So`zlovchining o`zi bayon etayotgan fikrga bo`lgan turli munosabatini bildiruvchi so`z yoki so`z birikmasi kirish so`z yoki kirish birikma deb yuritiladi.
Kirish so`z, kirish birikma mazmunan butun bir gapga yoki uning biror bo`lagiga tegishli bo`ladi.
Kirish so`z va kirish birikma:
I. So`zlovchining bayon qilinayotgan fikrga bo`lgan turli munosabatini ifodalaydi:
1. Ishonch yoki tasdiqni (albatta, to`g`ri, haqiqatan, darhaqiqat, shubhasiz, so`zsiz kabilar): Albatta, mendan ko`ra paxta ishining ustalari yaxshiroq bilishadi. (J.Abdullaxonov). To`g`ri, til suyaksiz-u, lekin suyakni sindiradi. (SHuhrat).
2. Gumonni (ehtimol, balki, aftidang, chamasi kabilar): Ehtimol, o`z xatolarini tuzatmoqchi bo`lib yurgandir? (P.Qodirov). Aftidan, professorning so`zlari unchalik quvonishga arziydigan emas shekilli. (J.Abdullaxonov).
4. Eslatishni (darvoqe, aytgandek, aytmoqchi kabilar): Aytgandek, sizdan bir nima so`ramoqchi edim... (A.Muxtor). Darvoqe, Anvarga ko`p mehnatim singgan ... (A.Qodiriy).
II. Bayon qilingan fikrning kimga qarashli ekanligini ifodalaydi (menimcha, sizningcha, ularning aytishicha, aytishlaricha kabilar): menimcha, to`g`risini o`z vaqtida aytib, xatoning oldini olgan yaxshidir. (J.Abdullaxonov). Keksalarning aytishicha, o`sha suv tog`ning tirqishidan oqib kelib, manna shu buloqdan chiqarmish. (P.Qodirov). Eshitishimcha, Anorxon bilan musobaqalashishga kelishibsizlarmi? (J.Abdullaxonov). Tadqiqotchi olimlarning fikricha, chinor daraxtini qadim - qadim davrlarda yurt kezuvchi sayyohlar, savdogarlar ... Eron va unga qo`shni mamlakatlardan O`zbekistonga olib kelishgan. (A.Aminov).
III. Bayon qilingan fikrning tarkibini ifodalaydi (avvalo, nihoyat, birinchidan, ikkinchidan kabilar): Nihoyat, xuddi yoshi ulug` odamlardek viqor bilan qadam bosib Asadillo paydo bo`ldi. (F.Musajonov). Birinchidan, bugun hamisha opaning yubiley kechalari, ikkinchidan, ertaga oblastь yosh yozuvchilarining konferentsiyasi ochiladi. (O.YOqubov).
IV. Aytilayotgan fikrning oldingi fikr bilan aloqasini ifodalaydi (demak, xullas, ishqilib, shunday qilib, binobarin, ko`rinadiki kabilar): Xullas, barcha bilan ahillashib ketganligi ko`rinib turardi. (J.Abdullaxonov). Ishqilib, shu oqshomchi so`xbat bekor ketmadi. (J.Abdullaxonov).
Kirish so`z ko`pincha modal so`z bilan, kirish birikma esa so`z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: Chamasi, o`n minutcha yurilsa, salqin va so`lim sayribog` bor edi. (F.Musajonov). Keksalarning aytishicha, bunday paytlarda tepalikning ustida erning nafasini eshitarmishsiz? (O`.Hoshimov).
Kirish so`z va kirish birikma gapning boshida kelib, yozuvda undan keyin, gap oxirida kelib, undan oldin vergul qo`yiladi: Albatta, uning yuzida kasaldan asar ham yo`q ... (F.Musajonov). Achchiq gapirganingiz ma’qul, albatta. (P.Qodirov).