Tadqiqotning predmeti. O‘rta Osiyo xonliklari hududini geosiyosiy o‘rni, ma’muriy tuzilishi, aholisi tarkibi, xonliklarda davlat mansablari, unvonlari, yer egaligi munosabatlari, soliq va majburiyat ishning predmetini tashkil qiladi.
Bitiruv malakaviy ishning nazariy-metodologik asosini milliy istiqlol g‘oyasi, tarix fani tamoyillari, umuminsoniy tamoyillar tashkil etgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunlari va hukumatining turli mazmundagi hujjatlari, Prezident I.A. Karimovning mavzuga aloqador asarlari ishning muhim nazariy-metodologik asos bo‘lib xizmat qilgan.
Tarix fanining tadqiqot usullaridan tarixiylik, xronologik, obyektivlik va xolislikga amal qilindi.
Bitiruv malakaviy ishning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati: Ishda O‘rta Osiyo xonliklari davrida davlat boshqaruvi va yer egaligi munosabatlari yangi ilmiy adabiyotlar va manbalar yordamida yangi nazariy metodologiyaga asoslanib yoritib berishda ko‘rinadi.
BMIni tayyorlash jarayonida qo‘lga kiritilgan yakuniy xulosalardan O‘zbeksiton tarixdan mashg‘ulotlar olib borishda, seminar mashg‘ulotlariga tayyorlanishda foydalanish mumkin.
Ishning aprobatsiyasi.Ushbu mavzu Qarshi Davlat universiteti tarix fakulteti “O`zbekiston tarixi” kafedrasi qoshidagi “Yosh o`lkashunoslar” to`garagida ma`ruza qilindi va kafedra yig`ilishlarida muhokama qilinib, himoyaga tavsiya etilgan.
Bitiruv malakaviy ishning tuzilishi: Kirish, 2 ta bob, 4 ta pragraf, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB O‘rta Osiyo xonliklarida davlat tuzilishi va ma’muriy boshqaruv Xonliklarning geosiyosiy ўрни va davlat boshqaruvi.
Tarixiy taraqqiyotning ma’lum davriga kelib, o‘zbek davlatchiligi tarixida tarqoqlik, bo‘linish yuzaga keldi. O‘rta Osiyo hududida davlat va jamiyat boshqaruviga da’vogar xokimiyat uch yerda Buxoro, Xiva va Qo‘qonda mujassamlashdi.
Buxoro amirligi o‘zbek xonliklari orasida o‘zining hududiy o‘rni, aholisi va tabiiy resurslari nuqtai-nazardan muhim mavqeiga ega edi. Bu davlatning hududi qariyb 200 ming kv. km. ni tashkil etdi. Buxoro amirligining joylashgan o‘rni haqida Amir Olimxon o‘zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarida shunday deydi: “Buxoro mamlakati Amudaryoning sharqiy sohillaridan, ya’ni Rusiya Pomiridan to Xivaning keng dashtlarigacha cho‘zilib boradi. Rusiya bilan Buxoro o‘rtasida bo‘lgan urushlardan oldin 1868 yili va bolsheviklar hukumati tasarrufida (1920) bo‘lgan chog‘da Buxoro shimol tarafdan Qizilqum sahrosi bilan chegaradosh. G‘arb tarafdan Sirdaryo bilan hamda Qo‘qon xonligi bilan, Janubda esa Afg‘oniston, Sharqdan turkman o‘lkasi ham Xiva dashti bilan chegaradosh”.5 Bu asarda amirlik hududini 225 000 km. kv. ekanligi ma’lum qilinadi. Buxoro va Samarqand amirlikning asosiy markaziy shaharlaridir. Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari, hozirgi Tojikiston hududidagi Vaxsh, Kofrinixon, Panj daryolari vodiysida joylashgan shahar va qishloqlar, shuningdek Murg‘ob daryo vohalaridagi yerlar ham Buxoro amirligi tarkibiga kirgan. Poytaxti sharqning eng go‘zal shaharlaridan biri hisoblanmish Buxoro edi. Samarqand, Qarshi, G‘uzor, Shahrisabz, Kitob, Termiz, SHerobod, Dushanbe, Hisor, Ko‘lob shaharlar asosiy savdo va hunarmandchilik markazi bo‘lib hisoblangan. Aholisining asosiy qismini o‘zbek, turkman, qirg‘iz, qozoq, tojik, yahudiy va arablar tashkil etgan. Amirlikda 2 million atrofida aholi istiqomat qilgan. Sersuv vohalar ko‘p bo‘lganligi tufayli aholining ko‘p qismi dehqonchilik qilish uchun qulay bo‘lgan hududlarda yashagan. Zarafshon vohasida 300-350 ming, Qashqadaryo vohasida 500 ming, Surxondaryoda 200 ming, Sharqiy Buxoroda 5 ming aholi istiqomat qilgan. Buxoro shahrining o‘zida 60 ming, Samarqandda esa 50 ming kishi yashagan.
Amirlikda yashovchi aholining barchasi biror qavm va urug‘lar tarqibida bo‘lgan. Ularning 57 foizini o‘zbeklar tashkil qilgan. O‘zbek urug‘lari ichida mang‘it, qalmoq, saroy, qo‘ng‘irot, jabg‘u, qarluq, qalmoq, nayman, qipchoq, ming, yuz qabilalari ko‘pchillikni tashkil etgan. Buxoro amirlari esa butunlay mang‘itlarning o‘zbek toifasiga kirgan. Tojiklar asosan Hisor, Dushanbe, Sharqiy Buxorodagi Vaxsh, Kofirnihon va Panj daryolari vodiylarida yashaganlar.
“Buxoroning sharqiy qismini ulug‘ tog‘lar o‘rab turadiki, ular dunyoning eng baland tog‘laridir. Hisor tog‘larini o‘rab olgan qancha-qancha cho‘qillari borki, undaylar juda oz bo‘lib, ularning balandligi besh ming besh yuz metrga yetadi. Bir-biriga zanjir bo‘lib ulangan yerlar to olti ming bir yuz metrga yetadi. Jumladan, Darvoz tog‘lari to Pomir dashtigacha cho‘ziladi. Buxoroda, ya’ni Markaziy Osiyo mamlakatlarining eng qadimgilaridan biri bo‘lib, bunda navbatma-navbat shahzodalar saltanat qurganlar. Buxoro poytaxti milodiy tarixdan bir necha avval bino bo‘lgan...” deb ta’kidlanadi Amir Sayid Olimxonning asarida.
Buxoro amirligi tarkibiga 28 ta beklik kirgan bo‘lib, ular quyidagilardir: Chorjuy, Karmana, Ziyovuddin, Nurota, Xatirchi, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog‘, G‘uzor, Boysun, Qorategin, Denov, Hisor, Darvoza, Baljuvon, SHo‘g‘non, Ko‘lob, Qo‘rg‘ontepa, Kabadiyon, SHerobod, Kalif, Qaroqli, Qarshi, Xorazm va boshqalar. Har bir beklikni amir tomonidan tayinlab qo‘yilgan xokimlar-beklar idora qilgan. Buxoro o‘z tabiiy sharoitidan kelib chiqib, foydali qazilma boyliklar ko‘p edi. Bu yerda tillo, kumush, qo‘rg‘oshin, mis, temir ko‘p miqdorda topilgan. Shuningdek, amirlikning sharqida ma’danlar ko‘p bo‘lgan. Tabiiy boyliklar ichida neft, ko‘mir, gugurt, nashatir ko‘p topilgan. Savdo-sotiq ishida teri, yung, shoyi gilamlar chet mamlakatlarga chiqarilgan. Buxoro otlar juda mashhur bo‘lib, ayniqsa tashqi savdoda qorabayir otlari asosiy mollardan biri bo‘lgan. Buxoro asosan Rossiya, Eron va Afg‘oniston bilan savdo-sotiq ishlarini olib borgan.
O‘rta Osiyo xonliklarda hududi va aholisi jihatidan Xiva xonligi ikkinchi o‘rinda turgan. Xiva xonligiga Xorazm vohasi va hozirgi Turkmanistonning bir qismi kirgan. Aholisi asosan o‘zbeklardan tashkil topgan. Shuningdek, xonlikda turkmanlar, qoraqalpog‘lar, qozoqlar, qisman forsiy aholi vakillari ham yashab kelgan. Jami aholisi 800 ming kishidan iborat bo‘lgan.
XIX asrning birinchi yarmida Xiva xonligida davlat hokimiyatining mustahkamlanishi bilan uning hududi ham kengayib bordi. Eltuzarxon (1804-1806 yy) davrida uning hududi unchalik katta bo‘lmay, shimoliy chegarasi Orol-Qo‘ng‘irot hokimligi va janubiy esa Darg‘on bilan chegaradosh edi. 1840 yillarga kelib Xivaning hududi ancha kengayib, g‘arbiy chegarasi Kaspiy dengizigacha, janubiy esa Eronga tutash bo‘lgan. 1858 yili Xivaga safar qilgan rus elchisi Ignatyev Xiva xonligining janubiy chegarasi Marv vodiysi orqali o‘tganligi, shimolda esa Embya (Ural) daryosigacha tutashganligi haqida ma’lumot beradi.
Buxoro va Xiva xonligini chegaralarini Qizilqum sahrosi ajratib turgan. Xiva xonligida yashagan aholi soni haqida aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Ba’zi manbalarda ta’kidlanishicha. xonlikda taxminan 800 mingga yaqin aholi yashagan.
1819 yil Xiva xonligiga kelgan rus sayyohlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, Xiva xonligida 300 mingga yaqin kishi yashagan. G.I. Danilevskiy ham uning ma’lumotini tasdiqlaydi. 1873 yil Xivaga kelgan rus sharqshunosi A.L. Kun xonlik aholisi 700 ming kishi deb, ma’lumot beradi. O‘zbekistonning qo‘ng‘irot, nayman, qiyot, uyg‘ur, nukuz, qang‘li, xitoy, qipchoq qabilalari ko‘pchillikni tashkil qilgan. O‘zbek qabilalari asosan Amudaryo tarmoq yoygan qismida, kanal bo‘ylarida joylashgan edi. Shuningdek, aholining anchagina qismini, ya’ni ¼ qismini turkmanlar tashkil etgan. Bu turkman qabilalari qadimgi o‘g‘izlarning avlodlari bo‘lib, forsiy va turkiy qabilalari bilan qorishib ketgan.
XIX asrlarda Xiva xonligi kuchli markazlashgan davlat edi. Bu esa o‘z o‘rnida savdo va hunarmandchilikning rivojlanishiga keng yo‘l ochib beradi. Xiva, Xozarasp, Xonqa, Urganch, Qo‘ng‘irot, Ko‘hna Urganch, SHo‘raxon kabi shaharlarda savdo va hunarmandchilik har jihatdan rivojlanadi. Bu shaharlarda 2 mingdan 5 minggacha aholi istiqomat qilgan. Poytaxt Xiva shahrida 12 ming aholi yashab kelgan. Har bir shahar atrofi baland va mudofaa qo‘rg‘onlari bilan o‘rab olingan. Xiva xonligi ma’muriy jihatdan Xozarasp, Gurlan, Xonqa, Ko‘hna-Urganch, Qo‘shkupir, Pitnak, G‘azavot, Qiyot, Shohabboz, Shavot, Toshhovuz, Ambor-manoq, Urganch, Xo‘jayli, To‘manoy, Qo‘ng‘irot kabi beklik va noibliklarga bo‘lingan. Bek va noiblar huzurida, ularga xizmat qiluvchi amaldorlar bo‘lgan.6 Xiva shahri shaxsan xonning va bosh vazirning izmida bo‘lgan. Shahar ichki tartiblari va osoyishtaligi mirshab boshi, jinoiy ishlarni ko‘rish va jazo tayinlash shahar qozisi, poytaxtni tasodifiy hujumlardan himoyalash to‘pchboshi va Ichan-qal’a, Dishan-qal’a qutlovi (komendanti) zimmasida bo‘lgan.
Yillar davomida Xiv xonligida markazlashgan harbiy-feodal davlatining ancha mukammallashgan davlat tizimi va mamuriy boshqaruv usuli qaror topib borgan. Bu davrda ma’muriy boshqaruvning mukammal tizimi yaratildi. Boshqaruvning siyosiy, huquqiy, mulkiy va diniy negizlari shakllantirildi. Qo‘ng‘irotlar qo‘lida davlatning oliy qonun chiqaruvchi, ma’muriy va sud hokimiyati to‘plandi.
Muhammad Rahimxon I (1806-1825 yillar) davrida xonlikdagi o‘zaro urushlar biroz tinchidi va xonlikni birlashtirish nihoyasiga yetdi. Shuningdek, qoraqalpog‘lar va turkmanlarning chavdor qabilalari ham bo‘ysundirildi. Muhammad Rahimxon I amalga oshirgan islohatlar tufayli xonlikda mustaqillik tayanchi bo‘lgan kentlar o‘rnida viloyat xokimliklariga, tuman va masjid qavmlariga ajratildi. Bu ma’muriy boshqarmalar markaziy hokimiyat bilan mustahkam bog‘liq edi. Amudaryoning so‘l sohillaridagi hududlarda dastlab 15 ta hokimlik tuzilgan. Chor Rossiyasi istilosidan so‘ng viloyat hokimlari soni 25 taga ko‘paydi. Har bir viloyat o‘z o‘rnida masjid qavmlariga ajratilgan. Xiva xonligida jami 1578 ta masjil-qavmlari mavjud bo‘lgan. Masjid-qavmlari esa qishloqning obro‘li katxudolari-oqsoqollar, mirob va imomlar tomonidan idora qilingan. Ular hokimga bo‘ysunganlar. Hokimlar xonning eng yaqin kishisi bo‘lib, viloyatning to‘la hukmdori hisoblangan. Hokimlar soliq yig‘ish, tartib-intizomni saqlash, ҳарбий юришларда қўшинга бошчилик қилиш каби вазифаларни бажарган. Ba’zi tumanlarda urug‘chilik munosabatlari kuchli bo‘lgan. Qoraqalpog‘, turkman qabilalari inoq, otalik va biylar orqali boshqarilgan.
Xiva xonligida qo‘ng‘irot sulolasi hukmronligi davrida xon oliy hukmdor va mutloq hukmron bo‘lgan.
Xiva shahridagi Toshhovli xonning asosiy qarorgohi hisoblangan. Bu saroy bir yuz o‘n bir xonadan iborat edi. Toshhovli ham xon qarindosh-urug‘ining yashash joyi, ham davlat boshqaruv mahkamalarining markazi edi. Muhammad Rahmonxon I davrida hokimiyatni mustahkamlash uchun yuqori ma’muriy organ-Oliy kengash ta’sis etiladi. Oliy Kengash asosiy qonun chiqaruvchi organ bo‘lib, ma’muriy va sud organi vazifasini bajarib kelgan. Oliy Kengash yig‘ilishi har haftaning juma kuni xon saroyining ko‘rinish xonasida bo‘lib o‘tgan. Uning yig‘ilishida xon va uning qarindosh-urug‘i, saroyning nufuzli ayonlari-qushbegi, mehtar, devonbegi, naqib, shayxulislom, bosh qozi va inoq, otalik va biylar ham qatnashganlar. Oliy Kengash ishida davlat hayotiga aloqador eng muhim ichki va tashqi masalalar muhokama etilgan hamda maxsus qarorlar qabul qilingan. Kengashni xonning o‘zi boshqarib borgan. Shuningdek, unga uning hohishi- irodasi Kengash ishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.7 Bundan tashqari Xiva xon saroyida mehtar, qushbegi, devonbegi, naqib va shayxulislom ishtrok etadigan maxsus Kengash ham faoliyat olib borgan. Bu kengashda kundalik masalalari hal etilgan.
Qo‘qon xonligi O‘rta Osiyo davlatlari orasida hudud jihatdan ancha kichik edi. Bu davlat sharqda Sharqiy Turkiston, g‘arbda Buxoro amirligi va Xiva xonligi bilan chegaradosh edi. Shuningdek, Qo‘qon xonligi bilan Rossiya o‘rtasida Mirzacho‘l va Muyunqo‘l cho‘llar bo‘lgan. Xonlikning janubida Qorategin, Ko‘lob, Darvoz, SHo‘g‘non kabi tog‘li o‘lkalari bor edi.
Bu hududlar bahavo bo‘lganligi uchun Buxoro-Qo‘qon o‘rtasida jiddiy tuqnashuvlar bo‘lib turgan.
Qo‘qon xonligi Buxoro va Xivadan kichik bo‘lsada, ammo uning hududida sersuv daryolar, vodiylar, serhosil yerlar nihoyatda ko‘p edi. Xonlikning poytaxti Qo‘qon shahri bo‘lgan. Shuningdek, Marg‘ilon, O‘zgan, Andijon, Namangan kabi shaharlari asosiy savdo va hunarmandchilik markazlari hisoblangan. Bu davlatda aholi nihoyatda zich yashagan. Unda tahminan 3 million kishi istiqomat qilgan. Qo‘qon shahrining o‘zida 80 ming, Toshkent shahrida 60 ming aholi yashagan.
Xonlikda o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, qozoqlar, o‘yg‘urlar, yahudiylar, tatarlar, hindlar ham istiqomat qilganlar.
Qo‘qon xonligi ma’muriy jihatdan 15 beklikka bo‘lingan. Ularning ko‘pchilligini xonning o‘g‘illari va yaqin qarindoshlari boshqargan. Hokimlar o‘z hududidagi harbiy kuchlar qo‘mondoni hamda fuqora boshqaruvining boshlig‘i hisoblangan. Hokimlar o‘z tasarrufidagi qo‘shinni o‘zlari moddiy jihatdan ta’minlab turganlar. Bu hokimlar zarur hollarda oziq-ovqat ortilgan 12 ming aravaga ega bo‘lgan 60 mingtacha sinophiyni yig‘a olganlar.
Qo‘qon xonligida davlat boshqaruv usuli Buxoro va Xivanikicha ko‘p jihatdan o‘xshash bo‘lgan. Xon huquqi hech bir narsa bilan cheklanmagan bo‘lib, u mutloq xokim edi. Qo‘qon xonligi saroyida ham maxsus kengash tuzilgan, unda davlatning eng muhim masalalari muhokama etilgan. Kengash tarkibiga xonlikdan eng oliy mansabdor shaxslar kiritilgan. Kengashda xon raislik qilgan va u asosiy hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Qo‘qon xonligi turli foydali qazilma boyliklarga boy bo‘lgan. Masalan, Kosonsoydan Qoratog‘ shimolidagi Ko‘krav daryosidan, Chirchiq daryosi bo‘ylaridan, Chotqol daryosi yuqori xonlikda oqimlarida oltin ma’dani ko‘p edi. Ikkinchi shaxs Bosh vazir hisoblanib, u muhim davlat ishlarini xon bilan kelishgan holda bajargan. Markaziy davlat boshqaruvida qushbegi, otaliq, devonbegi, mingboshi, shayxulislom, qozikalon, parvonchi, shig‘ovul, sarkor, dasturxonchi, amin, kitobdor va boshqa davlat mansablari muhim o‘rin tutgan. Qo‘shinda besh yuzboshi, yuzboshi va o‘nboshi harbiy lavozimlar bo‘lgan.
Xullas, O‘rta Osiyo xonliklarida nihoyatda xilma-xil mansab va lavozimlar bo‘lib, ularning har birining vazifasi qat’iy qilib belgilangan va davlat xazinasidan maosh to‘langan. Lavozimlar ikki yo‘nalishda mavjud bo‘lib, bular dunyoviy va dinniy mansablardir.
O‘rta Osiyo xonliklarida ba’zi davlat lavozimlari bir xil harakterga ega bo‘lgan, ammo ularga to‘lanadigan maosh turlicha edi.
Qo‘qon xonligi Buxoro, Xiva , Qashg‘ar, Hindiston, Afg‘oniston, Eron va Rossiya bilan qizg‘in savdo-sotiq ishlarini yuritgan.
1831 yilgi Qo‘qon xonligi va Xitoy shartnomasiga ko‘ra Qo‘qon xoni Qashg‘arda savdogarlardan boj yig‘ish huquqini olgan.
Xullas, asrlar davomida bir butun bo‘lib kelgan mamlakat uchga bo‘linib ketdi. Xonliklarning har biri ma’lum bir hudud, ma’muriy tuzimiga ega bo‘ldi. Xonliklar o‘rtasidagi to‘xtovsiz urushlar, har bir xonlik ichidagi boshboshdoqlik va hokimiyat uchun o‘zaro tinimsiz davom etgan ichki nizo va urushlar butun mamlakatni xonavayron qildi. Xonliklardagi boshqaruv usullari ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshash boshqarildi. Bek va xokimlar uchala xonlikda o‘z hudud va urug‘-qabila xususiyatlaridan kelib chiqib turli huquq va majburiyatlarga ega edi.