Yarim sharlar po'stlog'idagi nerv hujayralarini orqa miya bilan tutashtiruvchi nerv yo'llari bosh
miyaning quyi qismida kesishadi. Buning natijasida chap yarim shardagi nerv markazlari odam
tanasining o'ng tomonidagi to'qima va a'zolar, o'ng yarim shardagi nerv markazlari esa tananing
chap tomonidagi to'qima va a'zolar ishini boshqaradi.
Bosh miya yarim sharlarining ichki (po'stloq osti) qismi oq moddadan iborat bo'lib, u miya
po'stlog'idagi nerv hujayralarining o'simtalaridan tashkil topgan. Ular miya po'stlog'ining turli
qismlaridagi hujayralarni, ya'ni nerv markazlarini bir-biri bilan va bosh miyaning quyi qismidagi
(miya stvolidagi) markazlar bilan bog'laydi.
Ma'lumki, gapirish qobiliyati barcha tirik mavjudotlar ichida odamda rivojlangan. Shuning uchun
ham gapirish markazining joylashishi o'ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy gapirish markazi chap
yarim shar po'stlog'ining chakka qismida joylashgan. Bu joydagi miya to'qimasi zararlansa, odam
gapirish qobiliyatini yo'qotadi. O'ng yarim shar po'stlog'ining chakka qismida gapga ohang,
intonatsiya berish markazi joylashgan. Bu markaz zararlansa, chap yarim shardagi gapirish markazi
orqali odamning gapirish qobiliyati saqlanaveradi, lekin gapining ohangi, intonatsiyasi bo'lmaydi,
ya'ni gap qo'pol bo'ladi. Bunday odam oldin eshitgan musiqalarni unutib qo'yadi, ya'ni musiqa
ohangi farqini bir¬biridan ajrata olmaydi.
Shunday qilib, bosh miya yarim sharlarining po'stloq qismida joylashgan oliy nerv markazlari odam
tanasining barcha to'qima va a'zolari ishini boshqaradi.
Dostları ilə paylaş: