O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil


Choʻlpon «ADABIYOT YASHASA - MILLAT YASHAR...»



Yüklə 1,41 Mb.
səhifə11/108
tarix30.09.2023
ölçüsü1,41 Mb.
#150984
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   108
Choʻlpon
«ADABIYOT YASHASA - MILLAT YASHAR...»
(Ozod Sharafiddinov)
Har qanday chinakam iste’dod sohibi kabi Abdulhamid Cho‘lpon ham ijodning deyarli hamma sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatgan. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg, ham tarjimon, ham publitsist bo‘lishi bilan birga, barkamol munaqqid, mohir adabiyotshunos, o‘ziga xos tarzda fikrlaydigan san’atshunos ham bo‘lgan.
Uning badiiy asarlari xalq ma’naviyatini shakllantirishda qancha muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, adabiy-tanqidiy maqolalari ham shunchalik katta qimmatga ega. Ammo istibdod zamonida Cho‘lpon ijodini o‘rganish u yoqda tursin, nomini tilga olish ta’qiqlangani uchun keng jamoatchilikkina emas, hatto adabiyotshunos mutaxassislar ham Cho‘lpon ijodining bu qirrasi to‘g‘risida g‘oyat mavhum va tumanli tasavvurga ega edilar. Faqat so‘nggi yillardagina Sh. Turdiev, N. Karimov, B. Do‘stqoraev, M. Olimov, U. Dolimov, Z. Eshonova, D. Quronov, U. Sultonov kabi adabiyotshunoslarning harakati bilan Cho‘lponning. inqilobdan oldin va keyin chop etilgan, hozir esa topilishi amri mahol bo‘lib qolgan, jurnallar va gazetalarda sochilib yotgan adabiy-tanqidiy asarlari ilmiy muomalaga kira boshladi. Surxondaryolik yosh cho‘lponshunos N. Yo‘ldoshev esa Cho‘lpon hayoti va ijodiga doir bibliografiya e’lon qilib, unda birinchi marta Cho‘lpon maqolalarining ro‘yxatini berdi. Bibliografiyada ko‘rsatilishicha, shoirning 1914—1937 yillar mobaynida chop etilgan adabiy-tanqidiy maqolalari hozircha 63 ta ekan. Izlanishlar davom ettirilsa, bu raqamning ko‘payishi turgan gap.
Maqolalar bilan tynishish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, Cho‘lpon o‘zini professional munaqqid yoki muayyan akademik qoidalar asosida ish yurituvchi adabiyotshunos olim deb hisoblagan emas. Cho‘lpon estetika bobida, san’at nazariyasida yangi sahifa ochgan emas, jahon san’atini va san’atshunosligini batamom yangi yo‘llarga burib yuboradigan tugal ta’limot ham yaratmagan. Shunga qaramay, yangn o‘zbek adabiyoti tarixini Cho‘lponning adabiy-tanqidiy faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yangi o‘zbek adabiyotini shakllantirishda, 20—30-yillardagi g‘oyat murakkab ijodiy kurashlar muhitida unda izchil realistik uslubning ustivorligini ta’minlashda Cho‘lponning adabiy-tanqidiy qarashlarining ahamiyatini kamsitish mumkin emas. Cho‘lpon munaqqid sifatida, birinchi navbatda, adabiyot va san’atning amaliy masalalari bilan shug‘ullangan, yanada aniqroq aytganda, ma’naviy uyg‘onish va madaniy rivojlanish asosida adabiy jarayon davomida qo‘ndalang bo‘lgan dolzarb muammolarga javob topishga intilgan, shu tarzda adabiyotni o‘z davrining ilg‘or g‘oyalari bilan boyitishga, Sharq va G’arbning bebaho tajribasini yangi o‘zbek adabiyotiga olib kirishga harakat qilgan.
Cho‘lpon adabiy-tanqidiy merosining ahamiyati faqat shu bilan cheklanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, Cho‘lpon tanqidiy faoliyati bilan estetika sohasida yangi bir ta’limot yaratishni maqsad qilib qo‘ymagan bo‘lsa-da, uning maqolalarini ichki yaxlitlikdan mahrum, har xil yillarda har xil munosabatlar bilan yozilib, har xil narsalar to‘g‘risida bahs yurituvchi parokanda asarlar yig‘nog‘idan iborat deb qarash mumkin emas. Aksincha, har bir maqolaniyg yugurik misralari ortidan Cho‘lponning o‘zi qarab turganday bo‘ladi. Har bir maqolada Cho‘lpon shaxsiyatining aniq muhri borki, xuddi shu narsa ularni bir yaxlit holga keltirib turadi. Cho‘lponning adabiy-tanqidiy merosi bu ulug‘ adib shaxsiyatining turli qirralarini, madaniy saviyasini, e’tiqodi va dunyoqarashini o‘rganishda, ijtimoiy hayotning muhim jihatlariga uning munosabatini aniqlashda, ijodiy biografiyasining ba’zi nuqtalarini to‘laroq yoritishda ham g‘oyat ahamiyatlidir. Biz bu merosni muayyan tartibda o‘rganish natijasida Cho‘lponning g‘oyaviy-estetik evolyutsiyasi qanday kechgani haqida tasavvurga ega bo‘lamiz, hatto «ijtimoiy tuzum va iste’dod» degan muammoni qo‘yib, sovet voqeligi Cho‘lponning san’atkor sifatida o‘sishiga qanday salbiy ta’sir etganini, bir san’atkor taqdiri misolida totalitar tuzumning chinakam iste’dodga qanchalik dushman ekanini to‘laroq tasavvur etishimiz mumkin.
Cho‘lponning birinchi tanqidiy asari «Adabiyot nadur?» degan maqola bo‘lib, «Sadoi Turkiston» gazetasida 1914 yil 4 iyun kuni e’lon qilingan. Bu maqola, umuman, Cho‘lponning matbuot yuzini ko‘rgan ilk asarlaridan biridir. Cho‘lpon uni 16 yoshida yozgan. Maqola shaklan juda ixcham bo‘lsa-da, mazmunan g‘oyat teran. Undagi fikrlar va mulohazalar shu qadar pishiqki, 16 yashar o‘smirning shunchalik tiyraklik bilan qalam tebratganiga qoyil qolmay ilojingiz yo‘q. Faqat favqulodda iqtidorga ega odamgina 16 yoshida tafakkurning bunchalik yuqori pog‘onalariga ko‘tarilishi mumkin. Sarlavhaning o‘zidanoq ayon ko‘rinib turiptiki, maqola juda muhim masalaga bag‘ishlangan. Adabiyot adabiyot bo‘lgandan beri Sharqda ham, G’arbda ham ne-ne buyuk iste’dod sohiblari «Adabiyot, san’at nadur? Uning kimga keragi bor? San’atkor kim? U jamiyat oldida burchdormi? Burchdor bo‘lsa, bu burch nimalardan iborat? Burchdorlik bilan ijod erkinligi o‘zaro qanday chiqishadi?» kabi muammolarga ro‘para kelishgan. Ko‘rinib turiptiki, bular ijodning hayot-mamot masalalari, ijodkor ularni loaqal o‘zi uchun hal qilmay turib, e’tiqod qilib olsa arziydigan estetik nrintsiplarni aniqlamay turib samarali ijod qilolmaydi. Lekin shunga qaramay, hanuz adabiyot va san’atning yetakchi xossalarini qamrab oladigan, hamma davrlar uchun baravar ma’qul bo‘ladigan universal ta’rif, mukammal javob topilgani yo‘q. Buyuk san’atkorlarning javoblarida ham masalaning ayrim jihatlarigina, adabiyot va san’atning ayrim xislatlari, ayrim fazilatlarigina ifodalanadi.
Tabiiyki, Cho‘lpon ham adabiyot olamiga qadam qo‘yishi bilanoq shu muammoga ro‘para keldi va unga javob nzlashga majbur bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazovorki, Cho‘lpon o‘z izlanishlarida yolg‘iz emas edi. Xuddi shu davrda boshqa o‘zbek ziyolilari ham «adabiyot nadur?» degan muammoga javob izlab ancha urinishgan. Masalan, qo‘qonlik mashhur ma’rifatparvar, «Ash’ori nisvon» degan majmuaning muallifi Ibrohim Davron 1909 yildayoq «Turkiston viloyati gazetasi»da «Shoir nadur?» degan maqola e’lon qiladi. Yoki adabiyotshunos olim Begali Qosimovning ta’kidlashicha, 1914 yilda Mirmuhsin Shermuhamedov bilan Saidahmad Vasliy o‘rtasida adabiyotning mohiyati, vazifalarn va jamiyat oldidagi burchi to‘g‘risida bahs-munozara bo‘lgan. Qolaversa, bunday izlanish faqat turkistonlik ziyolilar o‘rtasidagina sodir bo‘lgan emas. Xuddi shu yillarda qo‘shni Qozog‘istonda ham, Ozarbayjon yohud tatarlar yurtlarida ham adabiyotning, mohiyatini izlash, uning jamiyat hayotidagi, millat ravnaqidagi ahamiyatini aniqlash harakati ancha avj olgan edi. Natijada, «adabiyot nadur?» degan mangu savolga turli mintaqalarda bir-biriga yaqin javoblar paydo bo‘la boshlagan edi, Ozarbayjon adiblari Jalil Mamadqulizoda yohud Abdurahim Haqverdievlarning, tatar yozuvchilari Abdulla To‘qay, yohud Olimjon Ibrohimovlarning XX asr boshlarida chop etilgan adabiyot haqidagi maqolalari fikrimizning dalili bo‘la oladi. O’z izlanishlari oqibatida ular naqadar bir-biriga yaqin xulosalarga kelganini ko‘rsatish uchun bir konkret misolga murojaat qilaman: taniqli qozoq jurnalisti, ma’rifatparvar va demokrat M. Seralin o‘zi muharrirlik qylgan «Ayqap» jurnalining 1922 yildagi 1-sonida yozadi: «Til va adabiyot xalqning qalbi va ruhidir... adabiyotsiz xalq zabonsiz boladay gap. Bunday bola boshqalarga o‘zining dardu quvonchlarini gapirib berolmaydi. Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan eng kuchli vosita til va adabiyotdir. O’z adabiyotining haqiqiy qadr-qimmatini bilgan xalqlarning farzandlarigina o‘z tilini chinakam ardoqlay oladi. Qozoq xalqining o‘z tili va o‘z adabiyoti bor... bizning burchimiz unutilib yotgan ulkan xazinalarni yuzaga olib chiqish va hammaning mulkiga aylantirishdir»[1].
Endi Cho‘lponga murojaat qilaylik. «Yosh munaqqid «Adabiyot nadur?» maqolasida, birinchi navbatda, adabiyotning ijtimoiy mohiyati to‘g‘risida fikr yuritadi. Uning fikricha, adabiyot millatni taraqqiy ettirish vositasi, uning ma’naviyatiny ta’minlaydigan omil. Cho‘lpon bu xulosaning chinligiga shu qadar ishonganki, maqolada hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan tarzda «adabiyot yashasa — millat yashar» deya tasdiqlaydi:
«Ha, to‘xtamasdan harakat qilib turg‘on vujudimizga, tanimizga suv, havo naqadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar bilan kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa — millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘an va adabiyotining taraqqiyotiga cholishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolib sekin-sekin inqiroz bo‘lur».
Biri Turkistonda, biri Qozog‘istonda turib, bir-biridan bexabar holda ikki muallif deyarli bir xil tarzda adabiyotning mohiyati, jamiyat hayotidagi, millat ravnaqidagi ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritmoqda. Bundagi mushtaraklik tasodif emas, albatta. Bu shu bilan izohlanadiki, XX asr boshlarida Turkistonda ham, Qozog‘istonda ham ulug‘ Uyg‘onish shabadalari esa boshlagan edi. Turkistonda shu kezlarda tarix maydoniga kirib kelgan, keyinchalik «jadidlar» deb nom olgan fikri ochiq, taraqqiyparvar ziyolilar bu uyg‘onishni ta’minlagan asosiy kuch bo‘ldi. Ular mustamlakachilik siyosati tufayli Turkiston zabun ahvolga tushib qolganini, xalq jaholat va nodonlik qo‘ynida, erksizlik bo‘yinturug‘i ostida ikkiyoqlama zulm iskanjalari ostida qattiq ezilib yotganini chuqur angladilar va bunday hayotni o‘zgartish, yangilash zarurligi haqidagi g‘oyalarni olg‘a surdilar. Ular xalqni ma’rifatli qilishni, saviyasini ko‘tarib, oq-qorani taniydigan qilishni yangilanishning birlamchi sharti deb bildilar va shu olijanob niyatni amalga oshirish uchun fidoyilik bilan ishga kirishdilar. Ular har xil ta’qib va ta’qiqlarga qaramay, moddiy qiyinchiliklarni yengib maktablar ochdilar, darsliklar yaratdilar, gazetalar chiqardilar, nashriyotlar ochib kitoblar chop etdilar, turli madaniy-ma’rifiy to‘garaklar ochdilar... Xullas, qisqa muddat ichida jadidlar millatning sadoqatli va fidokor farzandlari sifatida tanildi.
Cho‘lpon shu ulug‘ ma’rifatparvarlik harakatining qanotlarida ijod maydoniga kirib keldi. U mustaqil o‘qib o‘rganish oqibatida g‘oyat yuksak madaniy saviyaga ega edi. Sharq klassiklari, ayniqsa, turk va hind yozuvchilarining asarlari bilan, shuningdek, Ovro‘pa va rus adabiyoti bilan puxta tanish edi. Shuning uchun 15—16 yoshlaridayoq ma’rifatparvarlik g‘oyalarini qabul qilishga har jihatdan tayyor edi. Shuning uchun Cho‘lpon yoshligiga qaramay, Turkistonning taqdiri to‘g‘risida, millatning istiqboli haqida chuqur qayg‘urish bilan o‘ylay boshladi. U ham jadidlarga ergashib, xalqni jaholat va nodonlik, erksizlik va qashshoqlik botqog‘idan qutqarib olishning birdan-bir yo‘li ma’rifat degan e’tiqodga keldi. Millatni ravnaq toptirish uchun, birinchi navbatda, uni mustamlaka asoratidan xalos etish kerak, buning uchun esa xalq o‘zinn o‘zi tanigan bo‘lmog‘i, hammani birlashtiradigan, yakdil qiladigan milliy iftixor tuyg‘usiga ega bo‘lmog‘i kerak. Cho‘lpon xalqni shu darajaga yetkazishga yordam beradigan imkoniyatlar, chora-tadbirlar izlaydi va adabiyot ularning eng samaralisidir degan to‘xtamga keladi. Shuning uchun ham yosh munaqqid komil ishonch bilan hatto millatning yashashini adabiyotning yashashiga bog‘liq qilib qo‘ydi. Ehtimol, Cho‘lpon bu o‘rinda biroz ehtirosga berilgandir. Biroz mubolag‘aga yo‘l qo‘ygandir, lekin hech shubha yo‘qki, XX asr boshlaridagi Turkiston sharoitida «adabiyot yashasa — millat yashar» degan formula to‘g‘ri va samarali formula edi. Muhimi shundaki, adabiyotga bunday qarash, uni xalq hayotini yangilashning muhim vositasi deb hisoblash Cho‘lpon ijodida shunchaki yo‘l-yo‘lakay aytilgan bir fikr sifatida qolib ketgani yo‘q, balki uning keyingi ijodi davomida doimiy ravishda rahnamolik qiluvchi dasturilamal bo‘ldi. Cho‘lpon shu e’tiqoddan kelib chiqib, 20-yillarda yangi niqobga kirib olgan mustamlakachilikni fosh etdi, xalq uchun kishan yasovchi turli-tuman to‘ralar va afandilarni qoraladi, hurlikni, erkinlikni ulug‘lovchi otashin she’rlar yaratdi, keyinchalik esa xalq hayotining turli qatlamlarini haqqoniy aks ettiruvchi roman va dramalar yaratib, xalqning ma’naviy ulg‘ayishiga katta hissa qo‘shdi.
«Adabiyot nadur?» maqolasining kishini lol qoldiradigan yana bir juda muhim tomoni shundaki, 16 yoshlik munaqqid adabiyotning ijtimoiy vazifasini ta’kidlash bilan cheklanmaydi, balki uning spetsifikasiga, ya’ni obrazli tabiatiga alohida urg‘u beradi. Yosh munaqqid uchun adabiyot quruq g‘oyalar majmuasi emas, balki, birinchi navbatda, inson ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lgan hodisadir. U odamlarning shuurigagina emas, his-tuyg‘ulariga ham ta’sir etishi, ularni quvontirib, yohud mahzun ahvolga solib, shu orqali ijtimoiy burchini o‘tashi zarur. Cho‘lpon bu fikrlarni o‘ziga xos obrazlarda bunday ifodalagan:
«Adabiyot chin ma’nosi ila o‘lgan, so‘ngan qaralgan, o‘chgan, majruh yarador ko‘ngilga ruh bermak uchun, faqat vujudimizga emas, qonlarimizga qadar singishgan qora balchiqlarni tozalaydurgan, o‘tkir yurak qirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi, xiralashgan oynalarimizni yorug‘ va ravshan qiladurgan, chang va tuproqlar to‘lgan ko‘zlarimizni artub tozalaydurg‘on buloq suvi bo‘lganlikdan bizga g‘oyat kerakdur».
Qadim-qadimlardan beri ma’lumki, badiiy asar chinakam san’at darajasiga ko‘tarilmog‘i uchun unda g‘oyaviylik bilan badiiylik chambarchas birikib ketgan bo‘lmog‘i kerak. Badiiyatsiz g‘oyaviylik adabiyotni muqarrar o‘limga mahkum etadigan rak kasaliga o‘xshaydi. Adabiyot faqat badiiyati orqaligina, ya’ni teran hayotiy mazmunni, muhim hayot haqiqatini odamlarni hayajonlantiradigan, to‘lqinlantiradigan badiiy shakllarda ifodalaganidagina jamiyat ehtiyojini qondira oladigan qudrat kasb etadi. Buni yaxshi anglagan Cho‘lpon badiiyatning mohiyatini o‘ziga xos tarzda shunday uqdiradi:
«...ba’zi vaqtda falak bir odamni qayg‘uga solar, ul o‘zi tushunib, o‘ylab turib, oh tortib yig‘lar. Bu hasratlarni o‘z ichiga sig‘dirolmas. Birovga aytsa, «voy, bechora» dermukin deb, albatta, o‘z qayg‘usini birovga aytmakka tilar. Tub to‘g‘ri aytganda ul qadar ta’sir qilmas. Adabiyot ila aytganda, albatta ta’sir qilar. Mening bir oshnamning o‘ldigi xabari kelar. Men hech xafalanmayman. Bir vaqtda maktub kelar, maktubda alarning ko‘rgan kunlari adabiyot ila bunday yozilur:

Yüklə 1,41 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin