Ahmad YAssaviy
Alisher Navoiy hazratlari tomonidan «shayx ul-mashoyix» deya ulug‘langan hazrat Ahmad YAssaviyning hayot yo‘li va ijodiga xos xususiyatlarni o‘rgatish anchagina murakkabliklarga ega. Birinchidan, bizning pedagogik amaliyotimizda YAssaviy asarlarini o‘rgatish tajribasi yo‘q darajada. YAssaviy ijodi sho‘ro zamonida uzoq vaqt mobaynida keng xalq ommasidan bekitib kelingani uchun egamanlik davrida ham uni o‘qitish oson bo‘lmayapti. Ikkinchidan, professor-o‘qituvchi oldida hazrat YAssaviyning avliyolik maqomiga keragidan ortiqroq e’tibor qaratilib, uning she’riyatiga xos xususiyatlarni ko‘rsatishga etrlicha diqqat qilinmasligi havfi bor. Uchinchidan, Ahmad YAssaviyning umr yo‘liga doir ma’lumotlar juda ham kam. Buning ustiga, uning asarlarida keyingi davr tilining haddan tashqari kuchli ta’siri sezilib turadi. Ayrim mutaxassislar, hatto, kitob sifatida nashr etilgan va o‘quvchilarga taqdim etilayotgan himatlarning bevosita YAssaviy hazratlariga tegishli ekaniga shubha bilan qarashadi. To‘rtinchidan, YAssaviy hikmatlarini tushunish va to‘g‘ri izohlash uchun tasavvuf ta’limotidan tuzukkina xabardor bo‘lish talab etiladi. CHunki YAssaviy, umuman, Turkiston erlariga so‘fiylik ta’limotini yoyishda etakchilik qilgan, turkiy millatni tasavvufdan xabardor etgan ilk murshid edi.
Ma’lumki, tasavvuf ta’limotida ko‘ngil tarbiyasiga, uni poklash va yuksaltirishga katta e’tibor qaratildi. Musulmon uyg‘onishi davrining turli bosqichlarida Imom G‘azzoliy, Ahmad YAssaviy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahoviddin Naqshband, Najmiddin Kubro kabilarning bir-biridan farq qiluvchi yassaviylik, xojagoniy, naqshbandiylik, kubroviya, qalandariya kabi so‘fiylik yo‘nalishlari rivojlandi. Bu ta’limotlarda olam turfaligi, unda insonning o‘rni va maqomi masalalari ancha teran ishlab chiqildi. Zuhurot yoki tajalli nazariyasi olamni tushintirishda o‘tkinchi va abadiy olamni ajratib qaraydi hamda borliqni ilohiy asoslarga tayanib izohlaydi. Zarralarning asliga qaytishi va moyaga qo‘shilishi, YAratuvchining cheksiz qudrati, tengsiz go‘zalligi hamda bu sifatlarning barcha yaratiqlarda namoyon bo‘lishiga tayanadigan tajalli nazariyasi rivojlandi. Odam nafs bilan emas, balki ruh tarbiyasi bilan yuksalishi, mehribon va rahmdil Egasiga yaqinlashishi mumkinligi borasidagi qarashlar tizimga aylandi.
Ruh ta’limotining rivoji adabiyotga kuchli ta’sir etdi. Badbinlik, jaholat, ma’rifatsizlik keskin qoralandi. Ahmad YAssaviy turk dunyosidagi ilk mutasavvuf o‘laroq Allohni ko‘ngil bilan tanish, unga so‘ngsiz muhabbat qo‘yish g‘oyalarini yoyishga katta e’tibor qildi. Domlalar YAssaviy ijodini o‘rgatishga ajratilgan vaqt mobaynida buyuk avliyo asarlarining shu jihatlariga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi.
Ma’lumki, tasavvufning mohiyati hamisha ham to‘g‘ri anglab etilavermadi. Bu ta’limot o‘z taraqqiyotida ancha murakkab bosqichlarni bosib o‘tdi. So‘fiylik badiiy asarlar, umuman, adabiyotga faqat estetik lazzat manbai emas, balki Allohni ko‘ngil yordamida anglash, uni sevish, unga intilishda yuzaga keladigan holatlarni anglatish vositasi sifatida qarashga moyil edi.
Domla YAssaviy ijodini o‘rgatish asnosida talabalariga insonning yagona mukammal zot ─ Allohga etishish, uning jamolidan bahramand bo‘lish uchun komillik yo‘liga kirishi so‘fiylikdagi asosiy masala ekanini tushuntirishi kerak. SHuningdek, tasavvufda tariqatga katta e’tibor qaratilishi, tariqatni pir belgilab berishi kabi holatlar sababiga to‘xtalishi lozim bo‘ladi. Ayni o‘rinlarda tasavvufiy qarashlarning rasmiy islomga, shar’iy yondashuvlarga to‘la muvofiq kelmaydigan jihatlariga ham borligiga talabalar diqqati tortilishi kerak. Negaki, rasmiy dinda har bir mo‘mindan Allohni tanish uchun toat-ibodat qilish talab etiladi.
Tasavvufda nokomil, gunohkor oddiy bir odamning aqli o‘n sakkiz ming olamni yaratgan buyuk Allohni anglashi mumkin emasligi, butun insoniyat YAratganini tanishi uchun payg‘ambarlar zarur bo‘lganidek, har bir mo‘min ham Allohni anglashi, unga bo‘lgan muhabbatini izhor etishi uchun vositachi pir lozimligi talab qilinadi. O‘zining aqli YAratganni anglash maqomiga etolmagani uchun ham solik, ya’ni Allohning jamoliga etishmoqchi bo‘lgan yo‘lchi butun inon-ixtiyorini tariqat, ya’ni yo‘lning etakchisi ─ pirga berib, u boshlagan yo‘ldan yurishi tasavvufda maqsadga muvofiq deb qabul etiladi.
Rasmiy dinda mo‘min qilgan toat-ibodati uchun mukofot kutadi: do‘zax azobidan qutuladi, jannatdagi rohatga etishishi mumkin bo‘ladi. So‘fiylikda esa solik bunday ulushdan umid qilmaydi. Mutasavvuf uchun Allohga sevgisi tufayli oxiratda jannatdan umidvor bo‘lish, ezgu amal uchun haq talab qilish bilan tengdir. Holbuki, chin muhabbat tagida hech qanday g‘araz bo‘lmasligi, solik hamma narsadan voz kechib, YAratganni sevishi kerak, xolos. So‘fiy uchun eng katta mukofot oxiratdagi ajrlar emas, balki Alloh jamolidan umidvorlikdir. SHuning uchun ham tasavvufda toat-ibodat asosiy narsa emas. Asosiy narsa ─ solikning o‘zini nafs xurujlaridan tozalab, YAratganning jamoliga erishish orzusiga sadoqati. Bunda go‘zallik, ishq asosiy tushunchalar va yo‘llar hisoblanadi. Alloh go‘zal va mehribonligi uchun adoqsiz sevishga loyiqdir. Muhabbat esa solikni ma’naviy kamolot orqali ilohiy visolga erishtiruvchi yagona vositadir. Buning uchun solik mo‘min hijron azoblariga bardosh berishi, nafs istaklarini rad etishi, ruhining tinimsiz takomillashuviga erishishi talab etiladi. SHular haqda talabalarda tasavvur uyg‘otilsa, Ahmad YAssaviy hikmatlarini o‘rgatish oson kechadi.
Alloh vasliga erishmoqchi bo‘lgan solik shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat singari bosqichlarni bosib o‘tishi kerak. YAssaviy «Faqrnoma»sida bu bosqichlarning har birida o‘ntadan jam’i qirq maqom borligi aytiladi. «Devoni hikmat» atamasidagi «hikmat» so‘zining teran ichki ma’nosi ham to‘g‘ri talqin qilinishi kerak. Ilohiyotchi mutaxassislarning aniqlashicha, «hikmat» arabcha so‘z bo‘lib, donishmandlik, falsafa, sir, haqiqatga to‘g‘ri keladigan so‘z, tadbir, sabab singari olti ma’noga ega ekan. YAssaviy hazratlari “hikmat”ni ko‘proq haq yo‘lni ko‘rsatuvchi so‘z ma’nosida qo‘llaganlar. Talabalar ma’na shu kabi ilk ma’lumotlarga ega bo‘lishgach, hikmatlarning o‘zini engilroq qabul etishadi va osonroq tushunishadi.
YAssaviy ijodini anglashda tasavvufning solik erishadigan eng yuksak marra haqiqat, shariat esa uning birinchi bosqichi ekanligini tushunish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Tariqat shariatdan yuqori bosqich, ammo shariatsiz unga o‘tib bo‘lmaydi. SHariatning hali dingina ekani, unda mo‘mindan talab qilinadigan narsalar unchalik ko‘p emasligi: Allohning borligi va birligiga imon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish, hajga borish kabi shar’iy amallarni har qanday mo‘min ham bajara olishi mumkin ekaniga to‘xtalish kerak bo‘ladi. Tasavvuf tariqatdan boshlanishi, “tariqat”ning o‘zi yo‘l degani ekani, u Allohni anglashning, uni qalb ko‘zi bilan tanishning, ishq bilan unga etishday uzoq yo‘lning boshlanishi ekani bildirilishi lozim. Bu yo‘l pirga qo‘l berishdan boshlanadi. Hazrati YAssaviy hikmatlarining birida shariatsiz tariqat, tariqatsiz ma’rifat, ma’rifatsiz haqiqat yo‘qligini go‘zal yo‘sinda ifoda etadi:
Tariqatga shariatsiz kirgonlarni,
SHayton kelib imonini olur ermish.
Ushbu yo‘lni pirsiz da’vo qilg‘onlari,
Sarson bo‘lib aro yo‘lda qolar ermish.
Mashg‘ulot boshida bu borada berilgan ma’lumotlar talabalarga hikmatlardagi nozik va yashirin mantiqiy, ilohiy va badiiy ma’nolarni to‘liq anglash imkonini beradi.
Talabalar yassaviya tariqatiga xos xususiyatlardan ham xabardor bo‘lishlari kerak. CHunki so‘fiyona ta’limotning yangi yo‘lini yaratgan buyuk avliyo hazrati YAssaviy tariqati bir qator o‘ziga xos jihatlarga egadir. CHunonchi, YAssaviy oldin o‘zi mansub bo‘lgan malomatiyya mazhabidagilar singari tasavvufning ichki, botiniy yo‘lidan boradi. Keyinchalik, o‘zi ish olib borayotgan sahroyi turkiy budunga xos ruhiy xususiyatlardan kelib chiqqan holda «zikru jahriya»ni, ya’ni ovoz chiqarib munojot qilish, o‘z qarashlarini oshkora targ‘ib etish yo‘lini tanladi. Negaki, turkiy xalqlar tabiatan ochiq, jamoatchi, birlashuvchi va bir-birlaridan ta’sirlanishga moyil uluslardan iborat. SHuningdek, YAssaviy tasavvufga zikrning ommaviy, raqsu samo bilan amalga oshiriladigan usulini olib kiradi. Bu soliklarga ruhiy trans holatlarda Alloh huzuriga ko‘chish imkonini beradi.
SHu tariqa, Ahmad YAssaviy hazratlari keyinchalik Turkistonda keng yoyilgan, shoir Mashrab zamonida avj nuqtasiga ko‘tarilgan qalandarlik harakatiga ham asos soldi. Qalandarlar shaxsiy manfaati va nafsini unutib, haq yo‘liga kirgan va hayotini haqiqat hamda adolat tantanasiga bag‘ishlagan jo‘mard shaxslar edi. YAssaviya tariqati shayboniylar hukmronligi davrida deyarli rasmiy mafkura tusini oldi. SHayboniy xonlarning ko‘pchiligi, ayniqsa, Muhammad SHayboniyxon va Ubaydullaxon bu mazhabga astoydil berilgan kishilar edilar. SHuning uchun ham bu ikki shoh-shoir hukmronlik qilgan yillarda yassaviya keng yoyildi. YAssaviya tariqati nafaqat Turkiston o‘lkasi, balki Turkiya, Kavkaz erlariga ham yoyildi. Eronzaminda ham uning kuchli ta’siri sezilardi.
Talabalar Ahmad YAssaviy, garchi, YUsuf Xos Hojib va Ahmad YUgnakiylar bilan deyarli ketma-ket yashab ijod qilgan bo‘lishiga qaramay, bitiklarining tili ularniki bilan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada sodda va tushunarli ekaniga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Hazrati YAssaviy o‘z hikmatlariga badiiy asardan ko‘ra, mo‘minlarni haq yo‘liga boshlash vositasi, soliklarni komillikka yo‘llashning ta’sirchan omili sifatida qaraganlar. YA’ni shoir uchun she’r maqsad emas, balki tariqatni anglatish yo‘lidagi vosita bo‘lgan. Domla ayni shu jihatlarni hisobga olgan holda ish ko‘rsa, saboqlardan kutilgan maqsadga erishadi. SHuningdek, shior hikmatlariga xalqona soddalik va donolik xos ekaniga diqqat qilish o‘rinlidir. Negaki, YAssaviy, asosan, keng dashtu dalalarda yashayotgan turkiylarni tariqatga boshlash uchun ularning shuuri va ko‘ngliga etib boradigan badiiy vositalar topishi hamda shunga xizmat qiladigan tildan foydalanishi zarur edi.
Ayni shu zaruriyat tufayli YAssaviy hazratlari o‘z hikmatlarida chorvadorlar turmushida keng tarqalgan detallarni, ularning tilida ko‘p qo‘llaniladigan obrazli ifodalarni ishlatadilar. Hikmatlardagi «to‘rt oyoqli cho‘bin ot», «Dunyo uchun g‘am ema, Haqdin o‘zgani dema, Kishi molini ema, sirot uzra tutaro», «Ahli ayol, qarindosh hech kim bo‘lmaydur yo‘ldosh, Mardona bo‘l g‘arib bosh, umring eldek o‘taro», «Ishq bozori ulug‘ bozor, savdo ─ harom, Oshiqlarg‘a sendan o‘zga g‘avg‘o ─ harom, Ishq yo‘lig‘a kirganlarga dunyo ─ harom», «Ishq yo‘lida jon berganni armoni yo‘q, Bu yo‘llarda jon bermasa, imkoni yo‘q, Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor», «Tufrog‘ bo‘lg‘il, olam seni bosib o‘tsin» singari timsol va satrlarda xalqona yo‘sinda bildirilgan haq fikrlar ifodaning o‘ta ta’sirli ekanligi bilan ajralib turadi. SHu kabi hikmatlar YAssaviy hazratlarining shoir sifatidagi salohiyatlari nechog‘lik baland ekanini ko‘rsatadi. Hikmatlar zamiridagi ilohiy va hayotiy ma’nolarni anglatish bilan birga ulardagi badiiy joziba ham sezdirilsa, mashg‘ulotlardan kuzatilgan maqsadga to‘la erishiladi va dars jarayonida talabalarning faol ishtiroki ta’minlanadi.
Ahmad YAssaviy hazratlari turk dunyosining eng mashhur shaxsiyatlaridandir. Farididdin Attor uni «Piri Turkistoniy» deb atagan, buyuk Navoiy «shayxul mashoyix» deb nomlaydi, o‘z yurtida esa «Hazrati sultonim» deydilar. YAssaviyning hayoti va ijodii faoliyati O‘zbekistonda mustaqillikdan keyingina o‘rganilmoqda. Bu borada birinchi manba, tabiiyki, uning «Devoni hikmat» asaridir. SHuningdek, YAssaviyning xalifasi Sulaymon Boqirg‘on qalamiga mansub «Hakim ota kitobi», Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat», Fazlulloh Ro‘zbehxonning «Mehmonnomai Buxoro», Xizr ibn Ilyosning «Manoqibi Hoji Bektoshi valiy», Avliyo CHalabiyning «Sayohatnoma», Husomiddin Bulg‘oriyning «Tavorixi Bulg‘oriya», Haziniyning «Javohir ul-abror» kitoblarida ham oz-ko‘p miqdorda ma’lumotlar berilgan.
Mavjud ma’lumotlarni umumlashtirib, chog‘ishtirib, tizimga solib, ular asosida jiddiy ilmiy tadqiqot yaratgan turkiyalik olim Muhammad Fuod Ko‘pruluzoda bo‘lgan edi. Uning 1918 yilda «Turk adabiyotida ilk mutasavviflar» degan kitobida YAssaviy haqida atroflicha to‘xtalingan. Abdurauf Fitrat 1927 yilda YAssaviy va uning ijodi to‘g‘risida maqola yozdi. 1972 yilda esa, professor Ergash Rustamovning «Ahmad YAssaviy hikmatlarida tarix va hayot sadosi» maqolasi («O‘zbek tili va adabiyoti» jurnali 4-5- sonlar) chop etilgach, muallif boshiga turli savdolar solindi. 1991 yildan keyingina YAssaviy va uning hikmatlari haqda tadqiqotlar qilish keng yo‘lga qo‘yildi. Hozirda YAssaviy ijodi birgina O‘zbekiston yoki Qozog‘iston emas, ochun miqiyosida keng o‘rganilmoqda.
Ahmad YAssaviy hozirgi Qozog‘iston jumhuriyatining CHimkent viloyatiga qarashli Sayram shahrida tug‘ilgan. Sayram tarixi miloddan oldingi zamonlarga borib taqaladigan qadim shaharlardan. Bir vaqtlar «Isfijob», «Madinat ul-bayzo» (Oq shahar) nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Navoiy Ahmad YAssaviyning tug‘ilgan erini YAssi deb ko‘rsatadi. CHamasi, ulug‘ avliyoning “YAssaviy” taxallus nisbasi, ayrim she’rlaridagi ishoralar hazrat Navoiyda shunday fikrni yuzaga keltirgan bo‘lsa kerak. Lekin YAssaviy hayoti va ijodini o‘rgangan mutaxassislar uning Sayramda tug‘ilgan, deb hisoblaydilar.
YAssaviyning tug‘ilgan yili aniq emas. Manbalar uning YUsuf Hamadoniy qo‘lida o‘qiganligini tasdiqlaydi. SHunga qaraganda, Ahmad YAssaviy XI asrning ikkinchi yarmida tug‘ilgan. CHunki YUsuf Hamadoniyning o‘zi 1048 yilda tug‘ilgan. Ahmad YAssaviyning otasi Ibrohim otlig‘ kishi bo‘lib, shayx edi. Uning Hazrati Ali avlodlaridan bo‘lganligi naql qilinadi. Onasi Oysha shayx Ibrohimning muridlaridan bo‘lgan Musa shayxning qizidir. Ahmad oilada ikkinchi farzand bo‘lgan. Opasining oti Javhari SHahnozdir. Juda yoshlik paytlarida ota-onasi vafot etib, etim qolgach, opasi bilan YAssiga kelishadi. SHayx Arslonbobdan94 tarbiya topadi. YOsh Ahmadning Arslonbob bilan uchrashuvi voqeasi rivoyatlarga ko‘milgan. Ularga ko‘ra, Arslonbob payg‘ambarimiz ashoblaridan bo‘lib, rasulullohning Ahmad YAssaviyga atagan omonatlari ─ bir dona xurmoni topshirib, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanish maqsadida to‘rt yuz yil yashagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ahmad YAssaviy taxminan 1110 yillardan Buxoroda mashhur YUsuf Hamadoniydan tahsil olib, uning izdosh xalifasi darajasiga ko‘tariladi. YUsuf Hamadoniy vafotidan keyin uning o‘rniga birinchi xalifa bo‘lib shayx Abdulloh Barqiy ko‘tariladi. U vafot etgach, ikkinchi xalifa sifatida shayx Hasan Andoqiy, uning o‘limi (1160 yil)dan so‘ng, uchinchi xalifa tarzida Ahmad YAssaviy irshodlik mavqeini egallaydi. So‘ng bir «ishorati g‘aybiya» bilan o‘z o‘rnini to‘rtinchi xalifa Abduxoliq G‘ijduvoniyga topshirib, YAssiga qaytadi va vafotiga qadar u erda irshodlik maqomida bo‘ladi.
Ahmad YAssaviyning necha yil umr ko‘rgani haqida afsona darajasidagi qarashlar bor. Ba’zilar 63 yoshda vafot etgan desalar, ayrimlar bu sanani 73, yana birlari 85 deb ko‘rsatadilar. Ko‘pruluzoda 120, rus turkologi V. A. Gordlevskiy 125 deb belgilaydilar. Bunday turli-tuman xulosa chiqarishga shoirning hikmatlari ham ma’lum darajada sabab bo‘ladi. Masalan, bir hikmatida shunday deyilgan:
Eranlardan fayzu futuh ololmadim,
YUz yigirma yoshga kirdim, bilolmadim,
Haq taolo toatlarin qilolmadim,
Eshtib, o‘qub erga kirdi Qul Xoja Ahmad.
Ulug‘ so‘fiyning 1166 yilda YAssida vafot etgani aniq, tug‘ilgan yilini esa, aniqlash kerak. Qabri YAssi – Turkistonda. 1396-1397 yillarda Amir Temur qurdirgan ulkan maqbara hozir ham muqaddas ziyoratgohdir.
Ahmad YAssaviy bir o‘g‘il, ikki qiz ko‘rgani ma’lum. O‘g‘lining oti Ibrohim bo‘lib, yoshlik paytlarida vafot etgan. Gavhari SHahnoz va Gavhari Xushnoz otlig‘ qizlari bo‘lgan. Xo‘ja Ahmad YAssaviyning hozirda yashayotgan avlodlari Gavhari SHahnoz nomli qizidan tarqalgan.
YAssaviyning nomi turk dunyosida ikki jihatdan shuhrat topgan:
1. Pir, karomatlar ko‘rsatgan avliyo.
2.Hikmatlar muallifi bo‘lgan shoir.
Alisher Navoiy u zot haqida: «Xoja Ahmad YAssaviy Turkiston mulkining shayxul mashoyixidir. Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoli (hayratlanarli) va nomahsur (chegarasiz) ermish. Muridu ashobi g‘oyatsiz va shohu gadoning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish. Imom YUsuf Hamadoniyning ashobidindur... Va aning mazori Turkistonda, YAssi degan erdaki, aning mavlid va manshaidur, voqe’ bo‘lubdur va Turkiston ahlining qiblai duosidur»,- deb yozadi.
Rivoyatlarda uning to‘qson to‘qqiz ming muridi, o‘n ikki ming ashobi va sanoqsiz xalifalari bo‘lgani naql qilinadi. YAssaviyning o‘rniga birinchi xalifasi ustozi Arslonbobning o‘g‘li Mansur ota, u o‘lgach (1197), o‘g‘li Abdulmalik, so‘ng uning o‘g‘li Tojxo‘ja, Tojxo‘janing o‘g‘li Zangi ota irshodlik qilishgan. Xorazmlik Said ota (1218-1219 yilda vafot etgan) uning ikkinchi xalifasi, Hakim ota (Sulaymon Boqirg‘oniy) esa, uchinchi xalifasi edi.
YAssaviyning karomatlari haqidagi rivoyatlarda uning Xizr bilan ko‘p marta suhbatdosh bo‘lgani naql qilinadi. Xizr unga «Har kun etti iqlimni kezaman va har iqlimdan bir suhbatdosh izlayman. Lekin shu paytgacha, senday qobiliyatli va asl suhbatdoshga duch kelmadim»,- degan ekan. Bir kuni «shayx ul-mashoyix»ni juma namozida uchratmagan muxoliflari uning ustidan har xil ig‘volar to‘qib, yurt hukmdoriga chaqadilar. U taftish buyuradi, tekshirib ko‘rishsa, Ahmad YAssaviy juma namozini o‘qish uchun Makkaga ketgan ekan...
Sohibqiron Temurning unga alohida muhabbat qo‘yganligi bejiz emas. Uning farmoni bilan hazrat qabri ustiga gumbazining balandligi 30, aylanasi 40 gazlik ulkan maqbara qurildi. Unga vaqf er ajratilib, daxlsiz deb e’lon qiladi. Jahongirning 1402 yilning boshida mashhur Rum safari oldidan Turkiston shayxlaridan tumor yozdirib ketgani tarixiy asarlarda qayd etilgan. «Voqeoti Temur» kitobida Anqara jangida buyuk jahongir Ahmad YAssaviyning:
YAldo kechani sham’i shabiston etgon,
Bir lahzada olamni guliston etgon,
Bir mushkul ishim tushubdur, oson etgil,
Ey, barchani mushkulini oson etgon
satrlarini etmish marta yod o‘qiganligi aytilgan.
YAssaviy aytadiki, tasavvufning asosida Allohni anglamoq yotadi. Alloh Haq va Haqiqat bo‘lgani uchun ham uni oddiy odamning aqli bilan anglash mumkin emas. Buning uchun pir kerak. Bu dunyoda to‘g‘ri yo‘lni topishning birdan-bir yo‘li tariqatdir. «Devoni Hikmat»da bu to‘g‘rida:
Tariqatga siyosatlig‘ murshid kerak,
Ul murshidga e’tiqodlig‘ murid kerak,
Xizmat qilib pir rizosin topmoq kerak,
Mundog‘ oshiq haqdin ulush olur ermish.
YAssaviy aytadiki, shariat imonning po‘sti bo‘lsa, tariqat uning mag‘zidir. SHariat islomning zohiri bo‘lsa, tariqat botinidir. Birini ikkinchisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Ahmad YAssaviy «YAssaviya» deb atalgan tariqatning qoidalar tizimini ishlab chiqadi: 1) murid pirini barchadan afzal bilmog‘i va unga ixtiyorini to‘la topshirmog‘i lozim; 2) murid o‘z pirining barcha ramz va ishoralarini bexato anglashi kerak; 3) u pirining barcha so‘zlari hamda ishlariga sodiq bo‘lishi lozim; 4) murid pirining barcha topshiriqlarini chaqqon, sidqidil bajarib, uni hamisha rozi qilmog‘i shart. CHunki Alloh rizosi unga bog‘liqdir; 5) murid o‘z so‘ziga sodiq, va’dasida mustahkam bo‘lib, piriga nisbatan ko‘nglida biror shubhaga bo‘lmasligi kerak; 6) u Alloh yo‘lida butun mol-mulkini, piriga nisor etmoq uchun tayyor turmog‘i lozim; 7) murid pirining barcha sir-asrorini bilgani holda uni boshqalarga bildirmasligi, pirining do‘stiga do‘st, dushmaniga dushman bo‘lib yashamog‘i shart; 8) u pirining mushkullarini oson, pandu nasihatlarini bajo qilmog‘i lozim.
O‘z navbatida, pir ham shunga munosib bo‘lishi kerak. YAssaviyning «Faqrnoma» asarida bu borada shunday fikrlar aytilgan: «SHayx uldurkim, niyoz olsa, mustahiq (muhtoj)larg‘a, g‘arib bechorag‘a bergaylar. Agar olib, o‘zi esa, murdor et emishdek bo‘lg‘ay. Agar to‘n qilib kiysa, ul to‘n to‘zg‘uncha Haq taolo namoz, ro‘zasini qabul qilmag‘ay va agar olg‘an niyozidin non qilib esa, Haq taolo oni do‘zaxda turluk azobg‘a giriftor qilg‘ay. Va agar andog‘ shayxga har kishi e’tiqod qilsa, kofir bo‘lg‘ay. Andog‘ shayxlar mal’un turur. Oning fitnasi Dajjoldin badtar, shariatda, tariqatda, haqiqatda, ma’rifatda murtad turur. Ey tolib, agar Haqni talab qilib topay desang, andog‘ pirga qo‘l bergilkim, shariatda orifi billoh (ollohni tanuvchi) bo‘lsa, tariqatda voqifi asror bo‘lsa, haqiqatda komilu mukammal bo‘lsa, ma’rifatda daryoyi ummon bo‘lsa, saodat bo‘lg‘ay. Agar murid shariat ilmini bilmasa, shariat ilmini anga o‘rgatg‘ay. Agar tariqatda holi voqe’ bo‘lsa, tariqat ilmi birlan yo‘lg‘a solg‘ay va haqiqat siridin muridga yo‘l ko‘rsatgay. Ma’rifatda jazabai Haq paydo qilg‘ay».
YAssaviyning o‘zi pir sifatida ilm-fanga alohida e’tibor qiladi. Professor E. Rustamovning ma’lumot berishicha, YAssaviy masjidi manglayiga «Talabul ilm farizatun ala kulli muslimin va muslimatin» degan hadisni yozdirib qo‘ygan ekan. «YAssaviya» tariqatini «jahriya» deb ham aytishadi. «Jahr» ─ oshkor qilmoq, baland ovoz bilan o‘qimoq degani. Bu borada «Devoni Hikmat»da shunday satrlar bitilgan:
Mani hikmatlarim ko‘plarg‘a ayting,
Duo takbir qilib, rahmatga boting,
Agar hikmat o‘qusa, ayuhannos,
Erur farzand manga ul tolibi xos.
Muallif «duo-takbir»ga, «hikmatlarni ayuhannos o‘qish»ga e’tibor qaratadi. Qalandarlikni Allohni tanishdagi asosiy vosita deb biladi.
Turkistondagi darveshlik-qalandarlik tarixi Ahmad YAssaviydan boshlanadi. Ular islom g‘oyalari bilan sug‘orilgan hikmatlarni dunyoning turli tomoniga yoydilar. Turkiyalik mutaxassislar Onado‘li sarhadlarining musulmonlashuvi, bu o‘lkada turk islom davlatining maydonga kelishida qalandarlar katta xizmat qilgan deydilar. Qalandarlar mol-dunyo, davlatu saltanat, kibru havoni tark etib, faqirona umr o‘tkazishga harakat qildilar. Zamonida eng ilg‘or ijtimoiy harakatga aylanib, atrofiga jamiyatdagi sog‘lom kuchlarni to‘plagan. Masalan, 1898 yilgi Andijonda yuz bergan milliy ozodlik qo‘zg‘olonining harakatlantiruvchi kuchi qalandarlar edi. Ular faqat Allohga hamdu sano bilangina emas, balki har qanday zulmga qarshi kurash bilan ham shug‘ullanishardi. Qalandarlik harakatining chor hukumati tomonidan rasman taqiqlanganligi ham bejiz emasdi.
Devoni hikmat. Ahmad YAssaviyning bizga etib kelgan asari «Devoni hikmat»dir. U «Faqrnoma» deb atalmish so‘zboshi bilan boshlanadi. «Faqrnoma» faqirlik ta’rifiga bag‘ishlangan. So‘fiylikda mol-dunyoga hirs qo‘yish tanqid qilinib, faqirlik ulug‘lanadi. Ammo faqirlik qashshoqlik emas. Faqirda ortiqcha boylik bo‘lmaganidek, o‘zgaga muhtojlik ham yo‘qdir. Qashshoq esa kunini ham ko‘rolmaydigan yo‘qsuldir. Hazrati Muhammad: «Al-faqru faxri» (Faqirlik faxrimdir),- deganlar. Rivoyat qiladilarki, payg‘ambarimiz me’rojga chiqqanlarida Alloh taolo u kishiga faqir qiyofasida ko‘ringan ekan. Faqirlikning bunday ulug‘lanishida ma’no bor. CHunki mol-dunyoga hirs qo‘yish, birinchidan, odamni harom-halolni farqlamaslikka undaydi. Bunda birovning haqqiga xiyonatga, zulm-zo‘ravonlikka yo‘l ochiladi. Ikkinchidan, mol-dunyo egasida kibru havo, manmanlik paydo qiladi. SHu sababli, mumtoz adabiyotimizda faqirlikka alohida e’tibor berilgan. Bu borada tegishli hadislarni sharhlash va badiiy ifodalash yo‘lidan borilgan. Mumtoz adabiyotda eng ko‘p tasvirga olingan hadislar: «Har ummat uchun bir fitna sababi bor. Ummatimning fitnasi mol-dunyodir», «Faqirlar bilan birga o‘tirib-turish kamtarlik va ustun bir fazilatdir», «Allohim, meni faqir o‘laroq yashat va faqir o‘laroq o‘ldir» kabilardir. Xullas, «faqir», tasavvufda mol-dunyoga o‘ch bo‘lmaslik, zohiran yo‘qsul hayot kechirish, Ollohga etishish uchun qilinadigan xatti-harakat va bosib o‘tiladigan maqomlarni ifodalovchi atama bo‘lib qoldi. «Faqrnoma»da mana shu maqomlar aks ettiriladi.
Tasavvufda muridning tilagi haqqa etish, Alloh vasliga erishishdir. Buning uchun solik shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat bosqichlarini bosib o‘tishi kerak. So‘fiy erishadigan eng yuqori bosqich ─ haqiqat. SHariat – shu yo‘ldagi ilkinchi manzil. Tariqat undan keyin keladi. So‘fiyning haqqa etgani tariqatning oliy bosqichiga erishgani bo‘ladi. Tasavvuf tariqatdan boshlanadi. Bu Allohni qalb ko‘zi bilan tanishning ibtidosidir. Bu tavba, pirga qo‘l berish, xavf (qo‘rquv), rajo (umid), tajrid (ortiqcha narsalardan xoli bo‘lish), tafrid (uzlatga chekinish) kabi bosqichlar orqali amalga oshadi.
Devondagi bir qator hikmatlar hazrat YAssaviyning tug‘ilganidan oltmish uchga kirguniga qadar, ya’ni payg‘ambar yoshiga etgach, uzlatga chekinib, er ostidan joy qilib tushib yotgunigacha bo‘lgan hayotining tavsifiga bag‘ishlangan. Ularni tasavvuf she’riyatining sirlaridan bexabar kishining tushunib olishi qiyin. Masalan, unda shunday satrlar bor:
To‘qqiz oyu to‘qqiz kunda erga tushdim,
To‘qqiz soat turolmadim, ko‘kka uchdim,
Arshu kursi poyasini borib quchdim...
Bir yoshimda arvoh menga ulush berdi,
Ikki yoshda payg‘ambarlar kelib ko‘rdi,
Uch yoshimda chilton kelib holim so‘rdi.. .
To‘rt yoshimda Haq Mustafo berdi xurmo,
Yo‘l ko‘rsatdim, yo‘lga kirdi, necha gumroh,
Qayga borsam Xizr bobom manga hamroh...
Besh yoshimda belim bog‘lab toat qildim...
Olti yoshda turmay qochdim xaloyiqdan...
Etti yoshda Arslon bobom izlab topdi...
Sakkizimda sakkiz yondin yo‘l ochildi...
Bu umrbayonda ramziylik etakchi. Muallif tug‘ilish deganda qayta tug‘ilishni, ya’ni YAratganni tanish istagida tariqat yo‘liga kirgan paytini ko‘zda tutgandir. Bu davr, taxminan, uning balog‘at yoshiga to‘g‘ri keladi.
Bir qator hikmatlarda inson o‘zining qisqa umrini mazmunli o‘tkazishi kerakligi aks etadi. SHoir mol-dunyoga hirs qo‘yib, aysh-ishratga berilgan kimsalarga hayot haqiqatini ochiq aytadi:
Dunyo meni mulkum degan sultonlarg‘a,
Olam molin sonsiz yig‘ib olg‘onlarg‘a,
Ayshu ishrat birla mashg‘ul bo‘lg‘onlarg‘a,
O‘lim kelsa, biri vafo qilmas ermish.
Dunyoda adolat borligi uchun ham halol yo‘l bilan topilmagan mol-davlat vafo qilmaydi. Harom va yolg‘on hech qachon jazosiz qolmaydi. SHu bois vijdon bilan halol yashash kerak. Dunyo moliga hirs qo‘yib, boylik yiqqan kishi o‘limtik bilan kun kechiradigan qushga o‘xshashini YAssaviy original poetik timsol bilan aks ettiradi: “Dunyo mening deganlar, jahon molin olg‘onlar, Karkas qushdek bo‘lubon ul haromga botmishlar”. SHoir shariatni o‘z manfaati yo‘liga xizmat qildirmoqchi bo‘lgan din ahli aslida o‘zlariga do‘zaxdan joy tayyorlayotgan sho‘rliklar ekanini shunday tasvirlaydi: “Mullo, mufti bo‘lg‘onlar, yolg‘on da’vo qilg‘onlar, Oqni qaro qilg‘onlar, ul tamug‘ga kirmishlar”. «Oqni qaro qilish» rostni yolg‘onga, haqni nohaqqa chiqarishdir. Undaylarning joyi ─ «tamug‘»da ekanini yodga soladi shoir.
YAssaviy jamiyat uchun arbob, olim va o‘zgalar taqdiriga ta’sir ko‘rsata oladigan boshliqlarning halolligi, to‘g‘riligi o‘ta muhim ekanini, adolatsiz hukmdorlar oxiratda bo‘lsada, jazosiz qolmasligini g‘azal shaklida bitilgan hikmatida quyidagicha aks ettiradi:
Harom egan hakimlar, rishva olib egonlar,
O‘z barmoqin tishlabon qo‘rqub-ko‘rub qolmishlar.
SHoir oqibatni o‘ylashga undaydi. Kishi besh kunlik yolg‘on dunyoda qanday yashamasin, nimalarga ega bo‘lmasin, oqibat qaro erga bo‘sh qo‘l bilan kiradi, boyligi ularning keyingi hayotiga asqotmaydi: “Totlig‘-totlig‘ egonlar, turlik-turlik kiygonlar, Oltun taxtda o‘lturgonlar tufroq aro yotmishlar”. Bu satrlarda YAssaviy bugunni emas, ertani o‘ylab ish tutish lozimligini esga soladi. Mutasavvif buni shunchaki o‘git yo‘sinida aytibgina qolmay, ta’sirli va esda qoladigan tarzda ifoda etadi. SHoirning boshqa bir hikmati ham shunga hamohang. Odam dunyo moliga aldanmasligi, o‘zigagina tegishli bo‘lgan ma’naviy jihatlarining yuksak bo‘lishiga intilishi zarur:
Beshak biling, bu dunyo barcha eldan o‘taro,
Inonmagil molingga, bir kun qo‘ldin ketaro.
Hazrat YAssaviy kishini insofga chorlaydi va har bir odam insofga kelish, vijdonga muvofiq yashashni o‘ylashi, haq yo‘lni nohaqdan ajratib olishi lozimligini uqtiradi. Buning uchun odam o‘z yaqinlari taqdiriga nazar tashlasa ham to‘g‘ri xulosa chiqarishga asos topishini bildiradi:
Oto-ono, qarindosh, qayon ketti, fikr qil,
To‘rt ayog‘lig‘ cho‘bin ot bir kun sanga etaro.
Valiy shoir hikmatlarda o‘z qarashlarini bayon etibgina qolmay, balki fikrlarning esdan chiqmaydigan, xotiraga mixlanib qoladigan, kutilmaganda esga tushadigan shaklda ifodalanishiga ham e’tibor qiladi. Buning uchun she’riy unsurlardan ustalik bilan foydalanadi. SHoir odamlarga mohiyatni izlash, unga etishishga urinish lozimligini ko‘rsatadi: “Dunyo uchun g‘am ema, Haqdin o‘zgani dema, Kishi molini ema, sirot uzra tutaro”. «Kishi molini» eyish, o‘zganing haqiga xiyonat qilishning oxiratda javobi borligi, kishi moli haromxo‘rni ayni «sirot» ustida tutishini ta’sirli yo‘sinda ifoda etadi. G‘azalning keyingi bayti haqqoniyligi, musiqiyligi, yuqimliligi bilan kishini o‘ziga rom etadi. YOlg‘on dunyoning qiyofasini, uning tinimsiz xiyonatlarini bilib turgan solik ─ «g‘arib bosh»ga berilgan taskin juda ishonarli:
Ahli ayol, qarindosh hech kim bo‘lmaydur yo‘ldosh,
Mardona bo‘l g‘arib bosh, umring eldek o‘taro.
Hikmatlarning talay qismi ishq va oshiq haqida. Ulardagi ishq va oshiq tasviri tasavvufning mohiyatidan kelib chiqadi va Allohga bo‘lgan sevgini anglatadi. Bunday yondashuv ham asli Qur’onga borib taqaladi. Qur’on oyatlaridan birida: «Biz hammamiz Allohdanmiz va unga qaytguvchimiz»,- deyiladi. Demak, tasavvuf she’riyatidagi ishq va hijron tasviri Allohga muhabbat va undan ayriliqni ifoda etadi. Oshiqdagi ishtiyoq va intilish unga etishish shavqini anglatadi. Ishqsizlik, Allohni tanishga urinmaslik sifatida baholanadi:
Vodarig‘o, ishq yo‘lida jonni bermay,
G‘avvos bo‘lib, daryo ichra guhar termay,
Haqdin o‘zga maqsadlarni yiroq solmay,
Tong-la borsa, nadomatlar chandon bo‘lur...
SHoir chinakam hayot oshiqlikda ekanini, solik uchun qolgan hamma narsa bekorligi bois ishqsiz kimsalarni «ham joni yo‘q, ham imoni»,- deydi. Ishq Allohga eltuvchi ─ vosita. SHu vositadan mahrum odamning imoni baquvat bo‘lmaydi. SHu sababli, YAssaviy hazratlari «Ishq yo‘lida fano bo‘lay haq biru bor» tarzida boshlanadigan hikmatida Alloh taologa «Har na qilsang, oshiq qilg‘il parvardigor» deb yolvoradi:
Ishq bozori ulug‘ bozor, savdo ─ harom,
Oshiqlarg‘a sendan o‘zga g‘avg‘o ─ harom,
Ishq yo‘lig‘a kirganlarga dunyo ─ harom,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.
YAssaviy uchun ishq vosita emas, maqsaddir. So‘fiy shoir, muridlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi murshidning ishqi beg‘araz va bu muhabbat orqali hech narsaga erishmoqchi emas. Unga Allohga bo‘lgan muhabbatning o‘zi kifoya:
Ishq dardini talab qildim, darmoni yo‘q,
Ishq yo‘lida jon berganni armoni yo‘q,
Bu yo‘llarda jon bermasa, imkoni yo‘q,
Har ne qilsang, oshiq qilg‘il, parvardigor.
Butun umrini Alloh belgilagan yo‘ldan yurishga bag‘ishlagan, minglab kishilarning haq yo‘lni tanib olishiga sabab bo‘lgan pir o‘zidan qoniqmaydi, o‘zini g‘oyat nuqson va gunohkor sanaydi: “Oshiqlikni da’vo qilib yurolmadim, Nafsdin kechib, men amrini qilolmadim, Nodonlikda Haq amrini bilolmadim”.
CHin dunyodan, uning YAratuvchisidan bexabar hayot kechirish «g‘aflat»dir. G‘aflatda yashagan kishi «g‘ofil»dir. O‘zlikni anglamoq pir vositasida, ilm va riyozat bilan bo‘ladi. Bunga erishganlar «dono», «g‘ofil»lar esa «nodon»lardir. Riyozat maqsadga etish yo‘lida chekiladigan mashaqqatlardir. Nodon o‘z nafsidan, huzuridan bo‘lak narsani o‘ylashga qodir emasligi bois YAratganga begona. YAssaviy oltmish uch yoshida uzlatga chekinganini dunyoda dono topmagani va nodonlar bilan birga bo‘lishni istamagani bilan izohlaydi:
Er ostig‘a qochib kirdim nodonlardin,
Ilkim ochib, duo tilab mardonlardin,
G‘arib jonim yuz tasadduq donolardin,
Dono topmay, er ostiga kirdim, mano.
YAssaviy hikmatlarida qattiq tanqid qilinadigan illatlardan biri nafsdir. Ma’lumki, insonda tana va ruh mavjud. Nafs tananing ehtiyojini aql nazoratisiz to‘xtovsiz qondirish istagidir. Nafs kishini insonlikdan chiqarib, hayvonlikka boshlaydigan jihatdir. So‘fiylikning eng muhim odoblaridan biri nafsni jilovlash ekani sababli, hikmatlar orasida bunga katta e’tibor beriladi:
Nafsim mani yo‘ldin urib xor ayladi,
Termulturib xaloyiqqa zor ayladi,
Zikr aytturmay, shayton birla yor ayladi
Hozirsan deb nafs boshini yanchdim, mano.
YAssaviy nafsni insonning eng katta dushmani sanaydi, uni engmaguncha odamiylik ta’min etilmaydi, deb hisoblaydi. SHoir nafsni zolim deya talqin qiladi. Bu qarashda asos bor. Tanning o‘z huzur-halovati yo‘lidagi intilishlari tan egasining ruhiyatiga jabr bo‘ladi. Bunday paytda, odamga faqat YAratgan ko‘mak bera olishi mumkin. SHunday pallada: «Alloh! degil»- deydi shoir. Agar odam nafsga emas, Allohga bo‘ysunsa, qodir YAratuvchi bunday bandaga, albatta, madadkor bo‘ladi:
Zolim agar jafo qilsa, ollo degil,
Ilking ochib, zore qilib, bo‘yin sung‘il,
Haq dodingga etmas bo‘lsa, gila qilg‘il,
Haqdin eshitib, bu so‘zlarni aydim mano.
Ahmad YAssaviy hikmatlarida ko‘p uchraydigan obrazlardan biri «tufrog‘»dir. U ramz darajasiga ko‘tarilgan. Qadim sharq falsafasiga ko‘ra dunyoning asosida to‘rt unsur: tuproq, suv, shamol, olov yotadi degan tushuncha bor. Tuproqning muqaddasligi haqidagi qarashlar shunga borib taqaladi. Odam suv qo‘shib, qorilgan tuproqdan yasalgan, olovga toblab, shamol bilan quritilgan. SHunga ko‘ra, inson tanasi ham yuqoridagi to‘rt unsurdan tarkib topgan. Binobarin, insonning deyarli butun mohiyati mana shu to‘rt narsa bilan chambarchas bog‘liq bo‘larmish, ya’ni tuproq sabr-toqat, kamtarlikka, suv quvonch, g‘ayratu, shiddatga, havo beqarorlik, besabrlikka, olov nafs, kibr, hasad, qiziqqonlikka moya emish. Insonning chin insonligi mo‘‘tadillikda namoyon bo‘ladi. Mo‘‘tadillik esa, tuproqqa xosdir. Quyidagi to‘rtlikda bu fikr o‘ta jozibali aks etgan:
Boshim tufroq, o‘zim tufroq, jismim tufroq,
Haq vasliga etarman deb ruhim mushtoq.
Kuydim, yondim, bo‘lolmadim hargiz offoq,
SHabnam bo‘lib, er ostiga kirdim mano.
So‘fiylikda inson fe’lidagi eng katta qusur kibru havo, manmanlik sanaladi. Takabburlik, kekkayish, ko‘pincha, yo mol-dunyo, yoki nasl-nasabdan bo‘ladi. SHu sababli, pir ishni tariqatga kirmoqchi bo‘lgan muriddagi kibrni yo‘qotishdan boshlaydi. Buning uchun unga eng tuban ishlarni qilishni buyuradi. Xokisorlik, siniqlik, kichik fe’llik tariqat ahlining asosiy shioridir. YAssaviy: «Boshim tufroq, o‘zum tufroq, jismim tufroq»,- deganida shu e’tiqoddan kelib chiqadi. SHoir solikning siniqligi fidoyilik darajasiga etishini istaydi. SHu bois: “Tufrog‘ bo‘lg‘il, olam seni bosib o‘tsin!”- deydi.
YAssaviy ─ g‘ariblar, faqirlar shoiri. U mol-dunyoga hirs qo‘ymagan, topilganiga qanoat qilgan, yo‘g‘iga sabr etgan, lekin butun fikri-zikri Allohda bo‘lgan mo‘min bandani kuylaydi. YAssaviy shunday shaxsni faqir sanaydi.
YAssaviy talqinidagi yuksak ishq martabasida kofirlik va mo‘minlik yo‘q. Oshiqlik shunday bir mazhabki, unda birovga ozor berish qatag‘ondir: “Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor, Ko‘ngli qattiq dilozordan xudo bezor”. Bulardan ko‘rinyaptiki, «Devoni hikmat» islom g‘oyalari, shariat hukmlari, payg‘ambar sunnatlari va yassaviya tariqatiga tegishli qarashlarni keng omma orasiga olib kirish maqsadida yaratilgan.
Ahmad YAssaviy ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan mashg‘ulotda “Devoni hikmat”ga kirgan asarlarning badiiyatiga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Aks holda, talabalarda hikmatlar mutasavvif g‘oyalarining qofiyali va vaznga solingan ifodasi xolos, degan tasavvur paydo bo‘lib qolishi mumkin. To‘g‘ri, «Devon»ga kirgan ayrim she’rlarda tasvir emas, ta’lim, aqidalarni o‘rgatish maqsad qilib olinganligi sababli, ularning badiiylik darajasi hamisha ham yuqori emas. Hikmatlarda poetik san’atkorlik yaqqol ko‘rinib turgan satrlar juda ham ko‘p emas. Hazrat YAssaviy uchun she’r so‘fiyona qarashlarni ifodalash vositasigina bo‘lgan.
SHunday bo‘lsada, hikmatlarning aksariyatida to‘q, serma’no va serohang qofiyalar, esda uzoq saqlanib qoladigan nozik qochiriqlar, go‘zal o‘xshatishlar, ingichka ifodalar bor. Ifodaning soddaligi, tuyg‘ular samimiyati, ohang jo‘shqinligi aksariyat hikmatlarga joziba bag‘ishlaydi. Quyidagi satrlarda ayni shu holatni ko‘rish mumkin bo‘ladi:
Ko‘zim namlik, dilim g‘amlik, jon alamlik,
Nechuk iloj etorimni bilmam, do‘stlar.
Bu hasratda, nadomatda yoshim oqib,
Qayu taraf ketorimni bilmam, do‘stlar.
Muallif dunyoda uyg‘oq vijdon, quvvatli iymon bilan yashashga da’vat etadi. Tasvirlanayotgan benihoya samimiy tuyg‘ular dunyodagi barcha odamlarga xayrixohlik istagan pokiza qalbdan chiqqan sezimlardir. Birinchi bandning birinchi misrasidagi «namlik»-«g‘amlik»-«alamlik», uchinchi satrdagi «hasratda»-«nadomatda» tarzidagi ichki qofiyalar hikmatga alohida ohangdorlik, musiqiylik bag‘ishlagan.
SHe’rning ikkinchi bandi to‘lig‘icha chin oshiqning bezovta ruhi ifodasi deyish mumkin. Unda olamga oshiq ko‘zi bilan sergak va teran nazar tashlagan shoir boshqalar payqamaydigan «turlu-turluk alomatlar»ni ko‘ra bilgani aks etadi. Qofiya vazifasidagi «alomatlar», «jarohatlar» so‘zlarining misra o‘rtasida kelishi va «bo‘ldi paydo» birikmasining takrorlanishi o‘quvchi diqqatni o‘ziga jalb etadi:
Turluk-turluk alomatlar bo‘ldi paydo,
YUragimda jarohatlar bo‘ldi paydo,
Bu dunyoda lahza forig‘ bo‘lmoq qaydo?
Nechuk iloj etorimni bilmam, do‘stlar.
SHe’rning uchinchi bandida «kechalari», «kunduzlari» singari tazod san’atidan foydalanish va «bo‘lsam» so‘zining takror kelishi muallif ruhiyatidagi qat’iyat va shijoatning bo‘rtiq ifodalanishiga olib kelgan:
Xos qullardek kechalari qoim bo‘lsam,
Mardonlardek kunduzlari soim95 bo‘lsam,
Kechalari orom olmay, rabbim desam,
Nechuk iloj etorimni bilmam, do‘stlar.
Hikmatning so‘nggi bandida shoir go‘yo o‘zining ma’naviy-tasavvufiy dasturini bayon qiladi. Undagi ketmon chopib non emagan kishi dehqon sanalmaganidek, o‘z jonini Haq xizmatiga bag‘ishlamagan solik ham oshiq hisoblanmasligi tasviri o‘quvchida muallif shaxsiga mehr uyg‘otadi:
Qul Xoja Ahmad haq xizmatida jon bermasa,
Dehqon emas, ketmon chopib, non emasa,
Ochilmag‘ay, gul g‘unchasi nam bo‘lmasa,
Nechuk iloj etorimni bilmam, do‘stlar.
SHe’rda Alloh yo‘liga kirgan odamning qat’iyati ham, ayni vaqtda bir banda sifatidagi ojizu chorasizligi ham ajib bir samimiyat bilan tasvirlangan.
Hikmatlarning ko‘pchilik qismi to‘rtlik shaklida bitilgan. To‘rtliklar dastlab xalq og‘zaki ijodi namunalarida uchragan. Xalq qo‘shiqlari, termalar, laparlar, ko‘pincha, to‘rtlik shaklida yaratilgan. So‘ngra she’rlarni to‘rtlik shaklida bandlashtirish yozma adabiyotga ham o‘tgan. Aksariyat hikmatlar eski turkiy she’r vazni bo‘lmish barmoqda yozilgan. Jumladan, yuqorida tahlil etgan she’r hijoning o‘n ikki (4-4-4)lik vaznida bitilgan. YA’ni: ko‘-zim-nam-lik (4), di-lim-g‘am-lik (4), jon-a-lam-lik (4). Hikmatlarning 14 (7-7), hatto 16 (8-8) hijoli ko‘rinishlari ham uchraydi.
«Devoni hikmat»dan «Munojotnoma» ham joy olgan. Mumtoz she’rning bir turi bo‘lmish munojotning lug‘aviy ma’nosi «najot» ─ yordam so‘rashdan olingan. Odatda, Allohga qilinadigan iltijolarga munojot deyilgan. Lekin bu erda shoir hikmatlarining xalq orasiga yoyilishini istab, Allohga murojaat qiladi. U hikmatlarning «ma’niyi Qur’on», «koni hadis» ekanini, Alloh kalomi va payg‘ambar sunnatining sharhiligini ta’kidlaydi. “Munojotnoma” aruz vaznining hazaj bahrida bitilgan:
Ma-ni-hik-mat-la-rim-far-mo-ni-sub-hon,
V ─ ─ ─ V ─ ─ ─ V ─ ─
Ma-fo-iy-lun ma-fo-iy-lun fa-uv-lun
O‘-qub-uq-sang-ha-ma-ma’-ni-yi-Qur’-on.
V ─ ─ ─ V ─ ─ ─ V ─ ─
Ma-fo-iy-lun ma-fo-iy-lun fa-uv-lun
Ayrim hikmatlar g‘azal yo‘lida ham yozilgan. Ta’kidlash kerakki, hikmatlarning hammasiga shoir taxallusi qo‘yilgan. Miqdor jihatdan ko‘pchilikni tashkil qilgan hijo vaznidagi to‘rtlik shaklida bitilgan hikmatlarda ham taxallus bor.
To‘rtlik shaklidagi bandlardan iborat hikmatlardagi bandlar soni har xil: ozi bilan besh, ko‘pi bilan yigirma besh banddan iborat. G‘azal hikmatlarning hajmi olti baytdan o‘n uch baytgacha. Hikmatlar orasida har bayti misralari o‘zaro masnaviy shaklida qofiyalangan hikmatlar ham bor. Ular aruz vaznida bitilgan. Masnaviy shaklidagi hikmatlarning vazni «Munojotnoma»nikiga o‘xshaydi. G‘azal hikmatlarning vazni turli-tuman.
«Devoni hikmat»dagi ayrim she’rlarda badiiy jihatdan bir qadar zaifliklar borligini mutaxassislar bu she’rlarning YAssaviy tomonidan emas, uning izdoshlari tomonidan keyinchalik yozilgan bo‘lishi ehtimoli bilan izohlaydilar. Ular bu da’volariga dalil sifatida, shu paytgacha «Devon»ning XVII asrdan oldin ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasi topilmaganligini keltiradilar. To‘g‘ri, uning eski nusxalari qo‘limizda yo‘q. Lekin qo‘lyozmalari yo‘qolib, mazmuni xalq qalbida saqlanib qolgan buyuk asarlar jahon adabiyotida ko‘plab topiladi. SHota Rustaveli va SHekspir asarlarining ham qo‘lyozmalari saqlanmagani ularning buyukligiga soya solgan emas.
Qolaversa, Navoiyki hazrati YAssaviyga shu qadar yuksak baho berib, shogirdi Sulaymon Boqirg‘oniyning hikmatlarini tilga olgan ekan, YAssaviyning ham yuksak badiiyatga ega hikmatlar aytgani, shubhasiz. Ayni paytda, bu she’rlarning ma’lum bir qismini Ahmad YAssaviyning muridlari, izdoshlari uning nomidan to‘qigan bo‘lishi mumkinligini ham butunlay inkor qilib bo‘lmaydi. Negaki, XVII-XIX asrlarda tuzilgan va Kunchiqish yurtlarining turli joylarida «Devoni hikmat» nomi bilan tarqalgan bu to‘plamlar bir-birlaridan ko‘lami, mazmuni va saviyasiga ko‘ra jiddiy farqlanadilar. CHunonchi, «Qul Xoja Ahmad», «Xoja Ahmad», «Miskin Ahmad» kabi taxalluslar bilan berilgan hikmatlar qatorida Azimxo‘ja, Faqiriy, G‘aribiy, Xolis, Hoji Solih, Iqoniy, Qul SHarifiy, Sayfiddin, Zaliliy kabi ko‘plab boshqa ijodkorlarning asarlari ham uchraydi. Hikmatlarning umumiy soni hozircha 250 atrofida. Hikmatlar adadi bundan ancha ko‘p bo‘lishi ham mumkin. Hozirgacha ham YAssaviy qalamiga mansub hikmatlar topilmoqda. SHoir hikmatlarining birida YAssaviyning 4400 hikmat aytganiga ishora qilinadi:
Qul Xoja Ahmad har bir so‘zing dardga darmon,
Toliblarga bayon qilsam, qolmas armon.
To‘rt ming to‘rt yuz hikmat aydim, haqdan farmon,
Farmon bo‘lsa, to o‘lguncha so‘zlasam man.
Hikmatlarning tili XII asrdagi boshqa asarlarning tilidan keskin farq qiladi. Ehtimol, hikmatlar tili asrlar osha o‘zgarib, yangilanib, har bir xattot tomonidan davrga moslashtirib borilgan. Bu ishni YAssaviyning izdosh va muxlislari qilishgan.
«Devoni hikmat» birgina Turkiston xalqlari emas, butun turk olami ma’naviyatining bugungi kungacha eskirmay kelayotgan muhim hodisasi sanaladi. U shimolda tatar-boshqird, g‘arbda usmonli, sharqda uyg‘ur adabiyotlariga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. YUnus Emroning «ilohiylar» deb atalgan she’rlarining maydonga kelishida Ahmad YAssaviy hikmatlarining hal qiluvchi o‘rni borligi yaqqol seziladi. SHamsiddin Zakiy, Abdurahim O‘tiz Emaniy, Qayum Nosiriy, Rizo Faxriddin kabi tatar-boshqird ijodkorlari “Devoni hikmat” ta’sirini e’tirof etadilar.
Hazrat Ahmad YAssaviy asos solgan an’analar, ayniqsa, o‘zbek adabiyotida chuqur iz qoldirgan. Bu an’analar milliy adabiyotimizning quyidagi yo‘nalishlarda ko‘zga tashlanishi talabalarga bildirilishi maqsadga muvofiq:
1. Turkiy so‘fizm asoschisi ilgari surgan qarashlarni qabul qilish, jahriya qoidalariga amal qilish, ularning targ‘ibiga bag‘ishlab hikmatlar yozish. Tariqat va she’riyatda uning izidan borib ijod qilgan o‘nlab turkistonlik shoirlar bor. Bulardan eng mashhurlari: xorazmlik Hakim ota ─ Sulaymon Boqirg‘oniy va SHayboniyxonning inisi Muhammad Sultonning o‘g‘li, Buxoroning xoni Ubaydullaxon «Qul Ubaydiy» taxallusi bilan YAssaviy hikmatlari yo‘lida ko‘plab she’rlar yozgan.
2. Bir qator turkiy shoirlar o‘z asarlarida YAssaviy shaxsiga tez-tez murojaat qiladilar, she’r bag‘ishlaydilar, asarlarida unga murojaat qiladilar, hikmatlaridan iqtibos oladilar, shayxul mashoyixning ayrim tashbihu tamsillarini sharhlashga urinadilar. Bu holni birgina XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida yashab ijod qilgan YUsuf Saryomiy misolida ko‘rish mumkin. U hazrat Ahmad YAssaviy to‘g‘risida shunday yozadi:
Ey, koshifi haqoyiq asrori sodiqin,
Vey, voqifi daqoyiq, mushkbo‘yi xoriqin.
Rushd tariqi, hodiyi irshod tolibin,
Ey, qulzumi hidoyat, burhoni oshiqin,
Keldim g‘ubori dargahinga surgali jabin,
Ey, maxzani karomatu sulton il-orifin.
3. YAssaviyning so‘fiyona tamsil va ifodalari keyingi ijodkorlarda yangi jilo va ohangda namoyon bo‘ldi. YAssaviy turkiy adabiyotdagi ilk mutasavvif bo‘lganligidan, uning she’riyati san’at jihatidan hamisha ham yuksak emas edi. Hikmatlardagi obrazlar ba’zan bir qadar soddavash, ifodalar goho notekis, ohanglarda doim ham ravon bo‘lmagan bo‘lsa, shoirning keyingi izdoshlari tasvir mahoratini yuksaltirishga urindilar.
Ijtimoiy talotumlar davri bo‘lmish XX asrning boshlarida zamon shoirlari YAssaviy hikmatlarining shakliy xususiyatlaridan foydalanishga katta e’tibor qildilar. Bugun esa hikmatlar egamanlik davrining talab va ehtiyojlari, millat va vatan manfaati nuqtai nazaridan qayta kashf etilmoqda. Qisqa muddatda, «Devoni hikmat» bir necha bor bosilib chiqdi. YAssaviyga bag‘ishlangan o‘nlab she’rlar maydonga keldi. Taniqli yozuvchi Sa’dulla Siyoev u haqda ikki kitobdan iborat roman yozdi.
Savol va topshiriqlar
1. YAssaviyning hayot yo‘li, mutasavvif shayx va shoir sifatidagi tariqati haqida to‘xtaling.
2. Allohni tanimoqchi bo‘lgan solikning pirga muhtojligi sababini izohlang.
3. «Devoni hikmat»ga kiritilgan she’rlar, bu she’rlarning mazmun-mundarijasi haqida to‘xtaling.
4. «Devoni hikmat»dagi she’rlarning badiiy xususiyatlari, ta’sirchanligi sabablari haqida mulohaza yuriting.
5. «Devoni hikmat»dagi «ishq, oshiq» obrazlarini sharhlang.
6. «Boshim tufroq, o‘zim tufroq, jismim tufroq» satrlari ma’nosini anglating. «Tufroq» so‘zi ma’nolarini izohlang.
7. «Devoni hikmat»ning keng tarqalishi sababini ko‘rsating.
8. YAssaviy she’riyatining o‘zbek mumtoz adabiyotiga ta’sirini sharhlang.
OLtin O‘rda adabiyoti
Dostları ilə paylaş: |