Kirish Beruniy (973-1048) yoshligidayoq ko‘p vaqtini turli kuzatishlar bilan o‘tkazgan. U bolalik chog‘larida astronomik asbob yasagan. Xorazmning turli joylari koordinatlarini aniqlash bilan shug‘ullangan va 995-996 yillarda Kot shahrida diametri 15 ziro' (Ziro' - qadimgi o‘lchov birligi, 49 santimetr chamasida) bo‘lgan doira va boshqa asboblar bilan astronomik o‘lchash ishlarini olib borgan. Beruniyning 152 asari ma'lum bo‘lib, bizgacha uning faqat 30 tasi yetib kelgan. Jami asarlarining 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga, 4 tasi mineralogiyaga, 1 tasi fizikaga, 1 tasi dorishunoslikka, 15 tasi tarix va etnografiyaga, 4 tasi falsafaga, 18 tasi adabiyotga bag‘ishlangan. U 50 yoshida qadimiy sanskrit tilini o‘rgandi, bundan tashqari, fors, arab, yahudiy, grek tillarini ham bilar edi.
Beruniyning boy ilmiy merosi hali to‘la o‘rganilmagan. Beruniy yirik olim Abu Nosir ibn Iroqdan Yevklid geometriyasi, Ptolomeyning astronomik ta'limotlari bo‘yicha dars olgan. 995 yilgacha u astronomiya, geografiya, geodeziya amaliy masalalarini hal etish bilan birga Yer va Osmon globusini yasadi hamda astronomiyaga oid bir necha kitoblar yozdi.
Olimning ana shunday asarlaridan biri «Geodeziya» 1025 yilda yozib tugatilgan. Bu asar «shaharlar orasidagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash»ga doirdir. Kitobning 4-bobi oxirida Beruniy Yer aylanasining kattaligini o‘lchash haqida fikr yuritgan. Qadimdan insonlar Yerning shakli va kattaligini bilishga qiziqqanlar va turli xalqlar Yer shaklini turlicha tasavvur qilishgan.
M iloddan avval o‘tgan Pifagor, Arastu, Arximed, Eratosfen kabi buyuk olimlar Yer dumaloq va shar shaklida degan fikrni aytganlar. Jumladan, miloddan 250 yil ilgari iskandariyalik olim Eratosfen Yer shar shaklida deb, uning o‘lchamlarini quyidagicha aniqlagan. Iskandariya bilan Sienya (hozirgi Asvon) shaharlari orasidagi masofani karvonlarning yurish muddati bilan o‘lchaydi, keyin bu qiymatni ikki shahar kengligining ayirmasiga bo‘ladi va Yer radiusini 6840 kilometr deb chiqaradi. Bu gradus meridian yoyining uzunligi esa 119,444 bo‘ladi yoki meridian yoyining uzunligi 70 121 ga tengligini aniqlab, bu yoy meridian aylanasi uzunligining 1/50 qismi ekanligini hisoblagan. Yer meridian aylanasining uzunligi 39500 kilometrga yaqin bo‘lsa kerak, degan fikrga kelgan.
Eratosfendan so‘ng Misr, Xitoy va Gretsiya olimlaridan bir qanchasi Eratosfen o‘lchagan usul bilan Yerning kattaligini aniqlaganlar.
O‘rta asrda Yerning hajmini aniqlashda yurtimizdan yetishib chiqqan olimlarning xizmatlari katta bo‘lgan. Muso Muhammad al-Xorazmiy bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,8 kilometrga tengligini isbotlab bergan.
Bag‘dodda tashkil topgan «Donishmandlik uyi» nomli o‘sha davrning fanlar akademiyasida o‘rta osiyolik olimlardan Xorazmiy, Farg‘oniy, Habash Xasib, Marvaridiy kabi olimlar turli sohalarda ish olib borganlar. Beruniy ham shu «Donishmandlik uyi»ning a'zosi bo‘lib, u yerda 7 yil ishlagan. Uning yozishicha, xalifa Ma'mun buyrug‘iga binoan «Donishmandlik uyi»ning olimlari ikki guruhga bo‘linib, Iroqning Mosul shahri g‘arbidagi Sandar sahrosida gradus o‘lchash usuli asosida Yer kattaligini aniqlashga kirishishgan, bunda Xolid al-Marvaridiy bir guruhga, Abu ibn Iso as Asturlobiy ikkinchi guruhga rahbarlik qilgan. Har qaysi guruh o‘zi o‘lchab topgan natijalar bo‘yicha bir gradus meridian yoyning uzunligini hisoblagan.
Birinchi guruhdagilarning hisoblashicha, bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,815 kilometrga teng chiqqan, ikkinchi guruh topgan qiymat 1315 metr kam bo‘lgan. Beruniy natijalar o‘rtasidagi bu tafovutning sababi ikki xil o‘lchashda, deydi va o‘zi bu natijalarni tekshirib ko‘rishga qiziqib, gradus o‘lchash ishlarini olib bormoqchi bo‘ladi. Buning uchun u Dehiston dashtini (Kasbiy dengizining janubi-sharqiy qismi) tanlagan, lekin yordamchisi va yetarli mablag‘i yo‘qligi uchun bu ishni amalga oshirolmagan.
Yer o‘lchamini gradus o‘lchovi usuli bilan aniqlash uchun ma'lum kenglikda tekis joy kerak bo‘ladi va bu yerda bir necha o‘n kilometr aniq o‘lchanishi lozim. Bu ish ko‘p vaqt, katta mablag‘ va puxta tayyorgarlik talab qilardi. Bu haqda Beruniy: «Yer aylanasi uzunligini sahroni kezib yurmasdan quyidagicha aniqlash mumkin. Buning uchun dengiz sohilidagi yoki tekis joyda qad ko‘tarib turgan baland toqqa ko‘tarilib quyosh chiqishi yoki botishi oldidan quyosh gardishining yarmi ufq orasida bo‘lgan vaqtda doirali armillyar asbob bilan uning pasayish burchagi o‘lchanadi» deydi. Ufq pasayishini o‘lchash usulini chizma va formulalar yordamida tushuntiradi. Bunda, tog‘ tepasida quyosh chiqishi yoki botishiga qarab ko‘rish nurining tog‘ tepasidan o‘tgan gorizontal chiziq bilan hosil qilgan burchak o‘lchanadi.
X asrda yashab ijod qilgan ulug‘ qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy Yerning kattaligini o‘lchashda yangi usul qo‘llab, bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,16 kilometr ekanligini hisoblab chiqargan. Beruniy Yerning radusini o‘sha davr uchun aniq o‘lchab bergan. U Yerning meridian aylanasining uzunligini 40183 kilometr ekanligini hisoblab chiqargan.
Sulton Mahmud G‘aznaviy Hindistonga qilgan safarining birida Beruniyni ham birga olib ketadi, yo‘lda sharqiy Pokistonning Mo‘lton shahrida vaqtincha istiqomat qilishga to‘g‘ri keladi. U o‘zga yurtda bo‘lishiga qaramay, fursatdan foydalangan holda Mo‘ltondan 400 kilometr g‘arbdagi Nandna qo‘rg‘onida Yer kurrasi o‘lchamini aniqlashga kirishadi, avval shu joyning geografik kengligini o‘lchab 320001 ga teng ekanligini aniqlaydi. So‘ngra ufqning pasayish burchagini o‘lchaydi. Bu haqda olimning o‘zi quyidagicha yozadi: «Hindiston yeridagi Nandna qo‘rg‘onida istiqomat qilishimga to‘g‘ri keldi. Qo‘rg‘onning g‘arb tomonida baland tog‘, janubiy tomonida esa keng sahroni ko‘rdim va shu on (ufq pasayishini o‘lchash usulini) sinab ko‘rishga kirishdim. Tog‘ tepasidan turib yerning lojuvard rangdagi osmon bilan tutashganini yaqqol ko‘rdim. Qarash chizig‘i vertikalga perpendikulyar bo‘lgan chiziqdan 00 341 pasaydi. Perpendikulyar bo‘lgan tog‘ balandligini o‘lchadim, u shu yerda qo‘llanadigan o‘lchovda 652,055 cho‘zim (gaz)ga teng keldi».
Beruniy o‘lchab topgan qiymatlar bo‘yicha o‘ziga xos usul bilan Yer kurrasi radiusining uzunligi 12803337,036 gazga teng ekanligini hisoblab chiqardi. Agar bir gaz 0,4933 metr ekanligini e'tiborga olsak, Yer kurrasi radiusi uzunligi, Beruniy hisobicha, 6315,886 kilometr bo‘ladi. Bu raqam hozirgi vaqtda olingan qiymatdan juda kam farq qiladi, ya'ni xatolik radius uzunligini 0,9 protsentini tashkil etadi. So‘ngra Beruniy shu 320 001 kenglikdagi bir gradus meridian yoyning uzunligi 223550,329 gaz yoki 110,277 kilometr ekanini hisoblab chiqadi. Bu raqamni hozirgi davrda aniqlangan bir gradus yoyning qiymati 110,885 kilometr bilan taqqoslasak, bundan ming yil ilgari Beruniy bir gradus yoy uzunligini hisoblashda atigi 618 metr xato qilganligi ma'lum bo‘ladi.
Yer aylanasining uzunligini aniqlash, Beruniy aytganidek, sahrolarni kezib 10 yoy uzunligini aniqlashga nisbatan aniq va qulay. Shu bois, u trigonometrik usullardan foydalanib, tog‘ balandligini o‘lchashda avvalgi astronomlardan ham aniqroq natijaga erishgan.
Yer aylanasining uzunligini topish haqida Beruniy bunday deydi: «Yer aylanasining uzunligini topish uchun hamma hollarda ham shu topilgan topilmani, ya'ni radiusni ikkilantirib 22 ga ko‘paytir, hosil bo‘lgan ko‘paytmani 7 ga bo‘l, shunda sen o‘lchagan birliklarda Yer aylanasining uzunligi kelib chiqadi».
B eruniy aytgan amallarni bajarganda l=2pR ni aylana uzunligini hisoblash mumkin. Bunda 22/7=3,14.... (p)ni ifodalaydi.
Shunday qilib, Beruniy shaxsan o‘zi bir qancha shaharlarning geografik kengliklarini hisobladi. Masalan, G‘aznaning kengligi 330 351, Kandaniki 330 551, Dumpurniki 340 201. Uning hisoblashiga ko‘ra, Buxoro shahrining kengligi 390 201 deb topilgan. Hozirgi kunda bu qiymat 390 461 dir. Demak, bu Beruniy hisobidan faqat 00 261ga farq qiladi. Xullas, buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniyning ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, uni o‘quvchi va talabalarga yetkazish azaliy qadriyatlarimiz sirasiga kiradi.
O‘rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy zamonasining qator fanlari: astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix kabilarni chuqur o‘rgandi.
U Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahrida tug‘ildi va yoshligidanoq ilm-fanga qiziqishi orta bordi. Beruniy keyinchalik mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq qo‘lida ta'lim oldi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya, matematikaga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bag‘ishlaydi.
Beruniy ona tilidan tashqari yana bir qancha tillarni: arab, so‘g‘diy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rganadi.
O‘z ilmiy asarlaridan birida yozishicha, u Xorazmda yashagan davrida, 990 yillardan boshlab Kot shahrida muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazgan. Bu kuzatishlar uchun o‘zi astronomik asboblar ixtiro etgan. Xorazm zodagonlari orasida taxt uchun boshlangan kurashlar olimning bu ilmiy ishlarini davom ettirishga imkon bermaganligi bois, 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi va bir qancha vaqt Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilidagi Jurjon shahrida muhojirlikda yashadi. So‘ng qadimgi Ray shahriga bordi, 998 yildan keyin yana Jurjonga keldi va bu yerda o‘zining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan tanishib, undan ta'lim oldi. Beruniy «Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya» («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar») asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000 yilda tamomlagan. «Osor al-boqiya» Beruniyga juda katta shuhrat keltirdi, uni fanning hamma sohasiga qiziquvchi buyuk olim ekanini ko‘rsatdi. Bundan tashqari Beruniy Jurjonda astronomiya, netrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozdi. Beruniy Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Ma'mun II ibn Ma]mun tomonidan mamlakatning yangi poytaxti Urganchga chaqirtirildi. Xorazmshoh tomonidan juda katta izzat-ikrom bilan qabul qilindi. Beruniy Urganchda Ma]munning bevosita rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat ko‘rsatdi.
Beruniy shoh Ma]mun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.
Xorazmning Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qo‘yadi. U Xorazmshoh saroyidagi barcha olimlar bilan birga g‘azna shahriga asir qilib olib ketiladi. Beruniyning 1017-1048 yillarda g‘aznada kechirgan hayoti, bir tomondan nihoyat og‘ir kechgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo‘ldi. Beruniyning «Xorazmning mashhur kishilari» asari ham shu davrda yaratilgan. Uning muhim astronomik-geografik asari «Tahdid nihoyot al-amoniya li tashidi masofat al-masokin» («Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash» - «Geodeziya») 1025 yilda yozib tugatilgan. Beruniyning «Munajjimlik san'atidan boshlang‘ich tushunchalar» asari ham 1029 yil G‘aznada yozilgan. Asarning forscha, arabcha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Unda o‘sha zamon astronomiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha fanlar haqida muhim ma'lumotlar berilgan. Beruniyning «Hindiston» nomli mashhur yirik asari «Tahqiq mo li-l-Hind min ma'quda maqbula fi-l-aql av marzula» («Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta'limotlarini aniqlash kitobi») 1030 yilda yozilgan bo‘lib, bu shoh asar G‘arb va Sharq olimlari, shu jumladan, hozirgi zamon hind olimlari tomonidan yuksak baholangan. Akademik V.R.Rozen «Sharq va G‘arbning qadimgi va O‘rta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida bunga teng keladigan asar yo‘q», deb baho bergan. Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga qilgan yurishlaridan birida shohga hamroh bo‘lgan Beruniy, u yerda sanskrit tilini puxta o‘rganishi hind madaniyati adabiyoti va Hindistonning o‘sha davr olimlari bilan yaqindan tanishishga hamda bu mamlakat haqida o‘lmas asar yaratishga imkon berdi. «Hindiston» asari yozib tugatilgan yili Mahmud G‘aznaviy vafot etdi va uning o‘rniga taxtta o‘g‘li Mas'ud o‘tirdi. Bu davrda Beruniyning ahvoli ancha yaxshilandi. Astronomiyaga oid «Mas'ud qonuni» asarini sulton Mas'udga bag‘ishladi. O‘sha asr olimlaridan biri YOqutning yozishicha: «Mas'ud qonuni» kitobi matematika va astronomiya bo‘yicha ungacha yozilgan hamma kitoblar izini o‘chirib yuborgan».
Beruniy o‘z asarlari ro‘yxatini tuzgandan keyin yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bulardan biri «Mineralogiya»dir. Bu risola o‘z zamonasi uchun Markaziy Osiyo va YAqin Sharq; hatto Ovro‘poda ham mineralogiya sohasida eng yaxshi, tengi yo‘q asari hisoblanadi. Beruniyning oxirgi asari - «Dorivor o‘simliklar haqida kitob»ining qo‘lyozmasi XX asrning 30-yillarida Turkiyada topildi. Asar «Saydona» nomi bilan mashhur, unda Beruniy Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyoda o‘sadigan dorivor o‘simliklarning to‘la tavsifini beradi.
Beruniy shogirdi Abu-l Fadl as-Seraxsiy ma'lumoti bo‘yicha 11 dekabr 1048 yilda vafot etgan.
Beruniy so‘nggi avlodlarga katta ilmiy meros qoldirdi. Beruniyning o‘z davri ilm-fanining turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalari, turli hajmdagi asarlari, yozishmalari qolganligi bizga ma'lum. YUqorida ko‘rsatib o‘tilgan katta hajmdagi asarlaridan tashqari astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakognoziya, tarix, filologiya masalalariga oid qator risolalar yaratdi va sanskrit tilidan arabchaga, arab tilidan sanskrit tiliga tarjimalar qildi, badiiy ijod bilan ham shug‘ullanib she'rlar yezdi. «Astrologiyaga kirish», «Astronomiya kaliti», «Jonni davolovchi quyosh kitobi», «Ikki xil harakatning zarurligi haqida», «Ko‘paytirish asoslari», «Ptolemey «Almagest»ning sanskritchaga tarjimasi», «Foydali savollar va to‘g‘ri javoblar», «Farg‘oniy «elementlar»iga tuzatishlar», «Turklar tomonidan ehtiyotkorlik», «Oq kiyimlilar» va karmatlar haqida ma'lumotlar», «She'rlar to‘plami», «Al-Muqanna haqidagi ma'lumotlar tarjimasi», «Ibn Sino bilan yozishmalar» shular jumlasidandir.
Beruniy Qadimgi yunon ilmi va uning vakillari Aristotel, Platon, Ptolemey, Evklid kabilarning asarlari, hind olimlari, musulmon olimlari al-Xorazmiy, Farg‘oniy, Battoniy, Roziy, Abu Tammam, ibn Kaysum, Abu Ma'shar asarlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan, ularga sharhlar, izohlar, tuzatishlar, raddiyalar yozgan. Uning ilmiy merosi g‘oyat rang-barang bo‘lib, tibbiyot faniga, astronomiya faniga xizmati juda kattadir. Beruniy o‘z ilmiy asarlarida dunyoning tuzilishi masalasida Ptolemey tizimiga suyansa ham, yerning harakati haqida Beruniy: «Yerning harakatsizligi (masalasi) astronomiya fanining asosiy masalalaridan biri bo‘lib, bu haqda yuz beradigan shubhalarni yechish qiyin», deb yozadi. Osmon jismlarini geometrik tushuntirish asosida Beruniy Kopernikdan bir necha asr avval Yerni koinotning markazi deb biluvchi geotsentrik va quyoshni koinot markazi deb o‘rgatuvchi geliotsentrik tizim teng kuchga ega, degan xulosaga keladi. «Geodeziya» asarida Beruniy geotsentrizm bilan bog‘liq bo‘lgan ba'zi bir nazariyalarning to‘g‘riligiga shubha bilan qaraganini ochiqdan-ochiq bayon etadi. Beruniy harakat trayektoriyasi va osmon yoritqichlari shaklining ellipsga oid ekanligi haqida birinchi bo‘lib fikr yuritgan olimlardan bo‘lib, joylarning geografik uzoqligini, kengligini aniqlash yo‘llarini tanlab olishda novator hisoblanadi. U trigonometriyani, geometriyani keng qo‘llash orqali o‘zidan oldingi astronomlarga nisbatan ancha aniq natijalarga erishdi. Turli joylarning geografik kengligi va uzoqligini aniqlashda Beruniy erishgan natijalar hatto hozirgi zamon olimlarini ham hayratda qoldiradi. Buyuk olim Yer yuzasining har bir qismi o‘zining uzoq tarixiy taraqqiyotiga ega ekanligini qayd etadi. Markaziy Osiyoning ba'zi bir mintaqalari, shu jumladan, Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchi marta jiddiy o‘rganishga harakat qilgan ham Beruniydir. Uning Amudaryo vodiysining geologik o‘tmishi va Orol dengizining paydo bo‘lishi haqidagi xulosalari o‘sha zamonning eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Olim «Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi» degan nazariyaga suyanadi. Beruniyning foydali qazilmalar qatlamining paydo bo‘lishi, jinslar yemirilishining ahamiyati, tog‘ jinslarining nurashi kabilar haqidagi xulosalari katta ilmiy ahamiyatga egadir. U tog‘larning paydo bo‘lishi va yo‘q bo‘lib ketishi tabiiy omillar asosida yuz berishini talqin etuvchi nazariyani ilgari suradi.
Beruniy Aristotelning naturfilosofiyasi bilan bevosita shug‘ullanishi natijasida Aristotel qarashlariga tanqidiy yondashib, hatto zaif tomonlarini tanqid etish darajasiga borib yetdi.
Beruniyning Aristotelga munosabati ibn Sino bilan yozishmasida o‘z ifodasini topgan. Ularning yozishmalari asosan Aristotelning «Fazo haqida» va «Fizika» asarlari bo‘yicha olib borilgan edi. Beruniy Aristotelni qadimgi dunyoning eng qomusiy yetuk olimi deb zo‘r hurmat bilan tilga oladi.
Beruniyning boshqa dunyolar mavjudligi to‘g‘risida taxmini uning ilmiy yutuqlaridan biri hisoblanadi.
Olimning fikrlari, bir tomondan, Markaziy Osiyo, Qadimgi yunon va hind mutafakkirlarining ilg‘or an'analarini ijodiy rivojlantirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Beruniyning yetukligi tafakkur doirasining kengligidan dalolat beradi. Beruniy tomonidan «sabablarning sababi» - inson va insoniyat jamiyatining yuzaga kelishi masalasining qo‘yilishi diqqatga sazovor. «Qadimgi tarixlarning eng qadimgisi va eng mashhuri bashariyatning boshlanishidir». Bu yerda Beruniy kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi haqida ratsionalizm pozitsiyasida turganini ko‘ramiz. Beruniy insonlar o‘rtasidagi tavofut borligi haqida gapirar ekan, u faqat tashqi farqlar to‘g‘risida fikr yuritgan. Lekin kishilarning ichki tuzilishi va tashkil topishi, uning fikricha, barchada umumiydir. U inson bilan maymun o‘rtasida o‘xshashlik borligini qayd etadi.
Beruniy o‘zining «Hindiston» asarida musulmonlar bilan hindlarning urf-odatlari o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilib, ular geografik sharoitlarga bog‘liq degan fikrni ilgari surdi, geografik omilning rolini tahlil qilishni davom ettirib, hatto tillarning turlichaligi ham geografik sharoitlarga bog‘liq deb qaradi. «Tillarning turlicha bo‘lishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-birlaridan uzoq turishi»dir.
Beruniy ijtimoiy hayot o‘ziga xos «shartnoma» asosida tuzilishini e'tirof etadi: «Inson o‘z ehtiyojlarini tushunib, o‘ziga o‘xshash kishilar bilan birga yashashning zarurligini anglay boshlaydi. Shuning uchun o‘zaro kelishuvchanlik qabilidagi «shartnoma» tuzishga kirishadi. Odamlarning birgaliqdagi turmushi insonni haqiqiy qudratga, uning ehtiyojlarini qondirishga olib kelmaydi, buning uchun yana mehnat qilish ham zarurdir». Bu fikrni davom ettirib, «insonning qadr-qimmati o‘z vazifasini a'lo darajada bajarishdan iborat: shuning uchun insonning eng asosiy vazifasi va o‘rni mehnat bilan belgilanadi, inson o‘z xohishiga mehnat tufayli erishadi», deb yozgan edi u.
Beruniy jamiyatni boshqarishda jamiyat podshohga xizmat qilmay, podshoh jamiyatga xizmat qilishi kerakligini tushungan. «Idora qilish va boshqarishning mohiyati balki boshliq zolimlardan aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qilish, birovlarning tinchligi yo‘lida o‘z tinchligini yo‘qotishdir. Bu ularning oilasini, ularning hayoti va mol-mulkini himoya qilish va qo‘riqlash yo‘lida badan charchashidan iborat».
Tabiatan boshqarishga moyili bo‘lgan hokim o‘z fikri va qarorlarida qat'iy bo‘lishi kerak, o‘z ishlarini amalga oshirishda faylasuflarning qonunlariga, Aleksandr Makedonskiy Aristotelning falsafiy donishmandligiga amal qilganidek, bo‘ysunishlik lozim: shohning o‘zi ham «yaratuvchanlik «ongiga» ega bo‘lmog‘i, ayniqsa, dehqonlar to‘g‘risida ko‘proq g‘am yeyishi kerak. «Podshohlik dehqonchiliksiz yashay olmaydi», dedi Beruniy. Ulamoda shunday fikrlar bor: «Odil hokimning asosiy vazifasi oliy va past tabaqalar, kuchlilar va kuchsizlar orasida tenglik, adolat o‘rnatishdan iboratdir».
Beruniy O‘rta asr sharoitida haqiqiy ilmiy tabiatshunoslikka asos soldi, uning turli sohalarda o‘z davri uchun taajjubga soluvchi shunday fikr va ilmiy farazlarni olg‘a surdiki, ular bir necha asrlardan so‘ng Ovro‘po ilmida o‘z isbotini topdi. Beruniy O‘rta asr sharoitida haqiqiy tajribaga, kuzatish, eksperimenta asoslanuvchi aniq ilmiy tafakkurni boshlab beruvchilardandir.
Beruniy filologiya sohasida. ham qalam tebratib, mumtoz arab she'riyati, hind she'riyati tuzilishiga oid tadqiqotlar, eron folklori namunalarining arab tiliga tarjimalarini yaratdi. Beruniy mamlakat ravnaqi fan ravnaqi bilan uzviy bog‘liq deb bildi. «Har bir olim o‘z muhokamasida amaliyotga asoslaninsh, o‘z tadqiqotida aniq bo‘lishi, to‘xtovsiz mehnat kqilishi, xatolarini qidirib tuzatishi, ilmda haqiqat uchun har xil uydirma, yuzakichilikka qarshi kurash olib borishi zarur», degan edi.
U xalqlar dust, inoq, ittifoq bo‘lib yashashi uchun kurashib, insoniyatga, u yaratgan fan va madaniyatga qirg‘in keltiruvchi urushlarni qattiq qoraladi. Olim o‘zining «Hindiston» asarida «xalqlar o‘rtasida tortishish va talashish ko‘p», deb afsuslanib yozgan edi. Uning Hindistonda olib borgan keng ilmiy-tadqiqot ishlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamkorlik va madaniy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Beruniy madaniy hamkorlik va ilm-ma'rifatning keng tarqalishiga katta e'tibor berdi.
Beruniyning asarlari musulmon Sharq madaniyatining so‘nggi rivojlanishiga katta ta'sir ko‘rsatdi. So‘nggi asarlarda arab va fors tillarida yozilgan Bayhaqiy, Shaxrizo‘riy, Qiftiy, YOqut Hamaviy asarlarida Beruniy haqida muhim ma'lumotlar keltiriladi. XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Xristian Ioanni Barerey (1226-1286) Beruniyga shunday baho beradi: «O‘sha o‘tgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib o‘tgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘tmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis bo‘lib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir nega yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning san]atini o‘rgandi va ularga Yunon falsafasini o‘rgatdi. Uning asarlari nihoyatda ko‘p, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z davrida, undan so‘ng va hozirga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan olim bo‘lmagan». Beruniy haqidagi oliy baho va tavsiflar Tabriziy, Suyutiy, Qazviniy, Tusiy, Muhammad ibn Mansur al-Allomiy, al-Xurosoniy kabilarning asarlarida keltiriladi.
XIX asrdan boshlab Ovro‘po va Osiyo mamlakatlarida Beruniy merosi bilan qiziqish yanada keng tus oldi. Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima etila boshlandi. Beruniy asarlariga bag‘ishlangan ovro‘polik olimlar J.Reno, E.Zaxau, G.Zuter, E.Videman, K.Nallino, J.Sarton, R.Rayt, M.Meyerxof, Osiyo olimlari S.X.Nasr, M.Kozim, S.Baraniy, M.Nizomiddin, Sh.Yaltkay kabilarning kitoblari, tarjimalari nashr etildi. Bu tadqiqotchilar Beruniy ijodiga juda yuqori baho berdilar. Amriqolik tarixchi olim J.Sarton Beruniyning merosiga eng oliy baho berish bilan birga, uning o‘z davrining jahondagi birinchi donishmandi deb baholaydi. Atoqli sharqshunos V.R.Rozen esa, unga ilmiy qarashlari taajjub qolarli darajada kengligi, uning hozirgi ma'nodagi haqiqiy fanning ruhiga ega ekanligini qayd etadi.
Hind olimlari ham Beruniyning Hindiston falsafasi, ilmi, urf-odatlari tarixini o‘rganishga qo‘shgan ulkan hissasiga nihoyatda yuqori baho beradilar. Beruniy merosi rus olimlarini ham har tomonlama qiziqgirib keldi. I.Yu.Krachkovskiy, S.P.Tolstoy, A.A.Raynov, A.M.Belenitskiy, A.A.Semyonov, B.A.Rozenfedslarning unga bag‘ishlangan asarlari e'lon qilindi. Mashhur sharqshunos olim I.Yu.Krachkovskiy Beruniy merosiga yuqori baho berib, «uning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra qiziqmagan sohalarini sanab o‘tish osondir» deb, allomaning qomusiy aqlini yana bir bor ta'kidlab o‘tadi.
Beruniyning o‘z vatani O‘zbekistonda ham uning ijodiga karta e'tibor berib kelinmoqda. H.M.Abdullayev, I.M.Mo‘minov, V.Yu.Zohidov, Ya.G‘.G‘ulomov, U.Karimov, S.A Bulgakov kabi atoqli olimlarimiz Beruniy faoliyati haqida qator risola, asarlar yaratdilar. Toshkentda unga bag‘ishlangan qator Xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazildi. Birinchi bor Beruniyning «Kadimgi yodgorliklar», «Hindiston», «Mas'ud qonuni», «Geodeziya», «Saydona» kabi asosiy asarlarini o‘z ichiga oluvchi ko‘p tomli saylanma asarlari o‘zbek va rus tillarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan nashr etildi. Ko‘chalar, institutlarga uning nomi berilgan. Fan sohasida Beruniy nomidagi Davlat mukofoti ta'sis etilgan.
Beruniy 998-yilda Kaspiy dengizining janubi-sharqiy burchagida, dengizdan ichkaridagi alohida bir viloyatning markazi bo`lgan Jurjon shahriga ko`chib kelgan. Jurjonda istiqomat qilgan vaqtida, taxminan 1000-yilda 27 yoshida «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» nomli birinchi yirik asarini yozib tamomlagan. 1004-yilda Beruniy Xorazmning yangi hokimi ma’rifatparvar Abul Abbos Ma’mun chaqirig`iga binoan yana vataniga qaytib kelgan.
Agar Beruniyning butun umri davomida qilgan sayohatlarini sarhisob qilsaq, u shimolda Xorazmga, janubda Hindistonga, g`arbda Kaspiy sohili va Bag`dod oralig`ida sayohat qilgan, ilmiy ko`zatishlar o`tkazgan. Manbalarda ko`rsatilishicha, Beruniy Xorazmda Kot va Urganch (Jurjoniya); hozirgi Eronda - Jurjon va Ray; Iroqda – Bag`dod; hozirgi Afgonistonda - Juzjon, Balx Bomiyon, Qobul, Gazna; hozirgi Pokistonda - Gandi, Dunpur, Peshovar, Vayxand (Attoq), Jaylam, Siyolqut, Lohyp, Nandna, Mo`lton shaharlarida bo`lgan. Olim bulardan tashqari Buxoro, Qoraqum cho`li, Qizilqum shimoli, Badaxshonda ham bo`lgan. Shuning uchun ham Beruniy bir necha tillarni, jumladan, qadimiy xorazm tilini, fors-tojik tilini, o`zbek tili (eski turkiy til)ni, arab va yunon tillarini bilgan.
Beruniy Xorazmga qaytgach, ilm ahlining qadriga yetuvchi Ma’mun yordamida Xorazm olimlarini birlashtirib, «Ma’mun akademiyasi»ga asos solishda ishtirok etgan. Beruniy «Geodeziya» asarida yozishicha, Ma’mun akademiyasida ilmiy faoliyat olib borgan vaqtida ixtiyorida turli asboblar, jumladan, diametri 3 metr keladigan va oraliq minutlarga bo`lingan kvadrant bo`lgan ekan. Ammo o`sha vaqtlardagi siyosiy vaziyat tufayli «Ma’mun akademiyasi» qisqa muddat faoliyat ko`rsatgan. Hammamizga ma’lumki, mustaqillik sharofati bilan Yurtboshimizning bevosita boshchiligida ushbu tarixiy «Ma’mun akademiyasi» yana qayta tiklandi va Xorazmda yana faoliyat olib bormoqda. 2008-yilda esa ushbu Akademiyaning 1000-yilligi UNESKO bilan hamkorlikda keng nishonlandi.
Beruniy hayotining 1017-yildan keyingi qismi Afg`onistonning G`azna shahrini davlatiga poytaxt qilib olgan Sulton Mahmud yoki boshqacha qilib aytganda Mahmud G`aznaviy Xorazm Ma’mun bilan bog`lik. Shu yili Mahmud G`aznaviy Beruniyni boshqa bir guruh olimlar qatori G`aznaga olib ketgan. Umrining oxiriga qadar Abu Rayhon shu shahar fuqarosi bo`lib yashagan, tez-tez Hindistonga sayohat qilgan va Hindlarning tarixi, fani, tili hamda madaniyatini o`rganib, o`zining mashhur «Hindiston» kitobini yozgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu asar Hind fani va madaniyatiga qo`yilgan haykal bo`lib, mamlakatning haqiqiy ensiklopediyasi hisoblanadi.
Beruniy Hindistonda yashagan chog`ida sanskrit tilini o`rgangan. Olim ushbu mamlakat etnografiyasi, geografiyasi, biologiyasi, filologiyasi va tarixiga oid juda muhim ma’lumotlarni turli manbalardan to`plab, ularni «Hindiston» asariga kiritgan. Bir qator xalqlarning yilnomalariga asoslangan holda Beruniy turli, shu jumladan, dehqonchilikni yo`ritishga mo`ljallangan taqvimlar tuzishning umumiy tamoyillarini taklif etgan. Ma’lumotlarga ko`ra, olim tomonidan arab yozuvi asosida yaratilgan transkripsiya tizimi Hind so`zlarini urdu tilida talaffuz qilishning zamonaviy tizimidan hech ham qolishmaydi.
Hindiston hayotining turli qirralarini o`rganish jarayonida Beruniy qiyosiy usuldan keng foydalangan. Uning yozishicha, «men hindlarning nazariyasini qanday bo`lsa shu holda keltirdim va unga parallel ravishda greklarning nazariyasi haqida so`z yuritdim va ularning o`rtasidagi o`zaro yaqinlikni ko`rsatishga harakat qildim». Shuningdek, olim o`z asarida Hind va islom g`oyalarini o`zaro solishtirgan, ayniqsa, so`fiylik ta’limotini Hindlarning yoglar nazariyasiga birmuncha yaqin ta’limot sifatida alohida ajratib ko`rsatgan. Beruniy Hindistonda yashaydigan xalqlarning urf-odatlarini slavyanlar, tibetliklar, xazarlar va turkiy xalqlarning bu boradagi xususiyatlari bilan qiyoslab yoritgan.
Beruniyning «Hindiston» asari keng qirrali ilmiy manba bo`lib, dunyoning turli tillariga, jumladan, o`zbek, rus, fransuz, ingliz va boshqa tillarga tarjima qilingan. Ushbu asar Hindistonning IX-X asrlardagi geografiyasi, tarixi, aholisining turmushi va madaniyatiga oid nodir manba sifatida o`z ahamiyatini yo`qotmagan.
1030-yilda Sulton Mahmud G`aznaviy vafot etgandan keyin dastlab uning kichik o`g`li Muhammad, keyin katta o`g`li Mas’ud taxtga o`tirdi. Ilm-fanga katta e’tibor bergan Sulton Mas’udning topshirig`iga binoan Beruniy o`zining shoh asari astronomiya va geografiya qomusi «Konuni Mas’udiy»ni yozgan. Beruniy o`z asarlarida keltirgan ma’lumotlarni turli manbalardan, xususan, kitoblardan olgan. Bundan tashqari, olimlar bilan bo`lgan suhbatlari, oddiy xalq, sayyohlar va elchilardan eshitgan hikoyalaridan ham yozgan asarlarida keng foydalangan.
Sharq manbalariga tayangan holda H.Hasanovning yozishicha, «Abu Rayhon yozgan kitob va risolalar qopga solinganida bir tuyalik yuk bo`lar ekan». XIII asr geografi Yoqut Hamaviy Marv shahridagi (hozirgi Turkmaniston hududida) Jome’ masjidining vaqfnomasida Beruniy asarlarining 60 sahifaga mayda qilib yozilgan ro`yxatini ko`rgani haqida yozadi. Olim bu ro`yxatni 65 yoshida tuzgan bo`lib, u «Fixrist» nomi bilan mashhurdir. Unda Beruniyning 113 asari ko`rsatilgan bo`lib, har bir asar kim va nima uchun yozilgani keltiriladi. Shuningdek, 70 asarning hajmi ham ko`rsatilgan. Sharqshunoslarning taxminicha, Beruniy 150 tacha asar muallifidir, ba’zi mutaxassislar esa olim 180 tacha kitob yozgan, degan fikrdalar.
Sharqshunoslarning eng keyingi hisobiga ko`ra, Beruniy asarlari quyidagicha taksimlanadi: astronomiyaga oid -70 ta; matematikaga -20 ta; geografiya-geodeziyaga -12 ta; kartografiyaga -4 ta; iqlim va ob-havoga -3 ta; mineralogiyaga -3 ta; falsafaga - 4 ta; fizikaga -1 ta; dorishunoslikka -2 ta; tarix etnografiyaga -15 ta; adabiyotga oid asari esa 28 tadir.
Beruniy Ptolemeyning «Geografiya»siga qisqacha sharh ham yozgan va uning bu asari «Kitob taqosim va aqolim» («Iqlimlar bo`linishi kitobi»), deb ataladi. Mazkur asarning dunyo tabiiy geografiyasiga oid kitob ekani uning nomidan ham ko`rinib turibdi. Yuqorida ko`rsatib o`tilgan asarlardan tashqari Beruniyning «Oso-ri boqiya» («Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya» - «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», yevropalik Sharqshunoslar uni «Xronologiya» deb ataydilar), «Kartografiya» («Tastih as-suvar va tabtih al-quvar»), «Geodeziya» («Kitobu taxdidi nihoyot al-amokin li tashih masofat al-masokin» - «Turar joylarning oralaridagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash haqida kitob») kabi ilmiy to`plamlari geografiya va tabiatshunoslikka oid juda qimmatli ma’lumotlarni o`z ichiga oladi.
Beruniy Yerning shar shaklida ekanini ilmiy dalillar bilan isbotlab bergan edi. «Hindiston» asarida olimning yozishicha, «Quyosh ko`rinmay qolishining sababi uning Yerdan uzoqlashib ketishida emas, balki Yerning dumboqligidadir». Olimning fikricha, agar «Yer yumaloq bo`lmaganda... yozda va qishda kun va tun har xil bo`lmas edi, ular o`zgarib turmas edilar. Yer umuman yumaloqdir, biroq ayrim joylari g`adir-budir, chunki tog`lari duppayib chiqib turadi, botiqlari chuqur kirgan. Shunday bo`lsa-da, uning shakli sharga o`xshash, tog`larning balandligi butun Yerga nisbatan juda kichikdir».
Yerning shar shaklida ekanligidan kelib chiqib, Beruniy Amerikani kashf etgan Xristofor Kolumbdan 450 yilcha oldin Atlantika okeanining narigi tomonida quruqlik borligini bashorat qilgan. «Hindiston» asarida yozilishicha, «...Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g`arb va Sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okean) o`rab turibdi. Bu Muhit okeani, Yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida bo`lishi mumkin bo`lgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala tomondan (g`arbdan va sharqdan) ajratib turadi...». Allomaning bu fikrlari XV asrdan boshlab avj olgan Buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishi uchun o`ziga xos poydevor bo`lgan, desak xato bo`lmaydi.
Xulosa Beruniy sayyoramizning shaklini aniq tasavvur etish bilan birga, uning tasvirini ham yaratmoqchi bo`lgan. Olim o`zining «Geodeziya» asarida yozishicha, «joylar va shaharlar uchun diametri 10 cho`zim keladigan yarimkurra (shar) ishladim. Unda masofalarga qarab uzunlik va kengliklarni belgilash mumkin edi». Beruniy bu shaklni nimadan (yog`och, qog`oz, temir yoki loydan) yasaganini aytmagan, ammo globus yasagani aniq. Xorazmda yasalgan globusning diametri nihoyatda katta bo`lgan bo`lishi kerak. Chunki u aytgan «10 cho`zim» taxminan 5 metrga teng keladi. Ta’kidlash kerakki, bu sharq olamidagi dastlabki globus bo`lishi bilan birga, eng birinchi burtma (relefli) globus ham edi.
Sharq ilm-fani rivojiga o`lkan hissa qo`shgan Beruniyning ilmiy merosi yana uzoq vaqt ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba bo`lib qoladi. Qomusiy olimning nomi mamlakatimizda e’zozlanib, turli ob’ektlarda abadiylashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpog`istondagi tuman va shahar, Toshkentdagi metro stansiyasi va Toshkent davlat texnika universiteta allomaning nomi bilan ataladi. Shuningdek, buyuk allomaning haykallari dunyoning turli mamlakatlarida ham o`rnatilgan.