Nuqt tozaligi va buzadigan omillar Nutqning sofligi deganda uning adabiy til me’yorlariga muvofiq kelish, ya’ni noadabiy qatlamlardan xoli bo‘lishi ko‘zda tutiladi.
Nutqning sofligiga putur etkazadigan lisoniy unsurlar, ya’ni noadabiy qatlamlarga dialektizmlar, varvarizmlar (chetdan kirgan so‘zlarni noo‘rin, haddan tashqari ko‘p ishlatish) arxaizm kabilar kiradi.
Nutqning sofligini ta’minlash uchun uni keraksiz so‘z va iboralardan holi bo‘lishga erishish lozim. SHuningdek, har bir uslubni o‘z o‘rnida qo‘llash ham nutqning sofligini ta’minaydi. Masalan: A.Qahhorning “Nutq” hajviy hikoyasidagi qahramon nutqi notabiy va samimiy nutqqa misol bo‘la oladi.:
“O‘rtoq rafiqam! Ijozat berasiz, xushchaqchaq hayotimizni sharaf bilan davom ettirib, oilaviy burchimizni namunali qilayotganimizga bir yil to‘lgan kunda sizni bevosita tabrik qilishga!” E’tibor bering: suhbatda o‘nlab, yuzlab, kishi emas, faqat ikki kishi er va xotin ishtirok etyapti. Avval xotin bu gaplarni hazil deb o‘ylaydi, “qiyqirib chapak chaldi”. Ammo notiq jiddiy qiyofada nutqni davom ettiradi. “Birinchidan”, “ikkinchidan” deb oiladabir yil davomida ro‘y bergan yutuq va kamchiliklarni sanab o‘tadi va nutqni shunday yakunlaydi: “Shu bilan qisqacha so‘zimni tamom qilib, oilamiz bundan keyin ham sharaflar bilan qoplanajagiga to‘la ishonch bildirishga ijozat bering”.
Notiq nutqini tugatgandan keyin yana asliga qaytadi. U o‘zini keng eshituvchilar ommasiga mo‘ljallangan “notiq” deb hisoblaydi, qanday vaziyatda nima gapirishni bilmaydi. Tilning amaliy qonuniyatlarini sayoz tushunadi. Natijada nutqi notabiiy va kulguli chiqadi. Til zargari A.Qahhor ana shunday, o‘z ta’biri bilan aytganda, “bisotidagi bir hovuch so‘zni aylantirib kun ko‘rib yurgan” lektor ustidan kulib.
Og‘zaki nutqda ba’zan uchrab turadigan so‘kinish haqorat, qarg‘ish so‘zlari jamiyatimizning axloq me’yorlariga zid hodisa sifatida nutqimiz sofligiga ham salbiy ta’sir qiladi.
So‘zlashuv nutqida ba’zan notiq o‘z nutqini nazorat qilmaganligi, bee’tiborligi oqibatida ayrim ortiqcha so‘zlarni takrorlashga o‘rganib qoladi. Xush, demak, masalan, ya’ni so‘zlari shular jumlasidandir.
Bir ma’ruzachining ma’ruzasini kuzatgan taniqli olim A.Ahmedov ma’ruzachi o‘z nutqida o‘rtoqlar so‘zini 101 marta, ya’ni so‘zini 73 marta, demak, so‘zini 60 marta takrorlaganini e’tirof etadi.
Bir soatlik nutqda 234 ta “bekorchi” so‘z ishlatilgan. Bunday so‘zlar ham nutq madaniyatiga yot so‘zlardir.
Demak, nutq sohibi o‘z nutqini ustida tinimsiz ishlashi, nutqni nazorat qilishi, tilga mas’uliyat bilan yondoshishi lozimdir.
NUTQNING BOYLIGI O‘zbek tili nutqining rang-barangligini ta’minlovchi lisoniy hodisalarga boyligi bilan ajralib turadi. Ana shunday lisoniy hodisalardan eng muhimi so‘zlardagi ko‘p ma’nolilikdir. So‘z ma’nosiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: bir ma’noli so‘zlar, ko‘p ma’noli so‘zlar. Bir ma’noni anglatgan so‘zlar bir ma’noli so‘zlar, bir necha ma’noni anglatgan so‘zlar esa ko‘p ma’nolidir. Masalan, chumchuq – bir ma’noli so‘z hisoblanadi. Ko‘z so‘zi esa ko‘p ma’noli so‘zdir: odamning ko‘zi, xayvonning ko‘zi, yog‘ochning ko‘zi; yoqa: ko‘ylakning yoqasi, suvning yoqasi, yo‘lning yoqasi. Nutqning boyligini ta’minlashda ko‘p ma’noli so‘zlarning har bir ma’nosini bilish taqozo etiladi. Izohli lug‘atlardan ko‘p ma’noli so‘zlarning har biri alohia izohlanadi. Demak, izohli lug‘atlar bilan ishlash orqali so‘zlarning ma’nolarini o‘zlashtirish mumkin.
Nutqning rang-barangligini ta’minlovchi lisoniy hodisalardan yana biri so‘zlarning shakl va ma’no munosabatlariga ko‘ra turlaridir, ya’ni sinonim, omonim, antonim, paronim so‘zlardir. Ma’lumki, shakli har xil ma’nosi bir-biriga yaqin so‘zlar sinonimlardir. O‘zbek tili, ya’ni nutqi ortiqcha takrorni yoqtirmaydi. Takrorlar uslubiy g‘alizlikni keltirib chiqaradi. Agar so‘zlovchi so‘zning sinonimlarini yaxshi bilsa, aynan takrordan xoli bo‘ladi. Lekin ma’noviy sinonimlarni qo‘llashda ma’nodagi nozik farqlarga ehtiyot bo‘lish lozim, chunki ularni har doim birining o‘rniga ikkinchisini qo‘llab bo‘lmaydi: kuldi, jilmaydi, tirjaydi, ishshaydi, tabassum qildi. SHuningdek, uslubiy sinonimlarni ham o‘z o‘rniga qo‘llash talab etiladi. Taomil qildi, ovqatlandi, ovqat edi. Tilimiz shakli bir xil, ma’nosi har xil bo‘lgan so‘zlarga boy. Bunday so‘zlarni omonim so‘zlar deymiz. Ot (atama), ot (hayvon), ot (harakat, otmoq fe’lining o‘zagi): o‘t (maysa, olov, harakat – o‘tmoq fe’lining o‘zagi, tana a’zosi – o‘t pufagi).
Omonim so‘zlar adabiy janr omonim so‘zlardan foydalaniladi va u tajnis san’ati, (ya’ni jinsdosh) deb ataladi.
Men behol aylagan yor oydurur,
Kim aning vasli menga yoroydurur.
Gar visoli bo‘lmasa ketmoq erim,
Yo Xuroson, yo Xitoy, yor oydurur.
Nutqning rang-barangligini ta’minlashda antonim so‘zlarning ahamiyati ham katta. CHunki nutqda zid ma’noli so‘zlarni qo‘llash orqali nutqning ta’sir kuchi oshiriladi. Antonim so‘zlar ham omonim so‘zlarga o‘xshab mumtoz adabiyotda she’riy san’at yaratishda ishtirok etadi. Tazod san’ati “qarshilantirish” ma’nolarini ifodalaydi. Baytlarda zid ma’noli so‘zlarni qo‘llash orqali ta’sirchan badiiy timsollari yaratish ko‘zda tutiladi.
Rahm qilg‘in bandag‘a, ey shoh tangri uchun
Kim etar bizni gado ul sizni sulton aylagan.
Faqatgina so‘zlar sinonim, omonim, antonim bo‘lib qolmasdan iboralar va hatto qo‘shimchalar ham shu xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Boshi ko‘kka etdi – og‘zi qulog‘ida – og‘zining tanobi qochdi (sinonim iboralar).
Ser – li (sinonim qo‘shimcha)
Og‘ziga olmadi (gapirmadi, emadi) – omonim iboralar
chi (so‘z yasovchi, yuklama) – omonim qo‘shimcha.
Mum tishladi – jag‘i ochildi (antonim iboralar)
li, - siz (antonim qo‘shimchalar).
Shuningdek, tilda talaffuzi o‘xshash, ma’nosi esa har xil bo‘lgan paronim so‘zlar ham mavjud. Paronim so‘zlarning talaffuzi nutq sohibidan xushyorlikni talab qiladi. CHunki bunday so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish ma’nosini butunlay o‘zgartirib, boshqa so‘zga aylantirib yuboradi: kasr – qasr, dalil – dadil, otalik – otaliq, bo‘shlik – bo‘shliq, asr- asir, ahl – ahil, o‘n – un, on – o‘n.
Bulardan tashqari, tilimiz ko‘plab grammatik shakllarga ega (kelishik, egalik, so‘z yasovchi, so‘z o‘zgartiruvchi, qo‘shimchalarga, sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi, so‘z birikmalari, gap turlari qo‘shma gapning turlari). Ulardan nutqda o‘z o‘rnida foydalanish nutqining boyligi va rang-barangligini ta’minlaydi.
Nutqiy boylik va rang-baranglikni ifodalashda yuqoridagi lisoniy hodisalardan tashqari lisoniy hodisalar ustida quriladigan intonatsiya ham muhim o‘rin tutadi. Intonatsiya muhim prosodik hodisa bo‘lib, u uzunlik, ton, kuch, tembr, pauza va ularning o‘zaro hamkorligi hamda o‘zaro kompensatsiyasidan tashkil topadi. Intonatsiya nafaqat lisoniy hodisa, balki insoniyatning nihoyatda boy ichki kechinmalari bilan bog‘liq psixologik, nutq uzvlarining faoliyati bilan bog‘liq fiziologik omillar bilan ham bog‘liq bo‘lgan murakkab hodisadir. Mazmunni tinglovchiga etkazishda leksik va grammatik qurilish bilan birga intonatsiyaning ham roli kattadir. CHunki har qanday so‘z va gapning real ma’nosi intonatsiya yordamida oydinlashadi. A.I.Simirnitskiy ta’kidlashicha, “intonatsiyasiz gap intonatsiya olgan gapdan murda jonli tanadan qanday farq qilsa, shunday farq qiladi”. Demak, intonatsiya nutqning ruhidir. Ulug‘ rus qo‘shiqchisi F.I.SHalyapin intonatsiyaga baho berar ekan, “Temir yo‘l poezdni olib yurgandek, intonatsiya fikrni olib yuradi” – deydi. Demak, intonatsiyasiz fikr ifodalash mumkin emas. YAngi bir tilni o‘rganishda ayniqsa, intonatsiya eng qiyin o‘zlashtiriladi.
Shu bilan birga intonatsiya to‘g‘ri talaffuzning muhim unsuri sifatida ahamiyat kasb etadi. Haqiqatdan ham, melodik (ohang) va dinamik (kuch) harakatni to‘g‘ri yo‘naltirish, ma’lum me’yordagi tempda gapirish pauzalardan to‘g‘ri foydalanish, urg‘ularni o‘rniga qo‘yish nutqqa o‘zgacha bir joziba bag‘ishlaydi, tinglovchining diqqatini tortadi. Aksincha, intonatsiyani noto‘g‘ri berish, ya’ni melodik va dinamik harakatni noo‘rin yo‘naltirish (bir maromda) xaddan tashqari tez yoki sekin gapirish, keraksiz o‘rinlarda pauza qilish, urg‘ularni o‘rniga qo‘ymaslik tinglovchini toliqtiradi. Hatto yaxshi mazmunni unga etkaza olmaydi.
Shunisi qiziqki, tilni bilmasdan turib ham, intonatsiyaga maftun bo‘lish ham mumkin: frantsuz tilidagi nazalizatsiya, ital’yan tilidagi ritmiklik, hind va arab tilidagi musiqiylik ushbu tillarning o‘ziga xos intonatsiyasini vujudga keltiradi.
Intonatsiya universal hodisa. Bu uning tabiatidan kelib chiqadi, ya’ni uzunlik, ton, intensivlik, pauza, urg‘u singari cheklangan vositalar yordamida cheksiz imkoniyatlarni yuzaga chiqaradi.
Demak, nutqiy boylik deyilganda til boyliklaridan unumli va o‘z o‘rnida foydalanish ko‘zda tutiladi.