Juft otlar ma’no jihatidan bir-biriga mos kelib, jamlik, umumiylik ma’nolarini ifodalaydi. Juft otlarning har ikki qismi ham bir so‘z turkumiga mansub bo‘ladi: aka-uka, oq-qora, u-bu, keldi-ketdi, oh-voh, taq-tuq, bor-yo‘q. Juft otlar quyidagi ma’no turlarini bildiradi:
1. Ma’no umumlashadi va kengayadi: qozon-tovoq, qovun-tarvuz. 2. Ma’no umumlashadi: ota-ona, oyoq-qo‘l, aka-yu uka. Juft otlar ma’no jihatdan o‘zaro quyidagicha munosabatda bo‘ladi:
1. Ma’no jihatdan bir-biriga yaqin so‘zlar: arpa-bug‘doy, olma-o‘rik, yog‘-go‘sht, pista-bodom, olma-anor, to‘y-tomosha, do‘st-yor, chang-to‘zon, ona-bola, aka-uka. 2. Sinonim so‘zlardan: orzu-istak, o‘y-xayol, kuch-quvvat, baxt-saodat. 3. Antonim so‘zlardan: katta-kichik, yaxshi-yomon, do‘st-dushman, shoh-gado. 4. Butun va bo‘lak ma’nosini bildirgan so‘zlardan: tog‘-tosh, gap-so‘z, oy-kun, vaqt-soat, yer-joy. 5. Tur-jins munosabati: qo‘y-qo‘zi, ot-ulov.
Juft otlar turkum jihatidan ot (ona-bola), sifat (achchiq-chuchuk, oq-qora, eski-tuski), taqlid so‘z (jiz-biz), ravish (kam-ko‘st), fe’l (keldi-ketdi, oldi-berdi)ga mansub bo‘ladi.
Juft ot qismlari ma’no ifodalashiga ko‘ra:
1. Har ikki qism ham mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan so‘zlardan: chol-kampir, yaxshi-yomon, besh-o‘n, bordi-keldi, oz-ko‘p. 2. Birinchi qismi ma’no bildirib, ikkinchi qismi ma’no bildirmaydigan so‘zlardan: ko‘cha-ko‘y, bozor-o‘char, qari-qartang, temir-tersak, kiyim-kechak, bo‘y-bast. 3. Har ikki qism ham mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lmagan so‘zlardan: alg‘ov-dalg‘ov, adi-badi, g‘idi-bidi, taka-puka, ikir-chikir, apoq-chapoq.
Dov-daraxt, qo‘ni-qo‘shni juft otlarida esa birinchi qism ma’no bildirmay, ikkinchi qism ma’no bildiradi.
Juft so‘zlar chiziqcha bilan yoziladi: opa-uka, kecha-yu kunduz, o‘y-u xayol.
Takroriy otlarning xususiyatlari Takroriy otlar bir so‘zning takrorlanishidan hosil bo‘ladi. Takroriy otlar ko‘plik (qop-qop kitob), ma’no kuchaytirish kabi ma’nolarni anglatadi. Istalgan so‘zni ikki marta keltirish bilan takroriy so‘z hosil bo‘lmaydi, takroriy so‘zlar bir xil shaklda bo‘lishi lozim: tog‘-tog‘. Toshdan toshga; tomir tomiriga kabilar takroriy ot emas.
Takroriy so‘zlar to‘la va qisqa takror asosida ham (non-pon; ba-, -ma elementlari yordamida ham hosil bo‘ladi (yuzma-yuz, nomma-nom). Juft otlar takrorlangan holda kelishi mumkin, lekin bunday ot yasama ot sanalmaydi: choy-poy, ish-pish, don-dun kabilar. Bunday juft otlar modal ma’no ifodalaydi.
Ko‘plab otlar takroriy qo‘llanganda yangi ma’no ifodalab, boshqa turkumga ko‘chish hodisasi kuzatiladi: ravishga: qop-qop, takror-takror, gul-gul, es-es; sifatga: yo‘l-yo‘l. Shuningdek, boshqa turkum so‘zlari takror qo‘llanib otga ko‘chishi ham mumkin: dedidedi, mindimindi, ko‘tarko‘tar, yuguryugur, chopachop. Ayrim takroriy ot yasama so‘zga xos ma’no beradi: yoryor, kazokazo, mishmish, jag‘jag‘ (o‘simlik nomi).
Otlar takror qo‘llanganda ma’no kuchaytiriladi: tomir-tomiriga singmoq, jon-jonidan o‘tmoq, qon-qoniga singib ketmoq.
Ot so‘z turkumida so‘zlarning tuzilish jihatdan yuqoridagi turlaridan tashqari qisqartma otlari ham uchraydi: BMT, O‘zMU, Toshtrans, avtopoyga, teleradiokompaniya. Qisqartma otlar quyidagi yo‘l bilan hosil qilinadi:
1.Faqat bosh harflarni olish bilan: MDH (Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi), XDP (Xalq demokratik partiyasi), QDPI (Qo‘qon davlat pedagogika instituti).
2.Birinchi so‘zning bir qismini olib, keyingi so‘zlarning bosh harflarnini olish bilan: SamDU (Samarqand davlat universiteti), O‘zMU (O‘zbekiston Milliy universiteti).
3.So‘zlardan bir qismdan olish bilan: O‘zmevauzumsabzavotsanoatxolding, boshbux, O‘zdunrobita.