Ish haqi va foyda nazariyalari. D.Rikardoning ish haqi nazariyasi
yoki uning yozishi bo‘yicha
“mehnatning tabiiy bahosi” va
“mehnatning bozor bahosi” T.Maltusning nazariy qoidalariga
asoslanadi.
“Mehnatning tabiiy bahosi” bu ishchining yashashi va o‘z
naslini davom ettirishi uchun zarur bo‘lgan baho hisoblanadi. U
olinadigan pul miqdoriga emas, balki unga sotib olinishi mumkin
bo‘lgan zaruriy vositalar miqdoriga bog‘liq.
“Mehnatning bozor bahosi” mehnatga bo‘lgan talab va taklifning real nisbati asosida shakllanadigan
haq sifatida tavsiflanadi. D.Rikardo bo‘yicha, ish haqi dinamikasi
ishlovchi aholining soniga bog‘liq, negaki ishlovchi aholining soni
ishchi kuchi taklifiga ta’sir ko‘rsatadi. Ishlovchi aholining tabiiy
o‘sishiga bog‘liq holda mehnatga bo‘lgan talab va taklif shakllanadi,
demak ish haqi ham tebranib turadi. Aholining o‘sish sur’atidan kelib
chiqqan holda, ish haqi pasayish moyilligiga ega deb hisoblaydi,
uningcha, ish haqi talab va taklif bilan tartiblanib turiladi, ishchilarning
soni esa doimo ko‘payib boradi, ularga bo‘lgan talab esa sekin oshadi.
D.Rikardo o‘zining bu pessimistik qarashlarini tasdiqlashga urinib, ish
haqining oshishi tovarlar bahosining oshishidan sekin yuz beradi,
natijada ishchi ish haqi va baho oshgan davrgacha xarid qilishi mumkin
bo‘lgan tovarlarga qaraganda kamroq tovar sotib olishga majburligini
qo‘shimcha ham qiladi. Lekin ish haqini tartibga soluvchi turuvchi
“omillarini” tadqiq qilgach, ish haqining pasayish moyilligi faqat uning
davlat tomonidan tartibga solinmaydigan “xususiy va erkin raqobat
bozori” sharoitida amal qilishi mumkinligiga izoh berib o‘tadi.
D.Rikardoda
foyda ishchining haq to‘lanmagan mehnati natijasi
sifatida tavsiflanadi. Erkin
raqobat sharoitida foyda, xuddi ish haqiga
o‘xshab, pasayish moyilligiga ega, chunki
jamiyatning rivojlanib va boyib borishi bilan qo‘shimcha talab qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishga ketadigan mehnat sarflari ko‘payib boradi. Lekin shu yerda
u haqli ravishda, foydaning pasayish moyilligi muayyan vaqt o‘tgandan
keyin
ishlab
chiqarishda
foydalanayotgan
mashinalarni
takomillashtirish, agronomiya yutuqlaridan foydalanish tufayli yuz
beradi, deb qayd qilib o‘tadi.