O`zbekiston davlatchiligi tarixi


- Mavzu. Yunon-Baqtriya, Qang` va Kushonlar davlatchiligi



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə5/76
tarix20.11.2023
ölçüsü5,01 Kb.
#162350
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   76
O`zbekiston davlatchiligi tarixi fanidan majmua 2022

4- Mavzu. Yunon-Baqtriya, Qang` va Kushonlar davlatchiligi.
Reja
1. Aleksandar Makedonskiyning harbiy yurishlari va unga qarshi kurash. Davlat
boshqaruvi.
2. Yunon-Baqtriya davlatining tashkil topishi
3. Qang‘ davlati
4. Kushonlar davlatining o‘zbek davlatchiligi tutgan o‘rni.
Tayanch so‘z va iboralar.
Ahamoniylar saltanati, Filipp II, Aleksandr, Yunon-
makedonlar, Yunon-Baqtriya, Qang‘, Kushonlar
Ulkan Ahamoniylar saltanati o‘zining g‘arbga qilgan ekspansiyasi natijasida
Yunon davlatlari bilan to‘qnashadi va buning natijasida mil.avv. V asrning birinchi
choragida Yunon-fors urushlari boshlanadi. Mil.avv. V asr davomida betinim urushlar,
saroydagi fitnalar, bosib olingan xalqlarning ozodlik uchun kurashlari Ahamoniylar
davlatini ancha zaiflashtirib qo‘ygan edi. Mil.avv. IV asrining o‘rtalaridan boshlab esa,
Bolqon yarim orolidagi shahar-davlatlar kuchaya boshlaydi. Bu davrda Makedoniya
podshosi Filipp II Bolqon yarim orolida o‘z mavqeini mustahkamlab olib
Ahamoniylarga qarshi kurashga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.


30
Filipp II o‘z davriga mos harbiy islohotlar o‘tkazib tartibli va yaxshi qurollangan
qo‘shin tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Mil.avv. 336 yilda Ahamoniylar davlatiga qarshi
kurash boshlandi. Ammo, Filipp II ning o‘ldirilishi tufayli bu kurash to‘xtab qoldi.
O‘sha yili taxtga Filipp II ning o‘g‘li 20 yoshli Aleksandr o‘tirdi. U Ahamoniylarga
qarshi urushga jiddiy kirishib Kichik Osiyodan Parmenion boshliq qo‘shinlarni
chaqirtirdi. Harbiy kengash to‘zib quruqlikda va suvda harakat qilayotgan qo‘shinlar
oldiga aniq vazifalar qo‘ydi.
Mil.avv. 334 yil mayida (Graniq daryosi yonida), 333 yil oktyabrida
(Gavgamela, SHimoli-Sharq iy Mesopotamiyada) bo‘lgan janglarda fors qo‘shinlari
to‘la mag‘lubiyatga uchradi. SHundan so‘ng Aleksandr uchun Ahamoniylar
davlatining markazlariga yo‘l ochilgan edi. Aleksandr dastavval Bobilni, so‘ngra So‘za,
Persepol, Pasargada shaharlarini egallab fors podsholarining xazinalarini qo‘lga kiritdi.
So‘nggi Ahamoniy hukmdori Doro III avval Midiyaga, keyin esa Baqtriyada qochib
ketdi. Kursiy Rufning ma’lumotlariga ko‘ra Baqtriyaga Doro III ga qarshi fitna
uyushtirilib u o‘ldiriladi va fitnaga boshchilik qilgan Bess o‘zini Ahamoniylar
podshosi deb e’lon qiladi. Ammo, Bess Aleksandrga harbiy qo‘shinlarni qarshi qo‘ya
olmadi.
Mil.avv. 329 yilning bahoriga qadarAleksandr Ariya, Drang‘iyona, Araxosiya
kabi viloyatlarni egallab Oks-Amudaryo bo‘ylariga chiqib keladi. Arrian va Kursiy
ma’lumotlariga ko‘ra bu paytda daryo juda sersuv bo‘lib, to‘lib oqardi. Amudaryodan
kechuv joyini tadqiqotchilar Kelif atroflari, CHushqago‘zar, Termez atroflari va
SHo‘rob deb hisoblaydilar. Nima bo‘lganda ham, Aleksandr qo‘shinlari qoplarga
somon-xashak to‘ldirib, ular orqali besh kun davomida Amudaryodan kechib
o‘tganligi haqida yozma manbalarda ma’lumotlar saqlangan.
Aleksandr qo‘shinlari daryodan o‘tgach Bessni ta’qib etib «Sug‘d viloyati
Navtakaga» yo‘l oladilar (Avval Ptolomey Lag boshchiligidagi ilg‘or qism, keyin
asosiy kuchlar). Sug‘d erlarida Spitaman boshliq mahalliy sarkardalar Aleksandrni
to‘xtatib qolish maqsadida Bessni asir olib unga topshiradilar. Ammo, Aleksandrda
harbiy yurishlarni to‘xtatish niyati yo‘q edi. Navtakadan so‘ng Yunon-makedon
qo‘shinlari Sug‘diyonaning poytaxti Smarakandaga yurish qilib uni egallaydilar.
Kursiy Ruf ma’lumotlariga ko‘ra Yunon-makedonlar «shaharda o‘zlarining kichik
gornizonlarini qoldirib, yaqin atrofdagi qishloqlarni yondirib va vayron etib», shimoli-
Sharq qa tomon harakat qila boshlaydilar. Jizzax va O‘ratepa oralig‘idagi tog‘li
hududlarda Yunon-makedon qo‘shinlari qattiq talofat ko‘radilar. Aleksandrning o‘zi
ham og‘ir yarador bo‘ladi. SHunga qaramasdan tog‘li hudud aholisini qiyinchilik bilan
mag‘lub etgan Yunon-makedonlar dasht ko‘chmanchilari saklar va Sug‘diylar
o‘rtasida chegara bo‘lgan Yaksart-Sirdaryoga tomon harakat qiladilar.
Yunon-makedonlar Yaksart bo‘yida to‘xtab bu erdagi shaharlarga o‘z harbiy
qismlarini joylashtira boshladilar. Ko‘p o‘tmay bu shaharlar aholisi Aleksandrga


31
qarshi qo‘zg‘alon ko‘taradilar. Daryoning o‘ng qirg‘og‘idagi saklar ham o‘z
qo‘shinlarini bir erga to‘play boshlaydilar. Xuddi shu paytda Baqtriya va Sug‘diyona
hududlarida ham Aleksandrga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlanib ketadi.
Aleksandr dastlab Yaksart bo‘yida o‘z mavqeini mustahkamlashga qaror qilib,
bu erdagi qo‘zg‘olonlarni bostirdi. Sug‘diyonada mil.avv. 329 yil ko‘zida Spitaman
boshchiligidagi qo‘zg‘olonni (Maroqandda) bostirish uchun sarkarda Farnux
boshchiligidagi qo‘shinlarni jo‘natdi. O‘zi asosiy kuchlar bilan saklar ustiga yurish
qildi. Ammo, bu yurish muvafaqiyatsiz tugadi.
Farnux boshchiligidagi Maroqandaga jo‘natilgan qo‘shinlar Spitaman
tomonidan mag‘lubiyatga uchradi. Aleksandrning o‘zi asosiy kuchlaribilan
Sug‘diyonaga qaytishga majbur bo‘ldi. O‘rta Osiyo hududlarida ko‘tarilgan
qo‘zg‘olonlar Yunon-makedon zulmidan ozod bo‘lishga qaratilgan bo‘lib,
Aleksandrning «varvar» larni osonlikcha bosib olmoqchi bo‘lgan rejalarini puchga
chiqardi.
Sug‘diyonaning tog‘li hududlaridagi bosqinchilar qadami etmagan joylarda
qo‘zg‘olonchilar yashirinib olgan edilar. Sug‘diyonaning deyarli barcha aholisi
Spitaman tomonida bo‘lib, uning g‘alabalariga katta umid bog‘lagan edilar. Aleksandr
esa, mil.avv. 329-28 yillar qishlovini Baqtriyada (ba’zi manbalarda Navtakada deyiladi)
o‘tkazar ekan vaqtni behuda ketkazmadi. U bu erda Xorazm hukmdori Farasman bilan
mo‘zokaralar olib bordi. Natijada Aleksandrning Xorazmga yurish rejasi to‘xtatildi.
Mil.avv. 328 yilning bahoridan Yunon-makedonlarga qarshi kurash yana avj
oldi. Mahalliy aholi yirik shaharlar, qal’alar, tog‘li hududlarda kurashni davom
ettirdilar. Ahvol jiddiylashganidan xavotirga tushgan Aleksandr 30 ming qo‘shinini 5
guruhga bo‘lib, bu guruhlarga ishonchli sarkardalar – Gefestion, Ptolemey Lag,
Perdikka, Ken va Artabozlarni boshliq etib tayinladi.
Yunon-makedonlarning shafqatsiz urushlari natijasida ko‘pgina mahalliy aholi
qirilib ketdi. Qolganlari ham tog‘li hududlarda kurashni davom ettirdilar. Bu o‘rinda
Spitamanning jasorati haqida to‘xtalish joizdir. U doimo raqiblarining zaif joylarini
izlar va ularga aynan o‘sha joylardan zarbalar berar edi. Spitaman Sug‘diy va
baqtriyalik zodagonlar, hamda saklar bilan ittifoqlikda dushmanga qarshi kurashishga
harakat qildi. Manbalarning ma’lumot berishicha mil.avv. 328 yilning oxirida
Spitaman o‘z vatandoshlari xiyonatining qurboni bo‘ladi. Spitaman tajribali davlat
arbobi va sarkarda bo‘lib, u bosqinchilarni Ona – yurtidan haydab chiqarishi uchun
imkoniyati bo‘lgan barcha tadbirni ko‘rdi, choralardan unumli foydalanishga harakat
qildi. U mohir sarkarda bo‘lib dushmanning kichik hatosidan ham unumli foydalanar
va uning zaif tomonlarini topishga harakat qilardi. Ammo, Aleksandr harbiy kuch-
qudrati jihatdan Spitamandan ustun edi.


32
Spitaman halok bo‘lganidan so‘ng asosan tog‘ qal’alari qo‘zg‘olon o‘choqlariga
aylanadi. YOzma manbalarda eslatilgan «Sug‘d qoyasi» (yoki «Arimaz qoyasi»),
«Xorien qoyasi» shular jumlasidandir.
Aleksandr Makedonskiy mahalliy aholini kuch bilan engish nihoyatda og‘ir
ekanligini anglab etganidan so‘ng turli yo‘llar bilan ularga yaqinlashishga qaror qildi.
Mahalliy xalq vakillariga nisbatan siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Xususan, zardushtiy
qohinlariga birmuncha erkinliklar berib o‘zi ham bu dinni qabul qildi. Qo‘zg‘olon
boshliqlari Oksiart, Sisimitr, Xorien kabilarni avf etib, mol-mulklarini qaytarib berdi.
Hatto, qo‘zg‘olonga qatnashganlarga mukofotlar tarqata boshladi. Mahalliy aholi bilan
qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatib Oksiartning qizi go‘zal Roksanaga (Rohshanak)
uylandi. Natijada mahalliy zodagonlarning deyarli barchasi Aleksandr hokimiyatini tan
olib uning xizmatiga o‘tib ketdilar. Mil.avv. 327 yilning oxirida Sug‘diyonadagi
qo‘zg‘olonning so‘nggi o‘choqlari ham bostirildi.
Yunon-makedon bosqinchilariga qarshi uch yil davomida kurash olib borar ekan,
O‘rta Osiyo xalqlari mislsiz jasorat namunalarini ko‘rsatdilar. Ular Yunonlar
o‘ylaganidek, «varvarlar» va madaniyatdan orqaga qolgan emas, balki o‘z davrining
yuksak harbiy san’ati va madaniyatiga ega ekanliklarini namoyish etdilar. Aleksandr
qo‘shinlari butun Sharq davlatlarini o‘zlariga bo‘ysundirganlarida Sug‘diyona va
Baqtriyadagi kabi qattiq qarshilikka uchramagan edilar. Bu holni Aleksandr tarixini
yozgan ko‘pgina qadimgi davr tarixchilari ham e’tirof etadilar.
O‘zbekiston hududlarida yashagan mahalliy aholi o‘z ozodligi va mustaqilligi
yo‘lida bir tan-bir jon bo‘lib harakat qilganlar. Ammo, kuchlar nisbati va harbiy
texnikaning teng emasligi ko‘p hollarda bosqinchilar ustunligini ta’minlagan. SHunga
qaramasdan bunday holatlar davlatchilik tarixida muhim iz qoldirgan.
Shunday qilib Xorazm, Choch (Toshkent vohasi), Farg‘ona va saklar yurti
Aleksandrdan mustaqil bo‘lib qoladi. Sug‘diyona, Baqtriya, Marg‘iyona va Parfiya
Aleksandrning davlatiga qo‘shilib, keyinchalik ularning hududida ayrim Yunon-
makedon davlatlari vujudga keladi.
Aleksandrning harbiy yurishlari Sharq va G‘arb o‘rtasidagi keng savdo-sotiq va
madaniy aloqalarning rivojlanishiga olib keldi. Siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy
vaziyatning o‘zgarishi natijasida mahalliy va Yunon madaniyatining qo‘shilish
jarayoni boshlanadi. Bu jarayonning ta’sirini moddiy madaniyatning rivojlanishida,
qurilish va me’morchilik, kulolchilik va tasviriy san’at, yangi yozuvlarning tarqalishi,
tangashunoslik hamda diniy e’tiqodlarda ko‘rish mumkin. Yunonlar o‘z navbatida
qadimgi Sharq ning juda ko‘plab madaniy yutuqlarini qabul qiladilar hamda mahalliy
aholi madaniyatiga ham ta’sir o‘tkazadilar. Aleksandr davridan boshlab, bir necha
asrlar davomida, Sharq ning siyosiy tarixi (davlat tizimi, boshqaruv usullari, qonunlar
va huquq) da turli an’analarning qo‘shilib rivojlanganligini ko‘zatishimiz mumkin.


33
Mil.avv. 323 yilda Aleksandr Bobilda to‘satdan vafot etdi. Uning vafot etishi
bilanoq davlatdagi markazdan qochuvchi kuchlarning harakatlari faollashuvi natijasida
Aleksandr to‘zgan davlat parchalanib uning o‘rniga nisbatan barqarorroq bo‘lgan
davlat uyushmalari paydo bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, Aleksandr davlatining
parchalanishi va uning xarobalarida yangi davlatlar tizimining paydo bo‘lishi tinchlik
yo‘li bilan emas balki, Aleksandrning Makedonskiyning yaqin sarkardalari –diadoxlar
o‘rtasidagi tinimsiz urushlar tufayli bo‘lib o‘tdi. Diadoxlar o‘rtasida 40 yildan
ziyodroq davom etgan jangu-jadallar natijasida Aleksandr mulklari bo‘lib olinadi.
Aleksandr Makedonskiy mulklariga egalik qilish shu bilan yakunlandiki,
mil.avv. 306 yilda nisbatan kuchli bo‘lgan diadoxlar – Antigon Birko‘zli
(Odnoglazыy), Demetriy Poliorket, Ptolomey Lag, Lazimax, Salavka, Kassandrlar
o‘zlarini podsho deb e’lon qildilar hamda bu bilan Aleksandr davlati xarobalarida o‘z
davlatlarinibarpo etishni ma’lum qildilar. Shu tariqa tarix sahnasida G‘arb va Sharq
an’analarini uyg‘unlashtirgan ellinistik davlatlar paydo bo‘ldi. Ana shunday yirik
davlatlardan biri-Salavkiylar davlati edi.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, Yunon-Baqtriya davlatining
salavkiylardan ajralib chiqishi Yunon zodagonlarining qo‘zg‘oloni xususiyatiga ega
bo‘lib, unga Baqtriya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Diodot boshchilik qiladi.
Tadqiqotchilar Yunon-Baqtriya davlati paydo bo‘lgan turli sanalarni belgilaydilar
(mil.avv. 256, 250, 248 va 246-145 yy). Bu davlatning asosi Baqtriya bo‘lib, ba’zi
hukmdorlar davrida (Evtidem, Demetriy, Evkratid) Hindistonning shimoli-g‘arbiy
qismi, Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi katta erlar qo‘shib olinadi.
Baqtriyaning salavkiylar davlatidan ajralib chiqishi xususida rimlik tarixchilar
Pompey Trog va YUstinda o‘zuq-yuluq ma’lumotlar saqlangan bo‘lsa-da bu haqda
batafsil ma’lumotlar uchramaydi. SHunga qaramasdan mavjud tangashunoslik, ayrim
xo‘jalik hujjatlari, san’at yodgorliklari, sug‘orish inshootlari va imoratlar qoldiqlari
bergan ma’lumotlar asosida bu davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot haqida
ma’lum tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin. Ammo, Yunon-Baqtriya davlatining
siyosiy tarixi ko‘p hollarda qiyosiy solishtirish va taxminlarga asoslanadi.
Yunon-Baqtriyada davlat podsho tomonidan boshqarilgan bo‘lib, tangashunoslik
ma’lumotlari Diodot I,II,III, Evtidem I,II, Demetriy, Geliokl, Platon kabi podsholari
haqida xabar beradi. Salavkiylar kabi Yunon-Baqtriya podsholari ham davlatni
satrapliklarga bo‘lib idora etganlar.
Yunon-Baqtriya markazlashgan davlat bo‘lib, hokimiyatni podsho boshqarar edi.
Davlat bir nechta viloyat (satrapiya) larga bo‘lingan bo‘lib, bu viloyatlar
boshqaruvchilari yoki hokimlari podshoga bo‘ysunar edilar. Ammo, bu davrda davlat
nechta satrapiyalar bo‘lganligi va ular qanday nomlanganligi ma’lum emas. Strabon
ma’lumotlariga ko‘ra, satrapiyalarga noib satraplarni tayinlashda qarindoshchilik
an’analariga amal qilingan bo‘lishi mumkin.


34
Yunon-Baqtriya podsholigi davlat tuzilishining muhim tomoni – qo‘shin va uni tashkil
etish edi. Avvalo, ta’kidlash lozimki, Yunon-baqtriya qo‘shinlarining katta qismini
baqtriyaliklar va boshqa mahalliy aholi tashkil etgan. Qo‘shinning asosiy
harakatlantiruvchi kuchlari otliq-suvoriylardan iborat bo‘lgan. Qo‘shinlar tarkibida
harbiy fillar ham bo‘lgan.
Antik davr O‘zbekiston hududlarida tarqqiy etgan davlatlardan biri –
Qang‘ davlatidir. Qadimgi Xitoy manbalarida Qang‘ davlati mavjud bo‘lganligi
haqidagi ma’lumotlar mil.avv. III asr oxiri – II asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Ammo,
Qang‘ davlati va qang‘arlar tarixining mashhur bilimdoni K. SH. SHoniyozovning
fikricha, bu davlat mil. avv III asrning boshlarida paydo bo‘ladi. Keyinroq esa, Yunon-
Baqtriya davlati va qo‘shni ko‘chmanchi qabilalar bilan bo‘lgan kurashlar natijasida
Qang‘ davlati yanada mustahkamlanadi hamda manbalarda O‘rta Osiyodagi yirik
davlatlardan biri sifatida tilga olinadi.
Qang‘ davlati asosini tashkil etgan qabilalar Sirdaryoning o‘rta va quyi
oqimlarida istiqomat qilganlar. Davlat tashkil topgan dastlabki davrda uning hududiy
asosini Toshkent vohasi tashkil etgan. Tashqi harbiy hujumlar tufayli Qang‘ davlati
nafaqat mustahkamlanib oladi, balki o‘z chegaralarini ham kengaytirib boradi. YA’ni,
mil.avv. II va milodiy I asrda Qang‘ davlatining hududi ancha kengayib Toshkent
vohasi, O‘rta Sirdaryo erlari, Talas vodiysi va CHu daryosining quyi oqimidagi erlarni
o‘z ichiga olar edi.
Qang‘ davlati haqida bizgacha etib kelgan manbalarda bu davlat hokimiyati
qanday idora qilingani, boshqaruv tartibi va shakllari haqida aniq ma’lumotlar saqlanib
qolmagan. Katta Xan sulolasi tarixida (mil.avv. 202-mil. 25 yy) Qang‘ podshosi o‘z
oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi haqida ma’lumot beriladi. Bundan
xulosa chiqargan tadqiqotchilar o‘sha davrda tashkil topgan Qang‘ davlatida kengash
muhim rol o‘ynaganligini, davlat kengashida qabila boshliqlari, harbiy sarkardalar faol
qatnashganliklarini hamda ularning fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganligini
ta’kidlaydilar. Demak, o‘sha davrlarda podsho saroyi qoshida kengash mavjud bo‘lib,
podshoning ichki hamda tashqi siyosati va boshqa barcha davlat ishlari va boshqaruvi
bilan bog‘liq masalalar ana shu kengash yig‘ilishida hal qilingan.
Qang‘ davlatiga qarashli erlar bir nechta viloyatlarga (yoki mulklarga) bo‘lingan
bo‘lib, ularning har birini jobg‘u yoki yobg‘u (qad. Xitoy manbalarida – chjaovu) deb
nomlangan
xokimlar
boshqargan.
Jobg‘ular
mamlakat
boshqaruvida
Qang‘ podsholarining asosiy tayanchi hisoblangan. Jobg‘ular podsholarga yaqin
kishilardan, ularning qarindoshlaridan, yirik urug‘-qabila boshliqlaridan tayinlangan.
Mil.avv. II-I asrlarga kelib Qang‘ davlati kuchayishi natijasida bir qancha
viloyatlar unga tobe etiladi. N. YA. Bichurin, Xitoy solnomalarida qang‘lilarga tegishli
qo‘yidagi beshta viloyatlar haqida ma’lumotlar borligini ta’kidlaydi: Suse (Susye),
Fumu, YUni, Gi, YUegyan. Ushbu viloyatlarning qaysi hududlarda joylashganligi


35
haqida tadqiqotchilar orasida yagona fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V. V. Bartold, M.
E. Mason, S. P. Tolstov) Suseni-Kesh (SHaxrisabz), Fumuni-Zarafshondagi
Kushoniya, YUnini-Toshkent, Gini-Buxoro, YUegyanni-Urganch va uning atroflari
bilan aynan bir deb hisoblaydilar. Ammo, Qang‘ga tobe viloyatlarning bunday
joylashtirish to‘la holda ilmiy asoslanmagan bo‘lib, munozarali hisoblanadi.
Qang‘ davlatining etnik tarkibi xilma-xil bo‘lib, uning anchagina katta
hududlarida Sug‘diyona, Xorazm va Toshkent vohasida yashovchi dehqonchilik,
hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelgan o‘troq aholi bilan birgalikda
ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvadar qabilalar (saklar, massagetlar, toharlar,
alanlar va boshqalar) istiqomat qilganlar. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan
qang‘lilar Qang‘ davlati tashkil topishida asosiy o‘rinni egallagan bo‘lib,
Qang‘ podsholari asosan qang‘lilar bo‘lgan.
Mil.avv. II - mil. II asrlarda Qang‘ davlati o‘z rivojlanishining yuqori
cho‘qqisiga ko‘tariladi. Qang‘ podsholariga bo‘ysunuvchi yarim mustaqil viloyatlarni
birlashtirgan bu davlat o‘z vaqtida anchagina kuchli bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi
tarixida o‘z o‘rniga egadir. Agarda antik davrda O‘rta Osiyoning janubida shakllangan
Kushon va Parfiya davlatlari Ahamoniylar, Aleksandr Makedonskiy, Salavkiylar asos
solgandavlatlar an’analarini o‘zlashtirib taraqqiy etgan bo‘lsa, Qang‘ davlati
taraqqiyotida ko‘chmanchilar davlatchiligi belgilari borligi bilan ajralib turadi.
Bizga qadar etib kelgan yozma manbalar va bugunga qadar olingan arxeologik
ma’lumotlarga asoslangan tadqiqotchilar Qang‘ davlati, uning tarkibi, siyosiy,
madaniy va iqtisodiy tarixini yoritishga, mazkur siyosiy birlashmada davlatchilik
boshqaruvining shakllanishi va rivojlanishi xususida o‘z munosabatlarini bildiradilar.
Tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, qang‘lilarning ko‘pchiligi shaharlarda va katta-
kichik qishloqlarda yashaganlar. SHaharlar mustahkam himoya inshootlari bilan o‘rab
olinib, ularda qal’alar ham mavjud bo‘lgan. Ko‘pchilik shaharlarning avvaldan
o‘ylangan rejaviy to‘zum asosida qurilganligi Qang‘ davlatida shaharsozlik madaniyati
rivojlanganligidan dalolat beradi.
Mustahkam himoya inshootlari va qal’alarga ega bo‘lgan shaharlarda hamda
yirik qishloq va qo‘rg‘onlarda yirik qabila boshliqlari, urug‘ yoki jamoa oqsoqollari,
boy-badavlat oilalar va qisman hunarmandlar yashaganlar. Turar-joylar asosan paxsa
va xom g‘ishtdan qad ko‘targan. Qang‘ davlati aholisining ko‘pchilik qismi tarqoq
holda kichik-kichik qishloqlarda, erto‘lalarda, kapa uylarda va o‘tovlarda yashab,
yarim o‘troq va ko‘chmanchi turmush tarzi yuritganlar.
Shahar va qishloqlarda hunarmandchilikning ko‘plab sohalari – kulolchilik,
temirchilik, teriga ishlov berish, zargarlik, toshtaroshlik, to‘qimachilik kabi o‘nlab
turlari rivojlangan edi. Arxeologik ma’lumotlarning guvohlik berishicha, yirik
shaharlarda hunarmandchilikning ma’lum sohasiga ixtisoslashgan ustalarning
mahallalari mavjud bo‘lgan. Tadqiqotlar natijasida topilgan rangdor sopol idishlar,


36
turli matolar qoldiqlari, charm buyumlar, ot-ulov anjomlari hamda turli zeb-ziynatlar
Qang‘ davlati madaniyati nihoyatda rivojlanganligidan dalolat beradi. SHuningdek,
Kanka harobalaridan, Jo‘nariq atroflaridagi tepaliklardan, Qovunchitepa, CHoshtepa
va Toshkent vohasining ko‘pgina hududlaridan mil.avv. III – milodiy V asrga oid
arxeologik topilmalar ham Qang‘ madaniyati rivojining namunasidir.
Qang‘ tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, bu davlat madaniyatining yuqori
darajasi tasodifiy hol emas. Yaksart-Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi
qang‘lilarning Sug‘diyona, Farg‘ona hamda daryoning quyi oqimida yashovchi
ko‘plab xalqlar bilan o‘zaro madaniy va iqtisodiy aloqalari Qang‘ davlati madaniyati
taraqqiyotiga asos bo‘lgan edi. SHuning uchun ham ko‘p hollarda ular madaniyatidagi
umumiylik ko‘zga tashlanadi. Undan tashqari Qang‘ davlati hududlaridan Buyuk ipak
yo‘li tarmoqlarining o‘tganligi ham davlatning iqtisodiy va madaniy rivojiga, qo‘shni
davlatlar bilan siyosiy va diplomatik aloqalarning taraqqiy etishi uchun omil bo‘lib
xizmat qilgan edi.
Tarixiy manbalar Yunon-Baqtriya davlati ko‘chmanchi qabilalar tomonidan tor-
mor etilganligi haqida ma’lumot beradi. Strabon ma’lumotlariga ko‘ra, Baqtriyani
assiylar, passianlar, toxarlar, saklar qabilalari bosib oladilar. Pompey Trog xabar
berishicha, – “Baqtriya va Sug‘diyonaning skif qabilalari saraukalar va assianlar bosib
oladilar”. Tadqiqotchilarning fikricha, har ikkala tarixchi bitta qabila haqida ma’lumot
bergan.
Qadimgi Xitoy manbalari Baqtriyani yuechji qabilalari bosib olganligi haqida
ma’lumot beradi. Mil.avv. II asrning ikkinchi choragida (tadqiqotchilar bu sanani
mil.avv. 172-161 yillar oralig‘ida deb belgilaydilar) yuechjilar xunlardan
mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng O‘rta Osiyoning shimoliy hududlarida ko‘chib
yuradilar. Bu qabilalar Xitoy manbalarida “Da-yuechji” – “Buyuk” yoki “Katta
yuechji” deb eslatiladi. CHjan Szyan ma’lumotlariga ko‘ra, yuechjilar xunn
qabilalaridan mag‘lubiyatga uchragach O‘rta Osiyoning janubiga tomon harakat qilib,
Dahya (Baqtriya)ni bosib oladilar va Guyshuy (Amudaryo)ning shimoliy tomonida
joylashadilar. Katta Xan uyi tarixida ham yuechjilar Guyshuy daryosining shimoliy
tomonidan o‘z poytaxtlariga asos solganliklari ta’kidlanadi.
Tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, yuechjilar mil.avv. 140-130 yillar oralig‘ida
Baqtriyaga bostirib kirganlar. Oradan ko‘p o‘tmay Baqtriyada Katta yuechji davlati
tashkil topadi. Kichik Xan uyi tarixi ma’lumotlariga ko‘ra, Katta yuechji hukmdorlari
qo‘l ostida beshta xokimlik (Xi-xeu) bor bo‘lib, ular Xyumi, SHaunmi, Guyshuan,
Xise va Dumilardan iborat edi. Xitoy manbalaridan xulosa chiqargan ko‘pchilik
tadqiqotchilar Baqtriya tarixidagi butun yuechji davrini uch bosqichga bo‘ladilar:
Mil.avv. 139-125 yillar – Katta yuechji Dahya viloyatini bosib oladi, ammo ularning
asosiy mulklari Amudaryodan shimol tomonda edi.


37
Mil.avv. 25 yilga qadar – Katta yuechji davlatining shakllanishi va keyingi
rivojlanishi. Davlatning poytaxti Amudaryodan shimol tomonda bo‘lib, janubiy
chegarasi Gibin atroflarida (Kashmir yoki Qandahor) edi. YUechjilar bo‘ysundirgan
hududlar Xise, SHaunmi, Guyshuan, Xyumi, Dumi mulklaridan iborat bo‘lib, ular xi-
xou (yabg‘u) tomonidan birlashtirilgan.
Mil.avv. 25 yildan keyin Katta yuechji davlatining inqirozi va yuqorida
eslatilgan mulklarning mustaqil bo‘lishi. Kushon (Guyshuan) yabg‘usi Kiotszyukyu
(Kujula Kadfiz) qolgan to‘rtta mulkni birlashtirib Kushon davlatiga asos soldi.
Ta’kidlash lozimki, madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy tarixga nisbatan Kushon
davlatining siyosiy tarixi kam o‘rganilgan masala hisoblanadi. Kushonlarning
hokimiyat tepasiga kelish sanasi, ushbu davlat tarixini davrlashtirish ayrim kushon
yozuvlari, tangashunoslik ma’lumotlari, qisman Xitoy manbalari, buddaviy
ma’lumotlar va ilk o‘rta asrlar manbalariga asoslanadi. Tadqiqotchilar Kushon davlati
tarixini quyidagi uchta bosqichga ajratadilar:
Yunon-Baqtriya podsholari hukmronligining tugatilishi hamda O‘rta Osiyo va
Shimoliy Afg‘oniston hududlarida bir nechta alohida davlat uyushmalarining tashkil
topishi (mil.avv. II asrning oxiri – I asr).
Buyuk Kushon davlatining paydo bo‘lishi va gullab yashnashi (milodiy I-III
asrlar).
Ko‘chmanchilarning tinimsiz urushlari natijasida Kushon davlatining inqirozi va
qo‘lashi (III asr oxiri – IV asr).
Kushon davlatining paydo bo‘lishi haqida ko‘proq Xitoy manbalari va
tangashunoslik ma’lumotlari xabar beradi. Umuman, Kushonlar saltanatining paydo
bo‘lishi va rivojlanishi uzoq vaqt tadqiqotchilar orasida bahslarga sabab bo‘lgan
bo‘lsada, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab bu masalaga juda ko‘plab
aniqliklar kiritish imkonini bergan tadqiqotlar olib borildi. Ayniqsa, 1961 yil
Londonda o‘tkazilgan xalqaro simpozium, 1968 yil Do‘shanbeda YUNESKOning
konferensiyasi, 1970 yil Qobuldagi xalqaro anjuman Kushon davlati masalalariga
bag‘ishlangan bo‘lib, undan keyin ham bu masala bo‘yicha ko‘plab xalqaro
anjumanlar bo‘lib o‘tdi.
Mil.avv. I asrning oxiri – mil. I asrning boshlariga kelib, Guyshuan hokimi
Kiotszyukyu barcha mulklarni birlashtirib Qobuliston va Qandahorni zabt etadi.
Natijada bu davrga kelib dastlabki poytaxti Surxon vohasidagi Dalvarzin ko‘hna shahri
harobalari bo‘lgan Kushon davlati o‘z ahamiyatiga ko‘ra antik davr Xitoydagi Xan
davlati, Parfiya podsholigi, Rim saltanati bilan raqobatlasha oladigan qadimgi
dunyoning eng qudratli va zabardast davlatlaridan biri sifatida tashkil topdi. Xitoy
manbalaridagi “Guyshuan hokimi Kiotszyukyu”, ilk Kushon davriga oid topilma
tangalar aks ettirilgan “Kushon podshosi Kujula Kadfiz”ga aynan mos to‘shadi.


38
Tangashunoslik ma’lumotlariga tayangan tadqiqotchilarning fikricha, Kujula
Kadfiz yoki Kadfiz I 80 yildan ziyodroq umr ko‘rib 50-60 yil davlatni boshqarib,
taxminan milodiy 35 yilda vafot etadi. O‘zining hukmronligi davrida Kadfiz I
Baqtriyadagi uncha katta bo‘lmagan yuechji mulklari hukmdoridan Baqtriyadan
tashqari G‘arbiy va Janubiy Afg‘oniston va Shimoliy Hindistonni o‘z tarkibiga olgan
qudratli davlatning podshosi darajasiga ko‘tariladi. Ammo, manbalarning guvohlik
berishicha Kadfiz I davrida Kushon davlati to‘la shakllanib bo‘lmagan edi. Har holda,
bu davrda Kushonlar o‘z tangalariga ega bo‘lmay, Kadfiz I Rim imperatorlariga
(Avgust va Tiberiyga) taqlid qilib tanga zarb ettirgan.
Manbalarning dalolat berishicha, Kujuladan keyin taxtga uning o‘g‘li Vima
(Gima) Kadfiz (Kadfiz II) o‘tiradi. Xitoy mualliflari Kadfiz II taxtga o‘tirganidan
so‘ng “Tyanchju (Markaziy Hindiston)ni zabt etdi va u erga o‘z sarkardalaridan birini
boshqarish uchun qoldirdi. SHu davrdan boshlab yuechji kuchli va boy davlatga
aylandi”, deb xabar beradilar. Bu xabarni tangashunoslik ma’lumotlari ham ta’kidlaydi.
Kadfiz II zarb ettirgan tangalarning o‘ng qirg‘oq Baqtriyadan, Tojikiston va
O‘zbekistonning janubiy tumanlaridan topilishi bu hududlarning Kushon davlati
tarkibiga kirganligidan dalolat beradi. Tangashunoslarning so‘nggi yillardagi
tadqiqotlariga ko‘ra, Kadfiz II zarb ettirgan “SHohlar shohi – buyuk xaloskor” degan
yozuv bor tangalar Hindiston, Afg‘oniston va O‘rta Osiyoda keng tarqalgan. Bunday
tangalar Ashxobod, Xorazm, Toshkent vohasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Panjikent
hududlaridan ham topilgan. Kadfiz II ning Rim saltanati bilan aloqalar o‘rnatganligi
haqida ma’lumotlar bor.
Kushon podsholari ichida eng mashhuri Kanishka hisoblanadi. Uning
hukmronligi davrida Kushonlar saltanati gullab-yashnashining yuqori cho‘qqisiga
ko‘tariladi. Kanishka davrida Panjob, Kashmir viloyatlari mamlakatga qo‘shib olinadi.
Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, davlatning poytaxti Dalvarzindan Peshovar
(Afg‘oniston) atroflariga ko‘chiriladi. Bu davrda (mil. II asr) mamlakatning hududi
SHimoliy Hindiston, Afg‘oniston, O‘rta Osiyoning katta qismi, Sharq iy
Turkmanistondan iborat edi. Syuan Szyanning yozishicha, “Kanishka podsholik qilgan
davrda uning shon shuxrati qo‘shni mamlakatlarga yoyildi. Mamlakatning harbiy
qudrati ko‘pchilik tomonidan tan olindi. Xitoyning g‘arb tomonidagilar ham
Kanishkaning hokimiyatini tan olib, unga o‘z garovga qo‘ygan odamlarini yuborar
edilar”.
Kushonlar sulolasi yozma manbalar asosida va tangashunoslik tadqiqotlari
orqali o‘rganilgan. Kushonlar davrida chiqarilgan ilk tangalarning bir tomonida
Yunon-Baqtriyaning so‘nggi podshosi Germey tasviri, ikkinchi tomonida esa
“kushonlar yabg‘usi Kujula Kadfiz” degan so‘zlar bor. Demak, dastlab Kushon
hokimlari o‘z nomlarini “podsho”, “shoh” tushunchalari bilan bog‘lamaganlar. Ammo,
Kushon davlati hududining kengayishi va siyosiy-harbiy ahamiyatining ortib borishi


39
bilan birga tanga pullarda “shoh”, “shohlar shohi” atamasi ko‘plab uchraydi. Bunday
o‘zgarishlar Xitoy muallifi bergan ma’lumotlarni ya’ni, davlatning harbiy qudrati
ko‘pchilik mamlakatlar tomonidan tan olinganligini isbotlaydi.
Podsho Kanishka I o‘zidan oldingi davlat boshqaruvi an’analarini saqlab qoldi
va davom ettirdi. Ma’lum viloyatlar va shaharlar davlat tepasida turuvchi oliy
hukmdor noiblari tomonidan boshqarilar edi. Bunday noiblar podsho tomonidan
tayinlanib, uning eng yaqin va ishonchli vakillari hisoblangan. Ular oliy hukmdorga,
ya’ni, podshoga so‘zsiz itoat etib, doimiy ravishda davlat xazinasiga o‘lponlar tulab
turganlar. Kushonlar davrida mahalliy aholidan yig‘iladigan soliq tartibi haqida
ma’lumotlar bizgacha saqlanmagan bo‘lsa-da, bunday tartib mavjud bo‘lganligi aniq.
Kushonlar davrida madaniy hayotning yanada yuksalganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Xususan, Kanishka davrida Hindistondan tarqalgan budda dini davlat diniga aylandi.
Oromiy va Yunon yozuvlari asosida kushon yozuvi mavjud bo‘lgan. SHuningdek, bu
davrda Sug‘dcha va xorazmiycha yozuvlar ham bor edi. Ushbu yozuvlar
yodgorliklarida o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotni aks ettiruvchi
ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan. SHuningdek, Kushonlar davrida O‘rta Osiyo
xalqlari madaniy hayotining quruvchilik, haykaltaroshlik, rassomlik, naqqoshlik kabi
sohalarida ham katta yutuqlarga erishilgan. Xorazm, Sug‘diyona, Baqtriya, Farg‘ona,
CHoch, Sharq iy Turkiston va SHimoliy Hindistondan ochilgan ko‘plab madaniy
yodgorliklar yuqoridagi hudadlardagi madaniy hayot o‘zining yuqori cho‘qqisiga
chiqqanligidan dalolat beradi.
Kushonlar davrida binokorlik va me’morchilik ham shaklan ham mazmunan
rivoj topganligi ko‘zatiladi. CHunki, bu davrdagi ma’muriy, diniy, ishlab chiqarish,
turar-joy, mudofaa inshootlari, Sharq me’morchiligi bilan ayrim o‘xshashliklar
topsada, o‘ziga hos tomonlari ustunlik qiladi. Me’morchilikning o‘ziga hos namunalari
Dalvarzin, Xolchayon, Eski Termiz, Kampirtepa, Fayoztepa, Qoratepa kabilardan
o‘rganilgan bo‘lib, ular jahon miqyosida mashhur bo‘lgan obidalardir.
Kushon davlatining inqirozga uchrashi Gerk-Baqtriya va Rim saltanati tarixiy
taqdiriga ancha o‘xshab ketadi. Bu davlatlarning barchasi qo‘lash arafasida tinimsiz
yurishlar olib borishga majbur bo‘lganlar. Tashqi harbiy bosqinlardan himoyalanish
uchun ichki va tashqi sabablarga ko‘ra, zaiflashgan yirik davlatlarda etarli harbiy
imkoniyat topilmadi. Milodiy IV asrga kelib Kushon podsholigi o‘zining asosiy
hududlaridan mahrum bo‘ldi. Bu podsholikning ayrim mulklari SHimoliy Hindistonda
saqlanib qoldi.


40

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   76




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin