3-asosiy bayoni: Pedagogika ta’lim-tarbiya maqsadini jamiyat talabalariga va o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga qarab mazmunan o‘rganib borishni taqozo etadi, tarbiyaning tarkibiy qismlarini va ular o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ochib beradi. Shu asnoda ta’lim va tarbiya sohasidagi tajribalarni umumlashtiradi, tarbiyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini, yo‘llarini ko‘rsatib beradi.
Pedagogika faniga tavsif berilganda «ta’lim», «tarbiya», hamda «ma’lumot» degan so‘zlarni ishlatdik. Bu so‘zlar o‘zaro bog‘langan bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi. Ularni pedagogikaning asosiy kategoriya-tushunchalari deb nomlaymiz. Bulardan tashqari «o‘quvchi», «o‘qituvchi», «metod», «intizom», «jamoa», «irsiyat», «muhit», «direktor» kabi tushuncha-nomlar mavjudki, bu haqida mavzular yuzasidan fikr yuritilganda alohida to‘xtaymiz.
Tarbiya tarixini o‘rganar yekanmiz, u juda qadimiy jarayon ekanligini insoniyat butun hayoti davomida tarbiya bilan shug‘ullanganligiga ishonch hosil qilamiz. Tarbiya jarayonida ajdodlarimiz tarbiyaviy ta’sirning samarali yo‘l, metodlari va manbalarini qidirib hayotga tadbiq qila boshlaganlar, buning natijasida tarbiya haqidagi g‘oyalar, nazariya va tavsiyalar paydo bo‘la boshlagan. Bu pedagogika fanining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Jahon mutafakkirlari o‘zlarining pedagogik g‘oyalari bilan fanning rivojlanishiga hissa qo‘shdilar. Bu jarayonda o‘zbek mutafakkirlarining jahon pedagogikasi tarixiga qo‘shgan hissalari cheksizdir. Tarbiya haqidagi g‘oyalar Eramizdan oldingi VI asrda shakllanganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Keyingi davrlarda pedagogik g‘oyalarning shakllanishida zardushtiylik ta’limoti uning muqaddas kitobi «Avesto»da qimmatli fikrlar talqin etilgan. Kishilik tarixida islom ta’limotining tarbiya haqidagi g‘oyalarining shakllanishida ahamiyati cheksizdir. Qur’oni Karim va hadisi-shariflarda, musulmon ahlining dunyoqarashi falsafasi, ma’naviyati, axloqi, e’tiqodi, har tomonlama barkamolligi kabi insoniy sifatlarni shakllantirish yo‘llari bayon qilingan.
Tarbiya haqidagi g‘oyalarning rivojlanishida Imom Buxoriy, At-Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayxon Beruniy, Yusuf Xos Xojib, Axmad Yassaviy, Naqshbandiy, Navoiy, Behbudiy, Abdulla Avloniy va boshqalarning xizmatlari kattadir.
Birinchi Prezidentimiz aytganlaridek: «Fuqarolar endi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni ishtirokchisi, bajaruvchisi emas, balki bunyodkori va tashkilotchisidir». Bunday yangicha yondashishlar pedagogika fanining ob’ekti va predmetini kengaytirdi. Endilikda pedagogika fanining ob’ekti faqat ta’lim-tarbiya jarayonining nazariy, metodologik amaliy ta’minlovchi emas, balki komil inson shakllanishi, rivojlanishini ta’minlaydigan keng sohalarni o‘z ichiga oladi. Shuning uchun, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturida»gi milliy modelida shaxs kadrlar tayyorlash tizimining bosh ob’ekti va sub’ekti sifatida qaraladi. Bundan tashqari pedagogika fani oldiga yangicha fikrlaydigan, yangicha tafakkur, milliy mafkuraga ega komil insonni shakllantirish vazifalari qo‘yildi.