Oilaning hayotiy sikli
Oilaning hayotiy tarzi uning hayotiy sikli, tutimi bilan bog‘liq. Ayrim olimlar, masalan, V.Satir
zamonaviy oilaning bola tarbiyasi va uning manfaatlariga bog‘liq ekanligidan kelib chiqib, bu
maskandagi hayot maromi va tutimini bola rivojlanishining bosqichlari bilan bog‘laydi. Shunga
ko‘ra, quyidagi bosqichlar farqlanadi:
·
1-bosqich.
Aksariyat olimlar oiladagi hayot sikli ikki yoshning uzoq muddatga ahdu-
paymon qilib nikohga kirishga qaror qilgan onlaridanoq boshlanishini ta’kidlaydilar. Boshqa
mualliflarning fikricha, oilaning boshlang‘ich nuqtasi ikki shaxs rasman nikohga kirgan vaqt,
ko‘pchilikning guvohligida o‘tkazilgan tantanalar bilan izohlanadi.
·
2-bosqich.
Ikki yoshning intim qovushishi oqibatida zurriyodning paydo bo‘lishi.
Satirning fikricha, zurriyodning paydo bo‘lishi, tug‘ilishi er va xotinning asl munosabatlarini
sinovdan o‘tkazadi va ular o‘ziga xos yangicha munosabatlar davrini boshdan kechira
boshlaydilar. Bu davrga asosiy mazmun va ma’no beruvchi voqea – bu er va xotinga yangi
rollarning berilishi, anchagina katta ijtimoiy mas’uliyatni o‘ziga qamrab olgan ota-onalik
rollarining boshlanishidir. Ko‘plab xalqlarda, ayniqsa, o‘zbeklarda bolaning dunyoga kelishi juda
katta quvonchli marosimlar bilan boshlanib, ular qadriyat sifatida asrlar osha saqlab kelinmoqda.
Masalan, bola tug‘ilishi bilan bog‘liq suyunchi marosimlari, aqiqa, beshik soldi, sunnat va beshik
to‘ylari kabilar shular jumlasidandir. Shunga qaramay, ayrim xalqlarda, masalan, yevropa
xalqlarida oilada farzandning tug‘ilishi muayyan tashvishlar, ruhiy tarangliklar, ayniqsa, ona
boshidan kechiradigan emotsional hayajonlar, yaqinlariga ijtimoiy va moliyaviy tashvishlarni
keltirib chiqaradiki, bu ham ba’zan oilaviy munosabatlardagi tarangliklarda aks etadi. Oila va
farzand oldidagi bunday mas’uliyatlar ayrim hollarda er-xotin munosabatlarining darz ketishiga,
ba’zan ajrimlarga, bizning sharoitimizda quda-andachilik munosabatlaridagi kelishmovchiliklarga
ham sabab bo‘ladi.
·
3-bosqich.
Bola oiladan tashqaridagi ijtimoiy institutlar – maktabgacha ta’lim
muassasalari, ayniqsa, uzluksiz ta’limning boshlang‘ich o‘chog‘i hisoblangan maktabga bora
boshlaydi. Maktab shunday maskanki, u yerda har bir bolaning qay darajada va qanday
ijtimoiylashgani sinovdan o‘tadi. Chunki u endi nafaqat o‘zi tengqur bolalar bilan, balki kattalar,
begonalar, ko‘chadagi turli toifali insonlar bilan muomalaga kirisha boshlaydi. Bu muomala
jarayonida uning qanchalik hayotga tayyorligi, oilasida qanday ahloqiy va ma’naviy o‘gitlarni
olganligi, kimning bolasi ekanligi, oilaviy muhiti qandayligi bilina boshlaydi. Eng muhimi –
maktabga kelgach, bolaning aqliy va intellektual salohiyati, intizomi tekshiruvdan o‘tadi. YA’ni,
bolasini maktabga berar ekanlar, ota-onalar ham jamoatchilik oldida o‘ziga xos sinov va
tekshiruvdan o‘tayotganday his qiladilar o‘zlarini. Yaxshi yoki yomon ota-onalik rollari maktab
yillarining dastlabki oy va yillarida bilingani sababli, ko‘pgina ota-onalar ayni shu davrlarda kuchli
stressni boshidan kechiradilar.
·
4-bosqich.
Bola o‘smirlik davriga qadam bosganda, u ota-onasidan mustaqillikni,
hadeb ta’qib qilavermaslikni da’vo qila boshlaydi. Ota-onaning farzand oldidagi obro‘si, kerakligi
darajasi pastlay boshlaydi. Bu davrga kelib ota ham, ona ham o‘zining farzandiga nisbatan
munosabatlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi, chunki bolada yangicha talab va istaklar, yangicha
fikrlash, urf-odatlar, musiqaga havas, turli xil guruhlar bilan muloqotda bo‘lishga intilishlar paydo
bo‘ladi. Bu davr ota-onaning bolasida paydo bo‘layotgan o‘zgarishlarga, yoshga oid
yangiliklarga qanchalik fahm va farosat bilan, sabr-qanoat bilan turib berishlarini sinovdan
o‘tkazadi. Sinovdan yaxshi o‘tgan ota-onaning bolasi keyingi bosqichga eson-omon yaxshilik
bilan, ochiq ziddiyatlarsiz o‘tib oladi, aks holda o‘smirlik davrining o‘ziga xos ziddiyatlari
girdobida ota-ona – bola munosabatlari jiddiy yomonlashadi, ayrim bolalar uydan ketib qolish
holatlarigacha boradi.