Tilning paydo bo`lishi
Olimlarning taxminiga ko`ra, til ibtidoiy jamoa tuzumi davrida paydo bo`lgan. Bunga shubha qilishga o`rin yo`q, chunki insoniyat tarixi shu davrdan boshlanadi. Inson inson deb atalishi uchun u hayvonot olamidan ajralib chiqishi lozim edi. Tilning paydo bo`lishi mazkur jarayonni boshlab berdi. Xo`sh, eng universal aloqa vositasi bo`lgan til qanday paydo bo`lgan? Bu o`rinda biz hozir yer yuzida mavjud bo`lgan uch mingga yaqin tilni nazarda tutayotganimiz yo`q, balki umuman dastlabki tilni nazarda tutmoqdamiz.
Dastlabki tilning paydo bo`lishi haqida hech qanday yozma ma’lumot yo`q, chunki yozuvning, ya’ni og`zaki nutqni uzoq masofaga, uzoq davrga yetkazish vositasining o`zi ancha keyin paydo bo`ldi. Demak, dastlabki tilning qachon, qayerda va qanday paydo bo`lganligini faqat taxmin qilish mumkin. Bu uchta savolga taxminan quyidagicha javob berish mumkin: dastlabki til fikrlovchi inson shakllangan paytda, shunday inson paydo bo`lishi mumkin bo`lgan joyda va insonlarning bir-birlariga nimanidir aytish istagi yuzaga kelganligi uchun paydo bo`lgan.
Dastlabki tilning paydo bo`lishi to`g`risida aniq moddiy dalillarning yo`qligi bir qancha farazlarning (ba’zi manbalarda nazariya ham deyiladi) yuzaga kelishiga sabab bo`lgan.
1. Tovushga taqlid nazariyasi qadimgi Yunonistonda antik davrda (eramizdan oldingi 1-2 asrlarda) stoiklar degan faylasuflar guruhi tomonidan shakllantirilgan bo`lib, unga ko`ra inson tili tabiatdagi turli tovushlarga taqlid qilish asosida paydo bo`lgan emish. Haqiqatan ham, deyarli barcha tillarda tovushga taqlid bildiruvchi so`zlar mavjud. Masalan, o`zbek tilida taq-tuq, shitir-shitir; rus tilida gav-gav (it hurishiga taqlid), kva-kva (qurbaqa ovoziga taqlid), ga-ga (o`rdak ovoziga taqlid) kabi so`zlar bor va hatto shu so`zlar asosida bir qancha so`zlar ham yasalgan: shitirlamoq, taqa, kvakayet, gavknul. Bu nazariyaning g`ayri-ilmiy nazariya ekanligi quyidalarda namoyon bo`ladi:
1) tovushga tiqlid so`zlar barcha tillarda ham juda ozchilikni tashkil etadi va lug`at tarkibidagi boshqa so`zlarning qanday kelib chiqqanligini bu nazariya asoslab bera olmaydi;
2) mantiqan fikrlaganda, rivojlangan tillarga nisbatan rivojlanmagan tillarda bunday so`zlar ko`p bo`lishi kerak edi, vaholanki, tekshirishlar buning aksini ko`rsatadi;
3) qadimgi odamning hali uncha rivojlanmagan hiqildog`i bunday so`zlarni talaffuz qilishga moslashmagan.
2. Undov nazariyasi eramizdan oldin yashab o`tgan Epikur (341-270) degan faylasuf tarafdorlari bo`lmish epikuristlar tomonidan o`ylab topilgan nazariya bo`lib, unga ko`ra til insonning his-tuyg`ularini ifodalaydigan oh, uf, dod kabi undov so`zlar asosida yuzaga kelgan emish. To`g`ri, taqlid so`zlar kabi undov so`zlar ham har bir tilning lug`at tarkibida mavjud va ular asosida ham yangi so`zlar hosil qilish mumkin: uflamoq, dodlamoq kabi. Bu nazariya ham quyidagi kamchliklarga ega:
1) undov so`zlar ham barcha tillarda juda ozchilikni tashkil etadi va bu nazariya ham lug`at tarkibidagi boshqa so`zlarning qanday kelib chiqqanligini asoslab bera olmaydi;
2) inson o`z his-tuyg`usini yolg`iz qolganda ham ifodalashi mumkin, vaholanki, tilning asosiy vazifasi aloqa-aralashuv vositasi bo`lishdir.
3) bu nazariya tilning paydo bo`lishini ong bilan emas, his-tuyg`u bilan izohlab qo`ya qoladi.
Dostları ilə paylaş: |