Yoqilg’i mustaqilligi. Mustaqillik yillarida iqtisodiyotning hayotiy muhim tarmoqlari rivojlantirildi, yangi sanoat tarmoqlari bunyod etildi. Bunga mamlakatning yoqilgi mustaqilligiga erishishi yaqqol misoldir. 90-yillarning boshlarida chetdan 6 million tonnaga yaqin neft mahsulotlari keltirilar, 600 ming tonna paxta tolasi Rossiya va boshqa mamlakatlarga neft mahsulotlari uchun berilardi. Shu boisdan mamlakatimizda neft mustaqilligi uchun kurash boshlandi, buning zamini - 2 trillion kubmetrga yaqin gaz zahiralari, 160 dan ortiq neft koni bor edi. Yiliga 2,5 mlrd. kub metr gaz haydash quvvatiga ega bo’lgan Ko’kdumaloq kompressor stantsiyasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi barpo etildi. 1996 yilga kelib chetdan neft mahsulotlarini sotib olish to’xtadi, neft mustaqilligiga erishildi. 1991 yilda 2,9 mln. tonna neft (gaz kondensati bilan birgalikda) mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo’lsa, 2000 yilda bu ko’rsatkich 7,5 mln. tonnadan oshdi. Shu davrda tabiiy gaz ishlab chiqarish 41,8 mlrd. kub metrdan 56,4 mlrd. kub metrga o’sdi. O’zbekiston yoqilgi mustaqilligiga erishdi.
Mashinasozlik va avtomobilsozlik sanoati.Mustaqillik yillarida mashinasozlik sanoati jadal rivojlandi. 1994 yilda barpo etilgan O’zbekiston-Isroil «O’zIz mash» qo’shma korxonasida paxta terish mashinalarining gorizontal shpindelli yangi xili yaratildi. Bu agregat jahon mashinasozligining eng yangi yutug’idir, deb e’tirof etildi. 1992 yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O’zbekistonda avtomabil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olindi. 1993-1996 yillarda Asaka shahrida «O’zDEU avto» zavodi barpo etildi va Damas, Tiko, Neksiya rusumli avtomabillar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 1996 yilda 25,3 ming, 1997 yilda 64,9 ming, 1998 yilda 54,4 ming, 1999 yilda 58,4 ming, 2004 yilda 70 ming dona engil avtomobil ishlab chiqarildi. «O’zDEU» zavodida 1999-2003 yillarda «Matiz», «Lasetti» rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. O’zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28-mamlakatga aylandi. Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Sam Koch avto» zavodi qurildi. 2000 yilda «Sam Koch avto» zavodi 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqardi. Respublikamizda avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi o’nlab yangi korxonalar bunyod etildi. Hozirgi paytda «O’zDEU» zavodi uchun zarur bo’lgan butlovchi qismlarning 20 foizi O’zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Avtomobilsozlik sanoatida 14 mingga yaqin ishchi va xizmatchi mehnat qilmoqda. Mashinasozlik sano atining yirik korxonalari - Toshkent traktor zavodi, O’zbekiston qishloq xo’jaligi mashinasozligi, Toshkent va Chirchiq qishloq xo’jaligi mashinasozligi, Toshkent agregat zavodi va boshqa korxonalar mustaqillikning dastlabki yillarida uchragan qiyinchiliklarni engib o’tdi. Birgina Toshkent traktor zavodi 2000 yilda 954 ta, 2001 yilda 1002 ta traktor ishlab chiqarilgan bo’lsa, hozirgi paytda yiliga 3,5-4 ming donagacha traktor, minglab tirkamalar ishlab chiqarilmoqda.