Qadimgi faylasuflaru donishmandlar axloq-odobga juda katta baho berib, uni jamiyatning poydevori deganlar. Shuning uchun ham jamiyat har bir a‘zosining xulqi-odobiga alohida e‘tibor berilishi bejiz emas.
Asrlar davomida axloq-odob mavzuida qanchadan-qancha kitoblar, hikmatlarnomalar, ibratli hikmatu rivoyatlar yaratilgan. Xalq og‘zaki ijodi xazinalarida axloq-odobga doir bebaho fikr javohirlari borki, ularning hammasini hisoblab hisobiga ta‘riflab ta‘rifiga etib bo‘lmaydi.
Muqaddas Qur‘oni Karimda va payg‘ambarimiz Muhammad Alayhissalomning hadislarida insoniy ahloq-odobning barcha qirralari o‘z ifodasini topgan. Muqaddas kalimalarning deyarli hammasini yaxshi amallarning hidoyatiyu yomon odatlarning zarari bayon etilib, ulardan qanday qilib saqlanish lozimligi haqida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib qo‘yilgan.
Forobiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Ali ibn Sinoning “Donishnoma”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq”, Nosir Hisravning “Saodatnoma”, “Ro‘shnoyinoma”, Sa‘diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” kabi minglab asarlar axloq ilmidan saboq beradi.
Bizning Turon zamin xalqlari axloqiy tarbiya sohasida boy an‘analarga ega. Axloqqa oid dastlabki fikrlar “Avesto” kitobida qadimgi bitiklarda va boshqa yozma manbalarda o‘z ifodasini topgan. Bo‘lardan tashqari, o‘zbek xalqi o‘rtasida keng tarqalgan pandnomalar, o‘gitlar va odobnomalarda, xalq pedagogikasida, falsafiy risolalarda, allomalar merosida axloqiy masalalarga keng o‘rin berilgan.
Hadisi shariflardagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar, asrlar davomida ajdodlarimiz hayotida tarkib topgan milliy urf-odatlar, an‘analar Beruniy, Forobiy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Navoiy, Bobur singari buyuk allomalar, olimlar, yozuvchilarning axloq haqidagi ko‘plab fikr-mulohazalari bugungi kunda ham oilaviy hayot uchun, har bir inson uchun qadr-qimmatini yo‘qotmagan muhim tarbiyaviy ahamiyatga molikdir. Jumladan, Amir Temur Axloqi Husniya-yaxshi xulqlar egasi bo‘lgan. U oqil va tadbirli sarkarda sifatida odamlarni ishga tayinlashda ham, vazifasidan ozod etishda ham shoshma-shosharlik va adolatsizlikka yo‘l qo‘ymagan, balki yetti o‘lchab bir kesgan.
Amir Temur singari jahon ma‘naviyati saltanatida o‘z o‘rinlariga ega bo‘lgan buyuk bobokalonlarimizning axloq, go‘zal xulq haqidagi fikrlari bugungi kun talabi bilan yozilgandek tuyuladi.