« Berilgan tovushga mos so‘zlar topish» o‘yini. Bu o‘yinni yakka va guruhli tarzda tashkil etish mumkin. Bu o‘yinni ham kompyuterda yoki oddiy kartochkalar bilan o‘tkazish mumkin. Berilgan tovush ishtirok etgan va ishtirok etmagan rasmlar tarqatiladi. Logoped tovushni aytadi. Boladan rasmlar ichidan shu tovushga mos so‘zlar tasvirlangan rasmlarni ajratish taklif etiladi.
«Moychechak» o‘yini. Bu o‘yinda bolalarga moychechak gulining gulbargalarini asosiga biriktirib gul hosil qilish so‘raladi. Bunda bolalarga ma’lum bir tovush, ya’ni bola nutqiga kiritilayotgan yoki mustahkamlanayotgan tovush beriladi. Moychechak gulining o‘rtasiga shu tovushni bildiradigan harf yozib qo‘yiladi. Bolalardan boshqa gulbargalar ichidan shu tovush ishtirok etgan rasmlar tasvirlanganlarini olish, so‘zni aytish, tovush o‘rnini aniqlash taklif etiladi.
«Rang-barang pufaklar» o‘yini. Bu o‘yinni tovushlarni farqlashda o‘ynash mumkin. O‘yinning borishi. Turli xil rangdagi pufaklarga ikkita farqlanishi kerak bo‘lgan tovushlar ishtirokidagi rasmlar yopishtiriladi. Boladan rang- barang pufaklarni farqlanishi lozim bo‘lgan tovushlar asosida ajratish taklif etiladi. Masalan: S-Sh tovushlarini farqlash. Bola pufaklardagi rasmlarni nomlashi va rasmda qaysi tovush ishtirok etgan bo‘lsa, o‘sha tovush ishtirok etgan rasmlar tasvirlangan pufaklar tomonga ajratishi so‘raladi.
«Oppoqoyga olma terishda yordam ber» o‘yini. O‘yinning borishi: Bu o‘yinda ham bolaga nutqiga kiritilayotgan tovush ishtirok etgan tovush, (bo‘g‘in, so‘z) predmetli rasmlarni ajratish taklif etiladi.
«Baliq ovi» o‘yini. O‘yinning borishi: Logoped baliq tasviri tushirilgan kartochkalarga o‘rganilayotgan tovush ishtirokidagi (bo‘g‘in, so‘z) predmetli rasmlarni yopishtirib qo‘yadi yoki kompyuterda shu rasmlar qo‘yib chiqiladi. Boladan baliq ovlash so‘raladi. Bola baliqlar ichidan berilgan tovushga mos rasmli baliqni tutsa, u baliqni tuta olgan, agarda, boshqa tovushli baliqni tutsa u o‘yindan chiqqan hisoblanadi. Bu o‘yinni kompyuterda turli effektlar, ovozlar va animatsiyalar bilan yaratish va o‘tkazish bolalarga katta zavq bag‘ishlaydi.