6-bob. Yakunlovchi qoidalar 20. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarda dissertatsiyalarni himoya qilish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni qoplash uchun, huzurida tegishli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat yuritayotgan muassasalarga kelib tushayotgan mablag‘larni hisobga olish va hisobotlarni yuritish mazkur muassasalar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. 21. Ushbu Nizom talablarini buzganlik uchun javobgarlik qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi 937-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 1. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari” to‘g‘risida 1992-yil 9-sentabrdagi 421-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1992-y., № 9, 28-modda):
a) 1, 2 va 4-bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
b) 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha — vazirga, bosh ilmiy kotib — vazir o‘rinbosariga tenglashtirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining rahbarlari va ilmiy bo‘linmalari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari ilmiy ekspertiza bilan shug‘ullanuvchi rahbariyatga va bo‘linmalarga nisbatan, boshqaruv organlari uchun nazarda tutilgan shartlar esa — qolgan xodimlarga nisbatan qo‘llanilsin”;
v) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin;
“6. OAK Toshkent shahri, akademik Yaxyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uy manzilidagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin”;
g) ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 25-iyuldagi 283-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., № 7, 42-modda)bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida nizomda:
a) 2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Xorijiy davlatlar attestatsiya organlari tomonidan 1992-yil 1-yanvardan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab va ishlab turgan chet el fuqarolariga fan doktori va nomzodi ilmiy darajalari berilgani haqidagi hujjatlar, shuningdek, xorijiy davlatlarda falsafa doktori (PhD) va unga tenglashtirilgan ilmiy darajalar olinganligi haqidagi hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinda OAK deb ataladi) tomonidan nostrifikatsiyalanadi (qayta attestatsiyadan o‘tkazish asosida tenglashtiriladi)”;
b) 3-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida” so‘zlari “OAK” qisqartmasi bilan almashtirilsin;
v) 4-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasida” so‘zlari “OAK” qisqartmasi bilan almashtirilsin;
g) 5-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Nostrifikatsiya uchun hujjatlar OAK tomonidan qabul qilinadi.
Taqdim etilgan hujjatlarni OAKning tegishli soha bo‘yicha ekspert kengashi ko‘rib chiqib, dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazib, o‘z xulosasini chiqaradi.
OAKning Tartib-qoida komissiyasi ekspert kengashi xulosasi va OAK Kotibiyati fikri asosida o‘z tavsiyasini OAK Prezidiumi muhokamasiga taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjatlar, zarur hollarda, OAKning Tartib-qoida komissiyasi qarori bilan tegishli ilmiy yoki ilmiy-tadqiqot muassasaga yoxud ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashga jamoaviy taqriz uchun yuborilishi mumkin”;
d) 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. OAK Prezidiumining oliy malaka haqidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran ushbu hujjatlar O‘zbekiston hududida kuchga kiradi. Hujjat egalariga OAK Prezidiumining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasining ilmiy daraja diplomlari beriladi”;
e) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Fan doktori ilmiy darajasi haqidagi diplomni nostrifikatsiyalash muddati uch oydan, fan nomzodi ilmiy darajasi, falsafa doktori (PhD) va unga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlar ilmiy darajalari diplomlarini nostrifikatsiyalash muddati ikki oydan oshmasligi kerak. Zarur holatlarda ushbu hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati OAKning Tartib-qoida komissiyasi qarori bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin”.
j) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Ilmiy daraja haqidagi diplomlarni tenglashtirish masalalari yuzasidan OAK Prezidiumi chiqargan qarordan norozi bo‘lgan da’vogar qaror chiqqan kundan boshlab ikki oy mobaynida OAKga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishi mumkin”;
z) quyidagi mazmundagi 9-band qo‘shilsin:
“9. Xorijiy davlatlarda berilgan ilmiy darajalar haqidagi hujjatlarni tan olish va ekvivalentligini qayd etish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida to‘lov undiriladi”;
i) 1-ilova matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ilmiy daraja diplomini nostrifikatsiyalash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladigan attestatsiya ishi hujjatlarining
RO‘YXATI 1. Talabgor ish joyidan (agar u ishlayotgan bo‘lsa) muassasa rahbari imzolagan yo‘llanma xat yoki talabgorning imzosi notarial tasdiqlangan arizasi (1 nusxa). Xatda (arizada) talabgorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, ish joyi va lavozimi, shuningdek, qachon va qaysi davlatda ilmiy daraja diplomini olganligi, ilmiy darajaning rasmiy nomi, xorijda olingan hujjatning berilgan kuni, seriyasi va raqami, dissertatsiya mavzusi, qaysi ixtisoslik bo‘yicha himoya qilganligi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
2. Muassasa rahbarining tegishli ixtisoslashgan kengashga murojaatnomasi (aspirant va doktorantlar uchun esa — ularni chet elda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim institutlarida o‘qishga yuborish uchun buyruq) nusxasi hamda agar ilmiy ish O‘zbekistonda tayyorlangan bo‘lsa — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda OAK deb ataladi) ushbu dissertatsiyaning xorijiy davlatlarda himoya qilinishiga ruxsat berib, xorijiy davlatlar attestatsiya organlariga yuborgan yo‘llanma xatining nusxasi.
3. Ilmiy daraja diplomining notarial tasdiqlangan nusxasi.
Falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlarda ilmiy darajalar berilganligi haqidagi hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlagan tarjimasi.
4. Talabgorning ish joyidan tasdiqlangan yoki uning imzosi qo‘yilgan xodimlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqasi (talabgor pasportining nusxasi ilova qilinadi).
5. Dissertatsiya himoyasi o‘tgan muassasaning hamda ixtisoslik nomining ilmiy kotib (agar u ishlayotgan bo‘lsa) imzosi bilan tasdiqlangan yoki talabgor tomonidan imzolangan davlat tilidagi (lotin grafikasi harflari bilan) va ingliz tilidagi shakllari.