Sharqda psixologik qarashlarning paydo bo’lishida buyuk Sharq mutafakkirlarining roli katta bo’lgan. Ular orasida Al-Xorazmiy, Al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug’bek kabilar o’zlarining inson psixikasi va yosh avlodni tarbiyalashga doir boy fikrlar va qarashlarini meros sifatida qoldirganlar. Ular orasida ayniqsa Abu Ali ibn Sinoning mantiq, metafizika, tabiiy fanlar, ayniqsa, tibbiyot haqidagi fikrlari o’sha davr ilmiy taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi. U maxsus psixologik muammolar bilan shug’ullangan olimlardan biridir.
Abu Ali ibn Sinoning ruh, asab tizimi haqidagi qarashlari katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, uning temperament xususiyatlariga qarab yondashish zarurligi haqidagi fikrlari ming yildan so’ng ham zamonaviy psixologiyada o’z qimmatini yo’qotmagan. Abu Ali ibn Sino dunyoda birinchi bo’lib psixoterapevtik usullarni qo’llab ko’rgan olimlardan biridir. Asta-sekin ruh haqidagi tushuncha hayotning barcha ko’rinishlariga emas, faqat hozir biz psixika deb atalgan darajaga nisbatan qo’llana boshlandi.