2. O`zlik nisbat
Bu nisbatdagi fe’lda harakatning subyekti bilan obyekti bir shaxsning o`zi bo`ladi. Masalan: Men har tong Toshkentning go`zilligi, fayzi bilan zavqlanaman (U.Mahkamov) gapida zavqlanaman fe’li tarkibida kelgan –lan qo`shimchasi harakatning subyekti bilan obyekti men shaxsi ekanligini ko`rsatib turibdi.
O`zlik nisbati quyidagi affikslar bilan yasaladi:
a) fe’l negiziga unlidan so`ng –n, undoshdan so`ng –in qo`shish bilan: maqta-n, o`ra-n, yuv-in, kiy-in kabi;
b) fe’l negiziga unlidan so`ng –l, undoshdan so`ng –il qo`shish bilan: surka-l, shosh-il kabi;
v) –lan (-la+-n dan tuzilgan qo`shma affiks) affiksini qo`shish bilan: zavq-lan, tinch-lan, shod-lan kabi;
g) –ish qo`shimchasini qo`shish bilan: ker-ish kabi.
So`ra, bor, yugur kabi fe’l negizlaridan (o`timli, ba’zi bir o`timsiz) o`zlik nisbati yasalmaydi.
3. Majhul nisbat
Bu shakldagi fe’lda harakat bajaruvchisi subyekt (ega) emas, obyekt (to`ldiruvchi) sanaladi yoki harakatning haqiqiy bajaruvchisi noma’lum bo`ladi.
Masalan: Ot-aravalar birin-ketin saroyga olib kirildi (H.G`.) gapida olib kirildi harakatining bajaruvchi subyekti noma’lum, ot-aravalar so`zi ega vazifasida kelsa-da, obyekt vazifasini bajargan.
Kesimi majhullik nisbatidagi fe’l bilan ifodalangan gap qurilishi tilshunoslikda passiv konstruktsiya deb yuritiladi.
Majhul nisbat quyidagi qo`shimchalar bilan yasaladi:
a) fe’l negiziga unlidan so`ng –l, undoshdan so`ng –il affiksini qo`shish bilan: yasa-l(-di), ata-l(-di), yut-il(-di), sot-il(-di) kabi;
b) fe’l negiziga unlidan so`ng –n, undoshdan so`ng –in affiksini qo`shish bilan: bastala-n(-di), ol-in(-di) kabi.
Majhul nisbatdagi fe’lni hosil qilishda –l (-il) affiksi ko`proq qo`llanadi. Ba’zan ayni bir fe’l negizidan –l (-il), -n (-in) affikslari bilan ham o`zlik, ham majhul nisbat yasalishi mumkin. Bunday bir xil shaklda kelgan bir xil fe’l negizining o`zlik yoki majhul nisbatda ekanligi matndan aniqlaniladi. Masalan: Zulfiya darsga tayyorlandi. Muolajaga tibbiy uskunalar tayyorlandi.
Dostları ilə paylaş: |