Otning ma’nosi va grammatik belgilari



Yüklə 170 Kb.
səhifə9/15
tarix28.11.2023
ölçüsü170 Kb.
#167874
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15
2-ma\'ruza

Savol va topshiriqlar:

  1. Otlar doimo nutqda qanday shaklda ishlatiladi?

  2. Otlarning ko‘plik formasi qanday yo‘llar bilan yasaladi?

  3. Qanday otlar ko‘plik shaklda ishlatilmaydi?

  4. Leksik-sintaktik yo‘l bilan ko‘plik qanday hosil bo‘ladi?

  5. Otdan boshqa qaysi turkumlar ko‘plikda ishlatiladi?

  6. Egalik deb qanday shaklga aytiladi?

  7. Egalik shakllari qaysi turkumlarga qo‘shiladi?

  8. Egalik affiksiga bog‘liq ko‘p ma’nolilikka misol toping.

  9. Egalik qo‘shimchasiga oid omonimlikka misol keltiring.

  10. Egalik qo‘shish bilan sodir bo‘ladigan qanday fonetik hodisalarni bilasiz?

  11. Egalik olgan so‘z qaysi kelishikdagi so‘z bilan bog‘lanadi?

  12. Egalik shakli qaysi so‘zlar tarkibida ajralmas holga kelib qolgan?

  13. Egalik kategoriyasi belgisiz ishlatiladimi?

Otlarda kelishik kategoriyasi
1. Kelishik shakllarining grammatik vazifasi.
2. Bosh kelishik.
3. Qaratqich kelishigi.
4. Tushum kelishigi.
5. Jo‘nalish kelishigining grammatik belgilari.
6. Chiqish kelishigining grammatik xususiyatlari.
7. O‘rin-payt kelishigining grammatik tomonlari.
TAYANCH SO‘ZLAR: kelishik shakli, grammatik aloqa, grammatik munosabat, sintaktik vazifa, analitik shakl, asosiy kelishik, vositali kelishik, belgili shakl, belgisiz shakl, qisqargan shakl, sinonimiya, omonimiya, ko‘makchi, sintaktik shakl yasovchi.
Adabiyotlar: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 11, 15, 20, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 39, 40, 41, 44, 45.
Kelishik shakllarining grammatik vazifasi
Kelishik kategoriyasi ot va otlashgan so‘zlarning boshqa so‘zlar bilan grammatik aloqasini ko‘rsatishga xizmat qiladi, shu so‘zlarning gapdagi sintaktik vazifasini belgilaydi.
Biror negizga son kategoriyasi shaklidan keyin (qatnashsa, egalik affiksidan, hurmat formasidan ham keyin, ammo tuslovchidan oldin) qo‘shilib, odatda sintaktik munosabat ko‘rsatish uchun xizmat qiladigan grammatik shakllar sistemasiga kelishik kategoriyasi deyiladi1.
Otning kelishik affiksini olib o‘zgarishi turlanish, bu affikslar esa turlovchi affiks deyiladi.
Kelishik o‘zi qo‘shilgan negizni grammatik jihatdan to‘liq shakllantiradi, negizni so‘zga aylantiradi, shu jihatdan kelishik so‘zning morfematik tarkibida odatda tugallovchi shakl sanaladi.
Kelishik – har bir ot so‘zning shakllanishida qatnashadigan grammatik shakl.
Kelishik avvalo turkumni emas, balki sintaktik vazifani belgilovchi shakldir. Demak, bu jihatdan kelishik asli turkumlararo forma sanaladi. Lekin kelishik barcha turkumlarga, aniqrog‘i – barcha bo‘laklarga birdek xos emas. Masalan, otlarga bu grammatik kategoriya tabiiy ravishda mansub, ot leksemaning nutqda namoyon bo‘lishi uchun zaruriy shakllardan biri.
Kelishik shakllari otlardan tashqari ot-olmosh, harakat nomi, jamlovchi sonning ba’zilariga, ya’ni ot tabiatli so‘zlarga qo‘shilsa, uchinchisi otlashgan shakllar sanaladi. Otlashgan so‘zlarga kelishik zaruriy, doimiy, birlamchi forma emas, ularga kelishik ma’lum sintaktik vazifa talabi bilan qo‘shiladi. Bular – sifat, sifat-olmosh, sifatdoshlardir.
Kelishiklargina barcha sintaktik birliklarni to‘liq shakllantirmaydi, albatta. Boshqa turkumlar ham gap bo‘laklarini belgilashga asos bo‘la oladi.
Otning kelishik bilan turlanishi ma’no talabi bilan bo‘ladi, chunki ot kelishik formasida kelib, gapda boshqa so‘zlar bilan grammatik aloqaga kirishadi, ma’lum sintaktik vazifani bajaradi: Musiqa dunyoni ham, ko‘ngillarni ham sehrga to‘ldiradi.
Kelishik shakllari so‘z birikmasining boshqaruv va moslashuv usulida o‘ta faol bo‘lsa, bitishuvda o‘rta me’yorda bo‘ladi. Bosh so‘z tarkibida qatnashishiga ko‘ra moslashuvda yetakchi, bitishuvda o‘rta me’yorda bo‘lsa, boshqaruvda ishtiroki kuzatilmaydi.
Kelishik kategoriyasi ma’lum shakllar sistemasi orqali ifodalanadi va alohida bir paradigmani hosil qiladi.
Kelishik ma’nolari kelishik shaklidagi so‘zning boshqa so‘zlar bilan bog‘lanishi asosida shakllanadi. Masalan, chiqish kelishigi shaklidagi ot fe’l bilan bog‘lanib, predmet, harakatning chiqish, o‘rin belgisini anglatadi. Bu uning asosiy ma’no vazifasi. Bundan tashqari, sabab (Ming bir mo‘‘jizaning bari paxtadan.), payt (U yoshlikdan ko‘p o‘qirdi.) kabi ma’nolarni ham ifodalaydi. Demak, har bir kelishik bir necha ma’noni ifodalaydi, shunga ko‘ra ma’lum bir kelishikdagi so‘z gapda turli gap bo‘lagi vazifasida keladi. Ammo kelishik ma’nolaridan biri asosiy ma’no hisoblanadi, kelishik shu asosiy ma’nosiga ko‘ra nomlanadi.
Otning boshqa so‘zlar bilan grammatik aloqasi, kelishikdan tashqari, ko‘makchi bilan (analitik shakl tarzida) ham ifodalanishi mumkin: Toshkentga mashinada (mashina bilan) bordik.
Ammo kelishik shakl va ko‘makchi ifodalagan ma’nolar ma’lum darajada bir-biridan farq qiladi. Ko‘makchi bilan ifodalanishida ma’no xiyla aniq bo‘ladi: Bir daraxt bilan (daraxtdan) bog‘ bo‘lmaydi.
Har bir kelishik maxsus affiks bilan ifodalanadi. Lekin otning kelishik affiksini olmagan shakli ham boshqa kelishiklarga nisbatan alohida shakl sanaladi. Kelishik shakllari vositasida bir so‘zning boshqa so‘z bilan tobe aloqasi ifodalanadi. Jumladan, bosh kelishikdagi ot boshqa so‘zni o‘ziga tobelash orqali munosabatga kirishadi. Shuning uchun u asosiy kelishik deyiladi. Qolgan kelishik shakllari esa bir so‘zni boshqa so‘zga tobelash orqali bog‘laydi hamda vositali kelishik deyiladi.

Yüklə 170 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin