Valyuta operatsiyalari tushunchasi va ularning turlari Valyuta operatsiyalari - bu davlatning pul birligi yoki xorij davlatining pul birligi yoki qimmatli qog’ozlar ishtirokidagi tegishli organlarning faoliyati tushuniladi. Valyuta operatsiyalari banklar tomonidan ham, bank muassasasi hisoblanmagan tashkilotlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Lekin amaliyotda valyuta operatsiyalarining aksariyati, bank muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. "O’zbekiston Respublikasining Markaziy banki to’g’risida"gi qonunga binoan Markaziy bank O’zbekiston Respublikasi hududi va uning tashqarisida O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga hamda xalqaro amaliyotga muvofiq xorij valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirishga haqli. "Banklar va bank faoliyati to’g’risida"gi qonunga binoan esa, banklar xorij valyutasini naqd pul va naqd bo’lmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotishga haqlidirlar. O’zbekiston Respublikasida xorij valyutasidagi opera-siyalarni amalga oshirish, shuningdek valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda xorij valyutasidagi to’lov hujjatlaridan foydalanish tartibini O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib olgan holda belgilaydi. Valyuta operatsiyalarining har xil ko’rinish va turlari mavjuddir. "Valyutani tartibga solish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasi qonunida valyuta operatsiyalari jumlasiga quyidagilar kiritilgan:
-valyuta boyliklariga nisbatan bo’lgan egalik huquqining o’tishi bilan bog’liq operatsiyalar, shu jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda xorij valyutasidan, shuningdek O’zbekiston Respublikasining pul birligidan to’lov vositasi sifatida foydalanish bilan bog’liq operatsiyalar;
-valyuta boyliklarini xorijdan O’zbekiston Respublikasiga olib kirish va jo’natish hamda O’zbekiston Respublikasidan xorijga olib chiqish va jo’natish;
-xalqaro ko’lamda pul o’tkazish ishlarini amalga oshirish kiradi.
Valyuta operatsiyalari joriy operatsiyalarga va kapitalning harakati bilan bog’liq bo’lgan operatsiyalarga bo’linadi. Joriy valyuta operatsiyalari:
a) mollarni eksport va import qilish, valyuta boylik-larini oldi-sotdisi bo’yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish, intelektual mulkka bo’lgan huquqni ro’yobga chiqarish bilan bog’liq, hisob-kitoblari to’lov muddatini kechiktirmaslik sharti bilan amalga oshiriladigan, zayom mablag’lari berilishi yoki jalb etilishini nazarda tutmaydigan operatsiyalar;
b) bank omonatlari, kreditlari, investitsiyalar va boshqa moliya operatsiyalaridan foizlar, dividendlar hamda o’zga daromadlarni xorijga va xorijdan o’tkazish;
v) savdo bilan bog’liq bo’lmagan mablag’larni, shu jumladan ish haqi, pensiya, aliment, meros pullarni o’tkazish, shuningdek shunga o’xshash boshqa operatsiyalar kiradi.
Kapital harakati bilan bog’liq valyuta operasiyalariga:
a) investitsiyalar, shu jumladan qimmatli qog’ozlarni sotib olish va sotish;
b) kreditlar berish va olish;
v) mablag’larni jalb etish hamda ularni hisob raqamlarga va omonatlarga qo’yish;
g) to’lovlar amalga oshiriladigan yoki egalik huquqi muayyan muddatdan keyin valyuta boyliklariga o’tadigan moliyaviy operatsiyalar kiradi.
Valyuta operatsiyalari ularni amalga oshiruvchi sub’yektlarga qarab:
a) banklar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiya-larga;
b) bank muassasasi hisoblanmagan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarga bo’linadi.
O’z navbatida banklar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalari: barcha bank operatsiyalariga xos bo’lgan-umumiy operatsiyalarga (masalan, passiv va aktiv operatsiyalar) hamda faqat valyuta operatsiyalariga xos bo’lgan maxsus operatsiyalarga bo’linadi.
Valyuta operatsiyalari banklar tomonidan mijozlarga ko’rsatiladigan xizmatga qarab: rezidentlarga va norezidentlarga ko’rsatiladigan operatsiyalarga bo’linadi.