Reja:
Orfoepiya – adabiy talaffuz me’yorlarini o`rganuvchi sath. Orfografiya. Orfografik tamoyillar haqida. Orfografik va orfoepik qoidalarning o`zaro bog`liqligi. Adabiy tilga xos bo`lgan muhim xususiyatlarning eng birinchisi uning muayyan me’yorlarga bo`ysunishidir.
Fonetika, leksikologiya, morfologiya yoki sintaksis sohalarida bo`lgani kabi nutqning ikki ko`rinishi: og`zaki va yozma shakllarda ham barcha uchun umumiy bo`lgan o`ziga xos me’yorlar mavjud.
Muayyan me’yorlardan chetga chiqish yoki chekinish kishilarning o`zaro fikr almashish jarayoni (og`zaki va yozma)da turli qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Og`zaki nutqning qonun-qoidalarini orfoepiya sathi, yozma nutqqa xos normalarni orfografiya bo`limi o`rganadi.
Nutq tovushlari vositasida ifodalangan og`zaki nutqimiz eshitish orqali o`zlashtirilsa, harflar vositasi bilan ifodalangan yozma nutq esa ko`rish, o`qish, uqish orqali o`zlashtiriladi.
Orfoepiya (grekcha orthos – to`g`ri, epos – nutq) tildagi so`z va uning qismlarini adabiy talaffuz etish qoidalari to`plamidan iborat. Axborot uzatish va axborot qabul qilish jarayonida to`g`ri talaffuz muhim ahamiyatga ega.
Orfoepiya normalari tilning fonemalar sistemasi bilan, fonemalarning ma’lum pozitsiyalardagi o`zgarishlari bilan va, asosan, nutq madaniyati bilan chambarchas bog`liq.
Nutq madaniyatining ajralmas bo`lagi bo`lgan orfoepiya adabiy talaffuz madaniyatini oshirishga, uni bir tizimga solishga yordam beradi.
Orfoepik talaffuz me’yorlari adabiy til bilan birgalikda shakllanadi.
Odatda, ba’zi tayanch shevalar talaffuzi adabiy til talaffuzi normasiga yaqin turadi.
Masalan o`zbek adabiy tilining talaffuziga Toshkent va Farg`ona vodiysi shevalarining talaffuzi asos qilib olingan.
Rus adabiy tilining talaffuziga esa Moskva va Leningrad shevalari asos sifatida qabul qilingan.
Orfoepik me’yorlar makon va zamonda farqlanadi, o`zgaradi.
Ya’ni har bir til o`zining ma’lum davrdagi adabiy talaffuz normalariga ega bo`lib, ular vaqt o`tishi bilan tildago fonetik, leksik va boshqa yangilanishlar natijasida ozgarishi mumkin.
Orfoepiya nutqning talaffuz me’yorlari amaliy jihatdan qanday bo`lishini fonetika va fonologiyadagi nazariy tamoyillarga asoslangan holda belgilab beradi.
O`zbek tilida avvalgi adabiy talaffuz me’yorlari eski o`zbek adabiy tili negizida yuzaga kelgan bo`lsa, hozirda foydalanilayotgan adabiy talaffuz normalari fan texnikaning yuksalishi, xalq madaniy saviyasining tobora o`sib borishi, umumiy savodxonlik, o`rta va oliy maktablarning rivojlanishi kabi qator omillarni hisobga olgan holda belgilangan.
Quyida orfoepiyaning ba’zi me’yorlari bilan tanishib o`tamiz:
Yonma-yon kelgan ia, io, ai, oi, ea – unlilari orasiga qisqa y tovushini qo`shib talaffuz etish orfoepik me’yordir: tabiat – tabiyat, shariat – shariyat, radio – radiyo, stadion – stadiyon, said – sayid, ukrain – ukrayin, doim – doyim, oila – oiyla, teatr – teyatr, laureat – laureyat kabi.
Samarqand, Toshkent, xursand, qand, baland, go`sht, past kabi so`zlar oxiridagi d, t undoshlarini tushirib talaffuz etish, orfoepik me’yordir.
Matbaa, metall, kilogramm, kilovatt, kongres singari o`zlashma so`zlarning talaffuzida qo`sh unli (undosh)larning faqat bittasi talaffuz etiladi.
Shartli qisqartmalarni kengaytirilgan holatda o`qimaslik adabiy talaffuz normasiga ziddir: AQSH – Amerika Qo`shma Shtatlari, BMT – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, A. Navoiy – Alisher Navoiy, A.Qod. – Abdulla Qodiriy kabi.
Oftob, kitob, adab, maktab, Tolib, hisob singari so`zlar oxiridagi b undoshi jarangsiz jufti bilan almashtirilib, n tarzida yalaffuz ‘tilishi deyarli barcha sheva vakillari nutqiga xosdir va bu hol orfoepiya uchun me’yoriy hodisa hisoblanadi.
Orfoepiya notiqlik san’ati, nutq madaniyatidagi barcha talaffuz xususiyatlarining yig`indisini, radio, televideniyeni adabiy normaga solib turuvchi mezon hisoblanadi.
Angliya, Buyuk Britaniya, Amerika kabi o`nlab rivojlangan mamlakatlarda matbuot sohasida, ayniqsa, televideniyeda orfoepik me’yorlarga qat’iy amal qilish talab etiladi.
Talaffuz normalaridan chetga chiqish hollari ro`y bergan ko`rsatuvlar (u har qanday dolzarb masalalar bilan bog`liq bo`lishidan qat’iy nazar) efirga berilmaydi, mabodo bunday ko`rsatuvlar tasodifan efirga uzatilsa, ko`rsatuvni tayyorlagan jurnalistga televideniye muharririga katta miqdorda jarima solinadi, ba`zi holatlarda ular ishdan chetlatilishi ham mumkin.
O`zbekiston televideniyesi, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari haqida hamma vaqt ham bunday gapni aytib bo`lmaydi. Ba’zi radio eshittirishlarida, televideniye ko`rsatuvlarida shevaga berilib, bu holatni “xalqona soddalik”, “dehqontabiatlilik” sifatida izohlab, adabiy talaffuz me’yorlarini qo`pol ravishda buzish madaniyatsizlikning bir ko`rinishi ekanligini unutmasligimiz lozim.
O`zbekiston televideniyesi, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari haqida hamma vaqt ham bunday gapni aytib bo`lmaydi. Ba’zi radio eshittirishlarida, televideniye ko`rsatuvlarida shevaga berilib, bu holatni “xalqona soddalik”, “dehqontabiatlilik” sifatida izohlab, adabiy talaffuz me’yorlarini qo`pol ravishda buzish madaniyatsizlikning bir ko`rinishi ekanligini unutmasligimiz lozim.
Orfografiya grekcha so`z bo`lib, orthos – to`g`ri va grafo – yozaman, “to`g`ri yozuv” degan ma’noni ifodalaydi. Orfografiya tovush va harflar, so`z va uning ma’noli qismlari, qo`shma, juft, takroriy, qisqartma (jumladan, shartli qisqartmalarning ham) so`zlarning qo`shib, ajratib va chiziqcha orqali yozilishi, bo`g`in ko`chirish, bosh hamda kichik harflardan foydalanish o`rinlari haqidagi yagona qoidalar tizimidan iboratdir.