X Olimpiya kongressi 1973 y. Varnada (Bolgariya) o'tkazilgan. Uning kun tartibida: hozirgi davr olimpiya harakati va uning rivojlanish istiqbollari; XOQ, XSF va MOQning o'zaro munosabatlari, keyingi olimpiya o'yinlarining qiyofalari kabi masalalar muhokamaga qo'yilgan. Kongressda uch tomonlama - XOQ, MOQ va XSF - komissiya tuzilgan. Kongress yakuniy hujjatlari - «Uch tomonlama komissiyaning xulosalari», «Jahonning barcha sportchilariga murojaat» - olimpiya harakatining keyingi demokratlashuviga ta’sir etgan. Kongress jahondagi barcha sportchilarga murojaat qabul etib, ularni xalqaro tinchlik va do'stlikni mustahkamlash, Olimpiya harakatining sofligi yo'lida kurashishga chaqirgan.