Talabalar mustaqil ishlarining mazmuni va asosiy shakllari
“Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash” fani bo‘yicha talabalar mustaqil ishlarini tashkil etish ularda iqtisodiy bilim, dunyoqarash, ijtimoiy faollik va mustaqil fikrlashni shakllantirishga qaratilgan tadbirlar tizimini o‘z ichiga oladi. U ishchi o‘quv rejasi va fanning ishchi dasturida ko‘zda tutilgan zarur bilimlar va ko‘nikmalarning talabalar tomonidan oqilona, kam vaqt va kuch sarflab o‘zlashtirilishini ta’minlaydi.
“Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash” fanini mustaqil ishni bajarish asosida o‘qitish jarayonini takomillashtirish, talabaning qiziqishlarini, anglash faolligini yanada rivojlantirish yo‘nalishida boradi, bunda ijodiy fikrlash, mustaqil o‘qish, o‘rganish, ko‘nikma va layoqatlari shakllanadi.
Talabaning mustaqil ishi – muayyan fandan ishchi o‘quv dasturida belgilangan bilim, ko‘nikma va malakaning ma’lum bir qismini talaba tomonidan fan professor-o‘qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida o‘zlashtirishiga yo‘naltirilgan tizimli faoliyatdir.
Mustaqil ishni bajarishdan asosiy maqsad – professor-o‘qituvchilarning bevosita rahbarligi va nazorati ostida talabalarni semestr davomida fanni uzluksiz o‘rganishini tashkil etish, olingan bilim va ko‘nikmalarni yanada mustahkamlash, kelgusidagi o‘quv mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish, aqliy mehnat madaniyatini, yangi bilimlarni mustaqil ravishda izlab topish va qabul qilishni shakllantirish hamda shu asosda universitetda raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga erishishdan iborat.
TDIU rektorining 2016 yil 22 iyuldagi “Universitetda reyting tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 207-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risida Nizom” talablariga muvofiq talabalar mustaqil ishini shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin:
- auditoriyada amalga oshiriladigan ishlari, o‘tilgan mavzuni qaytarish va mustahkamlashga oid topshiriqlar bajariladi;
- auditoriyadan tashqarida amalga oshiriladigan ishlari, o‘quv dasturidagi ayrim mavzularni mustaqil holda o‘zlashtirish, uyga berilgan vazifalarni bajarish, amaliy va laboratoriya ishlariga tayyorgarlik ko‘rib kelish, ijodiy va ilmiy tadqiqot xarakteridagi ishlar va h.k.
Birinchi turdagi ishlar talabalarning nazariy va amaliy bilimlarini o‘zlashtirib borish darajasi, amaliy mashg‘ulotlarga (amaliyot, laboratoriya, seminar darslari) tayyorgarlik saviyasi va uy vazifalarining bajarilish sifatini tekshirish maqsadida, odatda, nazorat ishlari olish, savol-javob, suhbat, munozara, referat, esse kabi topshiriqlarni bajartirish va boshqa usullarda asosan amaliyot darslarida nazorat (joriy nazoratda) qilinadi.
Joriy nazoratda talabaning mashg‘ulotlar paytida o‘tilgan materiallarni o‘zlashtirish va uyga berilgan topshiriqlarni bajarishdagi faolligi, bajarish saviyasi va o‘zlashtirish darajasi e’tiborga olinadi.
Ikkinchi turdagi ishlar fanning ishchi o‘quv dasturida auditoriyadan tashqarida o‘zlashtirishi uchun belgilangan mavzu bo‘yicha ma’lumot va axborotlarni mustaqil ravishda izlab topish, tahlil qilish, konspektlashtirish (yoki referat tarzida rasmiylashtirish) va o‘zlashtirish, ijodiy yondashuvni talab qiladigan amaliy topshiriqlarni bajarish ko‘rinishida amalga oshiriladi. Bu turdagi ishlarni bajarish jarayoni va o‘zlashtirish sifatining nazorati darsdan tashqari paytlarda, maxsus belgilangan maslahat soatlarida amalga oshiriladi. Professor-o‘qituvchi jurnalida talabalarning mustaqil ishlari jurnalning tegishli betlarida qayd etiladi.
“Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash” fani bo‘yicha talabalar mustaqil ishlarini tashkil etishda joriy, oraliq va yakuniy nazoratlar jarayonida talabalarning akademik o‘zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakl va turlaridan foydalanish tavsiya etiladi:
Dostları ilə paylaş: |