Afinada esa hayot, tartib, intizom, maktab tizimi va undagi ta’lim-tarbiya spartanikidan butunlay farq qilar, qullar xususiy mulk hisoblanar edi. Afinada eramizdan ilgarigi V-IV asrlarda madaniyat gullab yashnadi. Fan, me’morchilik va haykaltaroshlik rivoj topdi.
Ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk kishini, Afinada eng ko’rkam va barkamol inson(ideal) hisoblangan.
Bolalar 7 yoshga yetguncha uyda tarbiyalanar, o’g’il bolalar 7 yoshdan boshlab maktabga qatnar, qizlar esa oilada ona ko’magida uy-ro’zg’or ishlariga o’rgatilar, chunki xotin-qizlarning hayoti uy doirasidan chiqmas edi.
Afinada bolalar dastlab 7 yoshdan 13—14 yoshgacha «grammatist»(savod o’rgatish ma’nosida) yoki «kifarist» (grekcha musiqa o’qituvchisi ma’nosida) maktablarda tahsil olganlar. Bu xususiy maktablarda o’qish pullik bo’lgan. Shuning uchun kamxarj fuqarolarning bolalari ushbu maktablarda ta’lim ololmagan.
Maktablarda «didaskol» deb atalgan o’qituvchilar mashg’ulot olib borar edilar. (Men o’qitaman, degan ma’nodagi«didasko» so’zidan keyinroq «didaktika» — ta’lim nazariyasi kelib chiqqan).
O’g’il bolalarni maktabga qullar yetaklab borar edi, bunday qul pedagog deb atalgan («pays» - bola, «agogeyn» - yetaklab borish degan so’zlardan olingan). Grammatist maktabida o’qish, yozish va hisoblash o’rgatilar edi, o’qishda harflarni hijjalab o’qitish usuli, so’ng qo’shib o’qish usulidan foydalanganlar. Yozuvni o’rgatishda mum surilgan yaltiroq taxtachalardan foydalangan va ingichka cho’p yordamida yozganlar. Sonlar barmoqlar, sopol toshlar, sanoq taxtasi yordami bilan hisoblagan. Kifaristmaktabida adabiy bilim va estetik tarbiya berilar, muzika, ashula, deklomasiyalar o’rgatilar yedi.
O’g’il bolalar 13-14 yoshga etganlaridan keyin palestra («kurash maktabi») deb atalgan o’quv yurtiga o’tar, bu yerda ikki-uch yil davomida jismoniy mashqlar bilan shug’ullanardilar. Masalan: sakrash, yugurish, kurashish, disk va nayza uloqtirish, suvda suzish kabilar. Palestrada o’qish tekin bo’lgani uchun yoshlarning ko’pchiligi shu yerda o’qish bilan cheklanib qolar yedi. Badavlatroq oiladan bo’lganlari yesa palestrani tugatgach gimnasiyga (jismoniy, ijtimoiy tarbiya) kirar edi. Ularga falsafa, siyosat, adabiyot fanlari o’rgatilar, tahsilni tugatganlar davlat boshqaruvida qatnashishlari mumkin edi.
Nihoyat, Spartada bo’lgani kabi, Afinada ham 18 dan 20 yoshgacha bo’lgan yoshlar Efeblar qatoriga o’tib, harbiy xizmatga tayyorlanar va siyosiy bilimlarini oshirishni davom ettirardilar.
Aholining ko’pchilik qismi bolalarni maktablarda o’qita olmaganligi sababli ularga kasb-hunar o’rgatish odat tusiga kirgan edi. Ayrim xat-savodi bor ota-onalar bolalariga o’qishni o’zlari o’rgatar edilar. Bu davlat tomonidan qonunlashtirilib qo’yilib bechorahol tabaqaga mansub ota-onalar o’z bolalariga biror kasbni o’rgatishga majbur edilar. Aks holda ularning bolalari kelgusida keksayib qolgan ota-onalari to’g’risida moddiy g’amxo’rlik qilishdan ozod etilgan.