Shunday qilib, moliya ikki yo’nalish bo’yicha funksiyalanadi: 1) davlat va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning markazlashgan pul jamg’armalarini to’plash, taqsimlash va foydalanish bilan bog’liq bo’lgan iqtisodiy pul munosabatlari;
2) korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning markazlashmagan pul jamg’armalari muomalasiga xizmat qiluvchi iqtisodiy munosabatlar.
Yuqoridagilarga asoslanib, O’zbekiston Respublikasining moliyasi - bu O’zbekiston Respublikasining pul jamg’armalarini (byudjet, byudjetdan tashqari va boshqa jamg’armalarni) tashkil qilish, uni bo’lib chiqish va undan foydalanish hamda aholining ijtimoiy-madaniy talabini qondirishdagi, respublika iqtisodiyoti, ijtimoiy-madaniy va ma’muriy-siyosiy rivojlanishini ta’minlovchi moliyaviy (iqtisodiy) munosabatlar hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasida moliya bir qancha bo’g’inlardan iborat bo’lib, yagona moliya tizimini tashkil qiladi.
Moliya tizimiga o’zaro bog’liq bo’lgan bo’g’inlar (institutlar) kiradi. Bu holat shu bilan ifodalanadiki, u o’z ta’siri bilan davlatning butun iqtisodini qamrab oladi. Moliya tarkibiga kiruvchi bo’g’inlar yig’indisi o’zaro aloqadorlikda-davlatning moliyaviy tizimini tashkil qiladi.
Mamlakatning moliya tizimi - bu davlat, ma’muriy-hududiy tuzilmalar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, xalq xo’jaligi sohalarining pul mablag’lari jamg’armalarini tashkil etish, taqsimlash va foydalanishning shakl va usullarining tizimidir.
Hozirgi vaqtda yangi iqtisodiy va siyosiy sharoitlarda, davlatning moliyaviy tizimida bir qancha ijobiy o’zgarishlar sodir bo’ldi va bu holat moliyaviy tizimga ta’sir qilishi bilan bir vaqtda, unga kiruvchi bo’g’inlarning mazmunini, ichki tuzilishini va ularning o’zaro aloqalarini ham o’zgartirdi. Masalan, moliya tizimida yangi bo’g’inlar (institutlar) paydo bo’ldi.
O’zbekiston Respublikasining moliyaviy tizimini quyidagi bo’g’inlar (institutlar) tashkil qiladi:
O’zbekiston Respublikasining byudjet tizimi Moliya tizimida davlat va ma’muriy-hududiy tuzilmalari pul jamg’armalarini bevosita tashkil qiluvchi byudjet tizimi markaziy o’rinni egallaydi. Bunday pul jamg’armalari davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlashda, umumdavlat yoki hududiy tuzilmalarning ijtimoiy-iqtisodiy rejalarini amalga oshirishda muhimdir. Bir vaqtning o’zida u sub’yektlar mustaqilligining moliyaviy bazasi bo’lib ham xizmat qiladi, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini rivojlantiradi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasiga binoan davlat byudjeti tizimiga: respublika byudjeti; Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti; mahalliy (viloyat, tuman, shahar) byudjetlari kiradi.
Respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to’lanadigan soliqlar, yig’imlar va boshqa majburiy to’lovlardan tashkil topadi.
O’zbekiston Respublikasida davlat byudjeti - bu iqtisodiy munosabatlar tizimi bo’lib, uning yordamida markazlashgan pul mablag’lari jamg’armalari tashkil etiladi. Davlat byudjeti yordamida har yili mamlakat milliy daromadining yarmidan ko’pi taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi.
Byudjetlar asosan majburiy to’lovlar asosida tashkil etiladi. Pul jamg’armalari byudjet moliyalashtirishi usuli yordamida, ya’ni qaytarib bermaslik sharti bilan pul mablag’larini ajratish yordamida taqsimlanadi.