6-bosqich. Keksalikning dastlabki belgilari – tanada keksalik alomatlari, klimakterik holatlarning kelib chiqishi bosqichida inson qalbi qarimasada, ayrim jismoniy kuvvatsizliklar paydo bo‘ladi. Odam nafaqaga chiqadi, suygan kasbi, mashg‘ulotidan uzoqlashadi, do‘stlari davrasi torayadi va h-zo. Lekin keksalikni tan olish va unga ruhan tayyor bo‘lish, etnik madaniyat va uning qadriyatlariga bog‘liq. Xalq ma’naviyati va madaniyati qanchalik yuqori bo‘lsa, keksalikka munosabat ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Masalan, bizning etnik-madaniy muhitimizda keksalik va qariyalik hamisha e’zozlanib kelingan, masalan, Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan 2002 yil “Qariyalarni qadrlash yili” deb e’lon qilindi, barcha keksalar bizda qarilik gashtini surish uchun belgilangan tartibda nafaqalar oladi, bayram, to‘y-hashamlar va tadbirlarda keksalarni davralarning to‘riga o‘tqazish, ularga izzat-ehtirom qilish xalqimizning odatiy an’analaridandir. SHu bois bo‘lsa kerak, o‘zbekistonliklar keksalikni ham hayotning o‘ziga xos davri sifatida mamnuniyat bilan kutib oladigan xalqdir. Ruslardagi “Starost ne radost” iborasining tagida ham o‘ziga xos ma’no borki, ayrim evropa xalqlarida keksalar nafaqaga chiqqanlaridan keyin o‘zlarini hech kimga kerak emasday his eta boshlaydigan, ular uchun umrning oxirgi davrlari keskin salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi, farzandlari esa o‘z hayot tashvishlari bilan ba’zan ota-onalarni ham unutib qo‘yadilar. Qariyalar uylarining paydo bo‘lishi ham ko‘p holatlarda aynan shunday o‘zaro munosabatlarning oqibatidir.
7-bosqich. Oilaviy siklning tugashi odatda turmush o‘rtoqlardan birining o‘limi bilan boshlanadi. Er-xotinlarning tirik qolgani beva bo‘lib qolishi munosabati bilan u ham yangicha rollar tizimiga kiradi. Musulmonchilikda chol yoki kampir beva qolsa, uni ikkinchi nikohga da’vat qilish, taklif etish an’ana, farzandlar uchun farz hisoblanadi. Ayniqsa, erkak kishi beva bo‘lib qolganda, farzandlarning biror kampirga yoki o‘rta yoshli juvonga uylanishini taklif etishi farz sanaladi. Bu Islom dini qadriyatlariga ham mos keladi.
YUqorida sanab o‘tilgan hayotiy tutimlar oila a’zolari har birining xulq-atvorida, dunyoqarashi va odatlarida muayyan o‘zgarishlarning kuzatilishiga, yangicha rollar o‘zlashtirilishiga olib keladi. Har bir yangi bosqich shaxs ongida muayyan krizislar, ziddiyatlar bilan kechadiki, ularni engish, qiyinchiliklardan yaxshilik bilan o‘tish insondagi yaxshi fazilatlarga, tarbiyalanganlik darajasiga, sabr-qanoatiga bog‘liqdir. Har bir bosqichda ota, ona va farzandlar, kuyov-kelinlar bilan o‘zgacha munosabatlar tizimi shakllanadi. Masalan, bo‘linmagan katta oilada oila boshlig‘i – otaning qazo qilishi to‘ng‘ich farzandlar elkasiga katta mas’uliyatni yuklaydi. Uning oilaviy o‘zaro munosabatlar tizimida o‘rni keskin ravishda o‘zgaradi.
Agar turli hayot bosqichlarida oilaviy turmush tarzining o‘zgarishinini inobatga olsak, oilaviy nizolar yoki ziddiyatlar shu muayyan ma’noda tabiiy bo‘lib, uni har bir normal oila boshdan kechiradi. SHu bois ham o‘zbekchilikda “ro‘zg‘or”, “turmush” deyilib, momolarimiz “g‘or tub qo‘yibdi”, “mush deb qo‘yibdi”, deya oilaviy hayotning o‘ziga xos murakkabliklari borgigiga ishora qiladilar. Bunday zidddiyatlar oilaviy rollar ko‘payganda, farzand tug‘ilganda, qudalar bilan munosabatlar boshlanganda, ayriliq ro‘y bergan bosqichlarda ayniqsa sezilarli bo‘ladi. Lekin ahil va mustahkam oilada bu ziddiyatlar deyarli asoratlarsiz, engillik bilan o‘tib ketadi. Muammoli oilalarda esa oilaning kattalari ularni engish malakasi va tajribasiga ega bo‘lmay, boshqalarga sezdirib qo‘yadi, ba’zan oilaning ichidagi gap-so‘zlar mahallaga, uzoq va yaqin qarindoshlargacha etib boradi. Tashqaridan bo‘lgan aralashuvlar ba’zan oilaning maromini tiklasa, ba’zan, aksincha, uning xalovatini buzadi, muammolar chalkashib ketadi. Bu vertikal ziddiyatlar, ya’ni, oilaviy nizolarga tashqaridan ota-ona va boshqa qarindoshlarning aralashuvi tarzida kechadi. Ba’zan, kattalarning orzu-havaslari deb, yoshlar o‘zlariga ma’qul bo‘lmagan hayot tarzini boshdan kechirishga majbur qilinadilar ham. Masalan, yosh oila alohida uyda mustaqil yashashni xohlaydi, lekin qaynona ularni yonida, uning tazyiqi ostida yashashga majbur qiladi, yoki er-xotin farzandlari bilan birga alohida yashashni istaydi, kattalar esa ularning farzandlaridan birini shaharning boshqa bir chetida yoki boshqa shaharda yashashini talab qiladi. Momolar tarbiya tarzidan norozi bo‘lmagan kelin-kuyov va ularning ota-onalari o‘rtasida nizo kelib chiqishi mumkin. Bundan tashqari, ota-onalardan biri nogiron yoki uzoq muddatli xastalikka chalingan paytlarda ham yosh oiladagilarning ayrimlarida surunkali taranglik tufayli ichki va ochiq nizolar paydo bo‘lishi mumkin. Bu kabi mayda-chuyda muammolar har bir oilada bo‘ladi, bu tabiiy, ularni engishga ruhan tayyorlik va oila a’zolarining bir-birlariga muruvvatliliklari oilaning baxtli bo‘lishini ta’minlaydi.
R.Kappenberg degan olimning ta’kidlashicha, ba’zan oilaviy munosabatlarda favqulotda paydo bo‘ladigan hodisalar ta’sirida shok-ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Bu odatda kutilmaganda ro‘y beradigan holatlarning oqibati bo‘lib, oila a’zolari buni kutmaydilar. Masalan, er-xotinlarlardan birining xiyonati va uning oshkor bo‘lib qolishi, o‘g‘ilning noqobil bo‘lib giyohvand moddalar iste’mol qilishini kattalar bilib qolishlari, oila a’zolaridan birining boshqa jinoyat yo‘liga kirib qolishi, falokatlar va shunga o‘xshashlar oilaviy munosabatlarning to‘satdan o‘zgarishi, munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Bunda ham oiladagi kattalarning oqilligi, mahallaning hamjihatligi ijobiy rol o‘ynashi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |