Fonetik-fonologik sath. Tilning bu sathi til tizimidagi nutq tovushlarini o‘rganadi. Fikr almashish uchun foydalaniladigan so‘zlar va gaplar, albatta, tovushlar tizimida o‘z ifodasini topadi. Tilning tovush tizimini turli tomondan o‘rganish mumkin, chunki nutq tovushlari o‘z tabiatiga va til tizimida bajaradigan funksiyasiga ko‘ra murakkab hodisadir. Inson nutqining tovushlari fizik xususiyatlariga ko‘ra tabiatda paydo bo‘ladigan tovushlarning bir turidir. Shuning uchun tovushlar tizimini o‘rganishda akustik nuqtayi nazardan ham yondashiladi. Ammo, inson foydalanadigan tovushlar, tabiatdagi boshqa tovushlardan farqli o‘laroq, kishining nerv sistemasi tomonidan boshqarilib turadigan nutq organlari mahsulidir. Shuning uchun tovushlar fiziologik nuqtayi nazardan ham o‘rganiladi. Nihoyat, tovushlarni tildagi bajaradigan funksiyasi nuqtayi nazaridan ham o‘rganish mumkin, chunki tovushlar tilda o‘z holicha mavjud bo‘lmaydi. Ular so‘zlarni yasashda va fikr almashish vositasini ta’minlab berishda muhim rol o‘ynaydi. Tovushlarning fizik va biologik xususiyatlarini fonetika fani o‘rganadi. Tovushlarning til tizimida bajaradigan funksiyalarini esa fonologiya o‘rganadi. Fonetikaning bir necha ko‘rinishlari bor: nazariy fonetika, amaliy fonetika, segmental, supersegmental fonetika va fonologiya. Fonetikaning to‘rtinchi asosiy sohasi hisoblanmish fonologiya alohida fan sifatida qaraladi.
Fonetika tilning boshqa qismlari va sathlari bo‘lgan morfologiya va sintaksis, leksika va uslubiyat bilan uzviy bog‘liqdir. Nutq fonetik jihatdan fraza, takt, bo‘g‘in va nutq tovushlariga ajraladi. Fraza nutqning eng katta fonetik birligi bo‘lib, ikki tomondan pauza bilan chegaralanib, o‘ziga xos ohangga ega bo‘ladi. Frazalar taktdan tashkil topgan bo‘ladi. Frazaning ikki kichik pauza orasiga joylashgan va yagona urg‘u bilan talaffuz qilinadigan bir yoki bir nechta bo‘g‘indan iborat yig‘indisiga takt deyiladi. Frazada nechta urg‘u bo‘lsa shuncha takt bo‘ladi.
Takt bo‘g‘inlardan tashkil topadi. Bo‘g‘in bir yoki bir nechta tovushdan tashkil topib, bir zarb bilan talaffuz qilinadigan fonetik birlikdir. Bo‘g‘in ta’rifiga aloqador bir qancha nazariya mavjud. Shulardan ikkitasi: fonologik bo‘g‘in nazariyasi va fonetik bo‘g‘in nazariyasi keng tarqalgan. Tovushlar fonetika birligi sifatida o‘rganilganda nutq tovushlari yoki fonlar deb yuritiladi. “Fon” hozirgi tilshunoslikda keng tarqalgan atama bo‘lib, nutqning eng kichik, ma’no anglatmaydigan birligidir.
Nutq tovushlari o‘rgauvchi aspektlardan biri fonologiya deb yuritiladi. Nutq tovushlarining vazifaviy qiymatini fonologiya o‘rganadi. Fonologiyaning o‘rganish manbai fonemadir. Fonema so‘z, so‘z shakllari va morfemalarni tashkil etuvchi, ma’no farqlash uchun xizmat qiluvchi eng kichik, boshqa bo‘laklarga bo‘linmaydigan til birligidir. Masalan, tup-tub;quy-qo‘y;sut-sud so‘zlari fonemalar yordamida farqlanadi. Tarkibidagi birgina fonema bilan farq qiluvchi so‘zlar kvaziomonimlar deb yuritiladi. Tildagi barcha fonemalar bir-biriga nisbatan ma’lum ko‘lamda bo‘ladi. Fonemalarning bog‘lanishi, o‘zaro munosabati fonologik tizimni tashkil etadi.
“Fonologiya tovushlar bilan bog‘langan, biroq u ma’noga ta’sir etmaydigan kichik farqlanishlarni kuzatmaydi. Quyida ikki so‘zlovchi nutqini kuzatamiz: bir so‘zlovchining “Ssh!”(Jim bo‘ling ma’nosida) va boshqa so‘zlovchining ayni “Ssh!”ni boshqacha talaffuz qilishi fonolog olimni qiziqtirmaydi.
Barcha tovushlar farqlanadi. Fonologiya bunday farqlanishlarni kuzatmaydi. Fonologiya “sh” (shoe so‘zidagidek) va “s” (sue so‘zidagidek) tovushlari orasidagi farqlanishlarga e’tibor qaratadi. Fonologiyaning birligi – fonema.
Vengr tilida talaffuz qilish juda oson, chunki bir harf bitta tovushga to‘g‘ri keladi. Istisnoli holatlar venger tilida ham kuzatiladi. –sd bilan tugovchi vengr so‘zlari, masalan, mosd, lásd, nevesd, üsdso‘zlari “sh” tovushiga o‘xshab, ya’ni “zh” tarzida talaffuz qilinadi: mozsd, lázsd, nevezsd, üzsd. Vengr tilidagi mozsd so‘zini tovush jihatidan tahlilga tortamiz. Bunda eng so‘nggi tovush “sh” talaffuz etilmaydi. Chunki undoshdan so‘ng yana bir undosh kelib qo‘shilgan mos+d, shuning uchun ikkinchi undoshni talaffuz etish imkoniyati yo‘q. Bunda (/S/) tovushi ham, (/D/) tovushi ham shovqinli tovush hisoblanadi, shuning uchun vengr tilida bu tovushlar yonma-yon kelganda /Z/ tarzida talaffuz etiladi.
Bunday holat ingliz tili uchun ham xosdir. Masalan, biror /sh/ tovushi bilan tugagan so‘zni olaylik, aytaylik, wash (yuvmoq) so‘zi bo‘lsin. Uning o‘tgan zamondagi shaklini hosil qilish uchun /ed/ shaklidan foydalaniladi (washed - yuvdim). Bunda talaffuzda qiyinchiliklar yuzaga keladi, ya’ni /sh/ tovushi shovqinli, /d/ esa ovozdor tovushdir. Ingliz tili ona tili hisoblangan inglizlar wazhed yoki washt tarzida talaffuz qiladi.
Ingliz tilida R’s tovush birikmasi talaffuzi vengr tilidan farqlanadi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki bu tovushlar nemis hamda fransuz tillarida ham boshqacha talaffuz qilinadi. Ingliz tilining ba’zi shevalarida esa umuman talaffuz qilinmaydi. Agar “hip-hop” musiqani sotib olsangiz (internet orqali) yoki musiqaning nomiga qarasangiz, albatta, brotha, sista, ganxta kabi so‘zlarni ko‘rasiz, ushbu so‘zlar brother, sister va gangster so‘zlarining alternativ talaffuzidir. Yoki singers so‘zini singaz tarzida talaffuz etishadi, ya’ni so‘z oxiridagi r’s talaffuz qilinmaydi. Bu holat barcha ingliz dialektlari uchun xos emas.
Four. Four people. Four animals (To‘rt, to‘rt odam, to‘rt hayvon).
Agar Angliyaning janubida yashaydigan odamdan shu gaplarni talaffuz qilib berishini so‘rasangiz, /r/ tovushining faqat oxirgi gapda talaffuz qilinganini payqaysiz. R tovushi, odatda, undoshlar oldidan talaffuz qilinmaydi, unlilar oldidan talaffuz qilinganda /Q/ tovushiga o‘xshash tovush eshitiladi.