradilar.
Muslihiddin Sa’diyning jahonshumul ahamiyatga ega bo‘lgan “Guliston” va “Bo‘ston” asarlarida allomaning ta’limiy-axloqiy qarashlari o‘z ifodasini topgan. Manbalarda ta’kidlab o‘tilishicha, muallif “Bo‘ston” nomli asarini 1257, “Guliston” deb nomlanuvchi asarini esa 1258 yillarda yaratgandir.
Mutafakkirning komil insonni tarbiyalash jarayonida muhim ahamiyat kasb etuvchi “Guliston” asari Sharq xalqlarining pedagogik fikrlari tarixda o‘ziga xos uslubga ega didaktik asar sifatida tan olingan. Ushbu asar muallifning boy hayotiy tajribasi asosida yaratilganligi bilan ham qimmatlidir.
Taniqli sharqshunos olim Sh.Shomuhamedovning ta’kidlashicha, “Guliston” asari XVII asrdayoq frantsuz, nemis va lotin tillarga tarjima etilgan va G‘arb mamlakatlarida katta shuhrat qozongan. Asarning rus tilidagi birinchi tarjimasi XVII asrda Adam Oleariy tomonidan qilingan nemischa tarjimasiga muvofiq yaratilgan. XIX asrga kelib, A.Kozimbek (1829 yil), S.Nazaryants (1857 yil), K.Lombars (1862 yil), I.Xolmogorov (1882 yil) kabi tadqiqotchilar ham mazkur asarning rus tilidagi tarjimasini tayyorlaganlar. 1922 yilda esa mashhur sharqshunos olim E.E.Bertals tomonidan tayyorlangan ruscha varianti nashr etilgan. 1957 hamda 1959 yillarda asarning badiiy va akademik tarjimalari SSSR Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida sharqshunos olim R.Aliev tomonidan tayyorlanib, nashr etildi.
“Guliston” asarining o‘zbek tilidagi tarjimalari 1390-1391 yillarda Sayfi Saroyi, XIX asrda mashhur shoir Muhammad Rizo Ogahiy hamda 1909 yilda Murodxo‘ja Soliqxo‘ja o‘g‘li tomonidan tayyorlangan. Fors-tojik adabiyotining bilimdoni, sharqshunos olim Sh.Shomuhamedov 1968 yilda 1959 yilda Moskva shahri hamda 1966 yilda Tehron shahrida chop etilgan nashrlar asosida mazkur asarning o‘zbek tilidagi variantini chop etishga muvaffaq bo‘ldi.
Asar sakkiz bobdan iborat bo‘lib, ularning har birida axloqiy tarbiyaning u yoki bu jihatlari borasida so‘z yuritiladi. Asarning tarkibiy tuzilmasidan o‘rin olgan boblar quyidagicha nomlangan: «Podshohlar odati bayoni» (I-bob), «Darveshlar axloqi bayoni» (II-bob), «g‘anoatning fazilati bayoni» (III-bob), «Sukut saqlashning foydalari bayoni» (IV-bob), «Zaiflik va keksalik bayoni» (V -bob), «Ishq va yoshlik bayoni» (VI-bob), «Suhbat qoidalari bayoni» (VII -bob).
“Guliston”ning mundarijasidan ham anglanadiki, asar mazmun va mohiyatiga ko‘ra insonni etuklik, kamolotga etaklovchi omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoritishga xizmat qiladi. Asarda Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib hamda Nizom ul-Mulk kabi mutafakkirlarning asarlarida bayon etilgani kabi insonning baxtli, saodatli bo‘lishini ta’minlay oluvchi jamiyat, fozil, odil va adolatli hukmdor hamda uning fazilatlari, saroy a’yonlari va ularning ma’naviy-axloqiy qiyofasi, davlatni adolatli boshqarish shartlari, shuningdek, mavjud jamiyatda ustuvor o‘ringa ega bo‘lgan axloqiy me’yorlar xususida so‘z yuritiladi. Mutafakkirning nuqtai nazariga ko‘ra, tabiatan olib qaraganda hukmdor ham oddiy inson sanaladi, u ham shaxsiy manfaatlari yo‘lida harakat qilish huquqiga ega, biroq zimmasiga yuklangan ijtimoiy vazifaga ko‘ra u el-yurt manfaatini shaxsiy manfaatlaridan yuqori qo‘yishi shart. Hukmdor, eng avvalo, yurt tinchligi va xalq farovonligini ta’minlash yo‘lida sabot bilan kurashar ekan jamiyat taraqqiy etadi.
Muslihiddin Sa’diy podshohlarning yuksak insoniy sifatlarga ega bo‘lishlarini orzu qiladi. Elu yurt hukmdori sifatida e’tirof etilgan inson quyidagi fazilatlarni o‘z qiyofasida namoyon eta olishi maqsadga muvofiqdir: adolatli, tadbirli, g‘ayratli, shijoatli, fahm-farosatli, bilimdon, dono, ziyrak, oliyjanob, saxovatli, jasur, mard hamda fuqarolariga nisbatan g‘amxo‘r bo‘la, shuningdek, do‘st bilan dushmanning farqiga bora olish. Muayyan mamlakat fuqarolariga etakchilik, boshchilik qilayotgan podshohlarning yuqorida qayd etilgan fazilatlar egasi bo‘lishlari hayotiy zaruriyatligini muallif ibratli hikoyatlar misolida ochib beradi.
Aqllilar ulug‘lamas shundaylar zotin,
Ulug‘larning yomonlik-la, yodlasa otin,
Taxtu baxt farmonlar, ta’qiq va zo‘rlik,
Barchasi bekorchi, o‘tib ketadi.
Siylasang o‘tganlar aziz nomini,
Sening nomingga ham hurmat etadi»2.
Xulosa qilib aytganda, Muslihiddin Sa’diy o‘zining “Guliston” asarida inson kamolotining asosiy omillari sanalgan ma’naviy-axloqiy hamda jismoniy kamolotga erishishning inson hayotidagi ahamiyati, ilm o‘rganishning o‘ziga xos afzalliklari, muayyan kasb yoki hunar o‘rganishning o‘ziga jihatlari, shuningdek, insonda axloqiy sifatlarni tarbiyalash masalalari xususida so‘z yuritadi. Allomaning fikricha, quyidagi fazilatlarni o‘z qiyofasida mujassam eta olgan insongina haqiqiy ma’noda komil, etuk inson sanaladi: bilimli, mehnatsevar, kamtar, oliyjanob, himatli, saxovatli, saxiy, shijoatli, g‘ayratli, qat’iyatli, mard, jasur, jismonan kuchli, to‘g‘ri so‘z, bergan va’dasiga vafodor, adolatli, do‘stga sodiq, o‘z kuchi va mehnatiga tayanib ish ko‘ruvchi va hokazolar. Mutafakkir tomonidan ta’lim-tarbiya masalalariga bag‘ishlab yaratilgan asarlar hamda ularning mazmunida ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ular pedagogik fikr taraqqiyotida o‘ziga munosib o‘ringa egadir.

Yüklə 2,91 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   233




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin