mavqeyiga ko'ra iqtisodiyotga ta'sir etib kelgan. Ammo bozor iqtisodiyotiga o'tish barcha mamlakatlarda bir xil kechmaganidek, davlatning yetakchilik roli ham har xil kechadi. O'zbekiston ijtimoiy jihatdan yo'naltirilgan
bozor iqtisodiyotini quradi, bunda davlat tartibga solib turuvchi rol o'ynashi muqarrardir.
Xo'sh, davlatning bosh islohotchi va iqtisodiyotni tartiblashtirib turuvchi bo'lishini nimalar taqozo etadi?
Bu savolga Prezidentimizning bir qator asarlari va chiqishlarida aniq javoblar mavjud.
Birinchidan, eski tuzum parchalangan, yangi jamiyat hali to'la qurilmagan bir sharoitda «iqtisodiyotni boshqarishni qo'ldan chiqarib yuborish, uning taraqqiyotini o'z holiga tashlab qo'yish mumkin emas»;
ikkinchidan, bozor iqtisodiyotiga o'tish boshlangan davrda respublikamiz aholisining turmush darajasi nisbatan past, u o'zini o'zi himoya qila olmaydi. Bunday sharoitida davlat kerak, u o'tish davrida aholi manfaatlarini himoya qilish uchun milliy daromadni qayta taqsimlash vositasida unga tayanch bo'ladi;
uchinchidan, bozor iqtisodiyotini qurish g'oyat qiyin vazifa, ayniqsa, iqtisodiyoti nochor va tarkibiy tuzilmasi biryoqlama bo'lgan mamlakatda.
Bozor munosabatlarining qaror topishi davrida «davlat islohotlar jarayonida faol ishtirok etishi, uning tashabbuskori bo'lishi, islohotni izchillik va qat'iylik bilan amalga oshirish shart». Davlatning bu
boradagi yetakchiligi shundaki, u yangi iqtisodiyotga tezroq va katta qiyinchiliklarsiz o'tishga yordam beradi, islohotlarning asosiy yo'nalishlarini ishlab chiqadi, islohotlarni amalga oshirish dasturini tuzadi va ularni
amalga oshirishning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy vositalarini belgilaydi. Islohotlar konsepsiyasi muallifi Islom Karimov bu masalada shunday qat'iy fikrni aytadi: «. . davlat islohot jarayonining barcha bosqichlarida yetakchi o'rinda turishi, bu jarayonning markazida bo'lishi shart». Darvoqe, bugun bu tamoyilning naqadar to'g'ri ekani
MDH davlatlaridagina emas, butun dunyo miqyosida e'tirof etilmoqda.