Ontogenezning ilk bosqichlarida insonning psixik rivojlanishiga xos xususiyatlar. Reja


Go`daklik davrining asosiy xususiyatlarini ayting



Yüklə 154,45 Kb.
səhifə2/4
tarix06.06.2023
ölçüsü154,45 Kb.
#125614
1   2   3   4
ontogenezning ilk bosqichlarida inso

1. Go`daklik davrining asosiy xususiyatlarini ayting.

2. Ilk bolalik davrida bolaning aqliy rivojlanishi qanday amalga oshadi?




Perinatal va chaqaloqlik davrida psixofiziologik rivojlanishga xos xususiyatlar.
Bolaning ona qornidagi o’sish davri onaning organizmiga uzviy bog’liq holda kechadi. Chaqaloqning barcha hayotiy funksiyalari – ovqatlanish, nafas olish, nafas chiqarish, havo haroratining o’zgarishiga va atmosferadagi moddalar almashinuviga moslashish va hokazolar onaning organizmi orqali amalga oshadi.
Chaqaloqning tug’ilishi sifat o’zgarish daqiqasi, ijtimoiy rivojlanishning yangi ko’rinishi boshlanadigan nuqta ekanligi bilan muhim ahamiyatga egadir. Shuning uchun tug’ilish tabiatning chaqaloq organizmiga kuchli larzaga keltiruvchi mo’jizasidir. Bunda ona qornidagi barqaror muhitda yashagan jonzot favqulodda yangi sharoitga, son-sanoqsiz xossa va xususiyatlarga ega bo’lgan qo’zg’ovchilar doirasiga tushadi. Avval chaqaloq organizmining ona organizmidan ajralishi sodir bo’lib, ijtimoiy-tabiiy sharoitlarga moslashuvi boshlanadi. Uning murg’ak organizmida tub o’zgarishlar ro’y beradi, unda yangi sharoitlarga ko’nikish davri kurashlar ostida o’tadi. Chaqaloq organizmi miqdor va sifat o’zgarishlariga, tashqi olamniig qarshiligiga, ta’siriga, tazyiqiga duch keladi; fazo, vaqt va harakat muammolari mutlaqo boshqacha tarzda uning bosh miya katta yarim sharlari po’stida aks eta boshlaydi.
Chaqaloqda ona organizmi bilan anatomik, morfologik va konstitutsion bog’liqlik davri tugagan bo’lsa-da, biroq u dastlabki daqiqalardan boshlaboq mustaqil yashay olmaydi, onaga fiziologik jihatdan tobeligacha qolaveradi. Chaqaloq yashashi uchun organizmi talab qiladigan ovqat, oqsillar mazkur o’sish pallasida ona suti orqali borib turadiChaqaloq hayvonlarning bolalariga qaraganda, himoyaga muhtojroq, nochorroq bo’lib tug’iladi. Tug’ilish arafasida unda nasliy yo’l bilan mustahkamlangan ayrim mexanizmlar, shartsiz reflekslar paydo bo’ladiki, bular yangi hayot sharoitiga moslashishni birmuncha yengillashtiradi.
Chaqaloq tug’ilganda uning ovqatlanish reflekslari ma’lum darajada shakllangan: asosan, so’rish, emish reflekslari o’z vazifasini ado etishga tayyor bo’ladi. Chaqaloqning yangi sharoitda yashashini ta’minlovchi asosiy omil tug’ilishda unda vujudga kelgan tabiiy mexanizmlardir. U tashqi sharoit va muhitga moslashish imkonini beradigan, nisbatan yetilgan nerv sistemasi bilan tug’iladi. Tug’ilganidan boshlab mazkur reflekslar organizmda qon aylanishi, nafas olish hamda nafas chiqarishni ta’minlaydi.
Birinchi kundanoq kuchli qo’zg’atuvchilarga nisbatan ko’zni qisish, pirpiratish, uning qorachig’ini kengaytirish yoki toraytirish mexanizmlari ishlay boshlaydi. Bu reflekslarni himoya reflekslari deyiladi.
Chaqaloqda himoya reflekslaridan tashqari, qo’zg’atuvchilar bilan aloqa o’rnatishga xizmat qiladigan reflekslar ham bo’ladi. Bularni oriyentir reflekslari deb ataladi. Chaqaloqlarni kuzatishlarda ikki-uch kunlik bola xonaga quyosh nuri tushishi bilan boshini yorug’lik tomonga burishi, chaqaloq xonaga asta kirib kelayotgan nur manbaini ham sezishi yaqqol ko’rindi.
Psixolog V.S.Muxinaning fikricha, chaqaloqda tug’ilishiga qadar ham shartsiz reflekslar bo’lishi, unga homilalik paytidayoq o’z qo’lini so’rish imkonini yaratadi.
Sharq allomalarining fikricha, chaqaloqda tug’ma reaksiyalarning boshqa guruhi ham mavjud bo’lib, beshik tebratilganda chaqaloqning yig’idan to’xtashi, ixtiyorsiz harakati sekinlashuvi shundan
dalolat beradi. Qadim
zamonlardan beri beshik, so’rg’ich va hokazolardan chaqaloqni yupatishning, uning ixtiyorsiz harakatini to’xtatishning, diqqatini ovqatga va favqulodda holatga to’plashning muhim vositasi sifatida foydalaniladi.
Bola tug’ilgunicha undagi barcha jarayonlar onaning organizmi orqali amalga oshgan bo’lsa, tug’ilganidan keyin mutlaqo boshqacha tarzda amalga osha boshlaydi. Masalan, o’pka bilan nafas olish, oral (og’iz, ichak, oshqozon kabi biologik organlar orqali) ovqatlanish vujudga keladi. Buni psixologiyada reflektor moslashish deb ataladi.
Chaqaloqning anatomik-fiziologik tuzilishini tahlil qilsak, uning suyak sistemasida ohak moddasi va har xil tuzlar yetishmasligining guvohi bo’lamiz. Shu sababli suyak funksiyasini ko’proq tog’ay to’qimalari bajaradi. Bosh suyaklari bolaning ikki oyligida o’zaro qo’shilib ketadi. Bosh suyakning peshona va tepa qismlari o’rtasida liqildoq deb ataladigan qalin parda va teri bilan qoplangan oraliq mavjud bo’ladi. U bola bir yoshdan oshganidan keyin suyak bilan qoplanib boradi, lekin u haqiqiy suyak bo’lmaydi.
Chaqaloq nerv sistemasining yuksak darajada rivojlangan qismi, ya’ni bosh miya katta yarim sharlari tashqi ko’rinishi bilan katta odamnikiga aynan o’xshasa ham, aslida undan ko’p farq qiladi. Odamlarni o’zaro qiyoslasak, ajoyib manzarani ko’ramiz: miyaning og’irligi chaqaloq tanasining sakkizdan bir va katta odamlarda esa qirqdan bir qismini tashkil etadi. Chaqaloqlarda bosh gavdaga nisbatan kattaroq ko’rinsa-da, u hali juda bo’sh, mukammallashmagan bo’ladi. Ularning organizmi jadal sur’at bilan o’sish davridan o’tadi. Bu davrda chaqaloqning og’irligi 3–5 kg bo’lishiga qaramay, miyasining og’irligi 300–350 grammni tashkil qiladi, xolos. Chaqaloqning miyasi hujayralarining miqdori, “ariqchalar”ning yaqqol ko’zga tashlanmasligi, nerv hujayralari tarmog’i jihatdan katta odamlarning miyasidan farq qiladi.
Yuqoridagi fikrlarni isbotlashga harakat qilgan psixolog ye.A.Arkinning ta’kidlashicha, bola tug’ilishga harakat qilayotgan paytda uning miyasini bir xil kulrang massa tashkil etadi, uning nerv tolalarida miyelin qobig’i bo’lmaydi.
Chaqaloqda nerv tolalari bir-biridan ajralmagani sababli, tashqaridan kelgan qo’zg’atuvchilar muayyan qismga yo’nalgan bo’lsa-da, boshqa markazlarga ham ta’sir qilaveradi. Shu sababdan bo’lsa kerak, uning bosh miya yarim sharlari qobig’ida aniq, mustaqil va barqaror qo’zg’alish o’choqlari vujudga kelmaydi. Chaqaloq tashqi qo’zg’atuvchilar ta’siriga ixtiyorsiz ravishda qo’l-oyoqlari va boshini tartibsiz harakatlantirish bilan javob beradi. Katta yoshli kishilarning bilish jarayonlari, his-tuyg’ulari, psixik holatlari va o’ziga xos tipologik xususiyatlarini idora qilishda nerv sistemasining yuksak darajada rivojlangan qismlari yetakchi rol o’ynasa, chaqaloqning hayotiy faoliyatida bu vazifani bosh miya qobig’ining ostki markazlari bajaradi. Bosh miya yarim sharlarining durustroq rivojlangan bo’limlari chaqaloq uchun eng zarur jarayonlar: nafas olish va nafas chiqarish, emish, yutinish, qon aylanish, siydik chiqarish va hokazolarni boshqarib turadi. Mazkur nerv tolalari chaqaloqning yashashi uchun yetarli miqdorda miyelin qobig’iga o’ralgan bo’ladi.
Chaqaloq boshqa yosh davridagi odamlarga qaraganda kuchsiz, zaif, ojiz ko’rinsa-da, ba’zi jihatlari bilan kattalardan ustunlik qiladi. ye.A.Arkinning fikricha, chaqaloqlik davrining kuchli jihatlari ko’pincha uning o’sish quvvatida o’z ifodasini topadi. U har oyda ikki sm dan o’sadi, uning og’irligi har kuni 1,6–2 grammdan ortib boradi. Uning shiddatli sur’at bilan o’sishi ko’proq individning vegetativ nerv sistemasi, ichki sekretsiya (buqoq, qalqon osti va ustki) bezlarining faoliyatiga bevosita bog’liqdir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ichki sekretsiya bezlari ishlab chiqargan maxsus gormonlar qonga so’rilib, organizmning jismoniy o’sishini belgilaydi. Chaqaloqning g’oyat jadal sur’at bilan o’sishi shu davrning o’ziga xos xususiyati bo’lib, uning o’sishiga ta’sir etuvchi omillar ovqat, sof havo, quyosh nuri, nafas olish, parvarish va hokazolardir.
Chaqaloqning asosiy xususiyatlaridan biri uning inson zotiga xos barcha xulq­atvor shakllarini va avlodlarning tajribalarini o’zlashtirish imkoniyatiga egaligidir. Tug’ma reflekslar chaqaloq hayotidagi yetakchilik rolini asta-sekin yo’qotib boradi. Kundalik tartib va tarbiyaning o’ziga xos sharoitida ehtiyojning boshqa ko’rinishlari, jumladan, taassurot olish, ta’sirlanish, harakat, muloqot kabi shakllari vujudga keladi. Mohiyati va maqsadi jihatidan yangi ehtiyojlar zamirida psixik rivojlanish amalga oshadi.
Bolada taassurot olish ehtiyoji paydo bo’lishi bilanoq, oriyentir refleksi bilan aloqa o’rnatadi, hissiy bilish organlarining tayyorlik darajasiga muvofiq mavjud ma’lumotlarni qabul qiladi va shu jarayonda o’zi ham rivojlanadi. Chaqaloqning ko’ruv va eshituv apparati dastlabki kundanoq ishga tushsa ham, ular hali yetilmagan bo’ladi. Shu sababli ko’rish sezgisini yorug’lik, eshitish sezgisini esa qattiq tovush vujudga keltiradi. Bola harakatdagi jismlarni kuzatishga intilsa ham, aslida qimirlamay turgan narsalarga ko’proq diqqatini to’playdi. Uning ruhiy dunyosida ko’ruv va eshituv apparatlariga mos ravishda diqqatning muayyan ob’ektga to’planishi jarayoni asta-sekin vujudga keladi.
Chaqaloqning sezgi organlari uning harakatiga qaraganda durustroq rivojlangan bo’ladi. Masalan, chaqaloq achchiqni shirindan, issiqni sovuqdan, ho’lni quruqdan farqlay oladi. Uning hid bilish organlari juda zaif bo’lishiga qaramay, burniga yoqimsiz hidli modda yaqinlashtirilsa, bezovtalanadi. Bolada teri tuyush, haroratni his qilish, sezish, og’irlikni fahmlash, ta’m bilish sezgilari ham yetarli darajada rivojlangan bo’ladi.
Chaqaloqda jismlarni, odamlarni, atrof-muhitni kattalar kabi yaxlit va aniq idrok qilish imkoniyati bo’lmaydi. Chunki idrok qilish insonning boshqa psixik jarayonlari (xotira, tasavvur, tafakkur), ruhiy holatlari (his-tuyg’u, o’ng’aysizlanish) va o’ziga xos tipologik xususiyatlari bilan uzviy bog’liqlikda amalga oshadi. Shuning uchun chaqaloqda mazkur imkoniyat o’ta cheklangan bo’lib, sezgi organlari oddiy aks ettirish imkoniyatiga ega.
Chaqaloqdagi muhim xususiyatlardan yana biri ko’rish va eshitish tananing harakatlanishidan ildamroq rivojlanishidir. Chaqaloqda ko’rish va eshitish apparatlari faoliyatining o’sishi tashqi qo’zg’atuvchilardan ta’sirlanishning takomillashuvida va bosh miyaning rivojlanishida namoyon bo’ladi.
Chaqaloq tashqi olam bilan aloqada bo’lishining markazi rolini bosh miya katta yarim sharlarining yuksak darajada rivojlangan qismlari bajaradi. Miya tobora takomillashuvining o’zi chaqaloqdagi hissiy bilish organlarining rivojlanishini ta’minlay olmaydi. Bu organlar bola olayotgan taassurotlar natijasida rivojlanadi. Aslida taassurotlarsiz miyaning o’zi o’sishi mumkin emas. Miyaning rivojlanishida tashqi olamdan keladigan qo’zg’atuvchilar va signallarni qabul qiluvchi hissiy bilish organlari analizatorlarining ko’p ishlashi muhim rol o’ynaydi. Ilmiy manbalarda ifodalanganidek, chaqaloq sensor to’siqqa tushib qolsa, tashqi taassurotlarning yetishmasligi sababli o’sishdan vaqtincha orqada qoladi. Aksincha taassurotning miyaga ko’proq kelib tushishi oriyentir reflekslarning rivojini tezlashtiradi. Ko’ruv va eshituv apparatini ob’ektlarga yo’naltirish vujudga keladi, natijada insoniy sifatlar, jarayonlar shakllanadi. Ko’ruv va eshituv a’zolari orqali to’planadigan taassurotlar manbai hamda nerv sistemasining muntazam o’sishini ta’minlash vazifasini katta yoshdagi odamlar bajaradi.
D.B.Elkoninning fikricha, chaqaloq hayotining uchinchi haftasida onaning emizishdagi holatiga moslashish bilan bog’liq birinchi tabiiy shartli refleks vujudga keladi va keyinchalik esa ba’zi qo’zg’atuvchilarga javob tariqasidagi alohida shartli reflekslar ham paydo bo’ladi.
Bola bir oyga to’lgach o’zini parvarish qilayotgan odamga intiladigan, talpinadigan bo’ladi va buning misoli tariqasida uning kishilar orasidan “o’z” kishisini tanishi va ajratishini aytish mumkin.
Mazkur psixologik holatni N.L.Figurin va M.P.Denisovalar “jonlanish” deb ataganlar. Bu davrda bolaning psixik dunyosida tetiklik, his-tuyg’usida esa atrof-muhitdan ta’sirlanish o’z aksini topadi. Ularning fikricha, bolaning katta yoshdagi odamlarga o’z munosabatini bildirishi uning bundan keyingi o’sishini belgilovchi bosqich vazifasini o’taydi.
“Jonlanish” bolaning kattalar bilan o’ziga xos ravishda munosabatga kirishining yangi shakli sifatida vujudga keladi. Lekin tashqi qo’zg’atuvchining qitiqlashiga javob tariqasida namoyon bo’ladigan “jonlanish”ning tabiati hali ochilgani yo’q. Ehtimol, bu holat bolaning kattalar bilan muloqotining maxsus ko’rinishi va ovqatlanish refleksining mustahkamlanishi bilan bog’liqdir, u balki bolada ijobiy his-tuyg’ularni qo’zg’atish omilidir. Ba’zan bolada o’zini parvarish qiluvchi shaxsning muomalasi tufayli emotsional harakatlar vujudga keladi, natijada uning qo’l va oyoqlari harakati ildam va tez amalga oshadi. Bu jarayon intilish, iltijo, talpinish kabi tashqi ifodaga ega bo’lgan ichki psixik kechinmalarda o’z aksini topadi.
Shaxslararo aloqaning bu shakli chaqaloqlik davrining tugashi va ilk bolalikning boshlanishidan dalolat beradi.
Psixolog M.I.Lisina va uning shogirdlari ta’kidlaganidek, mazkur yosh davrida bola ko’z qarashlari, ixtiyorsiz harakatlari, sharpaga javobi, tamshanishi orqali kattalar bilan aloqa bog’laydi. Ko’p marta takrorlanish natijasida shartli refleks shaklida vujudga kelgan ana shu jarayonlar muloqotga aylanadi. Chaqaloqning yangi sharoit va muhitga moslashishidan kelib chiquvchi bu holat ko’nikish ko’rinishida muloqot vazifasini o’tay boshlaydi. Biroq bu muloqot noverbal ravishda (so’zlar ishlatilmay) amalga oshadi, sodda shakldagi, tor ko’lamli shaxslararo munosabatni aks ettiradi.

Yüklə 154,45 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin