Buxorodagi toponimlar izohi. Yangi bozor - Buxoro viloyati Buxoro rayonidagi qishloq. Bu nomni o’rganishda o’sha joyda yashab xizmat qilayotgan o’qituvchilarga, keksalarga va arxiv hujjatlariga murojaat qilinadi. Qishloqni nima uchun Yangi bozor deb atashgan? Bunga sabab, Yangi bozor qishlog’idagi bir oz naridagi qishloqda boshqa kichik bir bozor bo’lgan, bu bozordagi turli tomondan kishilar kelib savdo-sotiq qilganlar. Bozor kengayib borgan, eski bozor bilan birgalikda yangi bozor ham rivojlangan. Shundan boshlab qishloq Yangi bozor deb atala boshlagan.
Sarikunda - Romiton rayonidan 15 km naridagi qishloq. Urganch cho’li etaklarida joylashgan. Keksalarning aytishlaricha, o’rta asrlarda qishloq nihoyatda obod bo’lgan. Maydoni keng, bog’-chorbog’i ko’p bo’lgan. Shu yerda kunda boshi, ya’ni suv boshi bo’lgani uchun ham qishloqning nomini shunday deb ataganlar. «Sari» - tojikcha, «kunda» - suv, suv taqsimlanadigan to’g’on boshi demakdir. Vaqt o’tishi bilan xususiy boylik uchun olib borilgan kurashlar natijasida qishloq harobaga aylangan. 1920 yilda qishloqda jami 6 xo’jalik istiqomat qilgan. Qishloq aholisining ko’pchiligi tojiklar. Keyingi yillarda qishloq tanib bo’lmas darajada o’zgardi. Dastlab 10 gektar maydonda omoch bilan dehqonchilik qilgan sarikundaliklar bugungi kunda 300 gektardan ortiq yerga ekin ekib, farovon hayot kechirmoqdalar.
Tarob - Buxoro viloyati hududida joylashgan. Tarixiy manbalarda Tarob qishlog’i Buxorodan ham oldin paydo bo’lgan deyiladi. Bu qishloq dastlab Narshahiyning «Buxoro tarixi»da tilga olingan. Bu qishloq ahli 1238 yilda mo’g’illarga, keyinroq esa mahalliy boylarga, ruhoniylarga qarshi ko’targan qo’zg’olonlari bilan mashhurdir. Tarob so’zining etimologiyasi ma’lum emas. Mahmud Torobiy ham shu qishloqdan chiqqan.
Toqi sarrofon - Buxoro shahridagi bozor. Toq so’zi qadimiy me’morchilik atamalaridan biri bo’lib, «arkli bino» ma’nosini anglatadi. Buxoro xonligida usti yopilgan bozor toq deyilgan. Masalan, toqi telpakfurushon - telpak sotuvchilar, toqi saroffon ham shunday bozorlardan biridir. Sarrof - pul «maydalovchi» demakdir. O’rta asrlarda Buxoroning Kesh (Shahrisabz) darvozasi yaqinidagi bir mahalla Rasattoq (arabcha «ark boshi») deb atalgan. Bu mahalla qadimda ana shu yerda bo’lgan gumbazli bozor nomi bilan atalgan bo’lsa kerak deydi tarixchi O.I.Smernova.
Shohrud - shahar arig’i, Buxoro shahrini suv bilan ta’minlaydigan ariq. Dastlab Rudi zar deb atalgan. Arab geograflari asarlarida «Nauri zar» shaklida qayd qilingan. Shayx Bonarziyning vaqf hujjatlarida «Rudi shao’ri Buxoro» deb atalgan. Keyingi asarlarida Shohrud bo’lib ketgan. Eronda ham Shohrud degan ariq bor. Peshku - Buxoro viloyati Fijduvon rayonidagi qishloq. Poza tojikcha - omochning uchiga kiydiriladigan cho’yak tish, pozagar omoch tishi quyuvchi usta degan ma’noni anglatadi.
Qarshi Qashqadaryo viloyatining ma’muriy markazi. Qarshi O’zbekistonning eng ko’hna shaharlaridan biri. U grek - Baqtriya davlati davridan beri mavjud. Shahar XIV asrgacha Nahshab deb atalgan. Arablar bu mahalliy nomni buzib, Nasaf deb ishlatgan bo’lsa kerak. Hozirgi Qarshi XIV asrning birinchi yarmida Voqa o’rtasida Samarqand, Buxoro, Afg’oniston, Hindiston va Sharqdagi boshqa qo’shni mamlakatlardan keladigan yo’llar ustida ko’rilgan. Chig’atoy nasmidan bo’lgan Kepakjon Qashqadaryo vodiysiga o’xshagan eski Nahshabdan ikki farsax narida o’ziga saroy qurgan. Saroy mug’ul tilida Qarshi deb ataladi. Qarshi «Shoh qal’asi» degan ma’noni ham anglatadi, deyishadi.
Yakkabog’ - Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ rayonidagi shu nomdagi aholisi yashaydigan joy nomi. Aytishlaricha, dastlabki vaqtlarda hozirgi Yakkabog’ rayoni o’rnida aholi kam bo’lgan. Bularning ham ko’pchiligi ko’chmanchi xalq bo’lib, chorvachilik bilan shug’ullangan. Yakkabog’ hududi ekin ekishga qulay bo’lgan. U Hisor tog’iga yaqin bo’lib, chashma va mayda soy suvlari Yakkabog’dan o’tadi. Suvning bu jihatdan qulayligi bog’-rog’ barpo etishiga olib kelgan. Bu joyda oldin yakka bog’ barpo qilingan. Yakkabog’ rayoni hududida bir necha qishloq mavjud. Bulardan biri Nug’alidir. Nug’aylilar haqida aytilgan ayrim gaplar hozir ham xalq o’rtasida mavjud. Ikkinchi qishloq - Qatag’on (quvilganlar), uchinchi qishloq Uchtepa.