Arxiv hujjati tushunchasi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli
ekspertiza asosida arxiv ahamiyatiga molik deb topilgan matnli, qo‘lyozma va
mashinada o‘qiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, vidioyozuvlar, kinolentalar,
fotosuratlar, fotografiya plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek,
boshqa moddiy ashyolardagi yozuvlar – arxiv hujjatlari deyiladi.
Mustaqillik yillarida qabul qilingan bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlarda
arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan faydalanish tizimi
xususida keltirilib o‘tiladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 15-
iyunda qabul qilingan “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-bobi, 20-26
moddalarida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-
apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat
hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda o‘z
ifodasini topgan.
Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat korxonalari,
muassasalari va tashkilotlarning faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari,
shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va
tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
2. Fanning ob’ekti, predmeti, maqsad va vazifalari. O‘zbekiston hududida
istiqomad qilayotgan xalqlarning tarixi qadim o‘tmishga borib taqaladi. Yashab
turgan hududimiz umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganligini
aniqlashda arxeologik qazishmalardan topilgan eksponatlar bilan bir qatorda arxiv
hujjatlarining o‘rni ham beqiyosdir. Fanning dolzarbligi shundan iboratki, talaba yoshlarning O‘zbekistonda
arxiv ishi tarixi fani bo‘yicha bilim va dunyoqarashni boyitish, ularda noyob
hujjatlarga nisbatan qiziqishni uyg‘otish, fanning tarixiy va nazariy xususiyatlarini
jamiyatimizda olib borilayotgan ishlar orqali amalga oshirishga qaratilganligi bilan
belgilanadi.