Yashil iqtisodiyot mohiyati
Ilmiy tadqiqotlarda «Yashil iqtisodiyot» tushunchasi ilk marotaba 1989- yildaqo‘llanilganligiga qaramasdan uning mohiyati hozirga qadar turlicha talqin etiladi. Ayrim manbalarda «Yashil iqtisodiyot» mamlakat tabiatini yaxshilashga ko‘maklashuvchi iqtisodiyotning yangi tarmoqlari sifatida tadqiq qilinsa, ba’zi tadqiqotlarda «Yashil iqtisodiyot» tabiatga yordam beruvchi va foyda keltiruvchi yangi texnologiyalar, ekotizimlar sifatida o‘rganiladi, uchinchi guruh tadqiqotlarda esa «Yashil iqtisodiyot» – bu ekologik toza mahsulotlar yaratishga yo‘naltirilgan rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tish, uning asosini sof yoki «Yashil» texnologiyalar tashkil etadi deyiladi.
«Yashil iqtisodiyot» tushunchasining keng tarqalgan, nisbatan to‘liq ta’rifi BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP) tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, «Yashil iqtisodiyot» - bu «odamlar farovonligi va ijtimoiy tengligining yaxshilanishi, ekologik risklar va ekologik taqchillikni sezilarli darajada kamaytirish»ga olib keluvchi iqtisodiyotdir36 . Mazkur tushunchaning mohiyatini yoritib berishda umumqabul qilingan yondashuvning mavjud emasligi «Yashil iqtisodiyot» konsepsiyasi hali shakllanish bosqichida ekanligidan dalolat beradi. Ushbu konsepsiya iqtisodiyot tarmoqlari, «Yashil iqtisodiyot» nazariyasi, tamoyillari yoki «Yashil iqtisodiyot» siyosatiga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
«Yashil iqtisodiyot» konsepsiyasining asosiy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va investitsiyalarni oshirish bilan bir vaqtda atrof muhit muhofazasi va ijtimoiy integratsiya sifatini yaxshilash hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur maqsadga erishish uchun davlat va xususiy investitsiyalarni barqaror rivojlanishning ekologik va ijtimoiy omillariga keng miqyosda yo‘naltirish zarur bo‘ladi. «Yashil iqtisodiyot»ning maqsadi tabiiy resurslardan oqilona foydalangan va salbiy ekologik ta’sirlarni nisbatan kamaytirgan holda barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishdir.
«Yashil iqtisodiyot» haqida so‘z borar ekan, uni atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq ekanligini unutmasligimiz lozim, aynan ekologiyaning tobora yomonlashib borishi butun insoniyatni ushbu global muammoning yechimini topishga undaydi.
Avvalambor, ekologiya haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak, chunki aynan atrof-muhit muammolari aynan ana shu tushuncha bilan ifodalanadi. 1866-yili nemis biologi Ernst Gekkel ilk bor kelib chiqishi yunoncha bo‘lgan oikos (uy) va –logos (o‘rganish) so‘zlaridan ekologiya so‘zini yaratdi. Ekologiya tirik organizmlar orasidagi va ularning atrof-muhit bilan o‘zaro munosbatlarini o‘rganishini aytib o‘tgan. Tarixan bu yo‘nalishni biologiya o‘rgangan. Ekologiya tushunchasi paydo bo‘lgach, uning asosiy o‘rganish ob’ektlari quyidagilarga bo‘lindi:
populyatsiya – ma’lum bir hududda joylashgan, bir yoki o‘xshash turlar hisoblangan organizmlar guruhi;
ekotizim va uning yashash muhitini o‘z ichiga oluvchi tizim;
biosfera – yerda hayot tarqalgan qismiga.
Bugungi kunda ekologiya biologiya doirasidan chiqib, boshqa fanlarga integrallashgan, fanlararo, insonning atrof-muhit bilan o‘zaro munosabatlarini o‘rganuvchi fanga aylandi. Ekologiya «inson—tabiat» muammosini tushunish yo‘lida uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Global ekologik muammolar paydo bo‘lguniga qadar inson tabiatga ustaxon sifatida qarab, uni bo‘ysindirish yo‘lida bor kuchini ayamadi. Oqibatda bugungi kunda insoniyatning kelajagi xavf ostida qolganligi, o‘zining tabiatdagi o‘rni va hayotining mazmuni bevosita tabiatni asrash bilan bog‘liqligini anglab etmoqda. Mazkur muammoning dolzarbligi, global ekologik muammolar sayyoramizdagi har bir davlat, har bir xonadon va har bir insonga tegishli ekanligi mazkur yo‘nalishda huquqiy bazani shakllantirish, tegishlo qonunlar qabul qilishga asos bo‘ldi.
“Agar biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, «Yashil iqtisodiyot» o‘sishiga o‘z hissamizni qo‘shsak, dunyo bo‘ylab quyosh energiyasiga yo‘naltirilgan investitsiyalarning ajoyib o‘zgarishlari qanchalik ko‘p narsalarga erishishimiz mumkinligini ko‘rsatib bermoqda”, deydi BMTning Atrof-muhit bo‘yicha rahbari Erik Zolhaym. Nils Shtiglitsning fikricha “Qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritgan holda, davlatlar odamlarning hayoti va turmush farovonligini yaxshilashga hamda yangi jamiyatlarni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar va ayni vaqtda ular nafas olayotgan havoni tozalash imkoni yaratiladi”.
Bugungi kunda zamonaviy ekologiya shunchaki jonivorlar va o‘simliklar hayotini tasvirlamaydi, aksincha ularning kelajagini bashorat qilish bilan shug‘ullanadi. Zamonaviy ekologiya tiriklikning tuzilish darajalarini tahlil qiladi hamda matematik modellar va farazlar ishlab chiqib, ularni tekshiradi. Zamonaviy ekologiyaning bosh maqsadiga tirik organizmlarning tarqalishi va sonini tushuntiradigan va bashorat qiladigan modellarni rivojlantirish, bu orqali balki o‘simliklar va yovvoyi hayvonlarni to‘g‘ri nazorat qilish, qayta tiklanuvchi va tiklanmaydigan resurslarni aniqlash va ulardan samarali foydalanish, tabiiy muhitlar va moddalarning aylanishini saqlash, oziq-ovqat bilan ta’minlash, bezgak va OITS kabi kasallliklarning ta’siri va yo‘nalishini oldindan ayta olish ham kiradi. Yuqori siyosiy darajada atrof-muhit muhofazasi mavzusi ilk marotaba 1972-yili Stokgolmda mazkur mavzuga bag‘ishlangan BMT Konferentsiyasida ko‘tarilgan edi. Aynan ushbu anjumanda «inson farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotni taqozo etadigan muhitda yashamog‘i lozim» deyildi. Er yuzidagi biosfera degradatsiyasi sabablarini tahlil etish maqsadida Atrof-muhit va rivojlanish bo‘yicha butunjahon qumitasi tashkil etildi. Mazkur Qo‘mita 1987-yili «Bizning umumiy kelajagimiz» sarlavhasi ostida ma’ruza tayyorladi. Unda rivojlangan mamlakatlardagi isrofgarchilik va rivojlanayotgan mamlakatlardagi yetishmovchilik ekologiyaning yomonlashuvining asosiy sabablaridan biri sifatida tilga olindi. Sayyoramizni saqlab qolish uchun esa jahon hamjamiyati xatti-harakatini birlashtirish lozimligi qayd etildi. Birinchi marotaba «barqaror rivojlanish» tushunchasi, ya’ni kelajak avlod uchun tabiatni saqlash, inson va tabiat uyg‘unligiga asoslangan rivojlanish aynan mazkur ma’ruzada keltirildi.
«Yashil iqtisodiyot» konsepsiyasi tarafdorlari amaldagi iqtisodiy tizim aholi turmush darajasining yaxshilanishida muayyan ijobiy natijalarga olib kelganligiga qaramasdan takomil emas, deya hisoblashadi. Ekologiyaning buzilishi (iqlim o‘zgarishi, cho‘llashish, bio xilma-xillikning yo‘qotilishi), tabiiy kapitalning tugab borayotganligi, kambag‘allik miqyosining ortib borishi, chuchuk suv, oziq-ovqat, energiyaning etishmasligi, odamlar va mamlakatlar o‘rtasidagi tengsizlik kabi muammolar amaldagi iqtisodiy tizimning mukammal emasligi sabablaridir. Shuning uchun amaldagi iqtisodiy model «jigar rang» iqtisodiyot deb ataladi.
Ekologiyaning buzilishi, iqlim o‘zgarishining bir qator xatarli oqibatlari bugungi kunda insoniyatga juda katta tahdid tug‘dirmoqda. Bugungi kunda atmosferada karbonad angidrid gazi (CO2) konsentratsiyasi ekologik sarhadga yaqinlashib qoldi va kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich yanada yomonlashishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi ko‘plab mamlakatlarda dengiz sathining ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Xatarli jihat shundaki, rivojlanayotgan mamlakatlarda 14 foiz aholi va 21 foiz shaharliklar suv toshqini xavfi mavjud sohilbo‘yi mintaqalarida istiqomat qiladi.
Dunyoda yoqilg‘i inqirozi tahdidi kuchayib bormoqda. Xususan, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi sodir bo‘lishidan avval, bir barrel neftning bahosi 150 AQSh dollaridan oshgan edi. Retsessiya sabab neftning bir barreli 40 AQSh dollaridan ham tushib ketgan bo‘lsada, Xalqaro energetika agentligi prognozlariga ko‘ra, talabning oshishi va ishlab chiqarish hajmi chegaralangani bois 2030-yilda neftning bir barreli 200 AQSh dollariga qadar ko‘tarilishi mumkin.
Global inqirozlarning barchasi ish o‘rinlari qisqarishi, ijtimoiy himoyasizlik va qashshoqlik kabi, ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlardagi barqarorlikni izdan chiqaruvchi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yanada chuqurlashtiradi.
Zamonaviy ekologiyani asrashning bosh maqsadlaridan biri bo‘lgan qayta tiklanish xususiyatiga ega manbalar va atrof-muhitga zararli bo‘lgan chiqindilardan oqilona foydalangan holda olinadigan biogazlardan mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy riovjlanishida keng foydalanishdir. Qayta tiklanuvchi energiya – bu atrof-muhit energiya oqimidan olinadigan energiya manbaidir. Bularga quyosh, shamol, suv resurslari, geotermal manbalar, sanoat va munitsipal, qishloq xo‘jalik chiqindilaridan olingan biogaz kiradi. Muqobil energiya manbalari shaharlarda birlamchi uglevodorod resurslarini tejash, mamlakat energetika xavfsizligini ta’minlashda katta rol o‘ynaydi.
Sanoatda va binolarda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, transport tizimini rivojlantirish “yashil iqtisodiyot” shakllanishida muhim o‘ringa ega. Ushbu choralar nafaqat energiya sarfini kamaytirish orqali atrofmuhitga zararli chiqindilar chiqarilishini kamaytiradi va energiyaga sarflanayotgan harajatlar qisqarishiga olib keladi. Atmosferaga uglerod chiqarishda sanoatdan keying o‘rinda turuvchi transport tizimida elektromobillar ishlab chiqarish (ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmani rivojlantirish), jamoat transportini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chiqindilarni qayta ishlash ularning ekologiyaga salbiy ta`sirlarini kamaytiradi, resurslarni tejash, mahsulot tannarxlarini kamaytirish, ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: |