6
KIRISH
Sotsiologiya gumanitar fanlar doirasidagi shunday yo‘nalishki, u butun jamiyat va
uning ijtimoiy tizimini tashkil etadigan tarkibiy qismlarining rivojlanish va mavjud
bo‘lish qonuniyatlarini, turli sotsial jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar
va kishilarning
sotsial xulq-atvori qonuniyatlarini o‘rganadi. Sotsiologiya fani jamiyatda ro‘y
berayotgan yirik ijtimoiy-siyosiy voqealarni shunchaki qayd etish bilangina
cheklanmaydi, balki uning asl mohiyati va mazmunini atroflicha ochib beradi. Bu fan
o‘zining ilmiy xulosalarini empirik darajada asoslangan holatda ilgari suradi.
Sotsiologiya fan sifatida hozirgi ijtimoiy jarayonlar holatiga to‘laqonli javob
berish bilangina cheklanmasdan, balki ularning istiqboldagi o‘zgarish darajasi hususida
bashorat qiladi. Ana shu jihatdan sotsiologiya fani nazariyasi, amaliyoti va tadqiqot
usullarini atroflicha o‘rganib chiqish zarurati tug‘iladi. Fanning asosiy mohiyati
sotsiologiya rivojlanishining nazariy-uslubiy asoslari, fanning predmeti va ob‘ekti,
institutlashgan shakllari, ijtimoiy fikrning tarixiy rivojlanishi, fanlar tizimida
sotsiologiyaning o‘rni, sotsiologiyani tushunishdagi ilmiy nazariyalar, uning
tushunchalar tizimini ko‘rib chiqishda namoyon bo‘ladi. Fanning nazariy asoslari
dolzarb ijtimoiy jarayonlar, sotsial struktura va sotsial tizimlarning mavjud bo‘lishi va
rivojlanish muammolari, jamiyat sotsial-madaniy tizim sifatida, shaxs ijtimoiy
munosabatlarning ob‘ekti va sub‘ekti sifatida, sotsial munosabatlar, ijtimoiy jamoalar,
sotsial aloqalar, sotsial tashkilotlar, guruhlar, sotsial institutlar va institutlashgan
munosabatlar, jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlarni batafsil bayon qilish bilan mos keladi.
Bunda asosiy e‘tibor amaliy faoliyatda sotsiologik bilim va usullardan foydalanish
imkoniyatlarini ishlab chiqishga, O‘zbekiston va jahondagi sotsial muammolarga
nisbatan qiziqishning oshganligiga qaratiladi.
Ushbu dastur sotsiologiya fani qo‘lga kiritgan va munozarali sotsiologik
masalalar yuzasidan keyingi yillarda monografiya, dissertasiya, ilmiy maqolalar, darslik
va o‘quv qo‘llanmalarda bildirilayotgan fikrlar, O‘zbekistonda sotsiologiya ta‘lim
tizimini rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan harakatlar hamda bir necha yillardan buyon
bu fanni oily ta‘lim tizimida o‘qitish tajribasini hisobga olgan holda tuzildi.
Dasturda sotsiologiyani fan sifatida shakllanishi, uning tarkibiy tuzilishi,
jamiyatni yaxlit tizim tariqasida tahlil qilish, ijtimoiy hayotda sotsial institutlar roli,
deviant xulq-atvor va sotsial nazorat masalalari, jamiyatning sotsial strukturasi va
stratifikasion jarayonlar, sotsial munosabatlar, ijtimoiy taraqqiyot tendensiyalarini
ifodalaydigan mavzular yoritilgan.
Dasturning yakunlovchi qismida empirik sotsiologik tadqiqotlarni olib borishga
bag‘ishlangan mavzu tavsiya qilingan. Bunda empirik sotsiologiyada keng o‘rin olgan
sotsiologik ma‘lumotlarni to‘plash, ularni qayta ishlash hamda tahlil qilish uslublariga
ham yetarlicha e‘tibor qaratildi.
Dostları ilə paylaş: