Qaysi bir ozorin aytay jonimga ag’yorning,
Qaysi bir og’ritqanin ko’nglumni dey dildorning
Qaysi bir berahmligini toli’i gumrohning,
Qaysi bir kajravligini charxi kajraftorning.
Qaysi hasrat birla armonin vafosiz vaslning
Qaysi mehnat birla ranjin furqati xunxorning.
Bobur chiroyli so’z o’yinlari yasaydiki, bu shubhasiz uslubiyatda rang-baranglik yuzaga keltiradi:
Ko’zumdin yoshinib, ey bahri altob,
Ko’zumning yoshini daryo qilibsen,
ya’ni, lutflar dengizi - ey yor, sen ko’zumdin yashirinib, ko’zimning yoshini daryo qilibsan.
Qosh yosi bila ul qaro ko’z g’amza o’qini
Ushshoqdin o’zga sorig’a otsa xatodur.
Gar chin desangiz ko’zi aning ohuyi Chindur,
Xattini xato qilsangiz mushki Xitodur,
ya’ni, chin-rost, to’g’ri, chin-Xitoy; arab yozuvida xato va xito so’zlari bir xil shaklda bo’lib, xito-Xitoydir.
Umuman Zahiriddin Muhammad Bobur uslubiyat sohasida nafaqat nazariy fikrlarni bayon etdi, balki bu fikrlarini o’z ijodida yangi pog’onaga ko’tardi.
BOBUR – UMUMXALQ TILI VA ADABIY TIL TADQIQOTChISI Tilni xalq yaratadi. Demak tilning jozibadorligi, ta’sirchanligi, sehri va umuman butun borlig’i xalq tilida mujassam bo’ladi.
Shuning uchun ham adabiy tilning qay darajada, qay holatda bo’lishi uning umumxalq tili bilan bo’lgan munosabatiga bog’liq. Zero, Hazrati Alisher Navoiy ham shoir va yozuvchilar oldiga "xalq bilan xalq tilida so’zlashmoq kerak" degan talabni bekorga qo’ymagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur o’zbek adabiy tilining etuk bilimdoni va ayni paytda uning homiysi bo’lgan. O’zbek adabiy tilining taraqqiyotida Bobur Alisher Navoiy dahosidan so’ng juda katta xizmat qildi. Xususan, umumxalq tilini mukammal egallab, adabiy til bilan umumxalq tili o’rtasidagi uzilishni yo’qotishga, ularni bir-biriga yaqinlashtirishga ham nazariy, ham amaliy jihatdan jiddiy e’tibor berdi. Shuning uchun Alisher Navoiy asarlari tilining umumxalq tili bilan munosabatini ko’rsatish maqsadida u shunday yozgan edi: "Andijon...Eli turkdur. Shahar va bozorisida turki bilmas kishi yo’qtur. Elining lafzi qalam birla rosttur.